Hikoya va individual matn. Hikoyaning muvaffaqiyati individual matnning qay darajada sodda nutq tarkibiga yaqinligiga va gidning nutq qobiliyatlari qanchalik hisobga olinganligi bilan o‘lchanadi. Matnlarning ongimizga ta’siri darajasi ko‘p sabab va shartlarga bog‘liq (mantiq, isbot, mavzu, axborotning yangiligi, notiqning psixologik aloqaga kira olishi qobiliyati va b.). Biroq nutqda uning xususiyatlari, tarkibiy tuzilmasi, o‘ziga xosligi ham muhimdir.
Bir xil mavzuga oid gidlarning individual matni mazmunida, ma’lumotni yoritishda, tarixiy hodisalar, faktlarni baholashda o‘xshashlik bo‘ladi. Gidning individualligi nimada namoyon bo‘ladi? Gidlar bir mavzudagi ekskursiya xizmatini o‘tkazishda bir xil narsani turlicha hikoya qiladilar. Ular hikoyasi mazmunan bir xil bo‘lsada, so‘z boyligidan foydalanish shakli, hissiyotlilik darajasi turlicha bo‘ladi. Ekskursiya metodikasi giddan individual matnni tayyorlashida oddiy ma’ruzachi va gidning nutqi orasidagi farqni anglashni talab etadi. Ekskursiya xizmati davomida ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan ob’ektlar gidni «shoshiltiradi», 2-3 soat davomida ekskursantlarning tik oyoqda va ochiq havoda bo‘lishi gidlarni qisqa gapirishga, guruh oldida turgan ob’ektlarni aniq tavsiflashga, hodisalarni lo‘nda hikoya qilishga majbur qiladi.
Gid hikoyasining davomiyligi ob’ekt o‘ziga jalb qila olishi mumkin bo‘lgan vaqtdan ziyod bo‘lmasligi, ko‘p holda bu jarayon 5-7 daqiqani tashkil etadi. Agar bu vaqtga rioya etilmasa, hikoya qanchalik jonli bo‘lmasin, hech qanday usullar ekskursantlar diqqat-e’tiborini tiklay olmaydi. Shuning uchun, uslubiy adabiyotlarda «ob’ekt tili» degan atama ishlatiladi. Gidning asosiy vazifalaridan biri ham ob’ektni «gapirtira olishi»dir.
Individual matndan foydalanish texnikasi. Gid ma’ruzachi kabi ekskursiya xizmati jarayonida o‘zining individual matnidan foydalanishi mumkin. Undan foydalanish qulay bo‘lishi uchun hikoyaning «mag‘zi»ni maxsus kartochkalarga yozib qo‘yish tavsiya etiladi(masalan, sitatalar, tarixiy sanalar). Har bir mavzuosti bo‘yicha bir nechta kartochkalar to‘ldiradi (asosiy savollar soniga qarab). Ekskursiya xizmati jarayonida gid kartochkalarni to‘liq o‘qimasdan faqatgina ko‘z tashlab, hikoyaning mazmunini eslab olish uchun foydalanadi. Agar ekskursiya jarayonida ob’ektlar orasida tanaffus katta bo‘lsa, gid kartochkaga yana bir marotaba ko‘z tashlab, hikoya ma’lumotlarini eslab olishi mumkin. Sitatalar, badiiy asarlardan parchalar, adabiy montaj usulining asosi hisoblanib, ular kartochkaga qarab to‘liq o‘qilishi mumkin.
Kartochka foydalanish uchun qulay bo‘lishi uchun unchalik katta bo‘lmagan hajm, oddiy oq qog‘ozning 1\4 qismi bo‘lib, ko‘p marotaba ishlatishga qo‘l keladigan qilib tayyorlanadi. Kartochkalar mavzuostilarni yoritilishi ketma- ketligiga qarab raqamlanadi va ekskursiyadan oldin taxlanadi. Kartochkalar gidning qo‘lida turadi, gidning bilimiga bo‘lgan ishonchini orttiradi. Kartochkadan foydalanish har bir gidning o‘z ixtiyori bo‘lib, tajriba oshishi bilan unga bo‘lgan ehtiyoj ham yo‘qoladi.
Mantiqiy o‘tishlar. Yangi ekskursiya xizmatini tayyorlovchi guruh oldida barcha mavzular mazmunini bir butunga bog‘lash kabi mas’uliyatli vazifa turadi. Bu masala mantiqiy o‘tishlar yordamida hal bo‘ladi. Mantiqiy o‘tishlar ekskursiyaning mustaqil bo‘lmasada, lekin muhim qismi hisoblanadi. Yaxshi tuzilgan mantiqiy o‘tishlar ma’lumotlarni bayon etishdagi ketma-ketlikni ta’minlaydi, keyingi mavzuosti qiziqish bilan qabul qilinishini kafolatlaydi.
Ko‘pgina hollarda ekskursiya xizmatida bir mavzuostidan boshqasiga o‘tishda rasmiy (konstruktiv) o‘tishlardan foydalaniladi. Ekskursiya mavzusining mazmuni bilan bog‘liq bo‘lmagan, ekskursiya xizmatining bir qismi bilan ikkinchisi o‘rtasida «bog‘lovchi ko‘prik» bo‘lmagan o‘tishlar rasmiy o‘tishlar deb yuritiladi (masalan, «endi maydon bo‘ylab yuramiz»; «endi biz sizlar bilan kuzatishni davom ettiramiz»; «kelinglar, yana bir ajoyib joyni ko‘ramiz»). Bunday rasmiy o‘tishlarni ishlatishni inkor qilish yoki ekskursiya jarayonidagi xatolik deb qarash ham noto‘g‘ridir. Agar ob’ektlar orasidagi masofadan sanoqli soniyalarda o‘tilsa (avtobusda, poyezdda, qayiqlarda) bunday o‘tishlar majburiy ishlatiladi (masalan, «endi o‘ng tomonga qarang» yoki «endi yon tomonda joylashgan obidaga e’tibor berishingizni so‘rayman»). Yana ob’ektlar muzey va ko‘rgazmalardagi mavzuli zallarda, devorlarda bir-biriga nisbatan zich joylashgani sababli ham rasmiy o‘tishlardan foydalaniladi. Rasmiy o‘tishlar mavzuostilar orasida «bog‘lovchi ko‘prik» bo‘lmasada, ekskursantlarni keyingi ob’ekt bilan tanishishga yo‘naltiradi.
Mavzu bilan uyg‘unlashtirilgan mantiqiy o‘tish samaraliroqdir. Bunday o‘tish guruhning keyingi to‘xtash joyiga harakatlanishidan oldin yoki ob’ekt oldidagi to‘xtash joyida tugashi mumkin. Mantiqiy o‘tishning davomiyligi bir ob’ektdan ikkinchisiga o‘tish vaqtiga teng bo‘ladi.
«Gid portfeli» deb, ekskursiyani o‘tkazish jarayonida foydalanadigan ko‘rgazmali vositalar jamlanmasiga aytiladi. Bu ko‘rgazmali vositalar odatda bitta papka yoki portfelda joylashtiriladi. «Gid portfeli»ning vazifasi ob’ektlarni ko‘rsatish qatoridagi «bo‘shliq»larni to‘ldirishdir. Eksursiya xizmatida mavzuni yoritish uchun zarur bo‘lgan ob’ektlarning hammasi ham asl holicha saqlanmagan bo‘lishi mumkin. Masalan, yillar ta’sirida buzilgan tarixiy binoni ekskursantlar ko‘ra olmasligi mumkin yoki mazkur ob’ektning avvalgi holati to‘g‘risida ekskursantlarga tasavvur uyg‘otish kerakdir. Shu maqsadda ob’ektning avvalgi holati haqida tasavvur uyg‘otish uchun fotosuratlarni yoki aksincha, ob’ektning kelajakdagi ko‘rinishini tasavvur qilish uchun uning loyihasini ko‘rsatish mumkin. «XIX asr madaniyati namoyondalari» nomli ekskursiyada Xiva xoni, shoir Muhammad Raximxon Feruz rasmini ko‘rsatib mavzuni yanada boyitish mumkin. Ekskursiya xizmatida asl hujjatlar, qo‘lyozmalar, adabiy asarlarning nusxasi gid hikoyasini ishonchli qilishga yordam beradi. Ko‘rgazmali vositalarning yana bir muhim vazifasi ob’ekt haqida tomoshaviy tasavvur uyg‘otishidadir. «Gid portfeli»da fotosuratlar, geografik xaritalar, jadvallar, rasmlar, mahsulot namunalari va boshqalar kiritiladi. Bunday «portfel»lar odatda har bir mavzu uchun alohida taxlanadi. Ular doimo gidning qo‘l ostida bo‘lib, o‘tmish va kelajakka bo‘ladigan «sayohat»ni qiziqarli va foydali o‘tkazishga yordam beradi.
«Portfel»ning ko‘rgazmali vositalari ekskursiya mavzusidan kelib chiqib, foydalanishga qulay bo‘lishi, lekin son jihatdan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Aks holda ular ekskursantlarni asosiy ob’ektlardan chalg‘itib, e’tiborini susaytiradi.
Ko‘rgazmali vositalarni tanlab olishda quyidagi mezonlar inobatga olinadi:
ulardan foydalanishning zaruriyati va maqsadliligi;
ilmiy ahamiyati, ya’ni qanchalik ushbu ko‘rgazmali vosita ekskursiya xizmatini boyitishi, ko‘rsatish va hikoyani ko‘rgazmali va tushunarli qilishi mumkin;
jozibadorligi;
aniqligi;
saqlanganlik holati.
Fotosuratlar, xarita sxemalar, reproduksiyalar 18x24sm o‘lchamli karton asosli, aniq va tiniq bo‘lishi, avtobusda ko‘rsatishga mo‘ljallangani esa 24x30smga kattalashtirilishi zarur. Ijodiy guruh yangi ekskursiya mavzusini tayyorlashda to‘plangan ko‘rgazmali vositalardan mavzuni yoritishga gidga yordam beradigan eng yorqinlarini tanlaydi va marshrutda ularni ko‘rsatish metodikasini tekshirib olishadi. Keyin «portfel»dagi vositalarni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalarni uslubiy ishlanmaga kiritishadi.
«Portfel»dagi har bir ko‘rgazmali vositaga eslatma qog‘ozi birkitiladi va ro‘yxatiga aniqlik kiritiladi. Muzeylar, ko‘rgazmalar, arxivlar «portfel» vositalarini tanlashga katta yordam qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |