Aqliy bilishning dastlabki shakli hukmlardir.
Hukm - aqliy bilishning shunday fikriy shakliki, unda borliqdagi muayyan predmet va hodisalar, ular o‘rtasidagi bog‘lanish va aloqadorliklar haqida tasdiq yoki inkor fikr ifodalanadi. Inson o‘z tafakkurida bir yoki bir necha hukmlarni mantiqiy o‘zaro bog‘lab, turli usullar asosida ularning eng muhim xususiyatlarini ajratib olib, biror tushuncha hosil qiladi.
Aqliy bilishning navbatdagi shakli tushunchadir.
Tushuncha predmet va hodisalar, ularning muhim va zaruriy belgi va xususiyatlarining umumlashtirilgan, mavhumlashtirilgan va ayni chog‘da aniqlashtirilgan fikriy obrazidir. Masalan, «inson», tushunchasini olaylik. Bu tushuncha hamma kishilik jamiyatiga xos bo‘lgan, mehnat qiluvchi, mehnat qurollari va mehnat vositalarini yaratuvchi hamda ular asosida moddiy va ma’naviy ne’matlarni ishlab chiquvchi: ong, tafakkur, til va nutq kabi muhim va zarur belgi va xususiyatlarga ega bo‘lgan bioijtimoiy mavjudot insonning fikri shaklidir.
Xulosa chiqarish esa aqliy bilishning shunday shakliki, unda bir yoki bir necha hukmlar asosida yangi hukm- yangi fikr hosil bo‘ladi. Xulosa chiqarish inson aqliy bilish bosqichining yukori shaklidir.
Sub’ekt – bu bilish faolligining manbai. Sub’ekt deganda odatda individ tushuniladi. Biroq bu uncha to‘g‘ri emas. Sub’ekt – bu, albatta, avvalo bilish qobiliyatiga ega bo‘lgan individ. Sub’ekt – bu mikroguruh, ijtimoiy guruh sinf, jamiyat hamdir. Tafakkur jarayoni amalga oshadigan bosh miya po‘stlog‘ida tafakkur muayyan insonning harakatlari, uning kechinmalari, his-tuyg‘ulariga qaratilishi mumkin: bu holda ong o‘zining alohida jihati – o‘zlikni anglash sifatida amal qiladi, tafakkur (individ doirasida) nimaga qaratilgan bo‘lsa, shu ob’ekt bo‘ladi.
Ob’ekt – bu sub’ektning bilish faoliyati qaratilgan narsa yoki hodisa. Asbob ham (o‘rganilayotgan va ta’mirlanayotganida), boshqa individ ham, individ bilan bog‘liq narsa va hodisalar ham ob’ekt bo‘lishi mumkin. «Ob’ekt» tushunchasini ob’ektiv borliq bilan aralashtirmaslik kerak. Masalan, hayvonlarning hujayralaridagi xromosomalar ular sitologiya va genetikada o‘rganish «ob’ekti»ga aylanishidan oldi ham ob’ektiv mavjud bo‘lgan, biroq kashf etilganidan keyingina o‘rganish «ob’ektlari»ga aylangan.
Bu tushunchalar nafaqat bilish faoliyati, balki amaliy baholash faoliyati bilan ham bog‘liq. Bilish faoliyatida sub’ekt ob’ektsiz, ob’ekt esa – sub’ektsiz mavjud bo‘lmaydi. Hozirgi zamon gnoseologiyasida bilish ob’ekti va predmetini farqlash odat tusini olgan. Bilish ob’ekti deganda borliqning o‘rganilayotgan amalda mavjud bo‘laklari tushuniladi.
Ma’lumki, inson tarix yaratuvchisi, sub’ekti hisoblanadi, o‘z tarixiy mavjudligining zarur shart-sharoitlari va asoslarini o‘zi yaratadi. Ijtimoiy-tarixiy bilish ob’ekti odamlar tomonidan nafaqat o‘rganiladi, balki yaratiladi ham, demak, ob’ektga aylanishdan oldin u yaratilishi, shakllantirilishi lozim.
Shunday qilib, ijtimoiy bilishda inson o‘z faoliyatining mahsuli, amaliy faol jonzot bo‘lgan o‘zi bilan ham ish ko‘radi. Bilish sub’ekti bo‘lgan inson shu tariqa uning ob’ektiga ham aylanadi. Shu ma’noda ijtimoiy bilish insonning ijtimoiy o‘zlikni anglash jarayonidir. Bunda inson tarixiy rivojlanish jarayonida yaratiladigan o‘zining ijtimoiy mohiyatini o‘zi uchun kashf etadi va o‘rganadi. Shu sababli ijtimoiy bilishda sub’ekt va ob’ektning o‘zaro aloqasi murakkablashadi, bu erda ob’ekt bir vaqtning o‘zida tarixiy ijod sub’ekti hamdir.
Insonning borliqni bilishidan asosiy maqsadlaridan biri bu haqiqatni bilishdir. Xo‘sh, haqiqat nima? Haqiqat to‘g‘risidagi falsafiy ta’limot nimadan iborat? Haqiqat masalasini ilmiy asosda hal qilishning yagona yo‘li - bu inson bilimlari bilan ob’ektiv borliqdagi real predmet va hodisalar o‘rtasidagi munosabatlarni ilmiy asosda yoritib berishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |