3. Borliqning atributlari. Muayyan jismning aynan shu jism ekanligini belgilovchi xususiyatlari uning atributlari bo‘ladi. Borliqning ham bir qancha atributlari mavjuddir. Ular: harakat, fazo, vaqt, in’ikos, ong va boshqalar. Borliq o‘zining xossalari, xususiyatlari orqali namoyon bo‘ladi. Endi borliqning atributlari, ya’ni ajralmas tub xususiyatlari haqida to‘xtab o‘taylik.
Harakat. Borliqning atributlari ichida uning asosiy mavjudlik usulini ifoda etuvchi xususiyati harakat hisoblanadi. CHunki borliq harakatsiz o‘zining strukturaviy yaxlitligini saqlay olmaydi.
Borliqning mavjudligi undagi o‘zgarishlar bilan belgilanadi. Agar o‘zgarish bo‘lmasa, borliqning bor yoki yo‘qligi noma’lumligicha qolardi. Har qanday o‘zgarish - harakatdir. O‘zgarishlar nafaqat moddiy ob’ektlarga, balki ma’naviy, g‘oyaviy ob’ektlarga ham xosdir. Har qanday (moddiy yoki g‘oyaviy) ob’ektning mavjudligi undagi harakat va o‘zgarishlar tufayli namoyon bo‘ladi. SHu sababli harakat borliqning asosiy mavjudlik usulidir. Falsafiy adabiyotlarda moddiy borliqning quyidagi harakat shakllarini ajratib ko‘rsatishadi: 1) moddiy harakatning eng sodda shakli - mexanik harakat (uni moddiy nuqtalarning fazodagi siljishi deb ta’riflashadi); 2) fizik harakat (elementar zarachalar, atom yadrosi va atomning harakatidan tortib, olamning fundamental kuchlari, issiqlik, elektr va maydon harakatigacha, yorug‘likdan tortib koinotning gravitatsiya kuchigacha barchasi shu harakat shakliga mansubdir); 3) ximiyaviy harakat (bunga molekulalarning assotsiatsiyasi va dissotsiatsiyasi, ionlar harakati, moddaning muzlashi va kristallanish jarayonlari, ximiyaviy reaksiyalar, ximiyaviy sintez va parchalanish, yonish va oksidlanish va boshqa ximiyaviy jarayonlar kiradi); 4) biologik harakat (hayotiy jarayonlar); 5) sotsial (yoki ijtimoiy) harakat (jamiyatdagi ijtimoiy jarayonlarning namoyon bo‘lishi). Bulardan tashqari, inson aql-zakovati hamda axborot jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lgan ideal, g‘oyaviy, ma’naviy ko‘rinishdagi harakat shakllari ham mavjuddir.
Harakatning eng sodda shakli mexanik harakat bo‘lib, uning manbai tashqi ta’sirda, harakatning murakkab shakllarining manbai esa ichki aloqadorliklarda. Faylasuflar qadimdan harakat va uning manbalari haqida xilma-xil konsepsiyalarni ilgari surib kelishadi. Ayrim faylasuflar hatto harakatning mavjudligini ham inkor etgan. Ioniya maktabiga mansub faylasuflardan Eleylik Zenon harakatning yo‘qligini o‘zining «Axill va toshbaqa», «Dixatomiya», «Uchayotgan kamon o‘qi» kabi mashhur aporiya (Yunon. aporia - ilojsiz vaziyat)larida harakatning yo‘qligini isbotlashga uringan. Buni dastlab, Arastu yaxshi tushunib etdi. SHarq falsafasida esa Forobiyning falsafiy risolalarida bu muammo yaxshi asoslab berilgan. YAngi davr falsafasida G.Xegel harakatning mohiyatini formal mantiq vositasida ifodalash mumkin emasligi, uni faqatgina dialektik mantiq doirasidagina asoslash mumkinligini ta’kidlagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |