Reja:
Noallel genlarning o’zaro ta’siri
Genlarning o’zaro komplementar ta’siri
Genlarning o’zaro epistaz ta’siri
Genlarning o’zaro polimer ta’siri
Tayanch iboralar: noallel gen, komplementar, epistaz, polimer
Noallel genlarning o’zaro ta’siri
Mendeldan keyingi davrda, turli o’simlik va hayvon turlari ustida olib borilgan tadqiqotlar natijasi Mendelь kashf etgan irsiylanish qonunlari to’g’ri va umumbiologik ekanligini tasdiqladi. Genetika fanining asoschilaridan biri, ingliz olimi U. Betson o’zining 1909 yilda chop etilgan asarida o’simliklarning 100 dan ortiq, hayvonlarning 100 ga yaqin belgilarining Mendelь qonunlariga binoan irsiylanishi aniqlangan-ligi haqida dalillar keltiradi.
SHu bilan birga, bu tadqiqotlar natijasida, organizm belgilarining genetik asoslariga taalluqli yangi qonuniyatlar ham kashf etildi. Ma’lumki, Mendelь kashf etgan irsiylanish qonunlari faqat bitta gen ta’sirida rivojlanuvchi belgilarning nasldan-naslga berilishini tadqiq qilish natijalari asosida yaratilgan edi. Mendelning izdoshlari o’simlik va hayvon organizmlarining aksariyat belgilari ayrim genlarninggina emas, balki bir necha noallel genlarning ishtirokida irsiylanishini isbot etdi. Bu genlarning turli xilda o’zaro ta’sir qilib faoliyat ko’rsatishlari kashf etildi.
SHuni ham ta’kidlash kerakki, genetik adabiyotlarda "belgilar irsiylanadi" degan ibora irsiy jarayonni obrazli, qisqa qilib bayon etish uchun ishlatilgan. Genetik tadqiqotlar, aslida belgilar emas, balki shu belgilarning rivojlanishini ta’min etuvchi genlar nasldan-naslga berilishini isbotladi. Yangi avlodga o’tgan ota-ona genlari ontogenez davomida faoliyat ko’rsatib, ularning har qaysisi ma’lum sifatga ega bo’lgan oqsilning sintez qilinishini ta’min etadi. Sintezlangan oqsil esa, muayyan belgining rivojlanishiga sababchi bo’ladi.
Genlarning o’zaro ta’sirida irsiylanishda esa, bu genlarning faoliyati tufayli sintez qilingan oqsillar o’zaro ta’sir qilgan holda, bir belgining irsiylanishi va rivojlanishini ta’min etadi. Bu haqda quyiroqda batafsil ma’lumot beriladi.
Mendeldan so’ng organizmlarning ko’p turlari, navlari va zotlari genetikasi sohasida olib borilgan tadqiqotlar natijasida ulardagi aksariyat belgilarning irsiylanishi bitta gen emas, balki ikki va undan ortiq noallel genlarning birgalikda faoliyatiga bog’liq ekanligi isbot-landi.
Noallel genlar faoliyatida o’zaro ta’sir etishning quyidagi tiplari mavjud.
Genlarning o’zaro komplementar ta’siri (komplementariya)
Genlarning o’zaro epistatik ta’siri (epistaz).
Genlarning o’zaro polimer ta’siri (polimeriya).
Genlarning o’zaro kombinirlangan ta’siri.
Genlarning ko’p tomonlama ta’sirida belgilarning irsiylanishi (pleyotropiya).
Genlarning o’zaro modifikatsion ta’siri.
Do'stlaringiz bilan baham: |