FKADHKning asosiy organlari quyidagilardan iborat:
ushbu tashkilotga a’zo mamlakatlar boshliqlaridan iborat Oliy Kengash;
tashqi ishlar vazirlaridan iborat ziddiyatli vaziyatlarni xal etish bo‘yicha komitet;
oltilik mamlakatlarining fuqarolaridan iborat Oliy kengash tomonidan tayinlanuvchi bosh kotib boshchiligidagi bosh kotibiyat.
Oliy kengash tashkilotning oliy organi bo‘lib, a’zo davlatlar rahbarlaridan iborat. Kengashning sessiyalari oyda bir marta a’zo davlatlar hududida o‘tkaziladi. A’zo davlatlardan birining tashabbusi bilan ham navbatdan tashqari sessiyalar o‘tkazilishi mumkin. Kengash sessiyalarida a’zo davlatlar rahbarlarining 2/3 ishtirok etsagina vakolatli hisoblanadi.
Oliy kengashning vakolatlari quyidagilardan iborat:
A’zo davlatlar manfaatlariga aloqador masalalarni ko‘rib chiqish;
Hamkorlik kengashi bosh siyosati va uning yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
Vazirlar Kengashi tomonidan taqdim etilgan takliflar, tadqiqotlar natijalari va birgalikdagi loyihalarni Kengashda ko‘rib chiqish uchun taqdim etish va tasdiqlash;
Boshqa davlatlar va Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatish asoslarini tasdiqlash;
Kelishuv komissiyasi huquqiy holatini tasdiqlash va uning a’zolarini tayinlash;
Bosh sekretarni tayinlash;
Hamkorlik kengashi mezoniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
Oliy Kengash faoliyatining reglamentini tasdiqlash;
Bosh sekretariat budjetini tasdiqlash;
Oliy Kengash a’zolari faqat bitta ovozga ega. Kengash biror bir masala bo‘yicha qarorni a’zolarining umumiy roziligi yoki ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Oliy Kengash qoshida Kelishuv komissiyasi faoliyat olib boradi. Har qanday holatda kelishmovchilik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda Oliy Kengash Komissiya tarkibini aniqlaydi. Komissiya kelib chiqqan nizo bo‘yicha tavsiya va xulosalarni Oliy Kengashga chora ko‘rilishi uchun yuboradi.
Tashkilotning ikkinchi bo‘limi Vazirlar Kengashi bo‘lib, u a’zo davlatlar tashqi ishlar vaziri yoki vazirlari, ularning o‘rinbosarlaridan tashkil topgan. Vazirlar Kengashi o‘z majlislarini 3 oyda bir marta o‘tkazadi. Shuningdek, a’zo davlatlardan birining tashabbusi bilan navbatdan tashqari, favqulotda sessiyalar ham chaqirilishi mumkin. Vazirlar Kengashi majlis yakunida keyingi majlis qayerda o‘tkazilishi bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Bosh sekretariat hamkorlik kengash organlaridan biri bo‘lib, u bosh sekretar, uning o‘rinbosari va boshqa hodimlardan tashkil topgan. Bosh sekretar oliy Kengash tomonidan Hamkorlik kengashi a’zo davlatlar fuqarolari orasidan uch yil muddatga tayinlanadi.
Bosh sekretariat o‘z budjetiga ega bo‘lib, a’zo davlatlar tomonidan teng miqdorda shakllantiriladi.
Turli vaqtlar mobaynida FKADHK bosh kotibi qilib davlat arboblari va diplomatlar tayinlangan. Ulardan biri Kuvaytning mashxur diplomati doktor Abdulla Yoqub Bishar bo‘lib, uzoq vaqt mobaynida o‘z mamlakatining BMTga a’zo qilgan. FKADHK nomidan vakil va maxsus spikerlar sifatida O‘mondan Ibrohim Subhiy, Saudiya Arabistonidan Abdulloh al-Kvays va Ma’mun Kurdiylar ishlagan. SAPning iqtisodiyot va madaniyat masalalari bo‘yicha tashqi ishlar vazirlarining o‘rinbosari hozirda ushbu lavozimni egallab turibdi.
Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi faoliyatining dastlabki bosqichida mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida mudofaa sohasiga alohida e’tibor qaratdi va bu sohada bir qator qarorlar qabul qildi. Jumladan, Saudiya Arabistoni harbiy samolyotlari asosida AVAKS radiolokatsion tizimi orqali Fors ko‘rfazi mintaqasi davlatlarining umumiy, havo hujumidan himoya tizimi yaratildi. Ingliz va pokistonlik ofitserlar qo‘mondonligi ostida “tez harakatlanuvchi kuchlar” shakllantirildi, Turkiya va Misr ishtirokida harbiy zavod komplekslari qurildi.
Tashkilotning dastlab e’tiborni mudofaa tizimiga qaratishiga 1980-yil noyabrda bo‘lgan Eron-Iroq urushi va arab-isroil mojarosi doirasida Isroilga qarshi turish majburiyati sabab bo‘ldi.
FKADHKning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, uning a’zolari Kengashning tuzilmaviy organlari tarmog‘i orqali Islom konferensiyasi tashkiloti (IKT) bilan o‘zaro hamkorlik qilmoqdalar. Masalan, IKTning 1981 va 1987-yillardagi kengashlari Saudiya Arabistoni podshohligi va Kuvayt tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘tkazildi. FKADHK mamlakatlari, ayniqsa SAP va Kuvaytning moliyaviy imkoniyatlari ko‘pincha ularga IKT orqali o‘z siyosatlarini amalga oshirish imkoniyatini beradi. FKADHKning shunday xususiyati hatto ba’zi arab tadqiqotchilari tomonidan ham ta’kidlab o‘tilgan. Shuningdek, FKADHK boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, BMT, Yevropa Ittifoqi va boshqalar bilan o‘zaro munosabatlarni qo‘llab-quvvatlashga intilmoqda.
80-yillarning boshlaridayoq FKADHK zamonaviy dunyoning kuchli moliyaviy-iqtisodiy markaziga aylandi. Masalan, 1981-yili FKADHK mamlakatlarida ishlab chiqilgan YAMMning umumiy hajmi 191 mlrd. AQSh dollaridan ziyodni tashkil qildi. Bu FKADHKga o‘sha vaqtlardagi muhim markazlar AQSh, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Sovet Ittifoqi, Xitoy, Braziliya va Kanadadan keyin 8-o‘rinni egallash imkonini berdi. 1983-yili FKADHKning uchta yirik a’zolari bo‘lgan SAP, Kuvayt va BAA tomonidan xorijga chiqarilgan kapitallar hajmi 300 mlrd. AQSh dollariga yetdi.
Ushbu vaziyat neft xomashyosining o‘rtacha narxining 1972-yildagi bir barreli uchun 2,8 dollardan 198-yili 34 dollarga o‘sishi bilan 70-yillardagi “neft shov-shuvi” natijasida yuz berdi. FKADHK a’zolarining neft eksportidan tushayotgan daromadlari miqdori 10 mlrd. dollardan 163 mlrd. dollargacha o‘sdi. Garchi importning o‘sishi shunday tez sur’atlarda (taxminan 1972-yilgi 3,5 mlrd. dollardan 1982-yili 52 mlrd. dollargacha o‘sdi) o‘sishiga qaramay, ushbu guruh davlatlari xorijiy mamlakatlar bilan bo‘lgan joriy to‘lovlarda mislsiz aktiv saldoga erishib, u 1982-yili 66 mlrd. dollardan oshdi. Ammo neft narxi ham uning eksportidan tushayotgan daromadlar ham uzoqqa cho‘zilmadi. 1986-yilga kelib u pasaya boshladi. Masalan, neft xomashyosi narxi o‘rtacha 14 dollargacha pasaydi. Shunga qaramay ular hozir ham yetarli ulkan daromad manbai sifatida qolishda davom etmoqda. Masalan, 1992-yili FKADHK mamlakatlarining neft va neft mahsulotlari sotuvidan tushgan daromadlari 70 mlrd. AQSh dollaridan iborat bo‘lgan.
Keyingi yillardagi a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlar (Kuvaytga qarshi Iroq agressiyasi) oqibatida nomoddiy va noinvestitsion ehtiyojlarga jalb qilinishi mumkin bo‘lgan sezilarli moliyaviy imkoniyatlar chegaralab qo‘yildi. Boshqa tomondan agressiya ushbu mamlakatlar uchun haqiqiy harbiy siyosiy mazmunda Yaqin va O‘rta Sharq mintaqasida “yuqori doiralar” siquviga mustaqil ravishda qarshi tura olmasliklarini oshkor qilib qo‘ydi. Shunday qilib, FKADHK a’zo mamlakatlari oldida vujudga kelgan vaziyatni hal etishda o‘z xavfsizliklarini ta’minlashda g‘arb mamlakatlari yordamiga tayanishdan boshqa chora topa olmadilar. Shu bilan birgalikda yana keyingi yillar shuni ko‘rsatadiki FKADHK mamlakatlarida harbiy-siyosiy va iqtisodiy birdamlikni yanada mustahkamlash juda zarurdir.
Baxrayn poytaxti Manama shahrida o‘tkazilgan Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi uchrashuvida Baxrayn qurolli kuchlari extiyojini qondirish uchun moliyaviy yordam ajratilgan. 1984-yil noyabr oyida Kuvaytda bo‘lib o‘tgan navbatdagi oliy darajadagi uchrashuv chog‘ida yagona mudofaa strategiyasi bo‘yicha a’zo davlatlar hamkorlik kengashining birlashgan kuchlarini tuzish haqida qaror bir ovoz bilan ma’qullandi. Hamkorlik Kengashining yagona mudofaa tizimi “yarimorol qalqoni” deb atalib, bir necha xil qo‘shin turlaridan tashkil topdi va zamonaviy qurol-aslahalar bilan qurollandi. A’zo davlatlar birlashgan Qurolli kuchlarining tashkil etilishi mintaqa xavfsizligini ta’minlash uchun muhim omil bo‘ldi va bu hududda AQShning harbiy mavqeiga kata putur yetdi.
FKADHK tashkilotiga a’zo davlatlar orasida Saudiya Arabistoni muhim o‘rin va mavqe’ga ega bo‘lib, mintaqada asosiy ro‘l o‘ynaydi. Xususan, O‘mon, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Kuvayt va Baxraynning umumiy maydoni Saudiya Arabistoni maydonining 15 %ini tashkil etadi xolos. Aholi soni jihatdan ham Saudiya qirolligi oldingi o‘rinda turadi va mintaqaning qariyb 60 % aholisini tashkil etadi. Shuningdek, FKADHK tarkibiga kiruvchi davlatlarida aniqlangan neft zaxirasining ham 60 foizi ham aynan Saudiya Arabistoni hissasiga to‘g‘ri keladi. 1980-yilda Saudiya Arabistoni neft eksportidan olgan daromadi 56.6 mlrd dollarni tashkil etgan (FKADHKga a’zo qolgan davlatlarning umumiy daromadi esa 49.75 mlrd dollar edi). Bu davrda Saudiya qiroligida harbiy sohaga ajratilgan katta mablag‘ hisobiga davlat budjetining ijobiy saldosi 6 mlrd dollarni tashkil etdi va aynan shu jihati bilangina u tashkilotning boshqa davlatlaridan ortda qoldi.
FKADHK doirasida sanoat, neft, moliya, savdo-sotiq, transport va aloqa kabi turli sohalar bo‘yicha qo‘shma komissiyalar tashkil etilgan.
Hamkorlik kengashi tashkilotga a’zo davlatlar loyihalarini kreditlash uchun 6 mlrd dollar kapitalga ega bo‘lgan investitsiya fondini ta’sis etdi. Bu barcha “oltilik” davlatlari moliyaviy resurslarini mobilizatsiyalash imkonini berdi.
1982-yil noyabrida Bahrayn poytaxti Manamada hamkorlik kengashi tarkibiga kiruvchi davlatlar rahbarlari va hukumatlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Uchrashuv chog‘ida iqtisodiy integratsiya tomon yo‘naltirilgan, kengash doirasida ishlab chiqilgan. Iqtisodiy kelishuv imzolandi. A’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro savdo-sotiqni erkinlashtirish bo‘yicha qator choralar ko‘rildi, “oltilik” davlatlari o‘rtasida qishloq xo‘jalik maxsulotlari va ishlab chiqarilgan milliy sanoat tovarlari bojxona soliqlaridan ozod qilindi. Shuningdek, hamkorlik kengashi a’zo davlatlari fuqarolari uchun mintaqada erkin iqtisodiy faoliyat yuritish va pul mablag‘larini joylashtirish, ko‘chmas mulkka egalik qilish, bir joydan ikkinchi joyga erkin ko‘chib yurish kabi imtiyozlar yaratib berildi.
Neft va gaz sohasidagi iqtisodiy hamkorlik ular uchun yagona narxni o‘rnatish va marketing tizimini shakllantirish shuningdek, muqobil energiya manbalari masalalarini ko‘rib chiqish bilan izohlanadi. Ar-Riyod o‘zining neft strategiyasini qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash maqsadida FKADHK neft vazilari ishtirokida doimiy qo‘mitani tashkil etish taklifi bilan chiqdi va uning birinchi majlisi 1983-yilning aprel oyida bo‘lib o‘tdi.
1981-1983-yillarda hamkorlik kengashi submintaqaviy tashkilot sifatida shakllandi. Bu davrda barcha a’zo davlatlarning tashkilot ishini tashkil etishda faolligi kuzatiladi va har bir davlat mintaqani rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsilari bilan chiqdi. Masalan, Kuvayt mintaqa uchun yagona pul birligini joriy etish, Baxrayn umumiy bojxona ittifoqini tuzish, Saudiya Arabistoni esa mudofaa sohasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish takliflari bilan chiqdilar.
1994-yil 19-21-dekabr kunlari Hamkorlik kengashining mamlakatda o‘tkazilgan 15-sessiyasida ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish va har bir davlatda milliy mahsulotlarga bo‘lgan talabni oshirishga erishish belgilab olindi. 1985-yildan 1996-yilgacha FKADHK davlatlari o‘zaro mahsulot ayirboshlash hajmi ikki barobar ortdi va 12.6 mlrd dollarni tashkil etdi.
1990-yillar o‘rtalariga kelib iqtisodiy masalalar bo‘yicha Hamkorlik Kengashiga a’zo davlatlar hamkorligida yanada kengaydi va yuqori bosqichga ko‘tarildi. 1996-yil 7-9-dekabr kunlari Qatar poytaxti Doha shahrida a’zo davlatlar rahbarlaridan iborat Oliy Kengashning qishloq xo‘jaligi sohasidagi siyosati belgilandi va birgalikda bojxona ittifoqini tuzish masalalari amaliy hal etildi.
1997-yilning 20-22-dekabr kunlari Kuvaytning Al-Kuvayt shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sammitda iqtisodiy masalalarni ko‘rib chiqish bilan bir qatorda sud tizimini unifikatsiya qilishga qaratilgan jinoyat va fuqarolik kodekslari loyihalari tasdiqlandi. Shuningdek, Oliy Kengash qoshida ko‘rilgan masalalar bo‘yicha tavsiya va xulosalar ishlab chiquvchi “Konsultativ Kengash” tashkil etildi.
1998-yilning dekabrida Abu-Dabida o‘tkazilgan sammitda bojxona ittifoqini shakllantirishning yakuniy muddati 2001-yil deb belgilandi. Shuningdek, samoatni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi. Bu uchrashuvning eng muhim jihati 2000-2005-yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli har tomonlama rivojlanish strategiyasi ishlab chiqildi va qabul qilindi.
So‘ngi yillarda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi dunyo miqyosida ta’siri va nufuzi tobora ortib bormoqda va yetakchi mutaxassis-eksportlar tomonidan ulkan energiya va yoqilg‘i manbaiga ega bo‘lgan mintaqa davlatlar umummanfaatiga mos keluvchi va barqaror rivojlanayotgan tashkilot sifatida e’tirof etilmoqda.