Mavzu: Eksperimental tadqiqot va uning turlari.
Mavzu yuzasidan nazorat savollari:
1. Eksperiment tadqiqotlar deganda nima tushuniladi?
2. Eksperimentning qanday turlari mavjud.
3. Laboratoriya eksperimenti haqida tushuncha bering.
4. Ishlab chiqarish eksperimentining xususiyatlari qanday ?
5. Eksperiment metodologiyasining bosqichlarini izohlang.
6. Eksperimentning reja-dasturi va unig tarkibiy qismlari.
7. Eksperiment metodikasi deganda nima tushuniladi?
8. Eksperimentning maqsad va vazifalari nimalardan iborat?
9. Omillar soni haqida nimalar bilasiz?
10. Eksperiment o`tkazish jarayonining loyihasi.
11. Eksperiment materiallarini ishlab chiqish va tahlil etish.
12. Eksperiment natijalarini namoyish etishning ko`rgazmali shakli.
13. Eksperiment tadqiqotlar o`tkazishning asosiy qoidalari.
14. Ilmiy bilishning nazariy darajasi va uning xususiyatlari.
15. Umumiylik va abstraklik nima?
16. Tizimlilik va uning mohiyati.
17. Nazariy tadqiqotning bosqichlari haqida tushuncha bering.
18. Nazariy tadqiqotlarning 1-bosqichi.
19. Nazariy tadqiqotlarning 2-bosqichi.
20. Nazariya va uning funktsiyalari.
21. Tushuntirish va uning mohiyati.
22. Konkretlashtirish degan tushunchani izohlang.
23. Generalizatsiya tushunchasini izohlang.
Javoblar:
1.Eksperimental tadqiqotlar yangi ilmiy bilimlar olishning asosiy usullaridan biridir. Eksperiment o`tkazishdan bosh maqsad nazariy qoidalarni tekshirish ya`ni ishchi gipotezani tasdiqlash hamda ilmiy tadqiqot mavzusini yanada kengroq va chuqurroq o`rganishdir.
2. Eksperimentlar tabiiy va sun`iy bo`lishi mumkin. Tabiiy eksperimentlar ishlab chiqarish, turmush va h.k.larda ijtimoiy hodisalarni o`rganish maqsadida o`tkaziladi. Sun`iy eksperimentlar esa texnika va boshqa fanlarda keng qo`llaniladi.
3. Laboratoriya eksperimentlari maxsus modellashtiruvchi qurilma va stendlarda namunaviy asboblar va tegishli apparatlar yordamida o`tkaziladi. Ular xarajatni kam qilgan holda qimmatli ilmiy axborotni olish imkonini beradi. Ammo, eksperimental tadqiqotlarning bunday turi hamma vaqt ham jarayon yoki obyekt haqidagi ma`lumotlarni to`liq aks ettira olmaydi.
4. Ishlab chiqarish eksperimentlari atrof muhitdagi turli tasodifiy omillarni hisobga olgan holda, mavjud sharoitlarda o`tkaziladi. Ular laboratoriya eksperimentlariga qaraganda murakkab bo`lib, tajribalar naturalarda (real jarayon yoki obyektlarda) olib borilganligi uchun xajmdor hisoblanadi, shu sababdan o`tkazishdan avval puxta fikrlash va rejalashtirishni talab etadi.
5. Eksperimental tadqiqotlarni samarali o`tkazish uchun eksperiment metodologiyasi ishlab chiqiladi. U quyidagi asosiy bosqichlarni o`z ichiga oladi:
- eksperimentni reja-dasturini ishlab chiqish;
- o`lchamlarni baholash va eksperiment o`tkazish vositalarini tanlash;
- eksperimentni o`tkazish;
- eksperiment natijasida olingan ma`lumotlarni ishlab chiqish va tahlil qilish.
6. Eksperimentning reja-dasturi-eksperimental tadqiqotlarning metodologik asosidir. Reja-dastur quyidagilarni o`z ichiga oladi:
- tadqiqot mavzularining ro`yxati va ishchi gipotezaning mazmuni;
- eksperiment metodikasi va uni bajarish uchun zarur materiallar, asboblar, qurilmalar va h.k.lar ro`yxati;
- bajaruvchilar ro`yxati va ularning kalendar ish rejasi;
- eksperimentni bajarish uchun xarajatlar ro`yxati.
7. Eksperiment metodikasi deb metodlar, eksperimental tadqiqotlarni maqsadga muvofiq bajarish usullarining majmuiga aytiladi.
8. Eksperimentning maqsad va vazifasi ishchi gipoteza va tegishli nazariy ishlanmani tahlil qilish asosida aniqlanadi. Vazifa aniq bo`lishi, ularning soni uncha ko`p bo`lmasligi lozim: oddiy eksperiment uchun - 3...4, majmua eksperiment uchun esa - 8...10 ta.
9. Omillar soni uncha ko`p bo`lmaganda (3 gacha) ularning muhimlik darajasi bir omilli eksperiment bo`yicha aniqlanadi (bitta omil qolganlar muhim bo`lganda o`zgaradi). Agar omillar soni katta bo`lsa, yuqorida ko`rib o`tilganidek, ko`p omillik tahlil qo`llaniladi.
10. Eksperimentni o`tkazishning mazmun va tartibi - metodikaning markaziy qismi hisoblanadi. Unda eksperiment o`tkazish jarayoni to`la loyihalashtiriladi: kuzatish va o`lchash operatsiyalarini amalga oshirishning ketma-ketligi tuziladi; eksperiment o`tkazishning tanlangan vositalarini hisobga olgan holda har bir operatsiya ayrim-ayrim holda mufassal tavsiflanadi.
11. Operatsiyalarning sifatini nazorat qilishda qo`llanadigan usullar tavsiflanadi; kuzatish va o`lchash natijalarini yozish uchun daftar tutiladi. Eksperimental ma`lumotlarni ishlab chiqish va tahlil qilish usullarini asoslash metodikani muhim bo`limi hisoblanadi.
12. Eksperiment natijalari namoyish etishning ko`rgazmali shakliga keltirilishi lozim, ya`ni jadvallar, grafik, nomogrammalar va h.k. tarzida, toki ularni qiyoslash va tahlil qilish mumkin bo`lsin. Bunda alohidagi e`tibor natijalarni ishlab chiqishning matematik usullariga ya`ni empirik bog’liqlik, omillar va chiqish parametrlari o`rtasidagi aloqa approksimatsiyasi, mezonlar, ishonchli intervallar o`rnatish va boshqalarga qaratiladi.
13. Eksperimentning metodikasi ishlab chiqilgandan so`ng, eksperimental tadqiqotning hajmi va mehnat talabliligi aniklanadi. Ular nazariy ishlanmalarning chuqurligi va qabul qilingan o`lchash vositalarining tavsifiy ko`rsatkichlariga ya`ni aniqlik darajasi, ishonchliligi, tezkorligi, harakatlanishi va h.k. ga bog’liq. Tadqiqotning nazariy qismi qanchalik aniq ifodalangan bo`lsa, eksperimentning hajmi va mehnat talabliligi shuncha kam bo`ladi.
14. Ilmiy bilishning nazariy darajasi emperik bilish darajasi bilan dialektik o`zaro bog’lanishda bo`lib, u nisbiy mustaqillikka va faqat o`ziga tegishli bo`lgan bilish vositalariga egadir.
Uning xususiyatlariga quyidagilar kiradi:
Uning umumiyligi va abstraktligi
Tizimlilik.
Uning falsafa faniga yaqinligi.
Nazariy bilim
15. Umumiyligi va abstraktligi- Agar emperik qonunlar ma`lum guruhni tashkil etgan ko`pgina alohidagi hodisalarni ta`riflab bersa, ilmiy nazariya bir qator ana shunday qonunlarni, ya`ni o`rganilayotgan hodisalarning ma`lum sohasini o`z ichiga oladi. O`zining umumiyligi bilan ilmiy bilimlar nafaqat ochilgan va kuzatilayotgan hodisalarga, balki hali ochilmagan va kuzatilmagan hodisalarga ham tegishlidir.
16. Tizimlilik-Agar alohida olingan emperik dalillar emperik bilimlarni yig’indisini o`zgartirmagan holda ham qabul qilinishi va rad etilishi mumkin bo`lsa, nazariy bilimlarning alohida elementlarini o`zgartirish tizimni bir yo`la o`zgartirishsiz amalga oshmaydi.
17. Nazariy tadqiqot 3ta bosqichdan iborat.
18. 1 - bosqich, bu yangisini qurish yoki ma`lum bo`lgan nazariy bazisni kengaytirish. Agar borliq haqidagi ma`lum bo`lgan ilmiy tasvir mavjud bo`lgan muammolarni echa olmasa, biz yangi g’oya va tushunchalar, tamoyil va taxminlar asosida borliqning yangi tasvirini qurishga harakat qilamiz.
19. Nazariya tadqiqotlarining 2-bosqichi topilgan asosga, poydevorga ilmiy nazariyani qurishdan iboratdir. Nazariyani qurish uchun avval ba`zi-bir umumiy tushunchalar, tamoyillar va gipotezalarni topish va ularni asos sifatida qo`llash zarur
20. Nazariya deb ma`lum bir hodisani tushuntirib berish va aniqlashga yo`naltirilgan g’oyalar yig’indisiga aytiladi. U tor va maxsus ma`noda ilmiy bilimni tashkil etishning eng yuqori va rivojlangan shaklidir.
21. Tushuntirish deb o`rganilayotgan hodisani qonunga tayanib chiqarilgan isbotiga aytiladi.
Tushuntirishda avval asosiy qonundan tegishli emperik qonun chiqariladi, keyin undan o`rganilayotgan hodisani tavsiflovchi ma`lumotlar topiladi. Nazariyani tekshirishning usullaridan biri qonun asosida olingan qiymatlar tajriba natijalari bilan solishtiriladi, agar ular mos tushsa, nazariya to`g’ri deb topiladi.
22. Konkretlashtirish - fanning ma`lum rivojlanish bosqichida boshlang’ich falsafiy g’oyalardan dunyoni ancha konkret ilmiy tasviriga o`tish va shu tariqa uning konkret elementlari yordamida nazariyani qurish demakdir.
23. Generalizatsiya deb - mutlaq xususiy xarakterga ega bo`lgan emperik bilimlardan dunyoni ilmiy tasvirining umumiy elementlariga o`tish va shu tariqa boshlang’ich emperik bilimlarni tushuntirib beruvchi nazariyani qurish uchun asos bo`ladigan jarayonga aytiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |