Bog'liq FORS KO‘RFAZI ARAB DAVLATLARI HAMKORLIK KENGASHI (FKADHK) TASHKILOTI VA UNING MINTAQA DAVLATLARI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY HAYOTIDA
MAVZU:Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi (FKADHK) tashkiloti va uning mintaqa davlatlari iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotida tutgan o’rni
Fors ko’rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi tashkiloti 1981-yil 25-mayida tashkil etilganligi haqida rasmiy ravishda e’lon qilingan. Unga quyidagi mamlakatlar a’zodir: Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Baxrayn, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon Sultonligi.
Fors ko‘rfazidagi neft qazib chiqaruvchi arab mamlakatlarining siyosiy-iqtisodiy ittifoqini tuzish g‘oyasi o‘z tarixiga ega. 1976 yili Ummon sultoni Qobus bin Said tashabbusi bilan Eron, Iroq, Kuvayt, Baxrayn, Qatar, BAA, SAP va Ummon sultonligining tashqi ishlar vazirlari ushbu mamlakatlar xavfsizligi va mudofaasini ta’minlash bo‘yicha umumlashgan siyosatni ishlab chiqish haqidagi Ummon taklifini muhokama qilish uchun Masqatda uchrashdilar. Ammo o‘sha paytda vazirlar muammoning mohiyati bo‘yicha kelisha olmadilar va uchrashuv natijasiz yakunlandi.
Shu bilan birga 1976 yili mintaqadagi arab davlatlari o‘rtasida mintaqaviy konsensusga erishish borasida yana bir urinish qabul qilindi. O‘sha paytdagi Kuvayt shaxzodasi shayx Jobir al-Axmad as-Sabax Fors ko‘rfazi bo‘yicha sayohat qildi. U safari davomida birgalikdagi kuchlar yordamida Ko‘rfaz xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq muammolarni muhokama qildi. Kuvayt nomidan u iqtisodiyot, siyosat, ta’lim va axborot sohasidagi hamkorlik bo‘yicha o‘zaro tashabbuslar uchun mexanizm bo‘lishi lozim bo‘lsa, Ko‘rfaz davlatlari ittifoqini tuzish taklifini rasmiy ravishda e’lon qildi. Ko‘rfazdagi arab davlatlarining boshliqlari doimiy ravishda shunday tashkilot tuzish lozimligi haqida birgalikda faoliyat olib bordilar. Besh yil o‘tsa ham Kuvayt taklifi xali o‘zining aniq timsolini topgani yo‘q edi.
Fors ko‘rfazining oltita neft qazib chiqaruvchi davlari ittifoqini tuzish haqidagi masalaning faollashuviga 70-yillarning oxirida bir qtor aniq holatlarni yuzaga kelishi sabab bo‘ldi. Ular ichida muhim o‘rinni Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida ro‘y bergan mashhur harbiy-siyosiy voqealar egallaydi. Eronda shohlik tartibining ahdarilishi va sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonga bostirib kirishi ular orasida muhimrog‘i edi.
Arab mamlakatlari o‘rtasidagi siyosiy-iqtisodiy va madaniy integratsiya jarayonining faollashuvida Kuvayt davlati muhim o‘rinni egallaydi. Faqat ushbu mamlakat rahbariyatining faolligi tufayli BAA bilan bosh vazirlar darajasidagi kordinatsiya kengashi tuzilib, Ko‘rfaz davlatlari ittifoqini tuzish g‘oyasi yildan-yilga mustahkamlanib bordi. Bu masala 1980 yil noyabrida Ummonda bo‘lib o‘tgan arab mamlakatlari boshliqlarining kengashida ham, 1981 yil yanvarida Toifda bo‘lib o‘tgan musulmon mamlakatlar boshliqlari konferensiyasida ham ko‘rib chiqildi.
Buning natijasida Qatar, SAP, Kuvayt, Baxrayn, BAA va Ummon Sultonligining tashqi ishlar vazirlarining konferensiyasini 1981 yil ar-Riyodda o‘tkazish imkoniyati tug‘ildi. Ushbu yilning martida aytib o‘tilgan davlatlar tashqi ishlar vazirlarining navbatdan tashqari uchrashuvi Masqadda bo‘lib o‘tdi. Aynan ushbu konferensiyada shu davlatlarning istiqboldagi ittifoqini tuzish va faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan shartlar qat’iy ravishda kelishib olindi. Xususan, “Oltilik” boshliqlari kengashini chaqirish va kengash shtab kvartirasini ar-Riyodda joylashtirish masalasi hal qilindi. 1981 yil 25 may kuni BAA poytaxti Abu Dabida “oltilik” mamlakatlari boshliqlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tib, unda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi (FKADHK)ni tashkil etilganligini rasmiy e’lon qilindi.
Shunday qilib, Fors ko‘rfazi neft qazib chiqaruvchi davlatlari ittifoqi tashkil etilib, ingliz olimi Jon Kristining ta’kidlashicha u shunday birlashmalardan o‘zining qator jipslashtiruvchi sifatlari bilan farq qiladi. Bular yagona arab tili va islom dini, bir xil ijtimoiy tuzilma, nisbatan o‘xshash iqtisodiy rivojlanish standarlari, yaqin va o‘xshash davlat boshqaruvi tizim, umumiy madaniyat va geografik joylashuv. Ingliz olimi fikriga qo‘shilgan holda shuni ta’kidlash lozimki, yuqorida aytib o‘tilgan omillar ushbu ittifoqning vujudga kelishi sabablaridan biri bo‘ldi. Ammo oltita Fors ko‘rfazining neft qazib oluvchi arab davlatlari ittifoqini tuzish g‘oyasini ko‘rinmaydigan harakati faqat ushbu omillar bilan chegaralanmaydi. Uni hayotga tatbiq etishni jadallashtirishdagi muhim omil so‘zsiz Ko‘rfaz zonasida vujudga kelgan yangi harbiy-siyosiy sharoitning amalga oshirilishi bo‘ldi. Bir tomondan u mintaqada yetakchilik qilish uchun Iroq va Eron o‘rtasidagi raqobatning keskin faolashuvi bilan, ikkinchi tomondan esa tez orada boshlangan Iroq-Eron urushi bilan ifodalanadi. Ushbu ikki omil bir xil mintaqaning umumiy xavfsizligiga ham, Arabiston yarim orolidagi har bir mustaqil mamlakatlar uchun xavf solar edi.