Ta’lim vositalari. Ta’lim jarayonida qo’llaniladigan vositalar ta’lim samaradorligini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.
Ta’lim vositalari - o’quv materialini ko’rgazmali taqdim etish va shu bilan birga o’qitish samaradorligini oshiruvchi yordamchi materiallar hisoblanadi.
Ta’limning texnik vositalari (TTV) - o’quv materialini ko’rgazmali namoyish etishga, uni tizimli yetkazib berishga yordam beradi; talabalarga o’quv materialini tushunishlariga va yaxshi eslab qolishlariga imkon beradi.
Yordamchi ta’lim vositalari (YoTV) – grafiklar, chizmalar, namunalar va h.k. boshq.
O’quv - uslubiy materiallar (O’UM) - o’quv materiallar, o’zlashtirilgan o’quv materiallarini mustahkamlash uchun mashqlar. Bular talabalarning mustaqil ishlarini faollashtirishga yordam beradilar
O’qitishning asosiy vositalari – bu asosiy o’quv mazmuniga ega bo’lgan rejalar, o’quv dasturlari, darslik va o’quv qo’llanmalaridir.
O’qitishning qo’shimcha vositalari – bu ta’lim oluvchilardagi bilim, ko’nikma va malakalarni shakllantiruvchi masalalar, mashqlar to’plami, ma’lumotnomalar, tarqatma materiallar, ko’rsatmali va ko’rgazmali vositalar, disketlar, EHM va boshqalardir.
O’qitishni takomillashtiruvchi dastur vositalari – bu mutaxassislar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan va predmetdagi tegishli mavzular bo’yicha dars jarayonini takomillashtirishga imkon beruvchi intellektuallashtirilgan dasturlar va uni amaliyotga joriy etishga sharoit yaratuvchi dasturiy – texnik vositalardir.
Demak, ta’lim vositalari muayyan o’qitish metodi yoki usullarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur bo’lgan yordamchi o’quv materialidir. Ular: asbob – uskunalar, dastgohlar, labaratoriya jihozlari, axborot – kommunikatsion texnologiyalari vositalari, ko’rsatmali qurollar, rasmiy belgilar, maketlar, darslik va o’quv qo’llanmalari, uslubiy tavsiyanomalar va ko’rsatmalar, radio, televidenie va internet tarmog’i va shu kabilar.
Ta’lim jarayonida o’qitish vositalaridan foydalanish tabiiy yoki tasviriy ko’rgazma materiallari (predmet, sxema, tashkiliy – tuzilmaviy modelь, diagramma, gistogramma, sur’at va h.k.), labaratoriya yoki demonstratsiya (namoyishli) mashg’ulotlarida qo’llaniladigan asbob – uskunalari, o’quv qurollari, maketlar, shuningdek, mavzuga oid dalillar (spravochnik ma’lumotlar, ta’rif, qonun, qoida, tamoyil, xossa, xususiyat, formula va h.k.)ning dars jarayonida ishlatilishini anglatadi.
Ta’lim jarayonida va uni olib borishning samaradorligini oshirishda ta’lim shakli, turi, metod va vositalarining alohida – alohida ahamiyatlari bor. Bu borada ta’limda ko’rgazmalilik metodini amaliyotda joriy etishda ta’lim vositalarining o’rni va roli beqiyos bo’lib, ta’limda ko’rgazmalilik metodining quyidagi turlaridan foydalaniladi: namoyish etish; tasvirlash va ekskursiya. Bundagi namoyish etish va ekskursiya metodlari ta’lim oluvchilarning o’quv materiallarini aniq obrazlar orqali bevosita idrok qilishlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
O’quv materiallarining og’zaki bayon qilish metodining asosiy turlaridan biri – bu darslik va kitob bilan ishlash turidir. Bunda o’quv adabiyotlari bilan ishlash murakkab psixologik jarayondir. U ta’lim jarayonida ta’lim beruvchi tomonidan bayon qilingan bilimlarni o’quv materiallarini kitob matnidan ko’rib, ongli idrok qilish faoliyatini rivojlantirishni ham nazarda tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |