Biz avvalgi darslarda axborotlarni ekranga chiqarish usullari bilan tanishdik. Bunda axborotlar ekranga o’zidan avval chiqarilgan axborotning davomidan chiqarildi. Paskalda axborotlarni ekranning ko’rsatilgan joyidan har xil ranglarda chiqarish imkoniyati ham mavjud. Buning uchun Paskal ning Crt moduliga murojaat etish kerak bo’ladi. Ya'ni, dastur boshida Uses Crt; ko’rsatmasi beriladi.
Paskalda, asosan, 16 xil rang ishlatilishi mumkin. Ular 0 dan 15 gacha butun sonlar bilan belgilangan (kodlangan). Crt modulida bu sonlarga mos konstantalar ham ajratilgan. Bu konstantalarning nomlari ularga mos ranglarning ingliz tilidagi ifodasiga mos keladi. Quyidagi jadvalda Paskalda qo’llaniladigan ranglarning kodlari va ularga mos konstantalar nomlari keltirilgan:
Ranglar matn uchun va fon uchun alohida tanlanadi. Matn va fon uchun belgilangan oxirgi rang mos ravishda matnning va fonning joriy rangi deyiladi. Agar avvaldan biror rang tanlanmagan bo’lsa, matn uchun oq, fon uchun esa qora rang joriy hisoblanadi.
Matn rangini TextColor operatori yordamida tanlanadi. Uning umumiy ko’rinishi quyidagicha: TextColor (rang); bunda rang – o’zgaruvchi yoki o’zgarmas miqdor bo’lib, tanlangan rang kodini ifodalaydi.
TextBackGround operatori yordamida matn fonining rangi tanlanadi. Uning umumiy ko’rinishi quyidagicha: TextBackGround (rang);
ClrScr operatori ekranni tozalaydi va yurgichni ekran boshiga (chap yuqori burchagiga) o’rnatadi hamda ekran joriy fon rangiga bo’yaladi.
Matnni ekranning ko’rsatilgan joyidan chiqarish uchun yurgichni shu joyga o’rnatib olish kerak. Paskalda bu vazifani GotoXY operatori amalga oshiradi. Uning umumiy ko’rinishi quyidagicha: GotoXY(X,Y); bunda X,Y - butun sonli o’zgaruvchi yoki o’zgarmaslar bo’lib, GotoXY(X,Y) operatori yurgichni ekranning X – ustun va Y – satr kesishgan joyiga o’rnatadi. Ekran matn holatida asosan 80 x 25 o'lchamga ega. Ya’ni , 80 ta ustun va 25 ta satr (maxsus operatorlar yordamida bu o’lchamni o’zgartirish ham mumkin). Shu sababli, mazkur operatorda 1 < X < 80 va 1 < Y < 25 shart bajarilishi zarur.
Uses Crt;
Begin
ClrScr; {ekran tozalandi}
Goto XY(22,12); {yurgich 22-ustun va 12-satr kesishgan joyga o’rnatildi}
Write ('Bu matn ekranning o’rtasidan chiqadi');
End.
Bu dasturda ekranga chiqariladigan matn 36 ta belgidan iborat. Uni ekranning o’rtasidan chiqarish uchun GotoXY operatoridagi X va Y ning qiymati quyidagicha hisoblandi: Y=[25/2]=12, X=[(80-36)/2]=22.