Jumla urg‘ulari va mantiqiy urg‘ular – ifodalanayotgan mazmunga qarab alohida so‘zlar (mantiqiy urg‘u) yoki guruh so‘zlarni (jumla urg‘ulari) pauzalar, ovoz tonini balandlatish bilan ajratib, uzoq va katta kuch bilan talaffuz etishdir.
Nutq tembri – so‘zlarning tovlanishi, emotsional holatni (qayg‘uli, xafaqon, quvnoq va hokazolar) anglatadi.
Ma’nodorlikning ushbu vositalari yordamida fikrlar tugallanishi, aytilgan fikrning asosiy mazmuni o‘zgarishi, u qo‘shimcha ahamiyat kasb etishi mumkin Nutqning intonatsion ma’nodorligini tarbiyalash ustida ishlash taqlid qilish asosida olib boriladi. Tarbiyachi bolalarga she’rni yod oldirishda, qayta hikoya qilishda o‘zi nutqning intonatsion vositalaridan keng foydalanadi va bolalar diqqatini nutqning ma’nodorligiga yo‘naltiradi. Bolalar tarbiyachining to‘g‘ri, intonatsion, ma’nodor (ifodali) nutqini eshitib, o‘zlari ham nutqlarida mustaqil ravishda kerakli intonatsiyalardan foydalana boshlaydilar
Bu ish mazmuni kichik guruhlarda alohida ahamiyatga ega. Chunki bu yoshdagi bolalarning ko‘pchiligi so‘zning bo‘g‘in tarkibini buzib talaffuz etadilar. To‘g‘ri so‘z tarkibini saqlash uchun shoshilmay, tekis so‘zlash zarur. Bolalarda bu sifatlar matnidagi so‘zlar jo‘r bo‘lib aytiladigan o‘yinlar, oddiy taqlidiy so‘zlarni sekin o‘qib berish (aytib berish) orqali tarbiyalanadi. So‘zni talaffuz etish ustida ishlash uchun ta’limiy o‘yinlardan (“Do‘kon”, “Bu nima?”) foydalaniladi. Ta’limiy o‘yinlarni kichik guruhlarda tashkil etishda avval nomi osonlik bilan aytiladigan (ikki bo‘g‘imdan iborat bo‘lgan so‘zlar: kubik, mushuk, quyon, kuchuk va boshqalar, so‘ngra murakkabroq so‘zlardan) o‘yinchoqlardan foydalaniladi.
Talaffuzi murakkab bo‘lgan so‘zlarni quyidagi o‘yinlar orqali talaffuz etishga o‘rgatish mumkin: “Top, men nima dedim?”, “Telefon”, “Yo‘qlama” va boshqalar. Katta guruhlarda ushbu o‘yinlardan tashqari “Kim yaxshiroq aytadi?” musobaqamashqi o‘tkaziladi. Musobaqa-mashqda birdaniga 2 ta zveno (har bir zvenoda 2 – 3 ta bola bo‘ladi) qatnashadi. Bir zveno murakkab so‘zlar va so‘z birikmalarini talaffuz etadi: issiq choy, termometr, trolleybusda, akvariumda, nordon anor, achchiq garmdori, plastmassali; boshqa zveno ushbu so‘zlarni diqqat bilan tinglaydi, so‘ngra ular murakkab so‘zlarni talaffuz etadilar. Agar katta guruh bolalari qiyin so‘zlarni buzib talaffuz etsalar, masalan, bidon, suvoq, maymunjon, magnitofon, tipratikan, motoroller va boshqalar – bu so‘zlarni “Gapni oxiriga yetkaz” nomli so‘zli o‘yin va mashqning tarkibiga, qisqa ta’limiy hikoyalarga kiritish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |