AL-HAKIM AT-TERMIZIY ASARLARI
Al-Hakim at-Termiziy qalamiga mansub asarlar haqida yozgan mualliflar uning asarlarining soni haqida turli raqamlarni keltirganlar. Ba'zilarining fikriga ko‘ra uning asarlarining soni to‘rt yuztaga yaqin bo‘lsa, yana boshqalar al-Hakim at-Termiziy saksonta yoinki qirqta asar yaratganligi haqida yozganlar. Jumladan, misrlik olim shayx Abdulfattoh Abdulloh Barakaning yozishicha, al-Hakim at-Termiziy to‘rt yuzdan ortiq asarlar yaratgan bo‘lib, ulardan oltmishga yaqini bizgacha yetib kelgan. Eng muhimi, al-Hakim at-Termiziyning bizgacha yetib kelgan asarlari uning ilmiy merosining muhim qismini tashkil qiladi[15]. Mana shu asarlardan eng avvalo payg‘ambar alayhissalomning hadisalariga bag‘ishlangan «Navodir al-usul fi ma'rifat axbor Rasul» («Rasululloh xabarlarini bilishda nodir usullar») nomli asarini aytish kerak. Bu asar shuningdek «Salvat al-orifiyn va bo‘ston al-muvahhadiyn» («Oriflar ovunchog‘i va Ollohning yagonaligiga ishonuvchilar bo‘stoni») nomi bilan ham ataladi. Bu asar hijriy 1294 (melodiy 1876) yilda Qustantiyniyada chop etilib, o‘zi tanlab olgan 291 hadisdan iborat ushbu kitobda al-Hakim at-Termiziy o‘z mazhabiy qarashlarini mufassal holda sharhlagan. Mazkur asarning bir qo‘lyozma nusxasi O'zbekiston musulmonlar idorasining kutubxonasida saqlanadi. Yana bir qo‘lyozmasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (? 10842). Allomaning keyingi yillarda nashr etilgan asarlaridan tasavvufga oid ikki asarini ko‘rsatish mumkin. Ulardan biri «Kitob haqiyqat al-odamiyya» («Insoniyat haqiqati to‘g‘risida kitob») va ikkinchisi «Adab un-nafs» («Nafs odobi») nomli asaridir. Al-Hakim at-Termiziy asarlarining aksar qismi qo‘lyozma holda jahonning yirik shaharlaridagi qo‘lyozmalar xazinalarida saqlanadi. Ularni bir qadar shartli ravishda besh guruhga (majmuaga) bo‘lish mumkin. Allomaning asarlari Parij, Qohira, Damashq, Iskandariya, Stambul va London kabi shaharlardagi qo‘lyozmalar jamg‘armalarida saqlanadi.
Parij Milliy kutubxonasida (arab bo‘limi, 5018 raqamida) al-Hakim at-Termiziyning quyidagi o‘n ikkita asarining qo‘lyozmalari saqlanadi:
1. «Kitob us-salot va maqosiduho» («Namoz va uning maqsadlari»).
2. «Kitob ul-hajj va asrorihi» («Haj va uning sirlari»).
3. «Kitob ul-ihtiyotot» («Ehtiyotkorlik yo‘llari»).
4. «Kitob ul-jumal al-lozim ma'rifatiho» («Bilish lozim bo‘lgan jumlalar»).
5. «Kitob ul-furuq va man' ut-taroduf» («Farqlar va taroduf (ketma-ketlik)ni ma'n qilish»).
6. «Kitob Haqiyqat ul-odamiyya» («Insoniyat haqiqati to‘g‘risida kitob»).
7. «Kitob Urs ul-muvahaddiyn» («Yakka xudoga e'tiqod qilganlarning zavqi»).
8. «Kitob ul-a'zo van nafs va yusammo kazolika g‘avr ul-umur» («A'zolar va jon yoki ishlarning mohiyati haqida kitob»).
9. «Kitob Manozil al-ibod min al-ibodati» («Bandalarning bandachilikdagi manzillari yoxud Olloxga intiluvchilarning manzillari haqida kitob»).
10. «Kitob ul-aql val-havo» («Aql va havoyilik haqida kitob»).
11. «Kitob ul-Amsol min al-Kitob vas sunnat» («Qur'on va sunnatdagi masallar kitobi»).
12. «Kitob al-manohiy» («Raddiyalar haqida kitob»).
Damashq (Az-Zohiriya kutubxonasi, Tasavvuf 104 raqamida) majmuasi ikki kitob va beshta risoladan iborat. Ulardan biri Kitob ar-Riyazat yoinki «Kitob Haqiyqat ul-Odamiyya» («Riyazat yoki Insoniyat haqiqati to‘g‘risidagi kitob»). Uning qo‘lyozmasi, yuqorida zikr qilganimizdek, Parij majmuasida ham, shuningdek, Stambul majmuasida ham mavjud. Ammo ikkinchi qo‘lyozma «Kitob ul-Akyos val-mug‘tariyn» («Ziyraklar va aldanganlar haqida kitob») nomli bo‘lib ushbu asarning yagona qo‘lyozmasi hisoblanadi. Bu asar al-Hakim at-Termiziyning e'tiqodiy qarashlarini anglashda muhim ahamiyatga egadir. Ammo ushbu majmuaga kiradigan risolalardan quyidagi uchta risolani ko‘rsatish mumkin:
1. «Javob Kitob Usmon bin Sa'yid min ar-Ray» («Raylik Usmon bin Sa'iydning maktubiga javob»).
2. «Bayon ul-Kasb» (Kasb-hunarning bayoni).
3. «Masoil suila anho» («Savol berilib so‘ralgan masalalar»).
Misr Arab Respublikasining yirik shaharlaridan biri Iskandariyya (Maktabat al-Baladiyya, 3585 j) majmuasida al-Hakim at-Termiziyning uchta risolasi saqlanadi:
1. Al-Masoil al-maknuna («Yashirilgan masalalar»).
2. Tahsiyl nazoir al-Qur'on («Qur'on ibratlarini o‘rganish»).
3. Kitob Radd a'lol-Muattila («Al-Muattiliylarga[16] raddiya kitobi»).
Al-Iskandariyya majmuasida mavjud ushbu risolalarga yana allomaning «Kitob ul-Furuq» («Farqlar haqidagi kitobi»)ni (Maktabat al-Baladiyya, 3585 j) ham qo‘shish mumkin. Mazkur asarning bir nusxasi, avvalroq zikr qilganimizdek, Parij majmuasi tarkibida saqlanadi.
Al-Hakim at-Termiziyning London majmuasiga kirgan asarlari quyidagilardan iborat bo‘lib, ular asosan alloma Shestarbiti tasarrufidagi asarlardir:
1. «Kitob ur-riyozati» («Riyozat haqidagi kitob»). Ushbu asarning boshqa nusxalari Parij, Damashq va Stambul majmualarida ham saqlanadi.
2. «Muxtarot min kitob as-Safo» («Kitob us-Safo asaridan tanlab olingan qismlar»).
3. Bir risola (nomi ko‘rsatilmagan).
4. «Adab un-nafs» («Insonning odobi»).
5. «Masalat ul-iymon va islom val ihson» («Iymon, islom va ehson masalalari»).
Qohiradagi «Dor ul-kutub al-ilmiyya»da saqlanadigan qo‘lyozma al-Hakim at-Termiziyning «Ilal al-Ubudiyya» yoinki «Ilal ash-shariy'a» («Shariy'at dalillari») nomli asarining nusxasi bo‘lib, aslida bu risola allomaning «Kitob us-Salot» («Namoz haqidagi kitob») asarining qisqartirilgan shaklidir.
Leyptsig majmuasida saqlanadigan atigi yagona kitob al-Hakim at-Termiziyning «Ad-Dur al-maknun» («Bekitilgan marvarid») asari bo‘lib, u hayotda yuz bergan va yuz berishi ehtimoli bo‘lgan voqealarga bog‘liq hadislar majmuasidan iborat.
Stambul shahridagi Ayo-so‘fiyo kutubxonasida mavjud qo‘lyozma nusxa allomaning «Kitob al-Furuq» asarining qo‘lyozmasi bo‘lib, bu asarning boshqa nusxalari Parij va al-Iskandariyya shaharlaridagi majmualarda saqlanishi haqida avvalroq aytib o‘tildi.
Alloma al-Hakim at-Termiziyning bizgacha yetib kelgan asarlaridan biri «Xatm ul-avliyo» (bu asar ba'zi manbalarda, xususan, al-Hujvuriyning «Kashf ul-mahjub» nomli asarida «Xatm ul-valoyat» shaklida keltirilgan) bo‘lib, unda tasavvuf tarixida birinchi marotaba «valoyat-valiylik» nazariyasiga va buning asosida «al-hakimiya» maktabiga asos solingan. Ushbu asarda keltirilgan fikr-mulohazalar Termiz ahlining ba'zi kismlari o‘rtasida keskin e'tirozga ham sabab bo‘lib, natijada al-Hakim at-Termiziy ona shahri Termizdan badarg‘a qilinib, bir qancha muddat Balxda ham yashagan. Uzoq yillar davomida yo‘qolgan kitoblardan hisoblangan «Xatm ul-avliyo» 1965 yili Livanning poytaxti Bayrutda Parij ilmiy tadqiqotlar markazi islomiy madaniyat bo‘limining a'zosi Usmon Ismoil Yahyo tomonidan nashr etildi. Valiylikning haqqoniyligi, shuningdek, uning nubuvvat va risolat bilan bog‘liq bo‘lgan jihatlari «Xatm ul-avliyo» kitobining bosh mavzusi hisoblanadi. Muqaddima va 29 faslda murid va shayx o‘rtasida bo‘lib o‘tgan savol-javob tarzida ta'lif etilgan bu asarning tuzilishi quyidagicha:
Do'stlaringiz bilan baham: |