Klassik dialektikaning o‘ziga xos xususiyatlari: Birinchidan, klassik dialektika dunyoni tushunishning shunday bir usuli hisoblanadiki, bunda borliq narsalar va hodisalarning umumiy o‘zaro aloqasi, ularning bir-birini taqozo etishi va muttasil o‘zgarishi nuqtai nazaridan anglab etiladi. Dialektika rivojlanishning teran, to‘laqonli va mazmunan boy nazariyasidir. U o‘zgarish holatida bo‘lmagan biron-bir narsa tabiatda ham, jamiyatda ham, tafakkurda ham mavjud emas, chunki barcha mavjud narsalar o‘z ichki ziddiyatlariga ega va ular bu narsalarni o‘zgarishga, yangi shakl-shamoyil kasb etishga, rivojlanishga majbur qiladi, deb o‘rgatadi.
Ikkinchidan, dialektika ob’ektiv va sub’ektiv dialektikaning mavjudligini tan oladi. Ob’ektiv dialektika – bu tabiiy va ijtimoiy hodisalarning o‘zaro aloqasi va rivojlanishi. U sub’ektdan, inson va insoniyatdan qat’iy nazar mavjuddir. Sub’ektiv dialektika – bu sub’ektning fikrlash dialektikasi va uning ob’ektiv dunyoni bilishi. Ob’ektiv va sub’ektiv dialektikaning o‘zaro nisbati qanday? Materialistik davr nuqtai nazaridan sub’ektiv dialektika ob’ektiv dialektikani aks ettiradi. Ob’ektiv va sub’ektiv dialektika mazmunan bir-biriga mos keladi.
Uchinchidan, fan sifatida dialektika o‘z tamoyillari, qonunlari va kategoriyalariga ega. Dialektika qonunlari rivojlanish jarayonidagi umumiy muhim aloqalarni aks ettiradi. Ular dialektikaning nazariyasini yaratishda muhim metodologik funksiyani bajaradi. Dialektikada umumiy qonunlar uchta: dialektik ziddiyatlilik qonuni, miqdor va sifat o‘zgarishlarining bir-biriga o‘tishi qonuni va inkorni-inkor qonuni. Dialektika kategoriyalari – bu eng fundamental, asosiy tushunchalar bo‘lib, ularda va ularning yordamida falsafiy fikrlash amalga oshiriladi.
To‘rtinchidan, dialektikaning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u nazariya vazifasini ham, metodologiya vazifasini ham bajaradi. Dialektika qonunlari, kategoriyalarining mazmuniga va bilish jarayonining amal qilish va rivojlanish qonuniyatlariga muvofiq fikrlovchi sub’ektga qo‘yiladigan tegishli talablar shakllantiriladi va shu tariqa unga bilish faoliyatida yo‘l ko‘rsatiladi.
SHunday qilib, hozirgi talqindagi dialektika - bu: 1) hodisalarning ularga xos bo‘lgan ziddiyatlar vujudga kelishi, o‘zaro ta’sirga kirishishi va echilishiga muvofiq rivojlanishidan iborat bo‘lgan ob’ektiv jarayon; 2) tabiat, jamiyat va tafakkurning harakat va rivojlanish universal qonunlari haqidagi falsafiy konsepsiya; 3) dunyoni bilish va o‘zgartirish metodi. Uning tizimiga kiruvchi rivojlanishning umumiy qonunlarini bilish o‘tmishni anglab etish, hozirgi dunyoda Yuz berayotgan jarayonlarni to‘g‘ri tushunish va kelajakni bashorat qilish imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |