BOLALARNI MAKTABGACHA TA'LIM TIZIMIGA QABUL QILISH
Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha elektron ariza yuborish davlat xizmati
Mamlakatimizda “Elektron hukumat” tizimining joriy etilishi davlat hokimiyati organlari ishi samaradorligini oshirishda ulkan qadam bo‘ldi. Bugungi kunda yurtimiz fuqarolari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali taqdim etilayotgan elektron xizmatlardan unumli foydalanib kelmoqdalar.
Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha elektron arizalar joriy yilning 1-aprel sanasidan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida qabul qilinishni boshlanganiga qaramasdan, ushbu xizmatdan foydalanganlar soni jadallik bilan o‘sib bormoqda. Elektron xizmatlar davlat budjeti xarajatlarini tejabgina qolmasdan, butun davlat va aholi uchun bir qancha qulayliklar va imtiyozlar manbasi vazifasini o‘tamoqda.
Hozirgi kunga qadar Davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qabul qilish xizmati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017-yil 12-dekabrdagi PF-5278-son Farmoniga muvofiq elektron tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YaIDXP) va Davlat xizmatlari markazlari (keyingi o‘rinlarda — DXM) orqali ko‘rsatilmoqda. Ushbu xizmatni ko‘rsatish YaIDXPda joriy etilgunga qadar, Xalq ta’limi vazirining 2007-yil 28-noyabrdagi 297-sonli buyrug‘iga asoslanib bolalar Davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilingan. Unga ko‘ra yurtimizda Maktabgacha ta’lim muassasasiga bolalar 2 yoshdan boshlab 6-7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qabul qilish tumanlar (shaharlar) hokimlarining qarori bilan tashkil etiladigan xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlari huzuridagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qabul qilish bo‘yicha qabul komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Qabul komissiyasi) tomonidan amalga oshiriladi. Qabul komissiyasi haftada ikki marta, ya’ni, seshanba va juma kunlari bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirish masalasida fuqarolarni qabul qiladi.
Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish xizmatining an’anaviy ko‘rinishi
Maktabgacha ta’lim muassasasiga yo‘llanma olish uchun ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
— maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha yo‘llanma berish to‘g‘risida ariza;
— bolaning tug‘ilganligi haqidagi guvohnomasining nusxasi;
— bolaning otasi yoki onasining pasporti nusxasi;
— turar-joyidan shu manzilda ushbu oilaning yashashi haqida fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlaridan ma’lumotnoma;
— ota-onasining (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) ish joyidan ma’lumotnoma (ishlamaydigan ota-onalar bundan mustasno).
Qabul komissiyasi, shuningdek, ota-onalari maktabgacha ta’lim muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda yordam bergan bolalarni istisno tarzida navbatdan tashqari qabul qilishi mumkin. Bunday bolalar kontingenti maktabgacha ta’lim muassasasi rejasidagi quvvati umumiy sonining 20 foizidan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilishda imtiyozlardan foydalanuvchi bolalarning ota-onalari (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) qabul komissiyasiga Davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qabul qilish bo‘yicha qabul komissiyasining faoliyat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan hujjatlardan tashqari quyidagi hujjatlarni qo‘shimcha ravishda taqdim etadi:
— I va II guruh nogironligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
— ko‘p farzandli oila ekanligi to‘g‘risida turar-joyidagi fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlaridan ma’lumotnoma;
— talabalar uchun ta’lim muassasasidan ma’lumotnoma;
— homiylar to‘g‘risida — maktabgacha ta’lim muassasasining rahbariyati va kasaba uyushmasi tomonidan tasdiqlangan homiylik yordami ko‘rsatilganligi haqidagi dalolatnoma;
— pedagoglar — ish joyidan ma’lumotnoma.
Yo‘llanma olish uchun taqdim etilgan hujjatlar qabul komissiyasi tomonidan 7 kunlik muddat ichida ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilinadi va bu haqda 3 kunlik muddat ichida ariza beruvchilarga ma’lum qilinadi.
Ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) tanlagan maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘sh o‘rin (joy) bo‘lmagan hollarda ularning hujjatlari qabul komissiyasining qaroriga asosan yo‘llanma olish uchun navbatga qo‘yiladi yoki ota-onalarning (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) xohishiga ko‘ra tegishli hududdagi bo‘sh o‘rin (joy) mavjud bo‘lgan hamda ular tanlagan maktabgacha ta’lim muassasasiga yaqin masofada joylashgan boshqa maktabgacha ta’lim muassasasiga yo‘llanma beriladi. Ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) 15 kunlik muddatda olingan yo‘llanmani maktabgacha ta’lim muassasasiga taqdim etishi shart. Ushbu muddat ichida yo‘llanma tegishli maktabgacha ta’lim muassasasiga taqdim etilmasa, mazkur yo‘llanma o‘z kuchini yo‘qotadi.
Elektron shaklda yoki DXM orqali bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish uchun ariza berish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-son qarorida Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti va unda ushbu xizmatni ko‘rsatish tartiblari belgilab qo‘yilgan. Bu esa aholining ushbu davlat xizmatidan foydalanishda duch keladigan qiyinchilik va byurokratik to‘siqlarni kamaytirdi.
Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (arizachilar) yo‘llanmalar olish uchun DXMga o‘zi kelgan holda murojaat qiladilar yoki elektron tarzda davlat xizmatlari olish uchun YaIDXPda ro‘yxatga olinadilar. Davlat xizmatlari markazlari va YaIDXP arizachilarni davlat xizmatlari olish uchun elektron raqamli imzoning (keyingi o‘rinlarda – ERI) albatta mavjud bo‘lishi to‘g‘risida oldindan xabardor qiladilar. O‘zi kelgan holda, murojaat qilingan taqdirda Davlat xizmatlari markazi xodimi arizachi nomidan, YaIDXP orqali murojaat qilingan taqdirda esa arizachi davlat xizmatlari olish uchun anketani elektron tarzda, mustaqil ravishda, vakolatli organning rasmiy veb-saytida joylashtirilgan ma’lumotdan foydalangan holda shaklni to‘ldiradi. Ushbu xizmat bepul amalga oshiriladi.
YaIDXP orqali xizmatidan foydalanish uchun quyidagi amallar bajariladi:
1-qadam. Arizachining ma’lumotlari bo‘yicha ushbu maydonlar to‘ldiriladi:
— Bolaga aloqadorligi(ota-ona yoki vasiy),
— ota-onaning ish joyi,
— pasport seriyasi va raqami,
— STIR raqami,
— arizachining manzili,
— telefon raqami va elekron pochta.
2-qadam. Bola haqida ma’lumot:
— bolaning F.I.O,
— jinsi,
— tug‘ilganlik haqida guvohnomaning rekvizitlari(seriya va raqami)
3-qadam. Muassasa to‘g‘risida:
— manzil,
— tuman(shahar),
— Muassasa raqami,
— murojaat maqsadi (bu holatda variant tanlanadi).
— yo‘llanma olish.
— navbatga turish.
4-qadam. Imtiyoz huquqi mavjud(imtiyoz huquqi mavjud ekanligi to‘g‘risida ma’lumot (mavjud bo‘lsa) kiritiladi).
5-qadam. Anketa rasmiylashtirilgandan va unga zarur ma’lumotlar kiritilgandan keyin arizachi uni ERI bilan tasdiqlaydi.
Shaxsan tashrif buyurgan holda murojaat qilingan taqdirdа Davlat xizmatlari markazlari anketa to‘ldirilgan vaqtdan boshlab bir soat mobaynida uni vakolatli organga yuboradi. Vakolatli organ anketa kelib tushgandan boshlab bir ish kuni mobaynida:
1) yo‘llanmani rasmiylashtiradi — yo‘llanma olish uchun murojaat qilingan holatlarda;
2) anketani tegishli ravishda umumiy yoki imtiyozli ro‘yxatga kiritadi, shuningdek, xabarnomani rasmiylashtiradi — navbatga kiritish uchun murojaat qilingan holatlarda;
3) Yo‘llanmani rasmiylashtiradi va anketani tegishli ravishda umumiy yoki imtiyozli ro‘yxatga kiritadi, shuningdek, xabarnomani rasmiylashtiradi — yo‘llanma olish uchun bitta muassasaga murojaat qilingan va ayni bir vaqtda, navbatga kiritish uchun boshqa muassasaga murojaat qilingan holatlarda;
4) ushbu bandda nazarda tutilgan xatti-harakatlarni bajarish chog‘ida parallel ravishda, o‘z tasarrufidagi muassasalar to‘g‘risidagi axborotni rasmiy veb-saytda onlayn rejimida yangilaydi.
Vakolatli organ yo‘llanma va xabarnoma rasmiylashtirilgan kuni uni o‘zining ERI bilan tasdiqlaydi va muassasaga, shuningdek, davlat xizmatlari markaziga (o‘zi kelgan holda murojaat qilinganda) yoki arizachiga (elektron tarzda murojaat qilinganda) YaIDXP orqali elektron tarzda yuboradi. Davlat xizmatlari markazi yo‘llanma yoki xabarnoma kelib tushgandan keyin bir soat mobaynida uni o‘zi kelgan holda murojaat etilganda o‘z muhrini qo‘ygan holda arizachiga beradi. Bolalarni muassasaga qabul qilish yo‘llanmalar kelib tushgan yoki taqdim etilgan kundan boshlab bir ish kuni mobaynida, belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi. Arizachi bolalarni muassasaga qabul qilish yo‘llanmasini olgandan keyin 15 kun mobaynida rasmiylashtirmasa, yo‘llanma o‘z kuchini yo‘qotadi.
Hozirgi kunda Maktabgacha ta’lim vazirligi vazifalarini raqamlashtirish va maqbullashtirish ishlari faol olib borilmoqda. Bu esa sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatish va Vazirlik faoliyatining samaradorligiga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |