MAVZU: ALISHER NAVOIY VA MILLIY MA’NAVIYATIMIZ TAKOMILI.
REJA
Kirish
I bob: Alisher Navoiyning hayot yo’li va ijodini o’rganishning ahamiyati
1.1. Alisher Navoiyning hayotiy faoliyat yo’li
1.2. Navoiy asarlaridagi insonparvarlik g’oyalarining aks etilishi
II bob: Alisher Navoiy asarlarida ma’naviy-axloqiy g’oyaviy qarashlar va komil inson talqini
2.1.Alisher Navoiy «Xamsa»sida ma’naviy-axloqiy g’oyaviy qarashlarning aks etishi.
2.2. Navoiyning ma’naviy-axloqiy qarashlarida komil inson talqini va uning yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati
Xulosa
Adabiyotlar ro’yxati
KIRISH
Mavzuning dolzarbligi: Inson muammosi azal-azaldan butun dunyo olimlari, mutafakkirlari qarashlarining diqqat markazida bo’lib kelgan. Ular inson zotini yuksaklikka ko’targanlar, uni tirik mavjudotlar orasida eng a’losi deb hisoblaganlar. Insonga bo’lgan e’tibor kuchaydi, unga g’amxo’rlik qilish, uning manfaatlari to’g’risida qayg’urish, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish davlatning ustuvor siyosatiga, kundalik faoliyatiga aylandi.
Moziyda yashab o’tgan mutafakkirlarning inson va uni yashashdan maqsadi, mukammal jamiyat, odil va ma’rifatli shoh, komil inson haqidagi qimmatli fikrlari hozirgacha o’z qadrini yo’qotmasdan, insoniyatga xizmat qilmoqda.
Buyuk mutafakkir, g’azal mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiy o’zining nasriy va nazmiy asarlarida, o’lmas dostonlarida umuminsoniy ruh bilan sug’orilgan komil inson, mukammal jamoa va odil hukmdor haqidagi g’oyalarni ilgari surdi. Uning insonparvarlik, ilm-fan va kasb-hunarni egallash, axloq va xulq-odob qoidalari, ta’lim-tarbiya, yuksak insoniy qadriyatlar to’g’risidagi dono fikrlari keyingi davrlarda va hozir ham o’zining tarbiyaviy ahamiyatini yo’qotgani yo’q.
Alisher Navoiyning ma’naviy-axloqiy va ijtimoiy-siyosiy qarashlari kishilarda vatanparvarlik, o’zlikni anglash, odamiylik, halol va pok bo’lish, nafsni tiyish, sabr-bardoshli va yetuk inson bo’lib yetishish kabi fazilatlarni kasb qilishida, yuksak ma’naviyat yengilmas kuch ekanligini chuqur anglab yetishida muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari hozirgi kunda turli terroristik chiqishlar, aqidaparastlik, diniy ekstremizm kabi vayronkor va buzg’unchi g’oyalar yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Davlatimiz rahbari I.Karimov e’tirof etganidek, “...hozirgi murakkab va tahlikali zamonda milliy o’zligimiz, azaliy qadriyatlarimizga yot va begona bo’lgan turli xil xurujlar, yoshlarimizning ongi va qalbini egallashga qaratilgan g’arazli intilishlar tobora kuchayib borayotgani barchamizni yanada hushyor va ogoh bo’lishga da’vat etishi tabiiydir”1.
Hazrat Navoiy asarlaridagi komil inson g’oyasi va insonparvarlik qadriyatlari yoshlarning dunyoqarashini kengaytirib, ularni tarbiyalashga, yoshlar ongini yuqorida nomlari keltirilgan zararli g’oyalar ta’siridan saqlashga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |