Iste'molchilarning huquqlarini sud orqali himoya qilish. Iste'molchilarning huquqlari buzilganda, ular sudga murojaat qilishga haqlidir. Da'volar, agar qonunda boshqacha qoida belgilanmagan bo'lsa, javobgar iste'molchi joylashgan yerdagi yoki zarar yetkazilgan joydagi sudga taqdim etiladi.
Iste'molchilar o'z huquqlarining buzilishi bilan bog'liq da'volar bo'yicha, shuningdek, tovar (ish, xizmat) larning xavfsiz bo'lishi va ularning sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari, iste'molchilarning jamoat birlashmalari iste'molchining (iste'molchilar muayyan doirasining) manfaatlarini ko'zlab qo'zg'atiladigan da'volar bo'yicha davlat boji to'lashdan ozod qilinadilar.
Iste'molchilarning jamoat birlashmalari. O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi.
Iste'molchilar o'z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida ixtiyoriy ravishda iste'molchilar birlashmalarini tuzishlari mumkin.
Iste'molchilarning birlashmalari o'z faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiruvchi jamoat birlashmalaridir. Bunday jamoat birlashmalaridan biri O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hisoblanadi.
Mazkur federatsiyaning faoliyat yo'nalishlari:
Respublika iste'molchilar huquqlarini himoya qilish bo'yicha qabul qilingan barcha qonun, qaror va farmonlarning ijrosini ta'minlash yo'lida boshqaruv organlariga yaqindan ko'maklashish;
Qonun hujjatlarini o'rganish bo'yicha turli seminarlar, o'quv markazlarini tashkil etish, suhbat va uchraShuvlar o'tkazish, aholi o'rtasida turli ommaviy tadbirlarni uyushtirish;
Aholining ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa manfaatlarini himoya qilishga doir tadbir va takliflarni ishlab chiqib, davlat, boshqaruv va nazorat organlariga murojaat etish va ularni hayotga tatbiq qilishda bevosita qatnashish;
Seminarlar, simpoziumlar, konferentsiyalar uyushtirish;
Xalqaro mutaxassis va ekspertlar ishtirokida turli xil loyiha va dasturlar yaratish;
Tovar ishlab chiqaruvchi, sotuvchi, ijrochi, xizmat (ish) ko'rsatuvchilar tomonidan iste'molchilar huquqlari buzilishining oldini olish, huquqlar buzilganda vakolatli davlat, boshqaruv, nazorat va huquq - tartibot idoralari, sudlarga murojaat etib, yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni aybdorlar tomonidan qoplanishiga erishish;
Mahsulotlar, turli xizmatlarning sifati va sertifikatlash darajasi bo'yicha aholini va manfaatdor tashkilotlarni muntazam xabardor qilish;
Tovar (ish, xizmat) larning narx (tarif) lari, standartlari, iste'mol xususiyatlarini tahlil qilish va ularning sifatini ekspertiza qilish;
Iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga doir statistik va boshqa turdagi axborotlarni yig'ish, tahlil qilish tizimini shakllantirish;
Normativ hujjatlar, tovar (ish, xizmat) larning sertifikatsiyasi va ekspertiza xulosalari bilan aholini muntazam tanishtirib borish;
Noto'g'ri reklamalardan aholini ogohlantirish va himoya qilish;
Mahsulot va xizmat turlari, sifati, ularning xavfsizligini ta'minlash uchun federatsiya va uning tuzilmalari tarkibida mustaqil, turg'un va ko'chma ekspertizalarni tashkil qilish;
Aholining hayoti, sog'lig'i, mol - mulki va atrof - muhitga xavf tug'diruvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotishni taqiqlash;
Iste'molchilarning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida xabarnomalar, varaqalar, plakatlar, o'quv vositalari, ommabop kitoblar chiqarish;
Aholi o'rtasida turli usullar, jumladan, anketalar tarqatish orqali so'rovlar o'tkazish;
Xalqaro jamoat birlashmalari, jamg'armalari va uyushmalari bilan tajriba almashish, hamkorlik qilish, ular bilan shartnoma va bitimlar tuzish, shuningdek, iste'molchilarning xalqaro harakatida ishtirok etish;
Yuridik maslahat markazlari va klinikalar ta'sis etish;
Jismoniy va yuridik shaxslarga maslahat va axborot berish;
Sud ishlarida da'vogar sifatida qatnashish va hokazo.
Federatsiyaning huquqlari:
Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish borasida jamoat nazoratini amalga oshirish;
Iste'molchilar manfaatlari yuzasidan davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga murojaat qilish va takliflar bildirish;
Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish yuzasidan tashabbuskorlik ko'rsatish;
O'z a'zolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash, himoya qilish;
Iste'molchilar huquqiga taalluqli me'yoriy - huquqiy hujjatlar ishlab chiqishda qonunchilikda belgilangan tartibda qatnashish;
Iste'molchilar manfaati yo'lida uy - joy qurilish, loyiha - konstruktorlik, baholash va yakka tartibdagi loyihalarni ishlab chiqish;
Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish va targ'ib qilish maqsadida monitoringlar, ijtimoiy so'rovlar va boshqa tadbirlarni o'tkazish;
O'zining ramziy belgilarini ta'sis etish;
Ommaviy axborot vositalarini ta'sis etish hamda belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
O'z faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan yig'ilishlar, konferentsiyalar o'tkazish;
Mulkiy huquqqa egalik qilish, o'z mol - mulkini sotish, almashtirish, sotib olish, balansiga olish va undan chiqarish hamda ijaraga berish va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |