Emotsiya – shaxsning voqelikka o‘z munosabatini his qilishidan kelib chiqadigan, uning ehtiyoj va qiziqishlari bilan bog‘liq bo‘lgan yoqimli yoki yoqimsiz kechinmalaridir. Keltirilgan ta’riflardan ko‘rinadiki, hissiyot tushunchasi emotsiyaga nisbatan kengroq tushuncha bo‘lib, shaxsning kundalik hayoti, turmush tarzidagi barcha jabhalarni qamrab oladi.
Hissiyotlar o‘zining yuzaga kelishi nuqtai nazaridan odamning ehtiyojlari, qiziqishlari va intilishlari bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, odamning organik ehtiyojlarini qondirishi bilan bog‘liq bo‘lgan hissiyotlar odamda rohatlanish, qanoatlanish tuyg‘usini yuzaga keltiradi. Organik hissiyotlarni qondira olmaslik odamning ruhini tushirib, kayfiyatini buzib, azoblanish, toqatsizlanish hissiga sabab bo‘ladi.
Hissiyot odamda sodir bo‘layotgan hodisa va narsalardan shaxs sifatidagi odam uchun ahamiyatli bo‘lganlari haqida darak beruvchi signallar tizimi hisoblanadi. Mazkur holda sezgi a’zolariga ta’sir qiluvchi cheksiz miqdordagi qo‘zg‘ovchilardan aniq bo‘lib ajraladi, ba’zilari bir-birlari bilan qo‘shilib ketadi va paydo bo‘lgan hissiyot bilan birlashib ketadi. Natijada ta’ssurot uyg‘otib, biror hissiy nom bilan ifodalangan xotira obrazlari tariqasida saqlanib qoladi. Buni fiziologik jihatdan shunday tushuntirish mumkin: ma’lum qo‘zg‘atuvchilar tirik mavjudotlar uchun xotirjamlik haqida darak beruvchiga aylanadi. Hissiy kechinmalar esa insonning shaxsiy tajribasida tarkib topadigan reflekslar tizimini mustahkamlash sifatida namoyon bo‘ladi. Hissiyotning mana shu darak beruvchilik vazifasi psixologiyada hissiyotning impressiv tomoni deb ataladi.
Hissiyot boshqa hamma psixik jarayonlar kabi bosh miya po‘sti qismining faoliyati bilan bog‘liqdir. Bosh miya hissiyotlarning kuchini va barqarorligini idora qilib turadi. Hissiyotlar boshqa bilish jarayonlaridan farqli bosh miya po‘stining faoliyatidan tashqari organizmning ichki a’zolari faoliyati bilan ham bog‘liqdir, boshqacha qilib aytganda hissiyotlar vegetativ nerv tizimining faoliyati bilan ham bog‘liqdir. Chunonchi, odam qattiq uyalgan paytida qizarib ketadi, qattiq qo‘rqqan paytida esa rangi o‘chib, qaltirab ketadi, xattoki odamning ovozida ham o‘zgarish paydo bo‘ladi. Ana shunday hissiy holat yuz bergan paytda odamning yuragi tez ura boshlaydi, nafas olishi ham tezlashadi.
Demak, odam ma’lum hissiy holatni boshdan kechirayotgan paytda uning qon aylanish tizimi, nafas olish organlari nutq apparatlari ichki sekretsiya bezlari ham qatnashadi. Masalan, materialni yaxshi bilmaydigan talaba imtihon topshirayotganda terlab ketadi, tomog‘iga nimadir tiqilib, gapini gapira olmay qoladi. Odamda qattiq qo‘rqish paytida «Yuragi orqaga tortib ketdi», «Sovuq ter bosib ketdi» kabi iboralarning ishlatilishi hissiyot paytida odamning ichki a’zolarining ishtirok etishidan dalolat beradi.
Juda ko‘p hissiy holatlar bosh miyaning yaqin po‘stloq osti qismlarining oralig‘i bilan ham bog‘liqdir. Masalan, ko‘rish tepaligi deb ataluvchi qism ayrim hislarni ifodalaydigan ixtiyorsiz harakatlarning markazi hisoblanadi.
Odamda uchraydigan yuksak ma’naviy hissiyotlar ham o‘zining nerv-fiziologik asosiga ega bo‘lishi kerak (chunonchi intellektual, ahloqiy, estetik hissiyotlar). Bu jihatdan akademik I.P.Pavlovning dinamik streotip haqidagi ta’limoti juda katta ahamiyatga egadir. Bu haqda akademik I.P.Pavlov shunday deb yozgan edi: «Menimcha, ko‘pincha odatdagi turmush tartibining o‘zgargan paytlarida odat bo‘lib, qolgan birorta mashg‘ulot yaqin kishidan judo bo‘lganda, aqliy iztirob chog‘ida kechiriladigan og‘ir hissiyotlarning fiziologik asosi xuddi eski dinamik streotipning o‘zgarishi, uning yo‘qolishi va yangi dinamik streotipning qat’iylik bilan hosil bo‘lishidan iborat bo‘lsa kerak».
Ayrim murakkab hissiyotlarning asosida dinamik streotipning yotishi yaqqol ko‘rinadi. Masalan, estetik hissiyotni oladigan bo‘lsak, biron yoqimli ko‘ydan lazzatlanish, yoki biron mashhur rassomning ishlagan ajoyib suratlarini tomosha qilib, rohatlanish estetik hissiyot hisoblanadi. Agar bu hissiyotlarning nerv-fiziologik asoslarini tahlil qiladigan bo‘lsak, quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin. Masalan, bizga juda yoqadigan kuy boshqa millat odamiga yoqmasligi mumkin. Bunda ajablanishga hech qanday o‘rin yo‘q. Biz yoshlikdan boshlab mazkur kuyni bir necha yuz marotalab eshitib borishimiz natijasida ana shu kuyga nisbatan deyarli buzib bo‘lmaydigan nihoyatda murakkab dinamik streotip yuzaga keladi. Ana shuning uchun ayrim kuylar bizga yoqadi, ayrimlari esa yoqmaydi. Suratlar masalasiga kelganda shuni aytish kerakki, qadimgi klassik asarlar ularning ishlanish uslubi realligi bizni hayratda qoldirib zavq tug‘diradi. Aksincha, hozirgi rassomlar tomonidan ishlangan rasmlar odamda qandaydir noxush hissiyotni tug‘diradi. Demak, uzoq yillar davomida yuzaga keladigan dinamik streotiplar ayrim murakkab hisni tashkil qiladi.
Shunday qilib, hissiyot vegetativ nerv tizimi orqali boshqariladigan ichki a’zo faoliyati bilan bog‘liq bo‘lsa ham bari bir bosh miya po‘sti orqali idora qilinadi. Chunki akademik I.V.Pavlovning fikricha, odamning butun a’zoyi badanida bo‘ladigan har qanday hodisalarning hammasini bosh miya po‘sti qismidagi neyronlar idora qiladi. Ana shu jihatdan olganda hissiyotning nerv-fiziologik asosi bosh miya po‘sti bilan bog‘liq.
«Emotsiya» so‘zi lotincha bo‘lib, «hayajonlantiraman», «iztirobga solaman» degan ma’noni bildiradi. Emotsiya va hissiyot terminlari ko‘p hollarda bir ma’noda ishlatiladi. Emotsiya shaxsning voqelikka bo‘lgan o‘z munosabatini his qilishidan kelib chiqadigan, uning ehtiyoj va qiziqishlari bilan bog‘liq bo‘lgan yoqimli yoki yoqimsiz kechinmalaridir.
His-tuyg‘ularning manbai biz idrok qiladigan, ish ko‘radigan predmetlar va hodisalarning xususiyatlari vujudga keltiradigan ehtiyojlar, intilishlar, istaklardir. Bizning faoliyatimiz ham, uning muvaffaqiyat va mag‘lubiyatlari ham his-tuyg‘ular uyg‘otadi.
Hissiyotlar faoliyat ta’siriga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: astenik va stenik.
Astenik hissiyot shunday hissiyotki, u kishining faoliyatini, g‘ayrat-shijoatini susaytiradigan hislardan iborat bo‘lib, ko‘pincha kishi umidsizlanganda, ruhiy tushkunlikka tushganda ro‘y beradi.
Stenik hissiyot esa, aksincha, shaxsning hayot faoliyatini jadallashtiradigan, kuch-g‘ayratini oshiradigan, barcha ruhiy jarayonlarini faollashtiradigan ijobiy hissiyot turi. Masalan, haddan tashqari xursandchilik.
Amalga oshish shakliga ko‘ra hissiyotlar qo‘yidagi uch turga bo‘linadi:
- Kayfiyat;
- Affekt;
- Ishtiyoq;
Inson emotsiya va hissiyotlarining birlamchi manbai uning ehtiyojlaridir. Emotsiya va hissiyotning manba–sabablarini insonning maqsad va ehtiyojlariga mos keladigan yoki aksincha mos kelmaydigan buyumlar va hodisalardan axtarish kerak. Ko‘plab ijobiy hissiyotlar (qoniqish, xursandchilik va hokazo) inson istaklari qondirilganda to‘g‘iladi yoki aksincha, ular qondirilmaganda esa salbiy his-tuyg‘ular paydo bo‘ladi. Agar, bordiyu atrofdagi buyum va hodisalar insondagi maqsad va ehtiyojlarga aloqador bo‘lmasa, ular hissiy munosabatlarni yuzaga keltirmaydi, ya’ni, inson ularga nisbatan befarq munosabatda bo‘ladi.
Emotsiya va hissiyotlar kechinmalar sifatida qa’tiy o‘zaro aloqadorlikka ega bo‘lsalar-da, ular o‘rtasida muhim farqlar ham mavjud. Organizmning ovqatga, sovuqdan va jaziramadan himoyalanishga, uyquga, o‘z-o‘zini saqlab qolishga nisbatan bo‘ladigan ehtiyojlari bilan bog‘liq qoniqish(yoki qoniqmaslik) hissiyotlari emotsiyalarga misol bo‘ladi. Emotsiyalar insonlarga ham, hayvonlarga ham xos. Biroq, inson emotsiyalari hayvonlarnikidan butunlay farqlanadi: ular ma’lum darajada ijtimoiy tajriba ta’siri ostida o‘zgargan, qayta tuzilgan bo‘ladi. Insondagi emotsiyalarning namoyon bo‘lish shakli ham (emotsional kechinmalar vaqtida o‘z xulq-atvorini boshqara olish imkoniyati), shunindek, u yoki bu emotsiya bilan bog‘liq bo‘lgan ehtiyojlarni qondirish va maqsadga erishish usullari ham ijtimoiy hayot sharoitlariga bog‘liq bo‘ladi.
Insonning faoliyat jarayonida to‘g‘iladigan vaziyatlarga, shuningdek, unga ta’sir etadigan buyumlarning alohida xususiyatlariga nisbatan bo‘ladigan reaksiyalari vaqtida emotsiyalar paydo bo‘ladi. Masalan, musiqiy ohanglar yoqimli bo‘lgani holda, ikkita shisha bo‘lagini bir-biriga ishqalaganda chiqadigan tovush yoqimsiz bo‘ladi. Bunday emotsiyalar shartsiz reflekslarga asoslanadi, ya’ni, u insonning ijtimoiy xususiyatlariga bog‘liq emas.
Hissiyot borliqqa, turmushga, shaxslararo munosabatga nisbatan shaxsning sub’ektiv kechinmalarini aks ettirilish hodisasidir. Shaxs tirik mavjudod bo‘lishi bilan birga jamiyat a’zosi hamdir, shuningdek, yakkahol (individual) inson sifatida tevarak-atrofdagi narsalar va hodisalarga nisbatan munosabatlarini xolisona (ob’ektiv) aks ettiradi, in’ikos qiladi. Aks ettirish jarayoni favqulodda o‘z ichiga quyidagilarni qamrab oladi: a) shaxsning ehtiyojini qondirish imkoniyatiga egalikni; b) qondirishga yordam beradigan yoki qarshilik ko‘rsatadigan ob’ektlarga sub’ekt sifatida qatnashishni; v) uni harakat qildiruvchi, bilishga intiltiruvchi munosabatlarini va hokazo. Sub’ektiv munosabatlarning inson miyasida his-tuyg‘ular, emotsional holatlar, yuksak ichki kechinmalar tarzida aks etishi hissiyot va emotsiyani yuzaga keltiradi. Hissiyot – yaqqol voqelikning ehtiyojlar sub’ekti bo‘lmish shaxs miyasida ob’ektlarga nisbatan uning uchun qadrli, ahamiyatli bo‘lgan munosabatlarini aks ettirilishdir. Mulohazalardan ko‘rinib turibdiki, munosabat atamasi bir necha marta matnda qayd qilindi, shuning uchun unga ayrim izohlar berish maqsadga muvofiqdir. Psixologiyada hali bir talay terminlar, atamalar, tushunchalar mavjudkim, ularga mohiyat, ma’no, qo‘lam, sifat, shakl jihatidan qo‘llanilishi yuzasidan ba’zi bir tuzatishlar kiritilishi ayni muddao bo‘lar edi.
Jahon psixologiyasida «hissiyot» bilan «emotsiya» terminlari (ayniqsa chet mamlakatlarda) bir xil ma’noda ishlatiladi, lekin ularni aynan bir xil holat deb tushunish mumkin emas. Bunday nuqson ommabop adabiyotlarda, chet ellarda chop etilgan darsliklarda aksariyat hollarda uchraydi. Odatda tashqi alomatlari yaqqol namoyon bo‘ladigan his-tuyg‘ularni ichki kechinmalarda ifodalanishdan iborat psixik jarayon yuzaga kelishining aniq shaklini emotsiya deb atash maqsadga muvofiq. Masalan, ranglarning o‘zgarishi, yuzlarning ta’bassumlanishi, lablarning titrashi, ko‘zlarning yarqirashi, kulgu, yig‘i, g‘amginlik, ikkilanish, sarosimalik va boshqalar emotsiyaning ifodasidir. Lekin vatanparvarlik, javobgarlik, mas’uliyat, vijdon, mehr-oqibat, sevgi-muhabbat singari yuksak xislatlarni emotsiya tarkibiga kiritish g‘ayritabiiy hodisa hisoblanar edi. Ushbu hissiy kechinmalar o‘zining mohiyati, kuch-quvvati, davomiyligi, ta’sirchanligi, yo‘nalganligi bilan bir-biridan keskin farq qilishlariga qaramay, ularni emotsiya sifatida talqin qilish oddiy safsataga aylanib qolgan bo‘lar edi. Shu boisdan ularning o‘zaro eng muhim farqi shundaki, birisi ijtimoiy (hissiyot), ikkinchisi esa (emotsiya) individual, xususiy ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlab o‘tilgan mulohazalarga qaramasdan, hissiyot bilan emotsiyaning o‘zaro bir-biridan qat’iy cheklab qo‘yish ham ba’zi anglashilmovchilikni keltirib chiqarishi mumkin. Faoliyat, xulq-atvor, muomala sub’ekti o‘zining shaxsi hamda jamiyati uchun ahamiyatli hisoblangan narsalar va hodisalarni aks ettiruvchi munosabati hissiyotda mujassamlashadi. Shaxsning individual hayoti va faoliyatiga aloqador (xoh foydali, xoh zararli bo‘lishdan qat’i nazar) omillar, qo‘zg‘ovchilar, turtkilarni ifodalovchi hamda kelib chiqishi instinktlar, shartsiz reflekslar, irsiy belgilar (ovqatlanish, jinsiy, himoyalanish, qo‘rqish va boshqalar) bilan bog‘liq sodda hissiy holatlar «emotsiya» deyiladi. Emotsiyalar nafaqat insonlarga, balki jonli rivojlangan mavjudodlarga ham taalluqli ruhiy (psixik) holatlardir. Hayvonlardagi emotsiyalar o‘zgarishi murakkab bo‘lgan tabiylik (irsiy) alomatlarga asoslanuvchi sodda tuzilishga egadir. Odam bilan hayvon emotsiyalari o‘zlarining mohiyati, tuzilishi, ta’sirchanligi, jadalligi, sifati, shakli bilan keskin tafovutlanadi. Emotsiyalar tashqi ko‘rinishga xosligi bilan, muvaqqat xususiyatga ega ekanligi bilan hissiyotdan farqlanadi. Shuni aytib o‘tish joizki, hissiyot hayvonot olamiga xos kechinma emas, u aql-zakovat sub’ekti sanalmish hazrati insongagina xos, xolos, chunki empatik (hamdardlik) his-tuyg‘ular shaxsning mukammallik bosqichiga ko‘tarilishiga kafolat negizidir.
Hissiyot bilan emotsiya (uning yuksak darajalari nazarda tutiladi) inson shaxsining ijtimoiy hayotiy shart-sharoitlarida yuzaga kelgan, odamning ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotida shakllangan (evolyusion yo‘sinda), muayyan ijtimoiy muhitda (jamiyatda) istiqomad qiluvchi kishilar tomonidan o‘zlashtirilgan g‘oyalar, me’yorlar, qonun-qoidalar, nizomlar, qadriyatlarni aks ettiruvchi anglanilgan his-tuyg‘ular, murakkab ichki kechinmalarni vujudga kelish jarayonidir.
Shaxs hissiyotning sub’ekti hisoblanib, mazkur holatning namoyandasi, uni aks ettiruvchi tariqasida olamni anglash, bilish jarayonida o‘zining shaxsiy faoliyatini (xulq-atvorini) maqsadga muvofiq amalga oshirish uchun hissiy kechinmalarni o‘zgartirish qudratiga ega. His-tuyg‘ular shaxsdan ajralgan holda vujudga kelmaydi, shuning uchun ular hissiyot sub’ekti bilan birga hukm suradi, binobarin, hissiy kechinmalar aniq insonga taalluqli bo‘ladi, xolos. Insonda emotsional taassurot qoldiradigan, yuz tuzilishida ta’bassum yoki qayg‘u, goho ajablanish uyg‘otadigan narsa va hodisalar hissiyotning ob’ekti bo‘lib hisoblanadi. Shaxsdagi emotsional o‘zgarishlar uning hayoti va faoliyatida, shaxslararo munosabatida, insonlar bilan muomalaga kirishishda, ayrim hollarda biron bir voqelik to‘g‘risida xayol surganda, armon tuyg‘usi odamga xotirjamlik bermaganida yuzaga keladi.
Shaxsning emotsional dunyosi uzluksiz tarzdagi ziddiyatlar, nizolar va ularning hal qilinishi, oldining olinishini aks ettirishdan iborat jarayonlar majmuasidir. Asosan ijobiy, salbiy va ikkiyoqlama hissiyotni keltirib chiqaradigan omillar quyidagilardan iboratdir: 1) shaxs bilan muhit o‘rtasidagi (tabiiy muhit, ijtimoiy muhit orasidagi) har xil mazmun hamda shakldagi munosabatlar; 2) tana a’zolari, ichki organizm tarkiblari muhitidagi munosabatlarning nisbiy muvozanati o‘zgarib turishi; 3) favquloddagi vaziyatlar tufayli yuzaga keladigan har xil kechinmalar va boshqalar.
His-tuyg‘ularning yana bitta (to‘rtinchi) sifati shaxsning hissiyot ob’ektlariga nisbatan emotsional munosabatlarining qisqa muddatli aks ettishini ta’minlovchi tashqi ta’sirining noaniqligi ifodalanishidir.
Shuni eslab o‘tish lozimki, hissiyot o‘zgaruvchanlik xususiyatiga ega bo‘lib, uning kuchayishi yoki susayishiga qarab qanday oqibatlarga olib kelishini oldindan bashorat qilish yoki payqash mumkin. Shaxsning his-tuyg‘ularida ham barqaror, ham o‘zgaruvchan jabhalari birgalikda hukm suradi.
Shu sababdan shaxsning hissiyotida hukmron, ustuvor his-tuyg‘ular mavjud bo‘lishiga qaramay, ular vaziyat, sharoit yangilanish bois keskin o‘zgarishlarga uchraydi, dinamik stereotiplar zaiflasha boshlaydi. Shuning uchun psixologiyada hissiyot o‘zgarishining dinamikasi degan atamalar birikmasi uzluksiz ravishda qo‘llanilib kelinadi.
Shaxsda namoyon bo‘layotgan hissiyot asta-sekin jadallashib borgani evaziga u ruhiy kechinma sifatida mustahkamlanib qolishi mumkin. Masalan, jahon xalqlarida er kurrasining u yoki bu joylarida qo‘poruvchilik ko‘rinishlariga jirkanch nazar bilan qarash tuyg‘usi uyg‘ongan bo‘lsa, keyinchalik terrorizmga (lotincha terror kuch ishlatish bilan qo‘rqitish demakdir) shafqatsiz kurash, nafrat umumiy militarizmga (latincha militaris harbiylashtirish ma’nosini anglatadi) yo‘naltirildi. Xalqlarda narkotik (yunoncha harkotikos miyani aynitadigan) moddalarga nisbatan jirkanch tuyg‘usi kuchayib borishi, dinamikasi sababli narkobiznesga (inglizcha business foyda degani)bilan ayovsiz kurash insoniyat genini (zotini) buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikka o‘sib o‘tdi. Shaxs kechirayotgan his-tuyg‘ular mazmundor, aks ettirilayotgan hodisalar rang-barang, o‘zaro ta’sirlar, aloqalar, munosabatlar serqirra, ko‘pyoqlamalik xususiyat kasb etsa, u holda hissiyot dinamikasiga puxta negiz hozirlaydi.
Lekin shuni ham ta’kidlash ma’qulki, hissiyot dinamikasi har xil kechishi, uning xususiyati, yo‘nalishi biroz o‘zgarishi mumkin. Chunki hissiyot bir yo‘nalishda kuchayib borish bilan bir qatorda uning susayishi, hatto so‘nib borishi, haddan tashqari zaiflashuvi ham kuzatiladi. Masalan, intizomni buzgan xodimni «haydash» bilan qo‘rqitish emotsional ta’sirini yo‘qotadi, agarda biror jazo chorasi qo‘llanilmasa, mabodo talabani dars qoldirishi po‘pisa qilish bilan cheklansa, unda qo‘rqinch ruhiy holati yo‘qoladi. Ana shunday hodisalar va nomutanosibliklarning takrorlanishi sababli emotsional moslashuv (adaptatsiya) jarayoni vujudga keladi, demak, hissiyotda o‘zgarish sodir bo‘lmaydi. Agarda hissiyot ob’ektining (narsa, hodisa, holat kabilarning) mazmuni, ma’nosi shaxsda qiziqish uyg‘ota olmasa, bunday holda emotsion to‘yinish yuzaga keladi, oldin qiziq tuyulgan narsa keyinchalik zerikarli, yoqimsiz, noxush kechinmalar hosil qila boshlaydi. Shaxs bir necha marta surunkasiga axborot, qo‘shiq, hangoma eshita bergach, unda hayajonlanish, rohatlanish, kayfiyat ko‘tarilishi paydo bo‘lmaydi, aksincha insonda zerikish hissi uyg‘onadi, ularni eshitish esa jahl chiqazadi. Shuning uchun xoh ma’lumot, xoh yumor bo‘lishdan qat’i nazar yangilik alomatlarisiz insonda qiziqish yo‘qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |