Xo‘sh, bundan maqsad nima?
Odamzotni buyumlarni internetga ulash va ularni boshqarishda internetdan foydalanishga undaydigan ikki xil omil mavjud. Birinchisi va eng dastlab namoyon bo‘lgani bu - erinchoqlikdir. o‘sha Romki ham tosterni o‘rnidan turmay, yotgan joyida ishga tushirib, tayyor nonushtaga chiqishni maqsad qilgan bo‘lsa kerak. Tasavvur qiling, siz oshxona buyumlaringizni internetga ulaysiz va kun tartibingizdan kelib chiqib, ularga qandaydir ssenariylar yuklab qo‘yasiz. Ular esa, internet orqali o‘zaro muloqot qilib, sizga masalan, ertalabki soat 6-00 ga avvaldan choy qaynatib turadi, deraza pardalarini ko‘taradi, xonani shamollatib, televizorni kerakli kanalga qo‘yib yoqib qo‘yadi. Zo‘r-a? To‘g‘rimi? Bu - buyumlar internetining birinchi muddaosi.
Ikkinchi jihat esa ancha jiddiy va u xavfsizlik masalalari bilan bog‘liq. Tayinki, ayniqsa ayollar ko‘p bora allaqachon uydan chiqib bo‘lib, keyin miyasiga «lop» etib uradigan «dazmolni o‘chirmay chiqqan bo‘lsam-a» - degan holatga tushishgan. Ba'zilar esa, uyda suv toshitib yuborib, pastki qavatdagi qo‘shnilarni ham qiynab qo‘ygan holatlar bo‘lgan. Buyumlarni internetga ulash bunday salbiy holatlarni oldini olishga va kishiga xotirjamlik bag‘ishlashga ham xizmat qiladi. o‘sha dazmolni basharti o‘chirmay chiqqan bo‘lsangiz ham, uni masofadan turib, telefoningiz orqali o‘chirib qo‘yishingiz mumkin. Yoki, shunday ssenariy qilasizki, dazmolga aytaylik ikki daqiqadan ko‘p qo‘l tekkizilmasa, avtomatik ravishda o‘zini-o‘zi tokdan o‘chirsin. Suv tashib ketsa ham, bu jarayonni qayd etgan datchiklar internet orqali uyga kiraverishdagi quvurdagi ventilni yopishga buyruq berishi mumkin.
Bundan albatta siz ham bexabar qolmaysiz (chunki, datchik sizga internet orqali muloqotga chiqib, suv toshigani haqida xabar beradi; shu bilan birga, ventil ham sizga aloqaga chiqib, suvni kirishdan berkitganini «aytadi»). Bular oddiy, maishiy misollar. Masalan, buyumlar internetiga ulangan kamerani xonadoningiz oldiga o‘rnatsangiz, uyingizga «chaqirilmagan mehmon» kelishi bilan u o‘z o‘zidan ishga tushib, poygakdagi odamni suratga yoki videoga tushiradi va sizga yuboradi. Agar, o‘sha begona shaxs eshikni ochishga urinsa bu haqida ham kamera eshik qulfiga xabar berib, qo‘shimcha himoya vositalarini ishga jalb qilishi va hatto «02» ga o‘zi qo‘ng‘iroq qilishi mumkin. Bularning barchasi inson ishtirokisiz, buyumlarning o‘zi tomonidan internet orqali bajariladi. Energiya tejamkorligi borasida ham buyumlar interneti yaxshi samara berishi mumkin. Masalan, siz xonada bo‘lgan paytingizda, konditsioner sensori sizning borligingizni o‘zi sezib, o‘zi ishga tushadi va sovita boshlaydi. Isitish va yoritish tizimini ham shunday sozlash mumkin. Xullas, bu borada buyumlar interneti odamga juda ko‘p imkoniyatlar taqdim etadi va ulardan qanday foydalanish odatda odamning o‘z fantaziya darajasi bilan cheklanadi xolos.
Biz yuqorida aytgan jarayon, ya'ni, buyumlar internetini xonadonda qo‘llash hozirda «Aqlli uy» deb nomlanadigan tushuncha ostiga birlashtirilgan. Bu jarayonning nisbatan yirikroq va muhimroq ko‘rinishi «Aqlli shahar»konsepsiyasida namoyon bo‘lishi mumkin. Masalan, bunda shaharning ijtimoiy ahamiyatga ega muhim qismlari « transport vositalari, svetoforlar, xavfsizlik tizimlari va ho kazolarning texnik vositalarini ham buyumlar internetiga ulash mumkin. Masalan, svetoforlar va avtomobilingiz internet orqali muloqot qilsa, sizga mashinangizdagi sensorli ekran shaharning qaysi ko‘chalari tirband va qaysi ko‘chalari nisbatan holi ekanini ko‘rsatib borishi mumkin
Do'stlaringiz bilan baham: |