1.2 XVI ASR BUXORO ME’MORCHILIGIDA ASOSIY RIVOJLANISH YO‘NALISHLARI
XVI asr Buxoro me’morchiligida asosiy rivojlanish yo‘nalishlari bo‘yicha har biri taxminan uch o‘n yillikni qamraydigan uchta qurilish davrini ajratish mumkin
. Birinchi davr - 1500-1530-yillar, ya’ni Buxoroning Temuriylardan keyingi rivojlantirish davrini o‘z ichiga olib, u asosan Ubaydullaxonning bunyodkorlik faoliyati bilan bog‘liq. Unda bir tomondan, Temuriylar davri me’morchiligi ana’nalari hali kuchli bo‘lgan, ikkinchi tomondan, Buxoro me’morchilik maktabining o‘ziga xos mahalliy xususiyatlari shakllangan davr edi. Bu davr binolarining hali ham boy va sermehnat naqsh-qoshinli sopol, yig‘ma mozaika bezatib turadi. Masalan, XVI asr boshlarida qayta qurilgan Masjidi Kalon kirish kismining naqshi, shuningdek, Masjidi Baland va Xo‘ja Zayniddin masjid-xonaqosining ziynati shular jumlasidandir. Bu obidalarda Temuriylar davriga xos “kundal” zarhal naqshlardan ham foydalanilgan1.
1530-1560-yillarni o‘z ichiga oluvchi ikkinchi qurilish davri qisman Ubaydullaxonning hukmronlik davriga to‘g‘ri kelsa-da, lekin asosan uning o‘g‘li Abdulazizxon nomi bilan bog‘liq.
Bu davrda tomni yopish konstruksiyasi va binolarning kompozitsiyaviy usullari takomillashdi. Ikki me’moriy ansambl yaratildi va turli fuqarolik inshootlari bunyod etilib, Buxoro me’morchiligi maktabining shakllanishi davom etdi. Mazkur davrda Buxoro uchun yangi bo‘lgan zil-zilabardosh konstruksiyalar yuz yillar avval o‘tgan davrda-XV asrning uchinchi choragidan boshlab Temuriylar davri me’morchiligida ixtiro qilingan va ildam foydalanilgan bir-birini kesib o‘tuvchi arklar va qalqonsimon qism tobora ko‘proq qo‘llana boradi. Bu usul Buxoroda ilk bor, ehtimolki, birinchi marta XV asrda Turki Jandiy maqbarasida ko‘llangan2.
XVI asrning ikkinchi choragidan boshlab oldingi davrning eng istiqbolli va novatorlik-muhandislik ishlanmalaridan bo‘lmish mazkur
1 Бухоро шарқ дурдонаси./ Муаллифлар жамоаси. –Тошкент: Шарқ, 1997. –Б.98.
2 Ўша жойда.
konstruksiyalar Buxoro me’morchiligi rivojlanishini izchil davom ettirib, nihoyat XVI asr oxirlaridagina poyoniga etdi.
Ikkinchi qurilish davrida Buxorodagi Mir Arab (1536) madrasasining burchak zallari to‘rtta o‘zaro kesishuvchi ravoqlar tizimi yordamida qoplandi. Biroq, bunda ular hanuz Temuriylar davri me’morchiligiga xos gumbazni ushlab turadigan monumental qism va ikki qavat gumbazga ega edi. Ancha keyingi davr qurilishlarida ulardan voz kechildi va yakka qavat gumbazning cho‘qqisiga, ko‘pincha, ravoqda oynaband tuynuk qo‘yilgan. Bunda ko‘rkam kesishma ravoqlar muhandislik g‘oyasi naqshdan xoli bo‘lib, yukoridan samarali yoritilgan.
Ana sha davrda qurilgan Toqi Sarrofon savdo gumbazi va Bahouddin Naqshband qabri oldidagi xonaqohni kovlash konstruksiyasi gumbaz qobig‘idan bo‘rtib chiqqan va uzoqdan samarali kuzatiladigan to‘rtta kesishuvchi ravoqdan iborat bo‘lgan.
Ikkinchi davrda asosan “qo‘sh” usulida, ya’ni old tomoni bir- biriga qaragan bir o‘qda ro‘baro‘ joylashgan Buxoroning yirik ansambllari vujudga keladi. Bunga Buxoroning Poyi Kalon bosh ansambli fikrimiz dalilidir. Bu erda 1534 yilda ko‘hna yo‘ldan ajralib chiqadigan maydonda Masjidi Kalon ro‘parasida “qo‘sh” usulida Mir Arab madrasasi barpo etildi. XIX-XX asrlar chegarasida janubdan shu maydonga Amir Olimxon madrasasi tutashdi. Uch tomoni obidalar bilan egallangan Poyi Kalon maydoni hozirgacha o‘sha ko‘rinishida saqlanib qolgan.
1535-yilda shahriston janubida hozirda buzilib ketgan G‘oziyon ansambli barpo etilgan. U “qo‘sh” kompozitsiyasi bo‘yicha bir-biriga ro‘ba- ro‘y joylashgan Katta va Kichik G‘oziyon madrasalari va ular o‘rtasida G‘oziyon hovuzidan iborat bo‘lgan. Ana shu ansambldan faqat Katta Madrasa saqlanib qolganki, hozir Mirza Sharif G‘oziyon madrasasi deb yuritiladi1.
Uchinchi qurilish davri 1560-1590-yillarni o‘z ichiga olib, u Abdullaxonning kuchli birlashtiruvchilik hokimiyatiga bog‘liq ravishda davlatning barqarorlashuvi tufayli XVI asr qurilishi va me’morchiligida yuksalishning eng yukori cho‘qqisiga to‘g‘ri keladi. Buxoro me’morchilik maktabi faol shakllandi, diniy binolar-masjid, madrasa, xonaqoh, shuningdek, fuqarolik inshootlari: timlar, toqlar, karvonsaroy, hammom, hovuz, sardoba, ko‘prik va hokazolarning tiplari mukammallashdi.
1 Бухоро шарқ дурдонаси./Муаллифлар жамоаси. –Тошкент: Шарқ, 1997. –Б.100.
XVI asr boshlarida mo‘l bo‘lgan naqsh, ikkinchi va uchinchi kurilish davrlarida kamroq qo‘llanildi. Bunday naqshinkor qoplamalar endilikda qimmatbaho kiritmalar tarzida asosan binolarning old tomonida, hovli ayvonlarida, ravoqning bezakli tokchalarida to‘plangan. Buxoroda Markaziy Osiyoda ilk bora bino old tomonida ravoq peshayvoni tashqariga qaratib quriladigan bo‘ldi. Masalan, dastlab Ulug‘bek madrasasi old tomoni ravoqli peshayvon sifatida qurildi. Bu usul birinchi marta shahar tashqarisidagi Bahouddin (1545) va Chor Bakr (1560), keyin shahar madrasalari – Ko‘kaldosh, Xiyobon, Bozori Go‘sfand va Muhammadyor Otaliq honaqosida qo‘llanilgan1.
Buxorodagi emas, balki, ehtimol, butun Markaziy Osiyoda saqlangan eng ko‘hna mahalla masjidlaridan biri XVI asrga oid Masjidi Balanddir. Odatdagi sinchli mahalla masjidlardan farqli o‘laroq u, istisno tariqasida, baland tosh supada pishiq g‘ishtdan qurilgan, bu hol uning uzoq vaqt yaxshi saqlanishiga imkon bergan.
XVI asr boshlariga oid Xoja Zayniddin masjid-xonaqosi me’morchilik va bezatilish uslubi jihatidan yuqorida ko‘rib o‘tilgan Masjidi Balandga juda o‘xshash. Lekin undan farqi shundaki, bu bino xonaqoh va mahalla masjidi vazifalarini bajarib, ko‘pxonali va gumbazli bo‘lgan. Bino joylanishiga ko‘ra majmuada ichki hovli hujralari ko‘p bo‘lib, hovli o‘rtasida katta hovuz joylashgan. Gumbazli zalning ichki qismi naqshlarga juda boy. Uning paneli XVI asr naqshlarining noyob namunasidir.
Gavkushon ansamblida tilga olingan Buxorodagi ikkinchi Xoja Kalon jome masjidi 1579-1580-yillarda ko‘rib bitkazilgan. To‘g‘ri urchakli bu binoning o‘rtasida hovli bo‘lib, atrofi ustun-gumbazli galereyalar bilan egallangan. Asosiy kiraverishni bezagan peshtoq ro‘parasidagi hovlining g‘arb tomonida masjidning peshayvonli va gumbazli qishki zali “maqsura” joylashgan.
Buxoro me’morchilik maktabi XVI asrda yana ham rivojlandi. Buxoroda naqshga boy va hajmiy kompozitsiyasi bo‘yicha ta’sirchan madrasalardan biri 1536-yilda qurilgan Mir Arab, darsxona joylashgan madrasa kiraverishdagi shimoliy burchak zalida dafn etilgan.
1 Бухоро шарқ дурдонаси./Муаллифлар жамоаси. –Тошкент: Шарқ, 1997. –Б.101.
Madrasa tarxi bir gaz 104 santimetrga tent modulidan foydalangan holda tuzilganki, bu hol unga aniqlik va muvofiqlik kasb etdi. Temuriylar davriga xos manzarali shakllari saqlangan holda bu erda novatorlik konstruktiv usullar kiritiladi. Chunonchi, burchak zallari tepasidagi ikkita yirik havorang manzarali gumbazlar to‘rtta kesishuvchi ravoqlar o‘rnashgan, lekin baland gumbazni tutib turuvchi qism oynaband tuynukka aylanadi1.
Ko‘kaldosh madrasasi (1568-1569 yy.) Abdullaxon II ning vaziri Qulbobo Ko‘kaldosh tomonidan qurilgan bo‘lib, Buxorodagi eng yirik (86x69 metr, 130 taga yaqin hujrasi bor) madrasadir. Mablag‘ni va turar joyni tejash uchun u bo‘ylama o‘q bo‘ylab ikkitagina gumbazli ayvon qilib qurilgan. Bu erda Markaziy Osiyo madrasalari ichida ilk bor odatda yalang, yon tomoni tashqariga ikkinchi kavatning ravoqli peshayvoni bilan ochilgan. Kesishuvchi ravoqlar devorlarga parallel emas, balki diagonal bo‘ylab joylashgan kirish guruhidagi (darsxona) burchak zallaridan birining tom to‘sini o‘ziga xosdir2.
1 Бухоро шарқ дурдонаси./Муаллифлар жамоси. –Тошкент: Шарқ, 1997. –Б.103.
2 Бухоро шарқ дурдонаси./Муаллифлар жамоси. –Тошкент: Шарқ, 1997. –Б.103.
1/1
Buxoro me’morchilik maktabi Abdullaxon madrasasida (1589- 1590 yy.) yaqqol namoyon bo‘lgan, unda barcha sanab o‘tilgan mintaqaviy xycusiyatlar majmuasi o‘z aksini topgan. Buning ustiga ana shu to‘rt ayvonli Madrasa ikkita o‘ziga xos usul bilan boyitilgan. Birinchidan, masjidning burchak zali uning mehrobi g‘arbga, ya’ni Makkaga aniq yo‘naltirilishi uchun reja tarxiga nisbatan diagonal holatda joylashtirilgan. Ikkinchidan, hovli peshayvoni ortida, ya’ni hovlining ancha ichkarisida binoning bosh o‘qida sakkiz qirrali mo‘‘jazgina hovli barpo etildi.
Umuman, madrasalarning buxorocha turi Markaziy Osiyo boshqa mintaqalarning ana shunday inshootlari me’morchiligiga o‘sha va keyingi davrlarda katta ta’sir ko‘rsatdi.
Masjidi Kalon XV-XVI asrlarda Minorai Kalon zamondoshi bo‘lgan katta binoning joyida qurilgan. Masjid peshtoqidagi yozuvlarga asoslanib aytish mumkinki, bu bino 1514-yilda ishga tushirilgan. Bino pishiq to‘rtburchakli va yuzasi sayqal berilgan g‘ishtlar bilan terilgan1.
Masjidning ettita kirish darvozasidan to‘rt burchakli 130x80 metr maydoni bo‘lgan keng hovliga kirish mumkin. Hovlining to‘rt atrofidagi ayvonlar naqshinli peshtoqlar bilan bezatilgan. Ayvonlarning poydevorlarida 208 ustun bo‘lib, ularning usti 288 ta qubba bilan yopilgan. Sharq tomonida joylashgan ayvon qadi va bezagi bilan ajralib turadi. Shu tomonda masjidning rangli naqshlar bilan bezatilgan asosiy darvozasi joylashgan. Sharq darvozasidan kirganda bino hovlisining yagona me’moriy sifat va kompozitsion shakl bilan qurilganligi ko‘zga tashlanadi. Bu joydan nafis naqshlar
1 Ўзбекистон миллий энциклопедияси. -Том-2. -Тошкент:Ўзбекистон миллий энциклопедияси Давлат илмий нашриёти. 2000. –Б.
bilan bezatilgan XVI asrda qurilgan mehrob diqqatni tortadi. Peshtoq oldida XX asrning boshida mashhur buxorolik Usto Shirin Murodov qurgan sakkiz oyoqli usti gumbaz bilan yopilgan qurilma bor. Binoning fasad tomonidagi devorlari ravoqsimon tokchalarga o‘xshab qurgan. Sharq darvozasi peshtoqining naqshinkor bezaklari saqlanmagani tufayli keyinchalik binoning peshtoqi boshqadan ta’mirlangan.
Miri Arab madrasasi Masjidi Kalon ro‘parasida joylashgan bo‘lib, 1530-1536-yillarda shayx Abdulloh Yamaniy (laqabi Miri Arab) zamonida Buxoro hukmdori Ubaydullaxon in’om qilgan mablag‘ hisobiga qurilgan1. Bu obida Masjidi Kalon va Minorai Kalon bilan birgalikda Buxoro shahrining chiroyli arxitektura ansamblini tashkil qiladi.
Bu obidaning arxitekturasi Masjidi Kalon arxitekturasidan ancha farq qiladi, chunki O‘rta Osiyo diniy maktablari qurilishida qo‘llanilgan an’anaviy reja hajmiy kompozitsiya bu madrasada o‘z ifodasini topgan. Madrasa hovlisi atrofida ikki qavatli hujralar qatori, har qator o‘rtasida qadi raso peshtoqli ayvonlarni ko‘rish mumkin.
1 Жуманазар А. Бухоро таълим тизими тарихи. –Тошкент: Академнашр, 2017. 339-344.
Miri Arab madrasasining shimol tomonidagi darsxona maqbaraga aylantirilgan. Xonaning o‘rtasida Ubaydulloxonning yog‘ochdan tayyorlangan sag‘onasi, undan narirokda Abdulloh Yamaniyning maqbarasi mavjud 1. Madrasaning asosiy fasadi simmetrik ravishda ishlangan. Uning markazida yarim sakkiz qirrali ravoqdan iborat bo‘lgan baland peshtoq qurgan bo‘lib, uning ichkarisiga asosiy katta darvoza joylashgan. Peshtoqning ikki yonida qator qilib to‘rt qavatli hujralar qurgan. Hujralarga kiradigan qulay va yaxshi ravoqli eshiklar va kitoblar uchun ganchdan tayyorlangan tokchalar bor.
Abdullaxon timi – Buxorodagi eng katta usti berk savdo rastasi. Ab-dullaxon davrida kurilgan. (1577). Abdullaxon timi asosi murabba tarxli (39X42 m), 3 tomo-ni berk, bosh tarzidagi peshtoq opqali kiriladi. Devorlarining 2 tomonida ravoqli tokchalar joylashgan. Baland gumbazli bostirma timni oʻrab turadi. Oʻrtadagi miyonsaroy (diametri – 10 m) baland gumbaz bilan yopilgan. Gumbaz ostidagi ravoqli teshiklardan yorugʻ tu-shadi. Miyonsaroy atrofi dalon. Dalon-dagi mayda ravoklar ichida gumbaz tom-li doʻkonlar boʻlgan. Bino pishiq gisht-dan (22x27x3,5 sm) qurilgan, devorlari ganch suvoqpi, naqshin bezaklari deyarli saqlanmagan. Oʻtmishda bu yerda shoyi, jun gazlama bilan savdo-sotiq qilingan. Abdullaxon timi Buxoro shahridagi savdo rastalari, chor-su–toq binolari ichida eng kattasi va shaklu shamoyili jihatidan ancha murak-kab va xushbichim hisoblanadi. Bir necha bor ta’mirlangan, savdo doʻkonlari joy-lashgan.
Abdullaxon bandi 1957-1962-yillarda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix va Arxeologiya insituti Maxondaryo arxeolog otryadi tomonidan tekshirilgan. Abdullaxon bandining toʻgʻoni slanes toshlardan qurilib, tosh palaxsalari, suvga chidamli maxsus ganch qorishmasi – qir bilan biriktirilgan. To’g’onning uzunligi asosida 73m, yuqorida 85m, balandligi 14, 5m, Abdullaxon bandi zinapoya shaklida qurilgan. Bunda suv bosimi hamda uning kuchli hisobga olingan holda toʻgʻon asosini qalinligi 15, 3m, ustki qismi 4, 5m, qilinib zinapoya shaklida qurilgan. Toʻgʻon oldida hosil boʻlgan suv taxminan 1,2mln kubometr suv to’plangan. Inshootdan quyida joy-lashgan Kamar, Oqchob, Oʻrganjiy, Ravot, Jilontamgali va Soykechar qishloqlari atrofi sugʻorilib obod etilganAbdullaxon bandi suvning oqib chiqishi uchun kerakli inshootlar konplekti bilan ta’minlangan.
O‘rta asrlarda Buxoroning ilm-fan taraqqiy etgan maskan sifatidagi nufuzi yanada oshadi. Shu bois diniy va dunyoviy bilimlar bo‘yicha tajriba almashish maqsadida Nodir Devonbegi Afg‘onistonga taklif etiladi. O‘ta zehnli va ilmli bo‘lganligi sababli uning ovozasi Hindistonga ham yetib boradi va u hindlarga ikki yil ilm o‘rgatadi. Bu xizmatlari evaziga hind podshohi Nodir Devonbegiga juda benazir va qimmatbaho ikkita gavhari shamchiroq tuhfa etadi. O‘z vataniga qaytar ekan, Nodir Devonbegi Afg‘onistongan ham kirib o‘tadi. Ajib gavhari shamchiroqni ko‘rgan afg‘on shohi Nodirbekka bu qimmatbaho toshlarni sotishni taklif etadi. U esa rozi bo‘lmaydi. Nodirbek Buxoroga shod-xursand qaytib keladi, uning xizmatlarini munosib baholagan Imomqulixon vazirga o‘z qizini uzatadi.
Bu davrda savdo ishlari gullab-yashnagan edi. Karvonlar Rossiya, Eron, Xitoy va Hindistonga qatnar, ular Buxoro orqali hatgo, G‘arbiy Ovrupoga ham yetib borgan edi. Buxorolik ustalar tayyorlagan, qimmatbaho toshlar qadalgan va oltin, kumushdan qoplama naqshlar tushirilgan shamshir, pichoq, qalqon, dubulg‘alar juda mashhur bo‘lib, shu sababli Imomqulixonning ham mavqei oshgan edi. Uning davrida yirik suv inshootlari qurildi. Eskilari qayta ta’mirlandi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish ancha yaxshilandi. Imomqulixon davrida masjid-madrasalar qurilishiga, fan va san’at sohasiga ham katta e’tibor qaratildi. U Madina shahrida chorbog‘, Ka’baga kiraverishdagi darvozalardan biri ostonasi uchun oltin va kumush tutqichli yog‘och zina qurdirganligiga tarix guvoh.
Nodir Devonbegi mana shu xayrli ishlarning bevosita ishtirokchisi sifatida xalq hurmatiga sazovor bo‘lgan kishilardan edi. Biroq bir g‘am vazirni ich-ichidan kemirar, na tunda va na kunduzi unga tinchlik bermas edi: u farzandsiz edi. Bir kuni saroyda parvonachi o‘g‘lining to‘yi katta hashamat va dabdaba bilan o‘tdi. Boshqa ayollar qatori to‘yda qatnashgan Devonbegining rafiqasi uyiga juda ma’yus qaytib, dilidagi g‘amni Nodirbekka to‘kib soldi: Mana, oila qurganimizga o‘n yil bo‘lay deyapti, biroq farzand ko‘rmadik. O‘zgalar vafotidan keyin orqasidan farzandi qolib, ularning chirog‘ini yoqadi. Biz-chi?! Na orzu-havas qildik, na farzand ko‘rdik… Shuncha mol-dunyo kim uchun?! Bizdan keyin kim, nima qoladi?!
Devonbegining yarasiga tuz sepilgandek bo‘ladi. Tun bo‘yi mijja qoqmay chiqdi. Ertalab Afg‘oniston safari taraddudini ko‘ra boshlaydi…
Nodir Devonbegining ilmidan boxabar Afg‘on shohi uni zo‘r ehtirom bilan kutib oladi. Nodirbek shohga:
Siz mendan gavhari shamchiroqni sotib olmoqchi edingiz. Men roziman, – deydi.
Benazir, qimmatbaho tosh evaziga afg‘on shohi unga katta miqdorda oltin beradi va Nodirbek Buxoroga qaytadi. O‘z sohasining peshqadamlari sifatida nom qozongan usta-me’morlarni yig‘ib, Ko‘kaldosh madrasasi oldida hovuz, xonaqoh va Madrasa bino etishni buyuradi. Shunday qilib, 1620 yilda hovuz va xonaqoh quriladi. Bu hovuz shahardagi eng katta hovuzlardan biri bo‘lib, 36 m. x 45,5 m. hajmga ega, chuqurligi esa 5 metrdir.
Buxoro shahrining Shohrud arig‘i bo‘ylab borsangiz, chap tomonda xonaqoh va o‘ngda 1622 yilda barpo etilgan Nodir Devonbegi madrasasi joylashgan. Ular orasida esa hovuz bunyod etilgan. Madrasa va xonaqoh o‘rtacha kattalikda, oddiy shaklda qurilgan bo‘lsa-da, hovuz, xonaqoh va Madrasa, ya’ni Labi Hovuz ansambli birgalikda ajib salobat va go‘zallik kasb etadi.
Madrasaga kiraverishda, darvozaning yuqori va yon qismlarida nafis mozaika yordamida quyoshga intilayotgan afsonaviy semurg‘ qushlari mohirona aks ettirilgan.
Labi Hovuz ansambli bitgach, erta tongda, shudring hali maysa va barglarni tark etmagan, oftob o‘z xobgohidan erinib bosh ko‘tarayotgan bir pallada Nodir Devonbegi o‘z rafiqasini olib, sayrga chiqadi va qurilgan binolarni ko‘rsatib, shunday deydi:
Siz menga, bizdan keyin kim, nima qoladi, degan edingiz. Bizdan keyin yaxshi nom va bir benazir gavhari shamchiroq qiymatiga bunyod bo‘lgan mana shu go‘zallik qoladi.
Mana, bir necha asrki, tadbirkor inson Nodir Devonbegi sa’y-harakati bilan bunyod bo‘lgan Madrasa shahrimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi. Labi Hovuz qariyb to‘rt asrdan buyon buxoroliklar va shaharga tashrif buyuradigan sayyoh hamda mehmonlar hordiq chiqaradigan ajoyib maskan bo‘lib xizmat qilmoqda.
Muhammad Nodir Mirzo Tog‘oy ibn Sulton – Nodir Devonbegi Samarqandda ham qator xayrli ishlarni qilgan: bir qancha inshoot va binolar qurdirib, shaharning ko‘rku salobati oshishiga hissa qo‘shgan. Jumladan, shahardan 4 chaqirim g‘arb tomonda Namozgoh binosini bunyod ettirgan. 1632-1635 yillarda shahardan 8 chaqirim janubi-g‘arbda me’morchilik san’atining gultoji hisoblangan Sherdor madrasasini qurdirgan. Binolar peshtoqiga Turkiston viloyatining qoplonsimon sher va kiyiklari rasmi ishlangan.
Shunday qilib, Samarqand tarixida bir davrda ikkita Sherdor madrasasi: oldin Registon markazida Sherdori Darun, ya’ni ichki Sherdor va keyinrok shahardan tashkarida Sherdori berun, ya’ni tashqi Sherdor bunyod etilgan. Sherdori darunning me’mori usto Abdul Jabbor bo‘lib, ma’lumotlarga ko‘ra, Sherdori berun madrasasini bunyod etishda ham u boshchilik qilgan. Nodir Devonbegi qurdirgan Sherdori berun madrasasi Samarqandlik usta-me’mor A.Hakqulov rahbarligida 1977 yilda qayta ta’mirlangan.
Mazkur inshootlar bugungi ko‘hna shaharlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, yurtimizning nodir ajoyibotlari sifatida e’tirof etib kelinmoqda.
Nodir devonbegi madrasasi – Buxorodagi me’moriy yodgorlik. Buxoro xoni Imomqulixoning vaziri Nodir devonbegi (Nodir mirzo Tog‘ay ibn Sulton) qurdirgan (1622—23).
Nodir Devonbegi madrasasi (Buxoro) Labi-hovuz ansamblinit sharqiy qismida joylashgan. Dastlab karvonsaroy sifatida qurilgan, xonning qarori bilan madrasaga aylantirilgan. Unda madrasalarga xos ayvon, masjid va katta darsxona, hovli atrofi 4 tomondan 2 qavatli kichik hujralar bilan o‘ralgan. Hujralarga o‘ymakori usulida bezatilgan eshiklar, eshiklar tepasidagi tobadonga panjaralar o‘rnatilgan. Hovliga pishiq g‘isht yotqizilgan. Bosh tarzi maydonga qaragan. Old tomonida hovuz bor. Peshtog‘i o‘ziga xos mahobatli va serhashamdir. Undagi o‘simliksimon naqshlar orasida quyoshga intilayotgan afsonaviy xumo qushi va bug‘uning o‘tlab yurgan tasviri koshinkori bezaklari yorqin bo‘yoqlarda aks ettirilgan. Hoshiyalariga, kitobasiga arabiy yozuvlar bitilgan. Ustungo‘shasi buramasimon. Peshtog‘ining 2 yon qanotidagi 2 qavatli 3 tadan chuqur ravoqli peshayvon aloqida zeb berib pardozlangan. Burchaklaridagi 2 guldasta ravoqlardagi naqshlar bilan o‘zaro uyg‘unlashgan. Madrasa tarhi 52×49 m, hovli 34 xZO m. Nodir Devonbegi madrasasi (Buxoro)m. bir necha marta ta’mirlanib, gumbaz, ravoq va devorlaridagi namlik yo‘qotilib, buzilib ketgan hujralari qayta tiklandi. Samarqand va Buxoro ustalarining sa’yi harakatlari bilan bosh tarzi qayta jilolandi.
Labihovuz ansamblida hovuz bilan birga bunyod etilgan. Peshtogʻi hashamatli, ravogʻining qanosi ancha baland, ulugʻvor, ayrim yerlarida koshinlarning parchalari saqlanib kolgan. Ikki tomonidagi tagi qirrali guldasta-mezanalar old koʻrinishiga salobat beradi. Xonaqohning 2 yonidan ham hujralarga kiriladigan eshiklari boʻlgan. Devorlari bir necha bor taʼmirlanganidan (1914—1916-yillarda Buxoroning oxirgi amiri Sayyid Olimxon tomonidan taʼmirlangan) asl koʻrinishi oʻzgargan. Nodir devonbegi xonaqohi simmetrik tarhli (27,5X25 metr), kiraverishda ayvon, xonaqoh (11,2Xll,2 metr) va uning yon tomonlarida 2 qavatli darvishlar yotogʻi boʻlgan. Guldastalar ichidagi aylana zina bilan bino tepasiga chiqiladi. Xonaqoh ulkan gumbazli, devorlariga taxmonlar ishlangan. Undagi serhasham naqshlar saqlanmagan. Peshtoq ravogʻidagi 3 tobadonni ganchkori panjaralar bezagan. Nodir devonbegi xonaqohining hozirgi koʻrinishi oʻzgarib muhtasham, salobatli, koʻrkam inshootga aylantirilgan.[1]
Labihovuz ansambli - Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik (17-asr). Dastlab bozor maydoni boʻlgan. Maydon oʻrtasida katta qovuz qazilib (1620 yil) atroflari sinchlar bilan mustahkamlangan, harsanglardan zinapoyalar, marmardan tarnovlar ishlangan. Shagʻal va tuproq bilan toʻldirilib shibbalangan. Hovuz eni 36 m., boʻyi 45,5 m., chuq. 5 m. Uning gʻarbida Nodir Devonbegi xonaqohi, sharqida Nodir Devonbegi madrasasi, shim.da Koʻkaldosh madrasasi va Ernazar elchi madrasasi ( saqlanmagan) qad koʻtargan. Hozirgi hovuz atrofiga chinorlar ekilib, choyxona qurilgan. Yodgorliklar taʼmirlangan.
Manbalar
OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
2/2
Shaybonitylar davri Buxoro me’morchiligining badiiy kompozitsion ko‘rinishlari darvozalar, masjid, madrasa va boshqa inshootlar qurilishida o‘z ifodasini topgan. Shayboniylardan Abdullazizxon va Abdullaxon davrida Buxoro atrofi yangi devor bilan o‘rab olindi va darvozalar qurildi. Abdulazizxon barpo ettirgan qal’a devorlarini Abdullaxon g‘arbga tomon kengaytirdi va 11 darvoza barpo etildi 1 . Ular quyidagicha nomlangan: Samarkand darvozasi, Hazrati Imom darvozasi, O‘g‘lon darvozasi, Talipoch darvozasi, Shergiron darvozasi, Qorako‘l darvozasi, Shayx Jalol darvozasi, Namozgoh darvozasi, Salloxona darvozasi, Qavola (Qarshi) darvozasi, Mozori Sharif darvozasi
Samarqand darvozasi. Shayboniy hukmdor Abdulazizxon tomonidan qurdirilgan bo‘lib, 1557-1560-yillarda Abdullaxon tomonidan qayta ta’mirlangan. Samarkand yo‘li orqali G‘ijduvon, Toshkent, Qo‘qon va boshqa shaharlardan, uzoq xorijdan kelgan mehmonlar, savdogarlar shu darvozadan shaharga kirishgan. Darvoza
1 Сухарева О.А. К истории городов Бухарского ханства (историко-этнографические очерки).-Ташкент: Изд-во академии наук Узбекской ССР. 1958. 20-36.
yaqinida aravasozlik, yog‘och materiallari, eshik, deraza bozori bo‘lgan. Keyinchalik amir Abdulahadxon (1885-1910), amir Olimxon (1910-1920) davrida tiklangan yozgi saroy - Sitorai Mohi-Xossaga eltuvchi yo‘l shu darvoza orqali o‘tgani bois, bu maskan savdogarlar uchun juda ahamiyatli hisoblangan. Darvozaning balandligi 11,4 metr, qadimiy devor balandligiga teng bo‘lib, arka va timpanli, kitobasiz tekis qilib, bir nechta darichalar qo‘yib tiklangan, terakot hamda koshindan belbog‘li qilib jilo berilgan. “Guldasta”lari hamda ustki qismi chiroyli qirrali gultoj bilan bezatilib, qadimiy devorga bir xilda birlashtirilgan. O‘tgan asrning 60-yillarida shaharni kengaytirish bahonasida inshoot buzib yuborildi. 2009 yil yanvar oyidan boshlab muhandis-me’mor Mahmud Ahmedov loyihasi asosida asl qiyofaga mos qilib qayta tiklandi.
Hazrati Imom darvozasi. VIII asrgacha Darvozai Nav (Yangi darvoza) deb yuritilgan. So‘ngra buxorolik mashhur ulamo Abu Hafs Kabir Buxoriy (767-832) sharafiga Darvozai Imom deb atala boshlangan. Narshaxiyning ma’lumot berishicha, Abu Hafs Kabirning qabrlari ham shu darvoza yonidagi tepalikda joylashgan. Hazrati Imom darvozasi Haqroh deb ham atalgan. Darvozaning balandligi 11,6 metr, kengligi 13 metr, asosi 1,5 metrni tashkil etgan. Usti 31 ta gultojdan iborat bo‘lgan. Guldastalar uch qavatli bo‘lib, u erda qorovullar turadigan xona bo‘lgan. Shaharga kiraverishda yo‘lning o‘ng tomonida savdo do‘konlari bo‘lib, ularda ot-aravalar uchun kerakli anjomlar sotilgan. Yo‘lning chap tomonida esa ombor hamda shisha ishlab chiqaradigan korxona hamda yo‘lovchilarni suv bilan ta’minlaydigan quduq bo‘lgan. Hazrati Imom yo‘li Samarqand, Toshkentga boradigan yo‘lga qo‘shilib ketgan. Bu qadimiy yo‘l Arkdan Sitorai Moxi-Xossagacha qayroq tosh bilan terilgan. 2009 -yil sentyabr oyidan ushbu darvoza qayta tiklana boshlandi. Qurilish ishlarini usta-me’morlar Muzaffar, Ma’mur va Ma’ruf Mirzaevlar olib borishdi.
O‘g‘lon darvozasi. Buxoroi sharifning mahobatli darvozalaridan yana biri Chorbaqoli yaqinidagi O‘g‘lon darvozasi bo‘lgan. Bu darvoza oldida Romitan, Gazli tomonga boradigan katta yo‘l joylashgan bo‘lib, shimol tomonda O‘g‘lon mahallasi, janubda esa Nog‘orachilar mahallasi joylashgan bo‘lgan. Ularning ko‘plari Arkdagi podshohlar saroyida nog‘ora, karnay-surnay chalib, xizmat qilishgan.
Darvozai O‘g‘longa yaqin masjid-madrasa qo‘shilgan holatda qurilgan bo‘lib, Avliyo O‘g‘lon Ato qabrlari ham shu erda bo‘lgan. Bu erda Xatmi Piridastgir, ya’ni Abdulqodir Giloniy xotirasiga bag‘ishlab diniy marosim o‘tkazilgan. O‘g‘lon Ato ulug‘ avliyolardan biri bo‘lgan. Bu haqdagi ma’lumotlar 1887-1888-yillarga tegishli vaqf hujjatlarida saqlanib kolgan.1
1948-1950-yillarda O‘g‘lon darvozasi, yonidagi mozor, masjid, madrasa buzib tashlanadi. Hozirgi paytda undan nomu nishon qolmagan. Darvoza balandligi 11metr, kengligi 13 metr, asosi 1,40 metrdan iborat bo‘lgan. Ustki qismi 19 ta gultojdan tuzilgan, “guldasta”lari uch kator, beshta tuynuk bilan bezatilgan hamda baland ravoq arka va qanosdan iborat bo‘lib, kitebasiz qilib qurilgan. Bu usul faqat shu darvozaga xos bo‘lib, boshqalarida takrorlanmaydi. Darvozadan kiraverishda savdo do‘konlari va baqqollik bozori bo‘lgan.
Talipoch darvozasi. Mazkur inshoot 1557-1598-yillarda – Abdullaxon II davrida bunyod etilgan. Buxoroning g‘arbiy qismida yangi xiyobon barpo ettirgan hukmdor katta tepalik yaqinida bu darvozani qurdirgan. Bu darvoza orqali Amirobod, Chorbakr, Jondor, Xorazmga borilar edi. Darvoza ikki “guldasta”, arka, ravoq, kanos kitebali qilib, usti kungurali gultoj bilan bezatilib, qadimiy qal’a devorlariga moslashtirib qurilgan. Zinda fil Ahmad Jomiy qabrlari ziyoratgohi ham shu darvoza yaqinida joylashgan. Darvoza 1960-yilda usta Aminjon Salomov hamda Mubin Mo‘minov, 2005-yilda esa Soli Karimov tomonidan qayta ta’mirlandi. Hozirgi vaqtda Talipoch darvozasi yonida Buxoro Markaziy bozori qad rostlagan.
Shergiron darvozasi. Abdullaxon qurdirgan darvozalardan biri SHergiron darvozasidir. Darvoza qurilgan joyda qadimda sherlarni saqlaydigai qo‘riqxona bo‘lgan va ular urushda foydalanish uchun o‘rgatilgan. Shu bilan birga, podshohlar sherlardan xazina qo‘riqchisi sifatida ham foydalanganlar. Podshohlar saroyida sherlar haykali o‘rnatilgan. Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far an-Narshaxiyning kitobida yozilishicha, Amiri shahid Ahmad Ismoil as-Somoniy hukmdorning bir odati bor bo‘lib, uning saroyida bir sher bo‘lgan. Har kecha amir yotadigan eshik yonida sher zanjir bilan bog‘lab qo‘yilar
1 О.Сухарева. Квартальная община позднефеодального города Бухары (в связи с историей кварталов). – Москва: Наука, ГРВЛ. 1976.
edi. Kim u uyga kirmoqchi bo‘lsa, sher uni halok qilar edi. Bir kuni amir g‘amgin bo‘lganida uning yaqin kishilari u bilan band (mashg‘ul) bo‘lib, sher (qo‘riqchi)ni olib kelish eslaridan chiqqan. Natijada amir uxlab yotganida uning qullaridan bir to‘dasi kirib, amirning boshini tanasidan judo qilishadi. Bu voqea 914-yil 12 yanvarda sodir bo‘lgan. Uni Buxoroga olib kelib, Navkand qabristoniga dafn qilishgan (hozirgi Somoniylar qabristoni maqbarasi)1. O‘sha davrdan boshlab Jondorga boradigan yo‘lda qurilgan darvozani Shergiron darvozasi deb ataganlar. XVI asrdan boshlab Shergiron darvozasidan to Mir Do‘stim xonaqoh-masjidiga qadar yo‘l ustida yopiq bozor bo‘lib, unda sabzavot, meva, sut-qaymoq kabi mahsulotlar kecha-kunduz sotilgan. Bu an’ana hozirgi vaqtda ham davom etmoqda. Lekin qadimiy SHergiron darvozasi hamda qal’a devori saqlanib qolmagan.
Qorako‘l darvozasi. Buyuk ipak yo‘li savdo tarmog‘idagi asosiy darvozalardan biri bo‘lgan Qorako‘l darvozasi Abdullaxon tomonidan 1558-1575-yillar oralig‘ida qurdirilgan. Darvozaning ichki tomonida bozor bo‘lib, to Volidai Azizxon, Havzi Navgacha davom etgan. Qorako‘l darvozasi ikki katta “guldasta”, svod, arkali qilib qurilgan. Kvadrat shaklidagi 25×25 santimetrli g‘isht bilan terilib, ustki qismi kungurali gultoj bilan zeb berilgan hamda qal’a devorlariga tenglashtirib bunyod etilgan. Darvoza 1975-yilda usta Ahror Asrorov tomonidan qayta ta’mirlangan. Buxoro xalqi shu darvoza orqali haj ziyorati uchun yo‘lga chiqqan. Shuning uchun uni “Haj darvozasi” deb ham atashgan. Eron, Xuroson, Turkiya davlatlaridan keladigan savdogarlar shu darvoza orqali shaharga kirishgan. Ayni paytda darvoza qal’a devorlaridan ajralgan holda bo‘y cho‘zib turibdi.
Shayx jalol darvozasi. Buxoroning janub tomonida joylashgan, shonli tarixga ega bo‘lgan darvozalardan biri Shayx Jalol darvozasidir. Uning tarixi Abdulazizxon davri (XVI asr)ga borib taqaladi. O‘sha davrda SHayx Jaloliddinga murid bo‘lgan Abdulazizxon hazrat shayx sharafiga ilgari Darvozai bobi morkushon nomi bilan mashhur bo‘lgan darvozani uning nomi bilan ataydi. Abdulazizxon 1549-1550-yillar oralig‘ida darvozani ta’mirlab, koshin burish rangli g‘ishtlar bilan jilo berib, unga yaqinroq joyda xonaqoh, hovuz, minora hamda hujralar
1 Абу Бакр Муҳаммад ибн Жаъфар ан-Наршахий. Бухоро тарихи. –Тошкент: Шарқ машаълига илова, 1993. –Б.45.
qurdiradi. Darvozaning balandligi 11-12 metr bo‘lib, kengligi 14×20, tashqi hamda ichki tomonida peshtoqlari bor. Abdulazizxon darvozaninig ustki qismini gultoj bilan bezatib, xonaqoh ustiga ko‘k gumbazlar qurishni buyuradi. 1898-yilda esa ushbu gumbazga e’tibor berilmay quyilganligi bois koshinlari ko‘chib tushgan. Mazkur davr ustalari gumbazni qayta tiklay olmaganlar. Natijada xonaqoh, minora, hovuz, darvoza ham lokaydlik sababli vayronaga aylangan va buzib tashlangan. Darvozai Shayx Jalol hamda shu nom bilan yuritiluvchi mahalla haqida 1691-1692-yilga oid hujjatlarda ma’lumotlar uchraydi. Darvozadan tashqarida juda katta bog‘lar bo‘lib, shu qatori Xo‘ja Ismatulloh Buxoriy bog‘lari hamda maqbaralari ham shu hududda joylashgan. 2008-2009-yillar oralig‘ida asliyatga ko‘ra tayyorlangan loyihaga asosan usta-me’morlar Muzaffar Mirzaev hamda Sharif Rahimovlar tomonidan Darvozai Shayx Jalol qaytadan qurildi. Yon atrofidagi qadimiy qal’a devori ham tiklandi.
Namozgoh darvozasi. Namozgoh darvozasi qurilgan yili ma’lum bo‘lmay, Abdulazizxon tomonidan 1540-1550-yillarda qayta ta’mirlanadi. U juda chiroyli mayolika va koshinlar, terakotalar ishlatilib, arka svodtimpan kiteba qilib, “guldasta”larning usti oltita gultojlar bilan bezatilib qurilgan. Yuqori qismi 12 ta gultojdan iborat bo‘lib, eski qal’aga tenglashtirib bunyod etiladi. Odamlar shahar ichidagi masjidlarga sig‘maganlari uchun Ibrohim darvozasidan Namozgoh masjidiga yig‘ilishgan. Namozgoh gavjum bo‘lgan. Turk xoqoni Arslonxon farmoni bilan Namozgoh atrofi to‘liq tartibga solindi va bog‘lar barpo etilib, pishiq g‘ishtdan minorali devorlar quriladi. Darvoza balandligi 11 metru 6 sm, kengligi 13,8 metrga teng qilib bunyod etilgan.
Salloxona darvozasi. Salloxona yoki Mir-Mas’ud darvozasining tashqi tomonida amir askarlari joylashgan bo‘lib, bu erda 1920- yillarga qadar harbiy mashq o‘tkazilgan. Sobiq sho‘ro davrida ancha vaqtlar parad va anjumanlar shu maydonda o‘tkazilar edi. Salloxona darvozasi Abdulazizxon tomonidan 1540-1549-yillarda qadimiy devor bilan birga qurilgan. O‘sha davrda ziyoratchilar uchun maqbara, masjid, hovuz, quduq va hujralar bunyod etilgan. Afsuski, ular bizning davrimizgacha etib kelmagan. Salloxona darvozasi haqidagi ma’lumotlar vaqf hujjatlarida (1683-1684-yillar) uchraydi. Darvozaning balandligi 11 metru 10 sm, kengligi 21 metr, asosi bir yarim metrni tashkil etgan. Usti 21 ta gultojdan tuzilgan, “guldasta”lar ikki qavatli bo‘lib, qorovullar turadigan xonasi bo‘lgan. Shaharga kiraverishda yo‘lning o‘ng tomonida ikki qavatli Abdullabek hovlisi bo‘lgan. Uning yonida esa Arabon masjidi qurilgan bo‘lib, bu masjidda mahalla ahli namoz o‘qigan. Salloxona darvozasi orqali odamlar Toqi Sarrofon, Toqi Telpakfurushon va Toqi Zargarondan o‘tib, shaharning markaziy savdo rastalariga borishgan. Buxoroning boshqa darvozalari qatori Salloxona darvozasi ham 2009-yil oktyabr oyidan boshlab qaytadan tiklandi va asl holatiga keltirildi. Bunyodkorlik va qurilish ishlarini usta-me’morlar Muzaffar Mirzaev hamda SHarif Rahimovlar olib bordi.
Qavola (Qarshi) darvozasi. Ba’zi manbalarda Rangrez darvozasi deb ham yuritiladi. Rivoyatlarga ko‘ra, Shayxi Rangrez matolarga gul bosish hunari bilan shug‘ullangan va karomatgo‘y avliyo ham bo‘lgan. Uning karomatlarini ko‘rgan Shayx ul-Olam Sayfiddin Boxarziy (XIII asr) shogirdini haqqa etgan deb hisoblab, unga o‘z vaqfidagi qishloqlardan birini hadya etgan. Keyinchalik Abdulloxon shaharni kengaytish chog‘ida ushbu qishloq ham qal’a devori ichida qolgan. Unda qurilgan darvoza esa Qavola deb yuritila boshlangan. Ammo darvoza asosan Qarshi, Kesh aholisining kirish joyi hisoblangani bois mahalliy aholi uni Qarshi darvoza deya atay boshlagan.
Mazori Sharif darvozasi. Abdullaxon Buxoro shahrini kengaytirgan vaqtida Bahouddin ziyoratiga boradigan yo‘l ustida Mazori Sharif darvozasini qayta qurdiradi. Darvoza keng va salobatli, 18 ta gultojdan iborat bo‘lib, svod timpan (ravoq) kiteba arkasiz qilib qurilgan, uchta mo‘ri (teshik)dan iborat bo‘lib, usti tekis g‘isht bilan soyali qilib bunyod etilgan. Balandligi 11 metr bo‘lib, shaharning qal’a devoriga teng bo‘lgan. Mozori SHarif darvozasi yonida soqchilar uchun alohida joy, darvozabonlar uchun maxsus xonalar barpo etilgan. Darvoza qattiq qayrag‘ochdan qalin va mustahkam qilib yasalgan. Darvozaning mustahkamligini yanada oshirish maqsadida yogoch materiallar qizdirilgan yog‘ga botirib olingan. Ular temir mixlar bilan yo‘g‘on to‘sinlar yordamida yaxlit tabaqali qilib yasalgan. Zulfin va xalqalari mis temiridan haftjush usulida tayyorlangan. Darvoza ostonasi tut daraxtidan, tepa to‘sinlari gujumdan yasalgan. Shu sababli bu darvozalar har qanday sharoitda o‘z sifatini yo‘qotmay, asrlar osha xizmat qilgan. Vafot etgan hukmdorlar jasadi Mazori Sharif darvozasidan chiqarilib, Fayzobod xonaqosida janoza o‘qilgan. U erdan piyoda Bahouddin Naqshband mazoriga eltib, dafn qilingan.
XULOSA
Buxoroga borib, shu qadimiy shaharni ko’rgan kishilarning barchasi minoralarning tepalaridagi g’alati ko’rinishdagi «qalpoqlarga» e’tibor bergan bo’lsalar kerak. Bular laylak uyalaridir. Umidning timsoli bo’lgan bu oppoq qushlar shaharning ramzi, uning barqarorligi va sadoqatining ham ramzi bo’la oladi. Boy go’zal shahar juda ko’p marta turli-tuman dushmanlarning bosqinchilik hujumlarining maqsadi bo’lgan, mo’g’ul-tatarlarning bosqini eng og’ir, yer bilan yakson qiluvchi darajada bo’lgan edi. Lekin Buxoro har gal qaytadan aynan o’sha joyda tiklanib, o’z zamini-yu a’analariga sodiq bo’lib qaytadan barpo bo’lar edi
Buxoroga asos solinishi qadim-qadimgi asrlar tubiga borib taqaladi. 1997 yilda YuNESKO ning qaroriga ko’ra butun madaniy dunyo uning 2500-yilligini nishonlagan edi. Afsonalar shaharning paydo bo’lishini tarixiy shaxs obrazi bilan bog’liq Zardo’shtiylik xudolaridan biri – Siyovush bilan bog’laydi. Buxoroning eng qadimiy qismi uning qal’asi – Ark hisoblanadi, bu yerda arxeologlar eramizdan avvalgi IV - III asrlarga oid bo’lgan ba’zi topilmalar borligini aniqlashdi. Bu balandligi 20 metr bo’lgan katta tepalik bo’lib, u yerda ilgari Buxoro amirining saroyi, uning harami, xazinasi, qurol-yarog’ saqlanadigan xonalari, o’ta xavfli jinoyatchilar uchun zindon bo’lgan edi. Hozirgi paytda ular tiklanmoqda.
Buxoroning eng qadimiy yodgorliklaridan biri X asrning boshida Somoniylar sulolasining asoschisi tomonidan qurilgan Ismoil Somoniy maqbarasidir. Maqbara usti yarim sfera shaklidagi gumbaz bilan yopilgan kub shaklidagi binodir. Somoniylar maqbarasi O’rta Osiyoning me’morchiligida bizgacha yetib kelgan, pishiq g’ishtdan qurilgan birinchi bino bo’lib, bunda g’ishtlar ham qurilish uchun, ham bezatish uchun ishlatilgan.
Shaharning asosiy va eng baland ko’tarilgan inshooti – 1127 yilda qurilgan Kalon minorasidir. Bu har tomonlama komil muhandislik inshooti, Buxoroning sathidan 47 metrga ko’tarilib turgan ulkan minoradir. O’zbekistonda eng baland bo’lgan ushbu minora tepaga chiqqan sari sal ingichkalashib boradi, uning dumaloq aylanasidan o’rab turgan halqalar turli rangdagi sirlangan g’ishtchalar bilan bezatilgan. Shu bilan birga minoradagi naqshlarning turli-tumanligi va takrorlanib kelishi sodda va komil me’morchilik shakllarini boyitadi.
Buxorodagi o’rta asrlar me’morchiligining alohida xususiyati – ko’cha yoki maydon bilan bir-biridan ajralib turgan va old yuzasi, darvozalari bilan bir-biriga qarab turgan ikkita ulkan inshootdan iborat bo’lgan majmualarning barpo etilishi edi. Shu asosda shaharning markaziy me’morchilik majmuasi yaratilgan – Poi Kalon («Ulkan inshoot osti») maydoni. Uning minorasi gumbazli o’tish yo’li bilan benihoya ulkan juma masjidi – Masjidi Kalon bilan bog’langan. Uning qarshisida XVI asrning boshida hatto bizning davrimizda ham ishlayotgan Mir-Arab madrasasi barpo etilgan.
Chashma-Ayub mozorining barpo etilishi ham XII asrlarga oid, deb hisoblanadi. Afsonalarga qaraganda, Injildagi payg’ambarlardan biri – Ayub (Iov) Buxoroning bu suvsiz qismidan o’tayotganda hassasi bilan yerga urgan – natijada bu yerda top-toza, shifobaxsh suvli buloq paydo bo’lgan. XIV asrda Amir Temur o’zining yurishlaridan birida olib kelgan xorazmlik ustalar buloq va quduq ustidan bino barpo etganlar hamda quduqdagi baland tortish qurilmasi ustidagi konus shaklidagi gumbazga Xorazm uchun xos bo’lgan shakl berganlar. Ularga qaraganda mashhur Chor-Minor masjidi esa yangi qurilgan bino, deb atalishi mumkin – u XIX asrda qurilgan. Bu masjidda to’rtta uncha baland bo’lmagan minoralar hamda gumbazlar zangori rangda bo’lib, masjidga o’ziga xos qiyofa bag’ishlaydi. Sharq me’morchiligi uchun sun’iy suv havzalari bo’lgan hovuzlardan nafaqat amaliy maqsadlarda, balki shaharni yanada har tomonlama bezatish uchun ham foydalanish odatdagi holdir. Buxoroda saksontadan ortiq bunday obodonlashtirilgan hovuzlar bo’lib, shaharni ta’minlab turar edi. Ulardan eng mashhur bo’lgan hovuz Labi-hovuzdir.
Yirik poytaxt-markaz bo’lgan Buxoro shahri nafaqat o’zining masjidu madrasalari, maqbarayu-mozorlari bilan, balki saroylari, hashamatli uylar, karvon-saroylar, hammomlari va ko’p gumbazli savdo majmualari bilan ham mashhur edi. Shaharda ko’chalarning kesishuvida – guzarlarda qurilgan Toqi-Zargaron («Zargarlarning gumbazi»), Telpak-Furushon («Telpaklar sotuvchilarining gumbazi») va Toqi-Sarrofon («Pul almashtiruvchi sarroflarning gumbazi») saklangan, ular hozirgacha savdo rastalari sifatida ishlatilmoqda. Ularning birinchi qurilishi va ishlatilishidan nomlari ham dalolat bermoqda.
O’rta asrlarda Buxoro Markaziy Osiyodagi barcha musulmonlarning muqaddas shahri bo’lgan edi, bunda nafaqat diniy hurmat-e’tibor, balki estetik tuyg’ular ham ifodalanar edi. Buxoro shon-sharaf mujassam bo’lgan shahar deb hisoblanar edi, u yerda eng mashhur kishilar yig’ilar edi. Islomda Qur’ondan keyin ikkinchi o’rinda turgan diniy kitob – eng haqqoniy hadislarning to’plami bo’lgan «Al-jami as-sahih» ning muallifi Imom Al-Buxoriy edi. Abu Ali ibn Sino (Avitsenna) shaharga yaqin bo’lgan qishloqdan kelib chiqqan edi, u shaharda o’z faoliyatini boshlagan. Islomda eng muqaddas shaxslardan biri shayx Bahovaddin Naqshband, so’filar ta’limotining asoschisi, buxorolik misgar edi. Shayxning go’rini ziyorat qilish Makkaga borib bajarilgan haj marosimiga tenglashtirilar edi. Bahovaddin Naqshbandning maqbarasi hozir ham shaharning eng muqaddas joyi deb hisoblanadi.
Buxorodan dunyoga taniqli bo’lgan tarixchi olim Narshaxiy, yirik shoirlar Rudakiy va Daqiqiylar kelib chiqqan. Lekin ayni shu shaharda, odamlarning gap-so’zlariga qaraganda xalqning sevimli namoyandasi, o’tkir so’zli «tinchlikni buzuvchi» latifago’y Xo’ja Nasriddin Afandi ham yashagan. Hazilkash donishmand Afandining latifalari va teran fikrlari son-sanoqsizdir. Musulmon allomalari, mutafakkirlarining, me’morlarning va shoirlarning ko’p asrlik ijodiyoti tufayli shahar «Islom cho’qqisi», «Buxoroi Sharif», «Muqaddas shahar» faxrli unvonlariga musharraf bo’lgan. O’ylaymizki, Buxoro shahri haqiqatan ham bu unvonlarning barchasiga loyiq. Shu bilan birga shahar zamonaviy sanoat va madaniyat markazidir. Unda zamonaviy qurilgan aeroport, oliy o’quv yurtlari, kollejlar, litseylar. Teatrlar, sport-sog’lomlashtirish inshootlari va markazlari ham mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |