Haqiqat – bu inson bilimlarida borliqning to‘g‘ri in’ikos etishi, predmet va hodisalar asli qanday bo‘lsa, ularni inson o‘z miyasida xuddi shunday in’ikos ettirgan bilimlardir. Haqiqat - bu borliqdagi predmet va hodisalar yoki ularning belgi va xususiyatlarini o‘zi emas, balki ular haqidagi inson bilimlarining o‘sha
predmet va hodisalarning asliga ularning belgi va xususiyatlariga mos kelishidir.
Inson o‘z bilish jarayonida kashf etgan tabiat va jamiyat qonunlari haqiqatlardir. Ular o‘zlari ifodalagan mazmunlariga ko‘ra, bir jihatdan insonga, uning ongiga
bog‘liq bo‘lmasa ham, boshqa jihatdan, ya’ni inson fikrida ifodalanish shakliga ko‘ra sub’ektivdir; inson ularni o‘z ongida aks ettiradi. Haqiqatdan ham, bizning sezgilarimiz, idrok va tasavvurlarimiz, tafakkurimiz va bir butun ongimiz ob’ektiv borliqdagi predmet va hodisalarni to‘g‘ri in’ikos ettiradi, ular o‘z mazmunlari jihatidan Shu predmet va hodisalarga mos keladi.
Falsafa tarixida haqiqat (bilimlarning haqiqiyligi) muammosi qadimgi
davrlardayoq ta’riflangan. “Avesto”da haqiqat oliy sharofatdir deyiladi. Darhaqiqat insoniyat doimo haqiqatga intilgan. Zero haqiqat adolatga, sharofatga eltadigan buyuk qudrat. Aristotel fikricha haqiqat – mulohazalar va amaldagi holat o‘rtasidagi muvofiqlikdir.
Platon haqiqatni g‘oyalar dunyosiga mos keluvchi g‘ayritabiiy mustaqil ideal mohiyat sifatida tushungan, inson bilimi jonning shu g‘oyalar dunyosi bilan mushtarakligi darajasidagina haqiqiydir, deb hisoblagan.
Foma Akvinskiy haqiqat yolg‘on narsalarda emas, balki aqlda mavjud bo‘ladi, har bir narsa o‘zi bog‘liq bo‘lgan aqlga munosabati darajasidagina haqiqiy deb nomlanishi mumkin, deb qayd etgan.
Beruniy fikricha, haqiqat bilimning voqelikka muvofiqligidir. Forobiy
fikricha, haqiqatni bilish aqlning kamolotiga bog‘liq. Bu aql inson qalbidadir, uning kamolotiga esa faol aqlga qo‘shilish orqali erishiladi. Faol aqlda borliqning eng oliy darajasi bo‘lgan. Birinchi sababdan boshlab to oxirgi haqiqatning barcha sura shakllari mavjud. Shuningdek Forobiy va uning izdoshlari fikricha, haqiqat bir nechta bo‘lishi mumkin emas, haqiqat bitta, Shu bois falsafa ham bir nechta bo‘lishi mumkin emas. Forobiy haqiqatning o‘zgarmasligiga ishongan va falsafani haqiqatning birdan bir ifodasi deb hisoblagan23.
Haqiqatning korrespondent, kogerent va pragmatik konsepsiyalari mavjud. Ularning har biri fanda rivojlanish jarayonida katta qiyinchiliklarga duch keladi.
Haqiqatning korrespondent konsepsiyasi nazariyaning tajribada olingan ma’lumotlarga muvofiq bo‘lishini talab qiladi. Bu talab fanda qabul qilinadi, u taklif qilinayotgan gipoteza fan sohasiga taalluqli yoki taalluqli emasligini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kogerent (nazariy) konsepsiya eksperimentga muvofiq bo‘lishi, unga zid kelmasligi, uning natijalarini bashorat qilish imkonini berishi lozim. Masalan,
neopozitivistlar eksperimentni nazariya to‘g‘ri ekanligining mukammal tavsifi deb hisoblaganlar. Nazariya eksperimentda tekshiriladi, verifikatsiya qilinadi: u yo mazkur sinovdan muvaffaqiyat bilan o‘tadi, yo o‘tmaydi; u yo to‘g‘ri, yo noto‘g‘ri. K.Popper bu fikrda kamchilik topdi: hamonki nazariyalar ertami, kechmi inkor etilar,
falsifikatsiya qilinar ekan, ularning eksperimentga avvalgi muvofiqliklari amalda haqiqiy sinov hisoblanmaydi. Popperga e’tiroz bildirish mumkin: agar nazariya eksperimentda olingan ayrim ma’lumotlar bilan ziddiyatga kirishgan bo‘lsa, bu nazariyadan mazkur ma’lumotlarni sharhlash uchun foydalanish mumkin emas, biroq
u boshqa eksperimental ma’lumotlar uchun o‘z ahamiyatini saqlab qoladi. Fanda yangi nazariya eskisini doim ham istisno etavermaydi. Fizikada ba’zi bir fizik hodisalarni talqin qilish uchun Nyuton mexanikasidan hozirgacha foydalaniladi.
Vaholanki, u eng yangi fizik nazariyalar bilan rad etilgan. Nyuton mexanikasi nisbiylik nazariyasi va kvant fizikasining ayrim, nisbatan sodda ko‘rinishi sifatida o‘z ahamiyatini saqlab qolgan.
Shuni ta’kidlash lozimki, eksperimentda nazariyaning u yoki bu ayrim qoidasi emas, balki umuman nazariya sinovdan o‘tadi yoki rad etiladi. Har qanday muayyan qoida umuman nazariya mahsulidir. Shu sababli eksperiment butun nazariyaga
nisbatan tatbiq etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |