Xodimlarni o'qitish va tayyorlash. Rahbariyatning asosiy vazifalari xodimlarni mehnat vositalari bilan ta'minlash, topshiriqlarni bajarish uchun qulay sharoitni yaratishdan iborat. Shuningdek, turli jarayonlarni amalga oshirishda kutilmagan o'zgarishlarning sodir bo'lishini hisobga olib, xodimlarni har tomonlama o'qitish ham rahbariyatning bosh vazifasidir.
Xodimlarni o'qitish va tayyorlash maqsadga muvofiq tarzda va doimiy asosda o'tkazilishi kerak. Bu vazifa xodimlarni tayyorlashda ilmiy va pedagogik bilimlar, tajribaga ega bo'lgan, yangi ishga qabul qilingan mutaxassislarga yuklanishi kerak. Har bir faoliyat turi bo'yicha mutaxassislarni o'qitish va tayyorlash puxta rejalashtirilishi kerak. yetakchi kompaniyalarning mutaxassislari baholashicha, xodimlarni o'qitish va tayyorlashga sarflanadigan mablag'lar eng samarali kapital qo'yilmalar hisoblanadi.
Xodim oldiga vazifalarni qo'yish va uning mehnatini baholash.Odamlar belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishni xohlaydilar, lekin rahbariyatning yordamisiz bunga erishib bo'lmaydi. Xodimlarning o'zlariga rahbarlar va tashkilot tomonidan qo'yilyapgan talablarni anglab yetishi tashkilotda o'zaro munosabatlarning samarasini ta'minlaydi. Buning uchun quyidagilar zarur:
Xodim va rahbarning kelishuvi asosida ish rejalarining tuzilishi.
Xodimning ijodiy kamol topishi va kasbiy o'sish rejasining mavjudligi.
Ishlarni rejalashtirish. Rahbar har bir xodim bilan navbatdagi kalendar davr uchun ishlarni bajarish shartnomasini, ya'ni ishlar rejasini tuzishi kerak. Ishlar rejasi xodimni berilgan vazifalarni bajarishga yo'naltirishi va ishning bajarilishini ta'minlovchi talablarni ifodalashi kerak.
Xodimga ishning maqsadlarini tushuntirish ishlar rejasini tuzishning zarur sharti hisoblanadi. Bu maqsadlar rahbar va bo'ysinuvchining o'z vaqtida va oshkora kelishilgan vazifalariga aylanadi. Ishlarning shaxsiy rejasida tashkilotning umumiy maqsadlari ifodalanishi lozim.
Maqsadlarni aniqlashtirish jarayoni murakkab hisoblanib, ko'p hollarda uzoq davom etadi. Bu jarayon rahbar tomonidan quyidagi sabablarga ko'ra amalga oshirilishi lozim:
Uning yordamida rahbarlar ishlarning oqilona taqsimlanishiga erishadilar.
Rahbarlarga ularning oldida turgan vazifalarni yaxshiroq tushunishga imkon beradi.
Yanada murakkabroq kelajagi bor rejalar tayyorlanishini ta' minlaydi.
U xodimlarning shaxsiy ish rejalarini bo'linma va tashkilot oldida turgan vazifalar bilan bog'laydi.
Jarayon xodimlar va yuqori pog'ona rahbarlarining harakatlarini asoslashga imkon beradi.
Xodimlar faoliyatining natijalari xolis baholanadi.
Xodim ishning muvaffaqiyatli bajarilishi uchun uni qo'llab - quvvatlash darajasini aniqlashda ham qatnashishi kerak. Bu bosqich xodimning o'ziga yuklangan vazifani va shu bilan bog'liq javobgarlikni tushunishini kafolatlaydi.
Har bir vazifa quyidagilarga nisbatan baholashning miqdor mezonlariga ega bo'lishi kerak: 1) yakuniy natijaning sifati; 2) erishilgan natijaga nisbatan harajatlar; 3) ishlar bajarilishining belgilangan muddatlariga rioya qilish.
Rahbar va xodim "Muayn vazifaning qanchalik yaxshi bajarilishini biz qanday qilib bilib olamiz?" degan savolga javobni bilishi kerak. Shunga o'xshash savol rahbarni va bo'ysinuvchini bajarilgan ishni erishilgan natijalar bilan taqqoslashga undaydi. So'ngra xodimga berilgan vazifani yanada samaraliroq bajarish shartlarini tushuntirish kerak.
Ishlarning rejasida ijrochi va uning bajaradigan ishi hisobga olinishi kerak. U quyidagi sarlavhalardagi uch ustunli jadvalga ega bo'lgan bo'sh blankada ko'rsatilishi mumkin: 1) vazifaning nomi; 2) ish vazifasining ta'rifi; 3) vazifaning muhimligi. Blankaning bo'sh qismi rahbar va xodimning hamkorligida to'ldiriladi.
Ishlarning rejasi xodimning lavozim ko'rsatmasiga asoslanishi va har doim bajariladigan ishga qo'yilgan talablarga tavsif berishi kerak. Hech bir qo'shimcha hissa yoki ishlar sifatini rejadan oshirmay shartnomaning bajarilishi xodimning topshirilgan ishni uddalaganini, biroq rejani oshirib bajarmaganini anglatadi. Ishlarning rejasini rahbar va bo'ysinuvchi imzolaydi. Dalil sifatida ularning har birida rejaning nusxasi qoldiriladi.
Har bir xodim uchun yillik ish rejasi kvartallarga ajratiladi va har bir kvartal uchun qisqa muddatli vazifalar belgilanadi. Rahbar har kuni bo'ysinuvchining ishini nazorat qilishi va bajarilyapgan ishning sifatini oshirishga ko'maklashishi kerak. Bu borada bo'ysinuvchiga yuzaga kelgan muammolar va qiyinchiliklarni hal qilishga yordam berishi, jumladan, uni zarur axborot bilan ta'minlashi tavsiya etiladi.