5. Odam hissiyotlarining mazmuni
Yoqimli va yoqimsiz kechinmalar odamdagi hissiyotlarning birinchi belgisi ekanligi yuqorida aytib o’tilgan edi. Lekin hissiyotlarning faqat shu kechinmalardangina iborat deb bo’lmaydi. Har bir kishiga ma’lumki, yoqimli va yoqimsiz kechinmalar, zavqlanish, huzur qilish yoki zavqlanmaslik holati turli hollarda kishida turlicha o’tadi. Odam o’zining ochligini yoki chanqovini qondirganida huzur qiladi, ammo shu odamning o’zi muzika tinglaganida, do’stlari bilan uchrashganida, biron ma’naviy zavq bag’ishlaydigan ish qilganida va shu kabi hollarda boshqacha huzur qiladi. Suvsash odamda yoqimsiz bir his tug’diradi, lekin shu biron qiyin vazifani bajara olmay qolganida, unda boshqacha bir yoqimsiz his tug’iladi. Ammo ayni shu odam ahloq doirasiga sig’maydigan yomon ish qilib qo’yganida va biror narsadan yoki ishdan uyalganida, vijdon azobiga tushib qolganida esa unda butunlay boshqacha yoqimsiz his tug’iladi va hokazo. Hissiyotlarni bir-biridan farq qiladigan manna shu xususiyatlarning hammasi hissiyotlarning mazmunini tashkil qiladi.
Hissiyotlarniig mazmuni, bir tomondan, odamning ehtiyojlari bilan belgilansa, ikkinchi tomondan, shu hissiyotlarning tuzilishiga sabab bo’lgan faoliyat va idroklar, tasavvurlar, fikrlar bilan belgilanadi. Odamga avvalo biologik (tabiiy) ehtiyojlar xosdir, shu sababli odamga biologik ehtiyojlar bilan bog’liq bo’lgan hislar ham xosdir. Ochlikni, chanqashni va to’yishni his qilish, sog’likni, tetiklikni, charchashni his qilish, og’riqni his qilish, shuningdek organizmning holati va faoliyati bilan bog’liq bo’lgan boshqa hislar ham mana shunday ehtiyojlarga bog’liq (ijobiy va salbiy) hislar jumlasidandir.
Odamga tarixan rivojlangan yuksak yoki ma’naviy ehtiyojlar xos bo’lganligi sababli, bu ehtiyojlar bilan bog’liq bo’lgan yuksak hislar– intellektual, ma’naviy, estetik va boshqa shu kabi hislar ham unga xosdir.
Yuksak hislar tufayli odamning tabiiy (biologik) hislari ham ma’naviy tus oladi desa bo’ladi: bu hislar intellektual va ahloqiy hislarni ham, estetik hislarni ham qisman o’z ichiga oladi, hatto organik, biologik ehtiyojlar va jarayonlar sababli tug’ilgan hissiyotlarni– ochlik va to’yish hissi, sog’lik, kasallik va charchash kabi hislarni ham odam ijtimoiy mavjudot sifatida, shaxs sifatida kechiradi.
Odamning boshqa organik ehtiyojlari singari ochlikni qondirishi uning ma’naviy va estetik hislari bilan chambarchas bog’langandir.
Odamning tarixiy rivojlanish jarayonida uning hissiyotlari ham o’zgaraveradi. Huzur qilish va ranjish, sevgi, g’azab va nafrat, xursandlik va g’amginlik singari hislar hamma odamlarga xos hislardir, albatta. Lekin shu hislarni kechinishga sabab bo’ladigan narsalarning hammasi, shu hislar yo’nalgan narsalarning hammasi odamning ijtimoiy turmushi bilan belgilanadi. Ishlab chiqarish usullari o’zgaraverdi, odamlarning ishlab chiqarish munosabatlari o’zgaraverdi, ularning qarashlari, ularning dunyoqarashi o’zgaraverdi, ehtiyojlar o’zgara va rivojlanaveradi, shular bilan birgalikda odamlarning hislari ham o’zgaraverdi.
Ijtimoiy turmush sharoitida hissiyotlarga ijobiy hissiyotlar va salbiy hissiyotlar deb beriladigan baho ham o’zgardi. Endi bundagi baholar faqat sub’ektiv shaxsiy jihatdan qarabgina berilmasdan, shu bilan birga ob’ektiv qiymatiga qarab ham beriladi.
Odamlarning tarixiy taraqqiyotida ulardagi hislarning ayrim turlari yo’qola borgan va yangi hislar paydo bo’lgan. Masalan, sinfsiz jamiyatga o’tish bilan kishilarda mulkparastlik hislari, mayda-chuyda shaxsiy rashk qolib bormoqda. Odamning eng yuksak hislari – intellektual, ma’naviy, estetik hislari bizning sharoitimizda o’zgardi. O’zbek kishilarning o’zaro munosabatlarida o’rtoqlik va do’stlik hislari keng rivojlandi, mehnatga munosabat o’zgardi, chunki mehnat ehtiyojni qondirish vositasidan hayotiy ehtiyojga aylandi va mehnatning o’zi xilma-xil ijobiy hislarni tug’diruvchi manba bo’lib qoldi, bizda yangi hislar – vatanparvarlik hissi, milliy iftixor hissi, insonparvarlik hissi paydo bo’ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |