Transpozonlar. Ko‘chib yuruvchi elementlar organizmlar evolutsiyasida muhim o‘rin tutadigan genetik birliklar bo‘lib, ular xromosomalarning bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib yuruvchi fragmentlaridir. Bunday elementlar o‘tgan asrning 40-yillarida AQSH olimasi B. Mak Klintok tomonidan kashfqilingan va bu ishi uchun olima 1984-yil Xalqaro Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. Ko‘chib yuruvchi elementlarning uch xil tipi mavjud va ular birbiridan tuzilishi, ko‘chib yurish tipi va viruslarga o‘xshash yoki o‘xshashmasligi bilan farqlanadi. Shulardan birinchisi transpozonlar bo‘lib, ular DNK ning bir joydan ajralib chiqib, ikkinchi joyiga borib o‘rnashadi. Bunda DNK miqdor jihatdan o‘zgarmaydi.
Transpozonlar xilma-xil bo‘lishiga qaramay barcha transpozon molekulalarining ikki chetida maxsus nukleotidlar izchilligi, markaziy qismida esa DNK molekulasini belgilangan joyda «yopishqoq» uchlar hosil qilib kesuvchi transpozaza fermentini sintez qiluvchi gen mavjud. Transpozonlar xromosomada o‘z o‘rnini o‘zgartirganda irsiyat hamo‘zgaradi.
Retrotranspozonlar DNK ning bir bo‘lagi bo‘lib, ular tuzilishi jihatidan RNK-tutuvchi viruslarni eslatadi. Bunday elementlar o‘zlaridan teskari transkriptaza yordamida o‘z nusxasini sintezlab, bu nusxani DNKning boshqa joyiga ko‘chib o‘tishi (insersiyalanishi)ni ta’minlaydi. Ko‘chish davomida retrotranspozonlarning eski nusxasi o‘z joyida qoladi va faqat ularning nusxasigina ko‘chiriladi. Natijada DNK miqdor jihatdan ko‘payadi. Uchinchi turdagi ko‘chib yuruvchi elementlar – retropozonlar deb ataladi.Retropozonlar – ko‘chish mexanizmi bo‘yicha retro transpozonlarga o‘xshaydi, ya’ni ularning nusxalari sintezlanib, boshqa joyga ko‘chadi. Biroq asosiy farq ular tuzilishi jihatidan viruslarga mutlaqo o‘xshamaydi va nusxa ko‘chirish uchun o‘zlarida teskari transkriptaza fermentiga ega emas. Bu uch turdagi ko‘chib yuruvchi elementlar organizmlar genomining ko‘p miqdorini tashkil qiladi. O‘simliklar genomining qariyb 50 foizi transpozon, retrotranspozon va retropozonlardan tashkil topgan. Masalan, makkajo‘xori donlarida antotsian (qizil) pigmentning paydo bo‘lib yo‘qolishi antotsian rangni beruvchi gen ichidagi transpozonning ko‘chishi bilan izohlanadi. Aniqlanishicha, transpozonlar va retrotranspozonlar bu elementlarning ko‘chib yurishini belgilovchi transpozaza fermenti yoki nusxa ko‘chiruvchi teskari transkriptaza fermenti genlarini o‘zida tutadi va ko‘chib o‘tish uchun qulay bo‘lgan yopishqoq uchlarga ega. Biroq bunday birliklarning fenotipik namoyon bo‘lishi, ular biror funksional genga birikkanda yaqqol ko‘rinadi. Odatda yashash muhiti keskin o‘zgarganda transpozonlarning ko‘chib yurishi ortadi. Shu sababdan ko‘chib yuruvchi genetik elementlar ishtirokida gen muhandisligiga asoslangan ko‘pgina biotexnologik jarayonlar yaratilgan.