-lar qo’shimchasining barcha otlarga qo’shilmasligi hamma otlarning ham grammatik ko’plikda qo’llana olmasligini ko’rsatadi. Donalab sanalmaydigan otlarga -lar qo'shimchasi qo’shilganda ko’plikni emas, balki narsa - predmetning turini hilini anglatadi. Shunga ko’ra -lar qo’shimchasi ko’plikdan tashqari yana quyidagi ma’nolarni ifodalaydi.
1. Donalab sanab bo’lmaydigan predmet nomlariga qo’shilganda ularning turli – tumanligini, har hilligini bildiradi: tuzlar, sutlar, bug’doylar, yog’lar, unlar, qirqmalar (qovun turi). Tilimi tilingni mingtilim qilgan, qirqmalar bog’ladi yukin qovg’aga. (G'. G'.)
2. Mavhum otlarga qo’shilganda, shu otdan anglashilgan ma’no kuchayadi. Masalan: Ming turlik xayollarga borib qaytdi. (A. Qod.) Qizlar undan-bundan uzoq gaplashishdi, orzularga berishdi. (O.)
3. Predmetlarning noaniq bo’lgan ko’p miqdorini ifodalaydi. Suhbatlar goh qizib, goh davom etardi. (O.) Biz bo’lajak adiblar, turmushning botqoq yerlarinigina emas, undan chiqish yo’llarini ham ko’rsatishimiz mumkin. (A. Q.)
4. Qarindoshlik ifodalovchi otlarga egalik qo’shimchalaridan keyin qo’shilib hurmat ma’nosini ifodalaydi: otamlar, onamlar kabi.
5. Shaxsni anglatuvchi so’zlarga qo’shilib, piching, kesatish va hurmat ma’nolarini anglatadi. O’zimning bu xizmatim evaziga bir mukofat olish muddaosida bo’lmaganimdan va nimaiki janoblari yo’lida mashaqqat chekkan bo’lsam... (A. Qod.) Yangi podsho Nizomiddin hazratlarining el-yurtga osh berishi va ochlarga non ulashishi haqidagi xabarni butun shaharga tarqatdilar. (P.Q.)
6. Payt, vaqt bildiruvchi so’zlarga qo’shilib, taxmin ma’nosini ifodalaydi. Masalan: Shu gapdan bir hafta chamasi keyin va chorlar kutishning beshinchi kunlari edi. (A. Qod.)
7. Juft predmetlarini bildirgan so’zlarga qo’shilganda ko’plikni emas, balki ularning ikkitaligini ta’kidlash ma’nosini ifodalaydi: ko’zlar, quloqlar, qoshlar, lablar, torlar kabi. Masalan: Tanburning mo’jizakor torlaridan quyilgan musiqa mavjud havoni to’ldirdi. (O.) Beka begimning ko’zlaridagi tikanlar sal kamayganday bo’ldi. (P.Q.)
8. Kishi organizmi a’zolariga qo’shilganda ta’kid kuchayadi: yuraklar, tillar, burunlar.
9. Atoqli otlarga qo’shilganda umumlashganlik, o’xshaganlik ma’nolari anglashiladi. Ajoyib naslsiz, sizdagi talant. Amular, Sirlarning mazmunidan mo'l. (G'.G'.)
10. Aniq va mavhum otlarga qo’shilib, hurmat, izzat ma’nolarini ifodalaydi. Xotiralariga malol kelmagay, hazrat. (O.) Qadamlariga hasanot, ko’p xursand bo’ldik.(O.)
4) Shaxs kategoriyasi ish-harakatning biror shaxsga munosabatini bildiradi. Masalan: I shaxs ish-harakatining so’zlovchi tomonidan bajarilishini, II shaxs ish-harakatining suhbatdosh tomonidan bajarilishini bildiradi. Ba’zi tillarda shaxs-son boshqa so’z turkumlari orqali ham ifodalanadi. Masalan: Biz ishchimiz.
5) So’zlarning gapda bir-biriga bo’lgan munosabatlarini kerakli shakllarda ifodalagan grammatik hodisaga kelishik kategoriyasi deyiladi. Kelishik kategoriyasi har bir tilga xos ma’lum grammatik vositalar orqali gapdagi so’zlarning bajarayotgan vazifasini aniqlab beradi. Turli so’z shakllarini o’z ichiga olgan morfologiya sintaksis bilan bir bo’lib tilning kommunikativ vazifasini bajaradi.
6) Tilning grammatik vositalari
So’z o’zgartirish va so’z yasash qoidalari va grammatik konstruksiyalarni tuzishda qo’llanadigan usullari majmuini tilning grammatik vositalari deb yuritiladi. Bu tartib – qoidalar yig’indisi tilning grammatik (aniqrog’i morfologik) turini aniqlashda yordam beradi. Jahondagi tillar grammatik vositalarning qaysi birini ko’proq qo’llashi va bu vositalardan qaysinisi shu tilda borligi bilan farqlanadi. Turkiy tillari affiksatsiyaning ko’p qo’llanishi bilan ajralib tursa, vyetnam tilida affiksatsiya deyarli yo’q, xitoy tilida juda kam uchraydi.
Grammatik ma’nolarni ifodalashda ishtirok etuvchi vositalar barcha tillarda bor, lekin ularning miqdori chegaralangan, bu vositalar qatoriga affiksatsiya, ichki fleksiya, reduplikatsiya, so’zlarni qo’shish, urg’u, intonatsiya, yordamchi so’zlar, so’z tartibi va suppletivizm kiradi. Ularning har birini alohida ko’rib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |