1.2. Hozirgi zamonda fuqarolik huquqiy munosabatlarda
amal qiluvchi asosiy fuqarolik-huquqiy tizimlar.
Hech qaysi mamlakat, davlat, xalq hozirgi zamon sharoitlarida fuqarolik huquqisiz ijtimoiy munosabatlarni samarali tartibga sola olmaydi. Hatto dunyoni qaysi bir ovloq chekkasida hali ham o`rmonlar, chakalakzorlarda istiqomat qiluvchi yovvoyi qabilalarda ham o`zaro mahsulotlar, buyumlar ayirboshlash, savdo-sotiq munosabatlari eng ibtidoiy ko`rinishlarda ro`y beradi va ularni tartibga soluvchi odat, patriarxal huquq qoidalarining anchagina qismi fuqarolik huquqiy xarakterga ega.
Hozirgi vaqtda dunyoda amal qiluvchi uch asosiy huquq tizimlari – qit'a huquq tizimi, umumiy huquqi tizimi va musulmon huquqi tizimida fuqarolik huquqi o`ziga xosliklarga ega.
Albatta, fuqarolik-huquqiy tizim shartlari tushunchasi aslida fuqarolik-huquqiy tizim mavjud huquq tizimidan kelib chiqadi. Shu bilan birga, mavjud fuqarolik-huquqiy tizimlar o`rtasida yaqinlik, o`zaro uzviylik ham borligini inkor etib bo`lmaydi. Bunday yaqinlik, uzviylik kishilar, davlatlar o`rtasidagi mustahkam iqtisodiy, madaniy aloqalar tufayli vujudga kelgan, huquq tizimlari esa, bir-birlaridan andoza olishgan, o`zaro boyishgan.
Har qanday tizim kabi fuqarolik-huquqiy tizimlar ham muayyan tarkibiy qismlardan iborat. Fuqarolik-huquqiy tizim tarkibiy qismlariga huquq manbalari, ularning tarkibi, fuqarolik huquqining ichki tuzilishi, me'yorlarning qismlar, bo`limlar, boblar, quyi sohalar, institutlar bo`yicha taqsimlanishi, huquqni qo`llash amaliyoti, huquqqa va uning amaliyotiga nisbatan doktrinalar kiradi. Yuqoridagi tarkibiy qismlar musulmon, qit'a (roman-german) va umumiy (anglo-amerika) huquq tizimlarida yaqqol namoyon bo`lsa, patriarxal huquq tizimida zaif tarzda aks etadi. Qit'a huquq tizimi asosan Yevropa qit'asi mamlakatlarini (Buyuk Britaniyadan tashqari) qamrab olgan, shuning uchun ham u qit'a huquq tizimi nomini olgan. Bundan tashqari bu tizimga Lotin Amerikasining ko`p mamlakatlari, Koreya, Xitoy va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlar kiradi. Umumiy huquq tizimi AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Hindiston, Yangi Zelandiyada qo`llanadi. Musulmon huquq tizimi Yaqin va O`rta Sharq mamlakatlari – Eron, Saudiya Arabistoni, Afg`oniston, Liviya, Malayziya, Iordaniya va shu kabi davlatlarda qo`llaniladi. Tropik Afrika mamlakatlarida, Arabiston yarim orolining sharqiy qismidagi ko`chmanchi qabilalarida, Janubiy Sharqiy Osiyoning milliy ozchiligini tashkil etuvchi xalqlarida patriarxal hayot tarzi sababli patriarxal huquq tizimi qo`llaniladi.
MDH mamlakatlari, shu jumladan, O`zbekiston Respublikasi fuqarolik huquqi tizimi qit'a huquq tizimiga mansub, deb hisoblash joiz.
Hozirgi zamonda barcha fuqarolik huquqi tizimlari o`rtasida o`zaro yaqinlashuv, bir-biridan andoza olish, implantatsiya jarayoni kechmoqda. Bu jarayon asosan, iqtisodiy, ilmiy-ijodiy, madaniy sohalardagi fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi normalarda yaqqol namoyon bo`lmoqda. Fuqarolik-huquqiy munosabatlarning ayrim sohalari bo`yicha xalqaro Konvensiya, davlatlararo bitimlar, Butunjahon Savdo Tashkiloti, Yevropa iqtisodiy hamjamiyati, Butunjahon Intellektual mulk Tashkiloti, Xalqaro tadbirkorlik Palatasi va boshqa qator umumjahon, mintaqaviy va davlatlararo tuzilmalarning faoliyati bu sohada o`ziga xos turtki bermoqda, uni maqsadga muvofiq tarzda yo`naltirmoqda. Ayni vaqtda ayrim sohalarda (masalan, meros, ayrim turdagi bitimlar va shu kabi) bunday yaqinlashuv jarayoni kuzatilmayapti. Shu sababli ham turli fuqarolik huquq tizimlari o`rtasida tafovutlar yaqin kelajakda bartaraf etilishiga umid qilish qiyin.
Biz quyida qit'a, umumiy va musulmon fuqarolik huquq tizimlarini ko`rib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |