Mavzu: Alla hayot qo’shig’i
Darsning maqsadi:
1. O’quvchilarga “Alla” qo’shig’i haqida tushuncha berish.
2. O’quvchilarga ijodiy fikrlash, sahna ko’rinishlari tashkil etish, she’r yodlash va qo’shiq aytishni o’rgatish.
3. O’quvchilarga milliy urf – odatlarimiz, qadriyatlarimizni o’rgatish
Dars jihozlari:
Nota yo’li chizilgan doska. “Alla” qo’shig’i yozilgan plakat, ona bilan bola tasvirlangan surat, milliy cholg’u asbobi hamda magnitofon.
Darsning borishi:
O’quvchilar “Munojot” kuyi ostida sinfga kirib kelishadi va kuyni tinglaydilar. Musiqa haqida savol – javob o’tkaziladi
Yangi mavzu:
“Alla – hayot qo’shig’i”
Ona bilan bola tasvirlangan plakat doskaga ilinadi, suvrat asosida yangi mavzu bayon qilinadi.
O’qituvchi: - Bolalar, “Alla” deganda nimani tushunasiz?
Bolalar taxminan barabariga onamiz chaqaloq ukalarimizni alla aytib uxlatadi, deyishadi. To’g’ri, bolalar inson dunyoga kelar ekan, u avvalo ona allasini eshitadi. Undan orom oladi. Allani faqat onalar emas, balki buvilar, ammalar, xolalar, dunyodagi jamiki xotin –qizlarimiz aytishadi. Buvimizning aytgan allalaridan:
B eshik buving alla bo’lsin, alla,
Oltin boshing omon bo’lsin, alla,
Kelajaging porloq bo’lsin, alla,
Tonglaring oppoq bo’lsin, alla.
Ona allasi murg’ak bola qalbini sehrlab, uni hayotga undovchi qo’shiqdir. Allada ona ezgu tilaklarni tilaydi, bizni mard, botir, qo’rqmas, jasur, odobli bolalar, iboli, aqlli, mehnatsevar, qisqasi oliyjanob insonlar bo’lishimizni tilaydi. Buyuk bobokalonlarimiz Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug’bek, Ibn Sino, Al – Xorazmiy va boshqalar ham ona allasini eshitib, ruhlarida yaxshi niyatlar jo’sh urgan va buyuk kishilar bo’lish yetishishgan, desak also xato bo’lmaydi.
Kelinglar hozir chaqaloqni beshikka solish marosimini sizlar bilan amalga oshiramiz. Davraga 3 ta qiz, yana 2 momo va kelin chiqadi. Chaqaloqqa Mustaqiljon deb ism qo’yishadi. Mustaqiljonni beshikka solish marosimiga kelgan mehmonlar chaqaloqni bir – bir qo’lalriga olib, yaxshi tilaklarni aytishadi va beshikka soladilar. Yosh kelinga alla aytishni momo o’rgatadi. So’ng Mustaqiljon uxlab qoladi. Mehmonlar ketishga hozirlanib, qo’l ochib duo qiladilar. Sahna ko’rinishi tugaydi. So’ng o’quvchilarga alla matni yozdiriladi.
A lla
Alla aytsam, ovungin,
Oppoq qo’zim, alla.
Beshigingda quvongin
Jonim bolam, alla.
Alla bolam, alla – yo,
Qo’zichog’im alla – yo.
Onasining erkasi,
O vunchog’im, alla – yo.
Alla qilgin, alla – yo,
Asal bolam, alla – yo,
Qora ko’zim, ovunchog’im,
Duru la’ldur, alla – yo.
Alla bolam, alla –yo,
Asal bolam, alla – yo,
Onasining erkasi
Ovunchog’im alla – yo.
“Alla” matni yozib bo’lingandan keyin ovoz sozlash mashqlarini bajaramiz. Ovoz sozlash mashqlarini 5 – 6 marta takrorlaymiz. Keyin allani o’qituvchi beshikni tebratib, ohista va sekin aytib ko’rsatadi.
Alla xor bo’lib, keyin yakka holda qatorlararo kuylanadi. O’quvchilar kuylashni o’rganib olganlaridan keyin doira zo’rligida kuylaydilar. Doirani o’qituvchi sekin chertib turadi. O’quvchilar ovozlarini quyidagi turlarga ajratib oladi.
Mayin, yumshoq ovozlar
Ingichka, jarangli ovozlar
Yo’g’on, qattiq ovozlar
Har tur ovoz egalariga alohida alla ayttiriladi. Ularning ovozlarida uchrab turadigan nuqsonlar tuzatib boriladi. Keyin yoshlar o’zlari yodlagan qo’shiqlardan aytadilar, raqsga tushishadi.
Darsni mustahkamlash uchun savollar:
Alla haqida nimalarni bilib oldingiz?
Alla qanday ohangda kuylanadi? Tezmi yoki sekinmi?
Alla haqida qanday rivoyatlar, hadislar, maqollar bilasiz?
Shu o’rinda o’qituvchi hikmatli so’zlardan, hadislardan namunalar keltiradi.
Bolalarga milliy urf – odatlarimiz, qadriyatlarimiz haqida gapirib beriladi va eslarida saqlab qolishga da’vat etiladi. Radio va televideniye orqali “Alla” tinglaganda uning ismi va ohangini eslab qolishga harakat qilish, matnini yodda tutish uyga vazifa qilib beriladi.
Dars nihoyasida darsda faol qatnashganlarni baholash mumkin. Dars so’ngida tanlangan musiqa sadolari ostida o’quvchilar tartib bilan sinfdan chiqadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |