Mavzu: Nodira lirikasi.
R E J A:
Nodiraning hayot yo’li.
Shoira ijodi to’g’risida.
Yorsiz ko’ngil nolalari.
Nodiraning hayot yo'li. Asli ismi Mohlaroyim bo'lib, Andijon hokimi Rahmonqulbiyning qizidir. Otasi Qo'qon xonligida yetakchi mavqeda bo'lgan ming urug'ining e'tiborli kishilandan edi. U qizini har tomonlama yetuk tarbiya topishiga alohida e'tibor berdi. Go'zal va oqila Mohlaroyimning ta'rifi atrofga yoyila bordi. Uning ta'rifini eshitgan Marg'ilonning yigirma yoshli hokimi, Qo'qon xoni Norbo'tabiyning o'g'li Umarbek 1808- yilda unga uylanadi. 1810-yilda Olimxon o'ldirilgandan so'ng, Umarbek akasining o'rniga xon qilib ko'tariladi. Umarxon va Mohlaroyim birgalikda qisqa, lekin baxtiyor va mazmunli hayot kechirdilar. Ulardan Muhammad Alixon va Sulton Mahmud ismli o'g'illar tug'ildi.
1822-yilda Amir Umarxon vafot etadi. Bu endigina o'ttiz yoshga kirgan shoira uchun og'ir hayot zarbasi edi. Lekin u o'zini yo'qotmadi, ayriliqdan sarosimaga tushmadi Iroda kuchini to'plab, o'n to'rt yashar o'g'li Muhammad Alixonni otasining o'rniga xon qilib ko'tardi. Uning yonida maslahatchi va ko'makchiday bo'lib tursada, aslida mamlakat mas'uliyatini, xalq tashvishini o'z zimmasiga olgan edi. Uzlat, Mahjur taxalluslari bilan ko'plab asarlar yozgan shoir Nodir o'zining "Haft gulshan" ("Yetti gulshan") dostonida uni "Bilqisi mamoliki jahondur" (jahon mamlakatlarining Bilqisi) deb atagan edi.
Nodira ijod ahlini o'ziga yaqin tutuvchi inson sifatida qalam tutgan ayollarni atrofiga jipslashtirdi, ularga homiylik qildi. Natijada Qo'qonda ayollardan ham iborat adabiy muhit vujudga keldi. Shoir Nodirning "Haft gulshan" asarida shunday satrlar bor:
Yig'ibon har tarafdin necha xotun,
Barisi fazl-u donish ichra otun.
Bari Zebunisodek erdi shoir,
Bari Maryam kabi zuhd ichra mohir.
Banning fahmi bir-birdin fuzunroq,
Banning ilmi bir-birdin uzunroq.
1842-yilda Buxoro amiri Nasrulloxon Qo'qonda islom ahkomlari oyoq osti qilindi deb e'lon qildi va shariatni tiklamoq iddaosi bilan mamlakatga bostirib kirdi. Shoiraning o'g'illari: Muhammad Alixon, Sulton Mahmudxon va o'n ikki yoshli nabirasi Muhammad Aminni Nodirabegim ko'zi oldida qatl etdi. So'ng Nodiraning o'zini ham azoblab o'ldirtirdi.
Shoira ijodi to'g'risida. Yuksak iqtidor egasi bo'lmish shoira asarlarida "Nodira", "Komila", "Maknuna" (yashirin) taxalluslarini qo'llagan. U zullisonaynlik an'anasini davom ettirib, o'zbek va tojik tillarida ijod etdi. Forscha she'rlariga ko'pincha keyingi ikki taxallusini qo'ygan. Mutaxassislarning fikricha, asarlarining umumiy miqdori o'n ming misraga yaqin.
Nodira sohibi devon ijodkordir. Mumtoz adabiyotning bir qator janrlarida barakali ijod qilgan shoira avvalo ishq kuychisi sifati namoyon bo'ladi. "Et" radifli g'azalida yozadi:
Kuyib, ey Nodira, olam eliga
Muhabbat shevasini oshkor et.
Ko'rinadiki, Nodiraning hayot va ijoddagi maqsadi muhabbat shevasini olam ahliga oshkor etishdan, ularga muhabbatdan saboq berishdan iborat. U ishq talqinida ijod va ma'naviyatda ustozi avval bo'lgan Ahmad Yassaviyga ergashadi. Agar piri Turkiston bo'lmish Yassaviy "Ishqsiz odam hayvon jinsi muni biling", "Ishqsizlarning ham joni yo'q, iymoni yo'q" deb bong urgan bo'lsa, Nodira
Muhabbatsiz kishi odam emasdur,
Gar odamsan, muhabbat ixtiyor et, —
kabi unga hamohang baytlar bitadi. Bu oliy tuyg'uni ibodat darajasida biladi va "ishq namozini ado" etishini bildiradi.
Nodira, avvalo, majoziy muhabbatni tarannum etadi. Chunki majozda komil bo'lmay, haqiqatga yuksalib bo'lmaydi. Shuning uchun g'azallarida o'z yaqinlari, uni qurshab turgan ko'ngildosh kishilarga mehrini, muhabbatini bayon etadi. Ayniqsa, turmush o'rtog'i, ijodda ustozi, hayotda suyanchig'i bo'lmish Amiriy — Umarbekka bag'ishlab yozgan she'rlari talaygina.
Amir Umarxonning vafoti Nodiraga cheksiz iztiroblar, so'ngsiz qayg'ular olib keldi. Bu shoira she'riyatida anduh, g'am, hijron ohanglarimng yuzaga kelishiga sabab bo'ldi. Shoira bir g'azalida:
Vasl uyin obod qildim, buzdi hijron oqibat,
Seli g'amdin bu imorat bo'ldi vayron oqibat, — deya ayriliq asoratlarini chizsa, boshqasida:
Nigori gulbadanimni tushimda ko'rsam edim,
Labi shakkar shikanimni tushimda ko'rsam edim, — kabi misralarda ilojsizlik ohangida zo'r qayg'u bilan ojiz ilinjlarni bayon etadi. Shu tariqa qonli ko'z yoshlarni siyoh qilib dildagi ohlarini qog'ozga yozib,biroz bo'lsada ko'nglini bo'shatmoqchi bo'ladi.
Nodira she'riyatida didaktik xarakterdagi she'rlar ham uchraydi. Ulardan biri "ehtiyoj" radifli g'azalidir.
Qilmag'il, zinhor izhor ehtiyoj,
Kim, aziz elni qilur хот ehtiyoj.
Odam qadrini har nedan ustun deb biladigan Nodira kishi har qancha muhtoj bo'lmasin bu haqida hech kimga bildirmaslik va aytmaslikni uqtiradi. Chunki ehtiyojlarni o'zgalarga aytish, muhtojlikdan shikoyat aziz odamni ham xor etadi. Do'stlaring ehtiyojingni bilgach, sendan yuz o'girishi yoki besabrliging tufayli ko'ngillari qolishi mumkin. Buni ta'kidlagan shoira keyingi baytlardan birida: "Gar tilarsen obro' ahbob aro, Aylama zinhor izhor ehtiyoj" deb nasihat qiladi.
"Abas" (bekor, befoyda ma'nosida) radifli g'azalida pand so'zlari to'g'ridan to'g'ri hukmdorlarga qaratilgandir. Shoira she'rni keng, falsafiy miqyoslarda boshlab, e'tiborni shohlikka burib, shunday yozadi:
Fuqaro holig'a gar boqmasa har shoh, anga
Hashmat-u saltanat-u rifat-u shon, barcha abas.
Shoh uldurki, raiyyatga tarahhum qilsa,
Yo'q esa, qoidai amn-u amon, barcha abas.
Demak, xalq ahvoli hamisha shohning diqqat markazida turishi kerak. Agar shoh fuqaro holiga boqmasa, uning hashamati-yu saltanati, shon-u shuhratining hech kimga keragi yo'q. Majoziy ishq o'sib haqiqiy — ilohiy ishqqa yetganidek, Nodiraning she'rlaridagi muhabbat talqini so'fiyona mazmun kasb eta boradi. Shoira Yaratganga qarata: "Ey jamoling quyoshi (mehri) olamga oroyish, chiroy beruvchi, dunyoda ne borki jamisi, bugina emas, ularni tashkil qilgan zarralarning barchasi ham yuzungga oshiq, mast-u shaydo", deya xitob qiladi. Quyidagi baytlarda esa shoira bu dunyoning, inson hayoti mazmunining so'fiyona talqinini beradi:
Kel, dahrni imtihon etib ket,
Sayri chamani jahon etib ket...
Maqsad hi edi, jahoni kelding,
Kayfiyatini bayon etib ket...
Dunyo (dahr) imtihon maydonidir. Unda inson sinaladi, imtihon qilinadi. Ayni paytda u agar oqil bo'lsa, dunyoni, dunyo odamlarini ham sinovdan o'tkazadi. Kishi bu hayotga nega kelganligini to'g'ri anglashi kerak. Maqsad — yeb, ichib, xursandchilik qilib o'tish emas. Bu hayot insonga poklanish uchun berilgan muddat ekan, uni oqilona yashab o'tish lozim.
Ko'rinadiki, shoira she'rlarida suyukli yor izhorlari, hijron jafosidan zada ko'ngil fig'onlari, oqila malika o'gitlari, solik qalb izlanishlari zo'r samimiyat bilan aks ettirilgandir.
Yorsiz ko'ngil nolalari
Nodiraning "Yorning vasli emas ozorsiz" g'azali quyidagi satrlar bilan boshlanadi:
Yorning vasli emas ozorsiz,
Gulshan ichra gul topilmas xorsiz.
Yorning vasliga yetish hech qachon mashaqqatsiz ozorsiz bo'lmaydi. Bu go'yo gulzorda tikan (xor)siz gul bo'lmagani kabidir. Shoira fikrni aytaturib uning isbotiga tabiatdan misol topadi va shu tariqa aytganlarini dalillashga harakal qiladi. She'r ilmida bu tamsil san'ati deyiladi. Ikkinclu baytda Nodira hayotidagi og'ir yo'qotishlarni bayon eta boshlaydi:
Ul parivash vaslidin bo'ldim judo,
Rohati dil qolmadi dildorsiz.
"Parivash" so'zi orqali odatda ma'slniqa ayol ta'nt etiladi To'g'rirog'i, aksar hollarda shunday tushuniladi. Aslida bu so'z orqali jinsidan qat'iy nazar har qanday yor obrazi ifodalanishi mumkin. Parivash pariga o'xshash degan ma'noni anglatadi. Parilar asli jinlar qavmidan bo'lib, ular o'tdan yaratilganlar. Shundan kelib chiqsak, "parivash" oshiq ko'ziga o'tday yoniq ko'rinuvchi va yana ko'ngil qo'ygan kishini o'tday kuydiruvchi ma'nosi anglashiladi. Demak, Umarbekninq o'limi Nodirani hijron o'tlariga yoqib ketdi. Bu o'rinda sirtdan qaraganda noo'rin qo'llangan parivash so'zi aslida ayni o'z joyini topgan ifodadir. G'azalning uchinchi baytida an'anaviy markaziy obrazlardan biri bo'lmish ag'yor tilga olinadi:
Yor uchun ag'yor dardin tortaman,
Ko'rmadim bir yorni ag'yorsiz.
Shoira she'rda tasvir kuchini oshirish uchun qarama-qarshi so'zlar, o'zaro zid tushunchalarga asoslanadigan tazod badiiy vositasini qo'llaydi. Yor-ag'yor munosabati bir tomondan mazmunni bo'rttirsa, ikkinchi tomondan bu so'zlarning tovush tarkibidagi uyg'unlik baytga ajib bir musiqiy ohang baxsh etgan.
Tan buzuldi, endi rohat qolmadi,
Soya paydo bo'lmadi devorsiz.
Baytdagi tan buzilishi ruhiy muvozanatga ishoradir. Yordan ayrilgan, ag'yor dardini tortayotgan odamda ruhiy muvozanat buzilishi tabiiy. Bu o'znavbatida insondan halovat, rohat ketishiga sabab bo'ladi. Bu yerda ham tamsil san'ati qo'llangan bo'lib, yuqoridagi ruhiy holatni soya devorsiz paydo bo'lmasligi misoli bilan dalillaydi. Keyingi baytda an'anaga muvofiq lirik chekinish qilinadi:
Berma nisbat qaddig'a, ey bog'bon,
Sarvdur bu bog' aro raftorsiz.
Ya'ni, ey bog'bon, sen yoming tik qadini sarvga o'xshatmagin. Chunki harakatsiz, joyidan qo'zg'olmaydigan sarv qayda-yu xiromon yurish bilan barchani maftun etadigan yor qayda. Ularni bir-biriga nisbatlab bo'ladimi!? Aslo! Baytda Nodiraning an'anaviy tasvirga yangicha, o'ziga xos yondashganini ko'ramiz. Ungacha barcha shoirlar ma'shuq(a) qadini sarvga qiyoslab, go'zallik timsoli sifatida olgan bo'lsalar, bu yerda ular o'zaro qarshilantirilmoqda va hech qanday sun'iylik, mantiqsizlikka yo'l qo'yilgani yo'q. Bu yuksak badiiy mahorat belgisidir.
Nodira ahvolidin ogoh bo'ling,
Ey musohiblarki, qolmish yorsiz.
G'azal davomida ahvoli ruhiyasini baytma-bayt sharhlagan shoira maqta'da musohiblari — yaqin suhbatdosh, do'stlariga qarata o'z ahvolidan ogoh bo'lish o'tinchini aytib, she'rni mahzun kayfiyatda yakunlaydi.
Tayanch tushunchalar:
-
Nodira
"Haft gulshan"
Parivash
|
"Abas"
"Komila"
"Maknuna"
|
Savol va topshiriqlar:
Nodiraning hayoti va faoliyati haqidagi ma'lumotlarni o'rganib, shoira Uvaysiy hayoti bilan o'xshash jihatlari to'g'risida so'zlab bering.
Shoira ijodidagi qaysi she'rlar bevosita uning yashash tarzi, taqdiri bilan bog'liq deb o'ylaysiz?
Tarix fanidan olgan bilimlaringiz asosida Nasrulloxonning xatti-harakatiga baho bering.
Nodiraning milliy adabiyotimiz, madaniyatimiz tarixida tutgan o'rnini belgilang.
Adabiyotlar:
S.Matjon, Sh.Sariyev. O’zbek adabiyoti. T., 2007
B.Qosimov, N.Jumaxo’ja. O’zbek adabiyoti. 10-sinf uchun darslik.T., 2001
B.Jalilov va bosh. O’zbek adabiyoti. T., 2006
B.To’xliyev. Adabiyot . T., 2005
Mavzu: Gulxaniy. “Zarbulmasal” asari.
R E J A:
Gulxaniyning hayot yoli.
Shoir ijodi.
"Zarbulmasal" haqida.
Gulxaniy XVIII asrning oxirlari - XIX asrning birinchi yarmidagi o'ziga xos namoyandalardan bo'lib, u o'z ijodiy faoliyatida hajv va masal janrini yangi bosqichga ko'tara olgan, ham nazmda, ham nasrda go'zal badiiyat namunalarini yaratgan benazir shoir va masalnavisdir.
Gulxaniyning hayot yoli. Shoirning asl ismi Muhammad Sharif bo'lib, Gulxaniy adabiy taxallusidir. Gulxaniy XVIII asrning 70-yillarida tug'ilgan. Yoshligidan moddiy qiyinchilikda yashadi. Bo'lajak shoir tirikchilik tashvishida Qo'qonda Olimxon saltanati davrida xonning askarlari safiga qo'shiladi, ya'ni sipohiylikka yollanadi. Muhammad Sharif navkarlikda sidqidildan xizmat qiladi, janglarda faol qatnashadi. Shunday bo'lsada, xon tomonidan taqdirlanmaydi, hamisha qashshoqlikda kun kechiradi. Shoirning hayot tarzi haqida ma'lumot beruvchi manbalardan biri "Bideh" ("Ber menga") radifli 9 baytli she'ridir. Shoir bu she'rida muruvvat istab, saxovat tilab xonga murojaat qilar ekan, armonlarga to'la hayotining real manzarasini chizib beradi. Mazkur she'rda shoirning sipohiylik davridagi kayfiyatlari, og'ir turmush sharoiti yaqqol seziladi:
Hazratim ochlikdan o'ldim, yegani non ber menga,
Kofir o'lg'ayman адаr desamki, bohmon ber menga.
Hasbi hol tarzidagi mazkur g'azaldan ham ma'lum bo'ladiki, Gulxaniy nihoyatda nochor qolgan. G'azal matlaida xonga yolvorib yegani non so'ragan shoir-navkarning qalb alamlari keyingi baytlarda ochila boradi. Yalinish ohanggidagi so'rov keyingi misralarda shiddatli talablarga aylanadi. Shoir inson uchun zarur bo'lgan mosh, bug'doy, guruch berib, non bilan qornini to'yg'azishini, egniga biror yopiq berishligini qat'iy so'rab, boshqa hech narsa - qimmatbaho "aqiqu la'lu marjon" yoki "bahmon" so'ramasligini ta'kidlaydi, hatto "desam kofir o'lg'ayman" deya qasam ham ichadi. G'azal davomida shoir hukmdorning navkarlarga nisbatan muruvvatsiz ekanligini yuziga soladi. G'azalning maqta' qismida shoirning "er yigitlar qatoridan kamsitmaslik" haqidagi istagi beriladiki, bu ma'lum muddat xon Gulxaniy dunyoqarashidagi o'ziga yoqmagan jihatlari uchun uni quyi darajadagi sipohga aylantirib, shunga mos oz maosh to'lab, uni mana shunday qiyin ahvolga solib qo'ygan bo'lishi mumkin degan xulosaga kelishimizga asos bo'ladi. Mazkur g'azal Gulxaniyning navkarlik vaqtidagi ayanchli ahvolini ko'rsatuvchi avtobiografik tarzdagi she'r bo'lib qolmay, balki hukmdorga qarata yurtning posbonlariga nisbatan e'tiborliroq bo'lishligi uchun chaqiriq ham edi. Bir so'z bilan aytganda, Gulxaniyning sipohiylik yillari hayotining eng og'ir onlari edi. Lekin shunga qaramay, shoirning ilm olishi va ijod qilishi uchun qizg'in yillar bo'ldi. Olimxon vafotidan so'ng taxtga chiqqan Umarxon o'z hokimiyatini mustahkamlash va yangilash maqsadida atrofiga qalam ahllarini yig'adi. Shular qatorida Gulxaniy ham saroyga taklif qilinadi, Gulxaniy ham boshqalar kabi shoh Umarxondan ko'p yaxshiliklar kutadi, hatto buning orzusida xonga atab, uni madh qiluvchi she'rlar yozadi, ammo xonlikning qora tusdagi siyosati o'z hukmida qoladi, bundan xafsalasi pir bo'lgan shoirning saroy ahliga bo'lgan munosabati o'zgaradi. Shohni ta'riflovchi emas, unga e'tiroz bildiruvchi she'rlar yoza boshlaydi. Gulxaniy hayotining oxirgi davri haqida turlicha ma'lumotlar bor. Ba'zi manbalarda Umarxon vafotidan keyin Gulxaniy o'z vataniga qaytib ketganligi taxmin qilinsa, boshqa manbalarda uning Muhammad Alixon tomonidan aldab o'ldirilganligi haqida aytiladi. Biroq tarixiy manba sanalmish Dilshod Barnoning "Tarixi muhojiron" asarida Gulxaniyni Muhammad Alixon hukmronlik davridan avvalroq yashab o'tganligi va ellik besh yoshlar atrofida vafot etganligi haqida yoziladi. Ushbu faktik manbaga asoslanib, mutaxassislar shoirning vafot yilini Amir Umarxon hukmronligi davrida (1820 - 1822yillar oralig'ida) deb taxmin qiladilar.
Shoir ijodi. Gulxaniy - iste'dodli shoir. U o'zbek va fors-tojik tilida bemalol ijod qila olgan zullisonayn hamdir. Shoir "Gulxaniy" va "Ju’rat" taxallusi bilan she'rlar yozgan. Ayrim adabiy manbalarda shoir hammomda go'laxlik, ya'ni o't yoquvchilik qilgan, shuning uchun o'ziga "Gulxaniy" deb taxallus olgan deyiladi. Zamondoshi Fazliy esa Muhammad Sharifning o'ziga "Gulxaniy" taxallusini olish sababini shoirning devonavorligi, olovtabiatligidan kelib chiqqan deb hisoblaydi:
Xusho Gulxaniy shoiri purfanast,
Chi gulxanki, zebotar az gulshan ast
Zi devonaxo'yiyu otashfani
Taxallus nihoda ba xud Gulxaniy, —
ya'ni "Gulxaniy gulxandek shu'la tarqatuvchi san'atkor shoir. Gulxan nima bo'libdi, u gulxandan ham go'zalroq. U devona fe'lligi va otash tabiatligidan o'ziga "Gulxaniy" deb taxallus qo'ydi". Shoirning "Jur'at" taxallusini olganligi, uning jur'atli , jasur va qat'iyatli bo'lganidan nishona beradi. Gulxaniy adabiy merosini ikki turdagi asarlar - forsiy va turkiy tildagi she'rlari va " Zarbulmasal" asari tashkil qiladi. Turkiy tildagi she'rlari "Gulxaniy", forsiy tildagi she'rlari esa "Jur'at" taxallusi bilan yozilgan. Shoirni she'r va qasidalardan iborat devoni bo'lganligi haqida xabar bor, lekin u hali hanuz topilgan emas. Uning 12 ta g'azal va bir qasidasi Fazliy tazkirasi orqali bizgacha yetib kelgan. Shunga qaramasdan, bu sanoqli she'rlar shoirning badiiy mahorati haqida to'la tasavvur bera oladi. Gulxaniyning bizga ma'lum she'rlarini o'zi ham uning g'azalchilikdagi mahoratini va o'ziga xos uslubini belgilay oladi, ya'ni shoirning xos tomonlaridan biri she'rlari sodda, misralar samimiy va tushunarli, kezi kelganda xalqona:
Va'dalar qilib erding: "Shod etay seni g'amdin",
Ushbu g'amdajon berdim, qani ahdu paymonlar?!
San nechuk paridursen, topmadim so'rog'ingni,
Kezmisham quyun yanglig' vodiyu biyobonlar.
Gulxaniyni qon tortdi - azmi ko'yi yor etti,
Qatl etarga mijgonlar chekti tig'i uryonlar.
Shoirning mahorati shunda ko'rinadiki, shoir lirik qahramonining zabun holi, ma'shuqaning o'jarligi, vafosizligi, oshiqqa bergan azoblarini tasvirlovchi ishqiy manzumalarining tubida ham katta ijtimoiy mazmun, ijtimoiy voqelikka munosabat hukm suradi. Gulxaniyning mayjud she'rlari shoir ijodining badiiy mahoratini bemalol belgilay oladi. Chunonchi, shoirning "Biri" radifli g'azalida shoir o'zining poetik imkoniyatini, ijodiy salohiyatini namoyon etadi. Shoir o'zining otashin ishqini sevgilari dunyoga doston bo'lgan Farhod, Majnun kabilarning tuyg'ulariga mengzaydi, hatto o'zidagi ishq o'tini ularnikidan ko'ra haroratliroq deb ham baholaydi.
Gulxaniyning purma'no baytlarida xalq hikmatini eslatuvchi satrlar ham bor.
O'z makonin tilar hargiz qafasdin qochsa qush,
Eyki, istarsiz ko'ngulni, zulfi ham torin ko'rung.
Mumtoz adabiyotimizda "irsoli rnasal" degan san'at bor. Bu she'riyat va nasrda ifodala-nayotgan biron fikrni isbotlash uchun xalq maqolini keltirish san'ati sanaladi. She'riyatda maqol har doim ham aynan qo'llanmaydi, ko'p hollarda maqollar ma'nosi she'r mazmuniga singdiriladi. Shuningdek, yuqoridagi biz keltirgan baytda ham xuddi shunday hol mayjud, baytning birinchi misrasida xalq orasida keng qo'llaniladigan "O'z uying o'lan to'shaging" maqoli she'rning mazmuniga singdirilgan.
"Zarbulmasal" haqida. Gulxaniyning "Zarbulmasal" asari XVIII - XIX asrlar o'zbek nasrining nodir namunasi hisoblanadi. Ma'lumotlarga qaraganda, Qo'qon xoni Umarxon Gulxaniyga masal va maqollar to'plashni buyuradi. Shoir bu topshiriqni tez fursatda a'lo darajada bajaradi. U shunchaki to'plamni emas, maqol, matal va masallarni o'z ichiga olgan va yaxlit syujetga ega bo'lgan "Zarbulmasal" asarini yaratdi. Asarning "Zarbulmasal" deb nomlanishiga sabab, masal zarb qilish, tasvirlanayotgan voqealarni masal va maqollar bilan qu-vvatlab, to'ldirib zarblashdir. Mazkur asarga "Toshbaqa bilan chayon", "Tuya bilan bo'taloq", "Maymun bilan najjor" kabi masallar, 400 dan ortiq maqol va bir qancha xalqona hikmatli iboralar voqealar tavsifiga singdirib kiritilgan. Gulxaniy, asosan, turkiy tildagi maqol va matallardan foydalanadi, qisman tojikcha maqollar ham keltiradi, hatto o'zi ham hikmatona bir necha jumlalar yaratadi.
Asar nasriy tuzilishga ega, adib o'ziga xos bir usulda ichki hikoyalarni, personajlarning nutqlarini, ba'zan o'z munosabatlarini she'riy yo'lda beradiki, nasrdagi bu usul asarni yanada qiziqarli va o'quvchiga tushunarli qilib beradi. "Zarbulmasal" majoziy xarakterdagi asar bo'lib, uning qahramonlari qushlardan iborat. Gulxaniy achchiq satirik til bilan tekinxo'r bo'lgan Yapaloqqush, Kulonkir sulton, Boyo'g'li va boshqalarning asl qiyofalarini tasvir etadi. Qushlar obrazi orqali jonli xarakterlar yaratib, yaramas illatlarini, bedavo nafs kasalligiga duchor bo'lib, mol-mulk yo'lida har qanday tubanlikdan voz kechmaslik kabi salbiy xususiyatlarini ochib tashlaydi.
"Zarbulmasal"da voqealar Yappoloqqush bilan Boyo'g'lining quda-anda tutinishi bilan boshlanadi. Yappoloqqushning o'g'li Kulonkirga Boyo'g'lining qizi Gunashbonuning olib berilishi sarguzashtlari majoziy, o'tkir hajviya tarzida tasvirlanadi. Bu qudachilik voqealari qoliplovchi hikoya bo'lib, uning ichida asar qahramonlari va personajlari tilidan masal tipidagi mustaqil syujetli hikoyatlar keltiriladi. Bu esa yozuvchining o'ziga xos hikoya ichida hikoya yaratish usulidir.
Gulxaniy xalqning ahvolini yomonlashtirayotgan xudbin hukmdorlarni Yapaloqqush va Boyo'g'li obrazlari orqali ko'rsatib beradi. O'zaro urush-janjallar natijasida ularning boyliklari qo'ldan ketadi, qo'rg'onlari vayron bo'ladi. Boyo'g'li o'z qizi uchun ming chordevor vayrona so'raydi. Boyligi qo'lidan ketgan bo'lishiga qaramasdan, Yapaloqqush o'zini katta oladi. Ko'rqushning qatorlashtirib keltirgan maqollari orqali uning haqiqiy basharasi ochiladi. Kulonkir sulton ham birovga qaram odam bo'lishiga qaramasdan, dabdabali yurishlar qiladi, badavlat xonadonga kuyov bo'lib, o'z imkoniyatlarini oshirmoqchi bo'ladi. Vaholanki, uning o'zi juda pastkash va xasis. Uning ishi bilan yurgan Ko'rqushga balandparvoz gaplar qiladi, birovlardan qolgan sarqit ovqatni uning oldiga qo'yadi. Bir necha maqollar keltirib kamtarlik qilgandek bo'ladi. Ammo o'zi mehmonga qo’yilgan ovqatni yeb qo'yadi. Ko'rqush uning ochko'zlik bilan ovqat yeyishini ko'rib: "Bu nechuk osh yemakdur?.. - deb so'rasa, surbetlarcha turib: "Bizning sha'nimizda isrof bo'lmas. Nechukkim qiyomatning hisob-javobini mazmuniga boqib osh yedumki, anda ortiq halol-haromdin hisob qilar-da, bunda oz-oz olib, oxiratda hisobini ko'p berguncha, munda bir olib, anda bir javob bersam, yaxshidur", — deydi.
Adib o'z yurtining og'ir iqtisodiy ahvolini ko'rdi. Bunga befarq qarab tura olmadi. Uning safdoshi va zamondoshi Maxmur Hapalak qishlog'ining achinarli manzarasini chizib bergan bo'lsa, Gulxaniy yuzlab hapalaklarning qanday qilib, nima uchun shunday ahvolga tushib qolganligining sabablarini ochib berdi. "Zarbulmasal'da latifa shaklidagi kichik-kichik hikoya va jamiyatdagi bir qancha yuqori tabaqadagi kimsalarning qusurlarini fosh etuvchi parchalardan tashqari personajlarning nutqlarida o'z fikrlarini suhbatdoshiga yaxshiroq tushuntirish uchun "Tuya bilan Bo'taloq", "Maymun bilan najjor", "Toshbaqa bilan Chayon" masallari kiritilgan.
"Tuya bilan Bo'taloq". Bu masalda erksiz jamiyat qoralanadi, ya'ni o'z ixtiyori o'zida bo'lmagan, zulmdan ezilgan, biroq "hayot shu ekanda" deb chidab kelayotgan kishilarning obrazi berilgan. Voqeaning qisqacha mazmuni: Farg'onada bir sarbon-tuyachi yashardi, u ko'p bolali bo'lib, tirikchiligi - shu birgina tuya edi. Shu tuya orqali yuk tashib, hammollik qilib ro'zg'orini bazo'r tebratar edi. Kunlarning birida sarbon doimgiday tuyaga og'ir yukni ortib, yo'lga tushadi. Tuyaning orqasida emadigan yosh bo'talog'i ham ergashib boradi. Bechora bo'taloq onasini emolmay, onasining ketidan zorlanib ketaveradi. Bo'taloqning nolalaridan ona tuya eziladi, ammo bolasining istagini bajarish uchun iloj qilolmaydi, chunki "burunduq sarbonning qo'lida":
Aydi onosi bolasig'a boqib,
Ko'zlarining yoshlari suvdek oqib.
Ko'rki burunduq kishining qo'lida,
Bu kishining ko'zlari o'z yo'lida.
Menda agar zarra kabi ixtiyor
Bo'lsa edi, bo'lmas edim zeri bor.
Ko'rinadiki, muallif qisqa syujetli bu voqea orqali o'z manfaati evaziga o'zgalarni jabrlamaslik kerakligini uqtiradi. Buning uchun tuya yetaklovchi kishi, uning hukmi ostida bo'lgan tuya, tuyaning orqasidan zorlanib boruvchi Bo'taloq obrazlarini yaratadiki, har biriga alohida ma'no va maqsad yuklatilgan, ya'nikim, mehnatkash xalqning og'ir va zahmatli hayoti, huquqsizligi, ilojsizligi ularning birgina yo'l safari orqali ochib beriladi. Masalni o'qir ekanmiz, tuyaning og'ir mehnatda qolganidan, ilojsizligidan, Bo'taloqning zorlanishlaridan ularga rahmimiz keladi. Masaldagi qisqa metrajli bo'taloqning zorlanib borishi tuya obrazini to'ldiradi, tuya obrazi esa o'z-o'zidan sarbon obrazini to'ldiradi, bu obraz esa jamiyat hayotining to'la qonli portreti bo'lib namoyon bo'ladi.
"Maymun bilan Najjor". Mazkur masal ibratli-tarbiyaviy ahamiyatga ega. Unda hunar, uning ahamiyati haqida so'z boradi, shuningdek, har bir ishda ustoz ko'rishlikni, "ustoz ko'rmagan shogird har maqomga yo'rg'alur" maqomida ish tutmaslikni, o'zboshimchalik bilan boshlangan ish oxir-oqibatda yaxshilik bilan tugamasligini maymun va najjor obrazlari orqali tushuntiradi. Masal Kashmir o'lkasining go'zal tabiati, xushbo'y gullariyu rohatbaxsh suvlarini ta'rif - tavsif etish bilan boshlanadi:
Bor edi Kashmir navohsida tog',
Bog'i eram rashkidin ko'ksida dog'...
Zulf kabi sunbuli xushbo'lari,
Rohatijon erdi oqar suvlari
Shunday go'zal tabiat qo'ynida asar qahramoni maymun istiqomat qiladi. Yozuvchi asarning yana bir bosh qahramoni duradgor bilan ham shu yerda o'quvchilarni uchrashtiradi: bu duradgor o'z ishiga mohir va dono, "shahrning zindonidan ozod o'lub", ya'ni shaharning dimiqtiruvchi havosidan qochib, "belga suqib tesha bilan arrasin" tabiatning toza havosiga borib, bu yerda ham o'z hunarini qiladi. Duradgorlik asboblarini olib toqqa chiqqan duradgor tog'ning bir joyida teshasini unutadi va te-shasini olib kelgani ketadi. Ana shu paytda maymunning ko'zi fona qoqilgan yog'ochga tushadi, ustani boshlagan ishidan hayratlangan maymun "men daxi najjorlig'i o'rganay, bolalarim barchasiga o'rgatay" deya o'zboshimchalik bilan yog'ochning qolganini yormoqchi bo'ladi, qo'lidan kelmaydigan ishga qo'l uradi, oxir oqibat shunday voqea yuz beradi:
Jahd qilib turdi ravon borg'ali,
Ya'ni yag'och qolmishini yorg'ali.
Mindi yag'och ustiga najjordek,
Kosibi purkardai purkordek.
Ketdi hunar shavqi bila g'ussasi,
Tushdi yag'och ayrisig'a dumchasi.
Maymun "qissai pur zar emish elga hunar" deya hunarni ahamiyatini anglab, bolalariga ham o'rgatmoqchi bo'ladi. Bu yaxshi, ammo bunga ko'r- ko'rona erishib bo'lmaydi. Maymun esa ana shu yo'lni tutadi, kaltafahmligi, farosatsizligi oqibatida dumi yog'och orasiga qisilib qoladi va dumidan ayriladi. Demak, qissadan hissa shuki, "Hunar, hunardan gul unar", ammo "Ustoz ko'rmagan shogird har maqomga yo'rg'alar", shuning uchun "Qo'lingdan kelmagan ishga qo'l urma".
"Toshbaqa bilan Chayon". Bu ham ibratli, tarbiyaviy masal. Sharq folklorida va yozma adabiyotida yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlik masalalari azaldan yoritib kelingan. Gulxaniy bu an'anani o'ziga xos usulda davom ettiradi, ya'ni adibning bu masali ixcham va mazmundorligi, tanlangan qahramonlarning tashqi ko'rinishlari va ichki xislatlari bilan mos tushganligi bilan o'quvchi e'tiborini tortadi. Asar odamlarni hushyorlikka, hayotda har kimni ham do'st tutmaslikka, har kimga va har narsaga o'ta ishonuvchan bo'lmaslikka da'vat qiladi. Mazkur masal Bozanda va Navozanda nomli ikki kabutarning sarguzashtini hikoya qilish orqali bayon qilinadi. Bozanda safarga jo'nash uchun oshiqadi, shunda buni ko'rgan Navozanda "Safarga ko'p haris bo'lmaki, anda bir nuqta ziyoda bo'lsa, saqar (do'zax degani) bo'lur. Safarda rafiq kerak. Yaxshi rafiq birla safar qilsang, saodat toparsan va yomon rafiq birla shaqovat", deb so'zini tasdig'i uchun Toshbaqa (Sangpusht) bilan Chayon sarguzashtiga ishora qiladi. Shunda Bozanda bu voqeani aytib berishini so'raydi. Navozanda hikoya qilib beradi. Hikoyaning qisqacha mazmuni shunday: Sangpusht (Toshbaqa) Iroqdan Hijozga ketayotganida yo'lda bir chayonga duchor bo'ladi. Toshbaqa juda farosatlik edi, ko'p safarlarda yurub ko'p tajribalar orttirgan, biroq shu o'rinda inon-ixtiyorini chayonga berib qo'yganini bilmay qoladi. Nogoh bu ikki yo'ldosh bir daryoga duch keladilar. Undan o'tish ilojini topmadilar, shunda sangpusht "muddao istid'osining sohiliga o'zini oldi, g'oz va o'rdakdek silkunib turdi". Nogahon orqasiga boqdi, ko'rdiki, hamrohi yo'lda qolib ketgan. Shunda sangpusht "Ey birodar, sabab nadurki, buyon o'tmaysiz?" deb so'raganida, chayon "ko'z yoshicha suv bo'lsa, bizga ma'zur tuting" deya o'zini hokisor qilib ko'rsatadi. Sadoqatli sangpusht "yo'ldosh bo'lmoq sharti bu emaski, oz hodisa birla hamrohlik rasmini bartaraf qilsam, uncha xo'b emas. Avlo uldurki, o'tkarib qo'ysam, qadimiy yaxshilar masalidurkim, "Yaxshilik qil suvga sol, suv bilar, suv bilmasa, baliq bilar, baliq bilmasa, Xoliq bilar", deb ko'nglidan o'tkazib, chayonga yordam bermoqchi bo'ladi. Sangpusht ziyrak va oqil edi, avvaldan bir nima bo'lishini sezganday "Ey birodar, seni daryodin o'tkar-gali o'g'radim. Mening ustimg'a min. Bejo harakat qilmaki, o'z joningga jabr qilursan", deb ogohlantiradi. Toshbaqa chayonni orqasiga mindirib daryodan o'tayotganida chayonning bejo harakatini sezib qoladi. Toshbaqa buning sababini so'raganida: "Bu kun po'lod nayzamni yakjirma qalqoningga ozmoyish qilay derman", deydi uyatsizlar-cha. Yaxshilikni bilmagan chayondan xafa bo'lgan toshbaqa "Ishonmag'il do'stingga, somon tiqar po'stingga ", "Oshnangdin top" deganlari shu ekan-da deb, bunday "do'st" "suv uzra xasdek yurmoq tokay", u "bahri amiq javohirlaridin tamosha qilmoq kerak" deya bir sho'ng'ib chayonni cho'ktirib yuboradi.
Xullas, Gulxaniy "Toshbaqa bilan Chayon" masali orqali o'zining pand-nasihat ruhidagi qarashlarini, "har kimni ham oshna tutmaslik" haqidagi fikrlarini ifoda etadi.
"Zarbulmasalning badiiy qurilishi. "Zarbulmasal" — original asar. U mumtoz adabiyotimizda nutqiy xazina. Negaki, unda "tesha tegmagan", "oxori to'kilmagan" iboralar, mazmundor maqollar asarni bezabgina qolmay, adabiy tilimizni boyishiga, nutqimizni shakllanishiga muhim xizmat qiladi. Muallif maqol va iboralarni o'rni o'chog'ida topib qo'llaydi, lekin har doim ham maqollarni bir xilda bermaydi, ba'zan maqollar aynan berilmay, uning ma'nosi jumlalar qatiga singdirib beriladi. Masalan, "Taqsir afandim, xato qildim. Og'iz oshga yetganda burni qonagan men bo'laman", "Sening sirka tilarga lab-lunjing yo'q ekani ma'lum", "Men seni Boyo'g'li deb eshitib erdim, eshitganim ko'rgandek emas ekan" kabilar. Kezi kelganda, Gulxaniy fors-tojik tilidagi "Avval taom, so'ngra kalom" ("Avval taom, ba'daz kalom"), "Shayxning hunari bo'lmasa, xonaqoh tang" ("Shayxro hunar nest, xonaqoh tang ast"), "Issiq jon isitmasiz bo'lmas" ("Tani garm be dard nest") maqollaridan ham foydalanadi. Asarning badiiy jihatdan mukammalligi yana shunda ko'rinadiki, o'z fikrini quvvatlashda mumtozlarimiz ijodiga ham murojaat qiladi, Hofiz, Navoiy asarlaridan parchalar keltirishi fikrimiz dalilidir. "Zarbulmasal"dagi majoziy obrazlarning xatti-harakatalarini ham o'zlariga xos qilib tasvirlashi asarning zavq-shavq bilan o'qilishini ta'minlaydi. Masalan, Ko'rqush Boyo'g'linikiga sovchilikka borganida, mehmonni kutib olish voqeasi shunday tasvirlanadi: " Zamondin so'ng Boyo'g'li kelganidan ogoh bo'lib, aning oldiga chiqib, "...Xush kelibsiz, safo kelibsiz" deb ta'zim va tavozu' birla ko'rishib, bir-birining yuzini cho'qishub, Boyo'g'li Ko'rqushni uyasiga qo'ndurdi..."
Asarda muallif o'xshatish, sifatlash, mubolag'a, istiora, majoz, takror kabi tasviriy vositalardan o'rinli foydalangan. Chunonchi, Gunashbonuni chiroyi quyidagi mubolag'a va o'xshatish orqali tasvirlanadi: "Ammo Boyo'g'lining bir qizi bor erdiki, mehri xovariy yuziga banda erdi: Orazidin shams-u qamardur xijil, So'zlaridin shahd-u shakar munfail..., ...va ul qiz oftobi olamtobdek har xomni pishirur, hech maxluq ani kunduzi ko'rmoqqa chorasi yo'q erdi". Yoki Boyo'g'lining uyidagi "xatti-harakatlarni", nog'orachi va doirachilarning bazmga tayyorgarlik ko'rishlarini ko'rsatish uchun real turmushdan o'xshatishlar tanlaydi, ya'ni raisning namozdan qochgan kishini urishi, o'g'rining orqasini o'ta toblashi kabi: "Andin so'ng Boyo'g'li bazm asbobini tuzub... mehmondorlik rasmini barpo tutdi. Mug'anniylar sozlarining qulog'iga go'shmol uchun qo'l solib, toblay berdilar. Bir-ikov naqora orqasiga darra birla kohili namozni urgan raisdek ura berdilar va o'tga daf orqasini o'g'rining orqasin toblag'ondek toblay berdilar". Shuningdek, asarda tabiat manzaralarini ham turli badiiy bo'yoqlarda ustadona tasvirlaydi:
Bor edi ko'p ne'mati alvonlari,
Hurramu ma'mur edi hayvonlari.
Zulfkabi sunbuli xushbo'ylari,
Rohatijon erdi oqar suvlari.
"Tuya bilan Bo'taloq" masalidagi tabiat tasviri quyidagicha ifodalangan:
Fasli tamiz erdi, havo ko'p isig',
Yo'lda temurdek edi qumlar qiziq...
Xullas, Gulxaniy "Zarbulmasal"da qushlarning o'zaro murakkab munosabatlarini turli detallar, tasviriy vositalar yordamida tasvir etar ekan, bu orqali o'z davri ijtimoiy hayotining tanqidiy manzarasini yaratib, real voqelikka obektiv baho beradi.
Muhammad Sharif Gulxaniyning mavjud asarlari uni o'zi yashab turgan zamon nafasi bilan bir qatorda kelajak orzulari ila yashab ijod etgan shoir ekanligini tasdiqlaydi.
Tayanch tushunchalar:
-
Gulxaniy
Zarbulmasal
Bo’taloq
| |
Savol va topshiriqlar:
Gulxaniy yashab ijod etgan davrdagi ijtimoiy-siyosiy hayot qanday edi?
Shoirning "Ber menga" radifli she'rini yod o'qing va uning mohiyatini sharxlab bering.
Gulxaniyning hayotiy kechinmalari badiiy aks etgan asarlarini ko'rsating va tahlil qiling.
Masal deb qanday asarga aytiladi?
"Maymun bilan Najjor", "Tuya bilan Bo'taloq", "Toshbaqa bilan Chayon" masallarida qanday g'oya ilgari surilgan?
Gulxaniy o'zbek adabiyoti taraqqiyotiga qanday hissa qo'shdi?
Adabiyotlar:
S.Matjon, Sh.Sariyev. O’zbek adabiyoti. T., 2007
B.Qosimov, N.Jumaxo’ja. O’zbek adabiyoti. 10-sinf uchun darslik.T., 2001
B.Jalilov va bosh. O’zbek adabiyoti. T., 2006
B.To’xliyev. Adabiyot . T., 2005
Do'stlaringiz bilan baham: |