2. DAVLAT BYUDJETI IJROSINI AMALGA OSHIRISHDA BYUDJET NAZORATINING O’RNI VA USULLARI
Davlat moliyaviy nazorati byudjet to’g’risidagi qonun hujjatlarining moliyaviy nazorat ob’ektlari tomonidan buzilishi hollarini aniqlash, bartaraf etish va unga yo’l qo’ymaslik maqsadida davlat moliyaviy nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat moliyaviy nazorati:
Respublika darajasida — O’zbekiston Respublikasi respublika byudjetining, davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlarining va respublika byudjetidan moliyalashtiriladigan byudjet tashkilotlari byudjetdan tashqari jamg’armalarining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan;
Mahalliy darajada — Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining, Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjetidan, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlaridan moliyalashtiriladigan byudjet tashkilotlari byudjetdan tashqari jamg’armalarining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan amalga oshiriladi.
Davlat moliyaviy nazorat organlari davlat moliyaviy nazoratini davlat moliyaviy nazorat organlari yoki vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadigan nazorat qilish yillik rejalariga muvofiq amalga oshiradi.
Ayrim hollarda rejadan tashqari davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirishga:
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining;
davlat moliyaviy nazorat organiga byudjet to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilganligi faktlari to’g’risida ma’lumotlar kelib tushgan hollarda davlat moliyaviy nazorat organlari rahbarlarining qarorlari asosida yo’l qo’yiladi.
Davlat moliyaviy nazorat organlari: O’zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va uning tasarrufidagi vakolatli organlar davlat moliyaviy nazorat organlaridir.
Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlarining daromadlari qismi bo’yicha davlat moliyaviy nazorati berilgan vakolatlar doirasida davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat moliyaviy nazorati printsiplari. Davlat moliyaviy nazoratini o’tkazishning qonuniyligi va mustaqilligi, shuningdek davlat moliyaviy nazorati natijalarining ishonchliligi va xolisligi davlat moliyaviy nazoratining prinsiplaridir.
Byudjet ijrosi jarayoni xaqida axborotlar byudjet hisobini tashkil qilish va yuritish orqali shakllantiriladi. Bunda, belgilangan byudjet tasnifi bo’yicha byudjet daromadlari shakllantiriladi va xarajatlar amalga oshiriladi. Byudjet hisobini alohida xususiyatlaridan biri – byudjet ijrosini to’g’ri tashkil etish, moliya byudjet intizomiga rioya qilish va nazorat funksiyasini amalga oshirilishidir.
Nazorat funksiyasi orqali byudjet mablag’laridan maqsadli foydalanish, mulklarni saqlanishi va tayinlanishi bo’yicha sarflanishi tizimi yo’lga qo’yiladi.
Byudjet hisobida ham yuqorida qayd etilganidek, nazoratning uch turi qo’llaniladi:
- dastlabki nazorat;
- joriy nazorat;
- keyingi nazorat.
Dastlabki nazorat – smetalarni tuzish va tasdiqlash jarayonida amalga oshiriladi. Unda byudjet intizomiga rioya qilinishi, shuningdek, qonunchilik talablari buzilishi oldi olinadi.
Joriy nazorat – byudjet ijrosi jarayonida amalga oshirilib, sodir bo’lgan muomalalarni qonuniyligi, pul mablag’larini oqilona sarflanishi, mulkiy qiymatliklar bo’yicha hisob ma’lumotlarini xaqiqiy holatga mosligi, hisoblashuvlar holati va boshqalar nazorati amalga oshiriladi.
Keyingi nazorat – umumlashtirish bosqichi uchun zarur bo’lib, hisob va hisobot axborotlarini qonuniyligini aniqlash uchun amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |