Korreksion qism.
1-mashg’ulot kuni.
1. Salomlashish (“Ismlar” mashqi).
Bolalar doira bo’lib turishadi, doira bo’ylab bir-birlariga to’pni uzatishadi. O’zidan oldingi bolaning ismini aytadi va keyin o’z ismini aytib to’pni o’zidan keyingi bolaga uzatadi. Bolalar o’zlarini turli o’zlari istagan obrazlarda tasvirlashlari mumkin.
2. “Quyoshcha” plastik etyudi.
Olib boruvchi: sizlarning chiroyli ismlaringizni eshitib men quyoshday o’zimni issiq his qilyapman. Hozir hammamiz kichkina quyoshchaga aylanamiz va bir-birimizni isitamiz.
“Men – kichkina quyoshchaman. Men uyg’ondim, men yuzlarimni yuvyapman. Men o’z nurlarimni tarab, asta-sekin xursand holda ko’tarilaman. Men katta to’pman. Menda juda ko’p iliqlik va yorug’lik bor. Men endi katta quyoshchaman. Men hammaga iliqligimni beraman: osmonga, bulutlarga, daryolarga, dalalarga, hayvonlarga, odamlarga, kichkina bolachalarga. Men chuqur issiq nafas olaman. Men ingichka quyosh nuriga aylanib, yerga uchib tushaman keyin mayin yam-yashil barglarga o’tirib olaman, dengiz to’lqinlarida cho’milaman, oppoq dengiz ko’piklarida mazza qilib o’ynayman”.
3. O’yin “Mehribon hayvon”.
Bolalar doira bo’lib qo’llarini ushlab turishadi. Boshqaruvchi ohista, sirli ovozda: “Iltimos, aylanada turing va qo’llaringizni ushlang. Biz katta mehribon hayvonmiz. Keling, uning nafas olishini tinglaylik. Endi birgalikda nafas olamiz! Nafas olganimizda bir qadam oldinga, nafas chiqarganimizda bir qadam orqaga yuramiz. Endi esa keling, nafas olganimizda ikki qadam oldinga, nafas chiqarganimizda ikki qadam orqaga qadam tashlaymiz. Hayvon nafaqat nafas oladi, uning katta mehribon yuragi ham aniq va bir tekis uradi. Yuragimiz uryapti oldinga qadam tashladik, yuragimiz uryapti orqaga qadam tashladik. Hammamiz bu hayvonning nafas olishini va yurak urishini his qilamiz”.
2-mashg’ulot kuni.
1. Salomlashish (“Xayrli tong” mashqi).
Psixolog: bolalar sizni ko’rganimdan xursandman. Kelinglar, hammamiz bir-birimizga qo’l ko’tarib, baland ovozda “xayrli tong” deb aytamiz!
2. “Ayiqchaga ezgu so’zlarni ayt” o’yini.
Psixolog va bolalar doira shaklida o’tiradilar, tarbiyachining qo’lida koptok bo’ladi. Psixolog va bolalar koptokni bir-birlariga uzatib, odamlarda yaxshi xislatlar bo’lishini esga olishadi. So’ngra tarbiyachi o’yinga o’yinchoq ayiqchani “taklif etadi”. Bolalar unga quyidagicha ezgu so’zlarni aytishadi: “Sen - … (yaxshisan, quvnoqsan, tirishqoqsan)”. So’ngra navbati bilan har bir bola “ayiqchaga aylanadi” (o’yinchoqni qo’lida ushlab turadi), qolgan bolalar ayiqcha rolidagi bolaga ezgu so’zlarni aytadilar.
3. “Chehralar” mashqi.
Bolalarga inson chehrasining mimik ifodalari tasvirlangan rasmlar beriladi. Masalan: quvonch, hayrat, jahldorlik, qo’rqish, uyalish, qovoq uyish. Har bir bolaga rasmlar beriladi va bolaga rasmdagi emotsiyani o’zlarida ifodalab berish so’raladi. Boshqa bolalar o’z o’rtoqlarining yuz qiyofalariga qarab, ularda nima ifodalanayotganligini aytib berishlari kerak.
3-mashg’ulot kuni.
1. Salomlashish. (“Ismlar-fazilatlar”).
Har bir ishtirokchi guruhdagi boshqa bilan salomlashib, uning ismi birinchi harfi bilan boshlanadigan shaxsning ijobiy xarakter xususiyati, fazilati nomini aytishi lozim, bolalarning so’z boyligi kamligini inobatga olgan holda olib tilak bildirsalar ham mumkin bo’ladi. (Masalan, Mahliyo – mehribon, Chinora – chiroyli ).
2. “Muloyim yurak” mashqi.
Psixolog tarbiyachi va bolalar doira shaklida o’tiradilar, ularning qo’lida yurak ko’rinishidagi yumshoq o’yinchoq bo’ladi. “Yer yuzida toshbag’ir, boshqalarni yaxshi ko’rmaydigan yuraklar bor. Ularning yuraklari toshdek qotib qolgan”, deb psixolog tarbiyachi o’yinni boshlaydi va bolalarga o’zlarining yuraklarini mehribon va muloyim qilishlari kerakligini aytadi. Bolalar o’zlarining muloyim yuraklarini ko’rsatadilar, bir-birlariga ushlab ko’rishga beradilar, ushbu yurakchasi orqali kimlarga mehr-muhabbatini yubormoqchi ekanligini aytadilar. Bular ota-onasi, do’stlari, sevimli buyumlari, yaxshi ko’rgan hayvonlari bo’lishi mumkin.
3. “Onam meni nimaga yaxshi ko’radi?” mashqi.
Bolalar doira bo’lib o’tirishadi. Har bir bola navbat bilan onasi uni nima uchun yaxshi ko’rishini aytadi. Agar biror bolada qiyinchilik yuzaga kelsa psixolog bolalar hamkorligida yordam berishi mumkin. Mashq davomida psixolog jarayonni nazoratda ushlab turishi, bolalarda o’z do’stlariga nisbatan xayrixohlik uyg’ota olishi kerak.
4. Ertak asosida suhbat o’tkazish ( Quyon, tulki va xo’roz ertagi asosida).
Bir bor ekan, bir yoq ekan, bir tulki bilan quyon bo’lgan ekan. Tulkining uychasi – muzdan, quyonniki – daraxtning postlog’idan qurilgan ekan. Bahor kelib, kunlar iligach, tulkining uychasi erib ketibdi. Boshpanasiz qolgan tulki tunashga joy berishni so’rab quyonning oldiga bordi-yu, uning uychasini egallab olib, o’zini haydab yubordi.
Quyoncha yo’lda yig’lab borar ekan, oldidan kuchukcha chiqib qoldi:
– Vov, vov, vov! Hoy quyoncha, nega yig’layapsan?
– Qanday qilib yig’lamay? Mening daraxt po’stlog’idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so’rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o’zimni xaydab yubordi.
– Qo’y, yig’lama, quyoncha! – dedi kuchukcha.
– Boshingga tashvish tushgan bo’lsa, men senga yordam beraman.
Ular birgalikda quyonning uychasiga kelishdi. Kuchukcha vovillab dedi:
– Vov,vov,vov! Hoy tulki, qani, buyoqqa chiq-chi!
Tulki esa pechning ustida yotganicha ularga dag’dag’a qildi.
– Hozir irg’ib o’rnimdan turaman-da, derazadan sakrab chiqib ikkalangni ham tilka-pora qilib tashlayman!
Bu dag’dag’adan qo’rqib ketgan kuchukcha juftakni rostlab qoldi.
Quyoncha yana yo’lda yig’lab borar ekan, oldidan ayiq chiqib qoldi:
– Ha, quyoncha, nima uchun yig’layapsan? – deb so’radi.
– Qanday qilib yig’lamay? – dedi hiqillab quyoncha. Mening daraxt po’stlog’idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so’rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o’zimni haydab yubordi.
– Qo’y, yig’lama, quyoncha! – yupatdi uni ayiq. – Boshingga tashvish tushgan bo’lsa, men senga yordam beraman.
Ular birgalikda quyonning uychasiga kelishdi. Ayiq bor ovozi bilan baqirdi:
– Hoy tulki, qani buyoqqa chiq!
Tulki esa pechning ustida yotganicha ularga dag’dag’a qildi.
– Hozir irg’ib o’rnimdan turaman-da, derazadan sakrab chiqib ikkalangni ham tilka-pora qilib tashlayman!
Bu dag’dag’adan qo’rqib ketgan ayiq juftakni rostlab qoldi.
Quyoncha yo’lda avvalgidan ham qattiqroq yig’lab borar edi. Oldidan xo’roz chiqib qolibdi.
– Qu-qu-qu-qu-u-uq!- dedi qichqirib. – Hoy, quyoncha, nega yig’layapsan?
– Qanday qilib yig’lamay? – dedi hiqillab quyoncha. Mening daraxt po’stlog’idan yasalgan uycham bor edi. Tulkining muzdan qurilgan uychasi erib ketgach, tunashga joy berishimni so’rab keldi-yu, uychamni egallab olib, o’zimni haydab yubordi.
– Ketdik, – dedi xo’roz. – Boshingga tashvish tushgan bo’lsa, men senga yordam beraman.
– Yoq, xo’roz, qo’lingdan kelmaydi. Kuchukcha haydamoqchi bo’ldi – haydolmadi, ayiq haydamoqchi bo’ldi – haydolmadi. sen ham haydolmaysan.
– Men hayday olaman!
Ular birgalikda quyonchaning uychasiga kelishdi. Xo’roz etiklari bilan yerni tepib, qanotlarini qoqdi:
Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg’i o’rog’imni ko’tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!
Xo’rozning qichqirig’ini eshitib, tulki qo’rqib ketdi va ovoz berdi:
– Hozir etigimni kiyib olay…
Xo’roz yana qichqirdi:
– Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg’i o’rog’imni ko’tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!
Tulki yana ovoz berdi:
– Hozir! Kiyimimni kiyib olay…
Xo’roz uchinchi marta qichqirdi:
Qu-qu-qu-qu-u-uq! Tulkini qiyma-qiyma qilib tashlash uchun chalg’i o’rog’imni ko’tarib keldim. Hoy tulki, qani, chiq buyoqqa!
Tulki lip etib uychadan chiqdi-yu, o’zini o’rmonning ichiga urdi.
Shundan keyin quyoncha yana o’zining daraxt po’stlog’idan qurilgan uychasida tinch-osoyishta yashay boshlabdi.
Ertak qahramonlarining xulqini analiz qilish:
Ertakda sizga kimlar yoqdi? Nima uchun? Qaysilari yoqmadi?
Siz kim bilan do’st bo’lardingiz? Nima uchun?
Ertakda kim mehribon, kim jahldor, kim yaxshi, kim yomon?
Psixolog mana shu kabi savollar asosida bolalarda suhbat olib boradi.
4-mashg’ulot kuni.
1. Salomlashish.
2. “Bilasanmi, menga senda nima yoqadi?” mashqi.
Ishtirokchilar ikki qator yuzma – yuz bo’lib o’tiradilar va galma – galdan bir – birlariga qarab ijobiy jihatlarni aytadi. Hamma ishtirokchilar aytib bo’lganidan keyin boshlovchi har bir boladan o’ziga nisbatan eshitgan maqtovdan o’zini qanday his qilganini so’rab chiqadi.
3. “Yaxshimi? Yomonmi?” didaktik o’yini.
Psixolog bolalarga xatti-harakatlarni baholashni (yaxshi yoki yomon ekanligi) aytadi. Bolalarga rangli kartochkalar beriladi: yomon ishlarni baholash uchun – qora, yaxshi ishlarni baholash uchun – qizil. Psixolog vaziyatlarni o’qiydi bolalar shunga mos bo’lgan kartochkani ko’tarishlari kerak (bu bilan bolaning axloqiy idrokini tashxis qilinadi). Vaziyatlar:
kitobini yirtdi;
kuchsiz odamni himoya qildi;
do’stini xafa qildi;
keksa kishini uyiga kuzatib qo’ydi;
onasi bilan janjallashdi;
kuchuk bolasini tepdi;
singlisining kiyinishiga yordam berdi;
qush uyasini buzdi.
va boshqalar (bunda psixolog tomonidan oilada, bog’chada, maktabda kuzatiladigan vaziyatlar ham aytilishi mumkin).
4. “Kumush tuyoq” o’yini.
Psixolog: bolalar o’zingizni chiroyli, kuchli, baquvvat, mag’rur boshlari yuqori ko’tarilgan kiyik deb tasavvur qiling. Sizning chap oyog’ingizda kumush tuyoqlariz bor. Tuyoqlaringiz bilan yerga uch marta ursangiz undan kumush tangalar paydo bo’ladi. Ular sehrli va ko’rinmas. Har bir yangi tanga paydo bo’lganda siz yanada mehribon, samimiy, yaxshi bo’lib borasiz. Odamlar sizdan chiqayotgan tangalarni ko’rmasa ham, ular sizning mehringiz, muhabbat va iliqlikni his etishadi. Shundan keyin ular sizga yaqinroq bo’ladilar, sizni judayam judayam yaxshi ko’rishadi.
5-mashg’ulot kuni.
1. Salomlashish.
2. “G’azab hissi bilan tanishtirish” mashqi.
Bolalarga “jahl-g’azab” va “quvonch-shodlik” holatlari tasvirlangan rasmlar ko’rsatilib, ular taqqoslanadi. Keyin bolalarga savollar beriladi. Qachon xursand bo’lamiz? Qachon xafa bo’lamiz? Odamlar qachon jahl qilishadi? Jahl-g’azabni nimaga o’xshatasiz? Jahl-g’azab qanday rangda bo’lishi mumkin? Shundan keyin psixologning mashqning keyingi qismiga o’tadi. Psixologning “jahl, g’azab, yomon, yovuz” buyrug’i bilan har bir bola o’z yuz ifodasi bilan bularni ifodalab beradi. “Yaxshi, mehribon” buyrug’i bilan ular mehribon, yaxshi bolani ifodalashadi.
3. “Men shamol” mavzusida autorelaksatsiya mashqi.
Psixolog: “ Men shamolman. Men yengil, mayin, issiqman. Men gullar bilan o’ynayman, ularning barglariga asta teginaman. Men yuqoriga ko’tarilib daraxt gulchalariga o’rnashib olaman va bargchalariga sakrab-sakrab o’taman. Men dalalarning toza havosidan nafas olib, mehribon va kuchli bo’laman. Men yengil va katta qanotlarim bilan uzoqlarga uchaman. Men dengiz uzra uchaman, baland tog’largacha ko’tarilaman va baland ovozda qo’shiq aytaman “men shamolman, men chaqqon, kuchli, baxtli, mehribon, yaxshi shamolman”.
4. Jismoniy o’yin “Ket, yovuzlik, ket, jahl”.
Bolalar gilamchada aylana shaklida yotishadi. Ularning orasiga yostiqchalar qo’yiladi. Bolalar ko’zlarini yumib, oyoqlari bilan yerga, qo’llari bilan yostiqqa urib, “ket, yovuzlik, ket, jahl” deb aytadilar. O’yin 3 daqiqa davom etadi. Keyin osmonga qarab jim yotib, musiqa tinglaydilar.
6-mashg’ulot kuni.
1. Salomlashish.
2. “Qanotlari shikastlangan qushchaga rahm ko’rsat” rolli o’yini.
Bolalardan biri qanotlari shikastlangan qushchaga “aylanadi”. U o’zini g’amgin ko’rsatishga harakat qiladi. Tarbiyachi bolalarga “qushchaga rahm ko’rsatishni” taklif qiladi. Avval tarbiyachining o’zi qushchani qo’llari bilan silab, mehrli so’zlarni aytib ko’rsatib beradi. So’ngra bolalar navbat bilan qushchaga rahm qiladilar. Barcha bolalar qushcha rolini bajaradilar. O’yin yakunida bolalardan qushcha rolini bajarayotganda, uni yupatayotganda nimani his qilganliklari so’raladi.
3. “Ikki qo’chqorcha” o’yini.
Qadim zamonda ikki qo’chqorcha ko’prik ustida uchrashib qoldi.
Bolalar juftliklarga bo’linadilar. Bolalar oyoqlarini keng ochib, gavdalarini oldinga tashlab, kaftlari va peshonalarini bir-birlariga tirab turadilar. Ulardan raqiblariga qarshi turish va turgan joylaridan siljib ketmaslik talab etiladi. Kim qimirlab ketsa, o’sha mag’lub bo’ladi. O’yindan so’ng, bolalardan “qo’chqorchalar” bo’lganliklarida nimani his qilganliklari, ularga o’xshashni xohlarmidingiz, nima uchun kabi savollar beriladi.
4. “O’zingni nazorat qil!” mashqi.
Psixolog bolalarga nazorat mashqini o’rgatadi. Bolalar bezovtalanganda, kimnidir urmoqchi bo’lganda, nimanidir sindirmoqchi bo’lganda bu mashqdan foydalanishlari aytiladi. Mashq: o’ng qo’l tirsaklaringizni chap qo’l kaftlaringiz bilan, chap qo’l tirsaklaringizni o’ng qo’l kaftlaringiz bilan mahkam ushlab ko’kraginggizga bosing! (psixolog amalda ko’rsatib berishi kerak). Psixolog bolalarga bu sizlarni chidamli, mard, jasoratli qiladi deb tushuntirishi foydali bo’ladi.
7-mashg’ulot kuni.
1. Salomlashish.
2. “Sehrli xalta” mashqi.
Psixolog: bolalar kimning ichida “yomon” so’zlar yig’ilib qolgan bo’lsa, kim “yomon” so’zlarni aytgisi kelsa, mana bu xaltachaga aytib ularni xaltacha ichida qoldiring. Bolalar birma-bir kelib xaltachaga o’z so’zlarini aytishadi. Hamma bola gapirib bo’lgach, xaltachani og’zini bog’lab yashiriladi. Psixolog mashq avvalida o’zi birorta bolalarda eshitgan “yomon” so’zni xaltachaga aytib, bolalarga ko’rsatib berishi ma’qul.
Eslatma: Bu mashqni barcha bolalarda o’tkazish shart emas, faqat psixolog bolalar ichida “yomon” so’zlarni aytadigan bolalarni chaqirib mashqni bajarishni taklif etishi ham mumkin.
3. “O’yinchoqni so’rab ol” syujetli-rolli o’yini.
Guruhdagi bolalar juft-juft qilib o’yin tashkil etiladi. Juftlikdagi birinchi ishtirokchi bolaga biror bir predmet beriladi, masalan, o’yinchoq, daftar, qalam va shunga o’xshash biror narsa. Juftlikdagi ikkinchi ishtirokchi bola shu narsani so’rab olishi kerak bo’ladi. Birinchi bolaga shunday ko’rsatma beriladi: “qo’lingda ushlab turgan o’yinchoq senga judayam kerak, lekin bu o’yinchoq do’stingga ham kerak. Do’sting sendan o’yinchoqni so’raganda o’zingda olib qolishga harakat qil, faqat do’sting ham o’yinchoqdan foydalanishi, uning ham xursand bo’lishi xohlasanggina berishing mumkin”. Ikkinchi bolaga shunday ko’rsatma beriladi: “sen do’stingdagi o’yinchoqni yaxshi so’zlar bilan, mehribonlik, hurmat bilan so’rashga harakat qil”. Shundan keyin bu bolalar rollarini almashadilar.
4. “Kompas bilan sayohat” harakatli o’yini.
Guruh juftlarga bo’linadi. Yetaklovchi bola kompas, ergashuvchi bola sayyoh vazifasini bajaradi. Ergashuvchi bola ko’zlari bog’langan holda yetaklovchi bolaning yelkasidan ushlab o’yin o’tkaziladigan maydonni aylanib chiqadi. To’siqchalar qo’yilgan bo’lsa, ulardan qochib o’tadi. Yetaklovchi bola o’yin vaqtida ergashuvchi bolaga gapirmasligi kerak. Faqat qo’llaridan tutib, to’g’ri yo’lga yo’naltirishi mumkin. O’yin tugaganidan so’ng, bolalardan ko’zlari bog’langan vaqtida nimani his qilganligi, sherigiga munosabati so’raladi.
8-mashg’ulot kuni.
1. Salomlashish.
2. “Mushtcha” mashqi.
Bolaga biror bir kichkina o’yinchoq yoki konfet beriladi va undan qo’llarini mahkam musht qilishi so’raladi. Bola bir necha daqiqa shu holatda turgach, asta mushtini ochishi so’raladi. Uning qo’li bo’shashadi va u kaftida o’yinchoqni yoki konfetni ko’rib yengil bo’ladi.
3. “Ko’ziga qarab bil” mashqi.
Bolalar juft tarzda stol atrofida o’tirishadi. Psixolog: bolalar do’stingizning qo’llarini ushlang va ko’zlariga qarang! Gapirmasdan ko’zlaringiz va qo’llaringiz orqali his-tuyg’ular, turli holatlarni ko’rsatishga harakat qiling. Psixolog bir necha holatlarni misol qilib keltiradi, masalan, “men xafaman”, “men xursandman, kel o’ynaymiz”, “meni jahlim chiqqan”, “men hech kim bilan gaplashishni xohlamayman”, “men kasalman”, “men hammani yaxshi ko’raman” va shunga o’xshash holatlar. O’yindan keyin bolalar qaysi holatlarni yetkazganliklari, ulardan qaysilarini topishga qiynalganlari, qaysilarini oson topganlari so’raladi.
4. “Rassomlar tanlovi” art-terapivtik o’yin.
Psixolog biror bir ertak qahramoni, mult qahramon yoki filmdagi jahldor, tajovuzkor xarakterdagi personajning oq-qora rasmini avvaldan tayyorlab qo’yadi. Bolalardan ushbu qahramonlarni mehribon, yaxshi, rahmdil obrazda tasvirlash talab etiladi. Bolalarga tayyorlab qo’yilgan rasmlar tarqatiladi. Bolalar rasmlarni yaxshi obrazda tasvirlashlari uchun momiq dum, yorqin shlyapa, chiroyli ko’ylak, o’zlari yoqtirgan o’yinchoqlar, gullar, kapalaklarni chizishlari mumkinligi misol tariqasida aytiladi. Psixolog kim rasmida mehribon, eng yaxshi qahramonni tasvirlay oladi deb tanlov tashkil etadi.
9-mashg’ulot kuni.
1. Salomlashish.
2. “Jumlani to’ldiring!” mashqi.
Bolalarga quyidagi jumlalarni davom ettirish aytiladi:
- men xafa bo’laman, qachonki… - men xursand bo’laman, qachonki…
- meni jahlim chiqadi, qachonki… - meni judayam yig’lagim keladi, qachonki…
3. “Vaziyatni rol ijro etish orqali ifodalash” syujetli-rolli o’yin.
Psixolog bolalar hayotida yuz beradigan turli vaziyatlarni bolalar ishtirokida tashkil etadi. Masalan,
Koptogini yo’qotib qo’yib yig’lab turgan bola;
Ona ishdan charchab keldi;
Do’sti xafa bo’lib o’tiribdi, chunki uning onasi betob;
O’rtog’i uy ishlarida yordam berishni iltimos qildi.
kabi vaziyatlar. Bunda psixolog boladagi empatiya, boshqalarga nisbatan munosabatini kuzatadi. Shuningdek, vaziyatlarda qanday yo’l tutganliklariga e’tibor beradi. O’yin vaqtida bolalar qiynalib qolganda psixolog turtki berib turishi mumkin.
4. “Apelsin” o’yini.
Bolalar ikki jamoaga bo’linishadi. Har bir jamoaning birinchi o’yinchisi apelsinni qo’llari yordamisiz bo’ynida tutib turadi. Shu holatda jamoasidagi keyingi ishtirokchiga apelsinni beradi u ham bo’yni ostida tutib oladi. Shu tarzda o’yin davom etadi. Birinchi o’yinchiga apelsinni qaytarib bergan jamoa g’olib bo’ladi. Bolalar psixologning buyrug’i bilan o’yinni boshlashadi.
5. Boshqalar bilan aloqa qilish qoidalarini tushuntirish (mustahkamlash ishlari).
- boshqa bolalarning tashqi ko’rinishidagi kamchiliklardan kulmang, masxara qilmang, laqab qo’ymang!
- boshqalarga hamdard bo’lishimiz, ularning muvaffaqiyatlaridan zavqlanishimiz va omadsizliklaridan xafa bo’lishimiz kerak!
- yordamga muhtoj kishilarga befarq bo’lmasligimiz, qo’limizdan kelsa ko’mak berishimiz kerak!
- o’zingiz xohlamagan narsani, boshqalarga ham ravo ko’rmang!
10-mashg’ulot kuni.
1. Salomlashish.
2. “Bir-biringizga yaxshi so’zlarni ayting!” mashqi.
- sen eng chiroyli…
- sen eng mehribon…
- sen eng qo’rqmas…
Va shunga o’xshash so’zlar.
3. “Kulgili portret” rasm chizish mashqi.
Bolalar ko’zlari bog’langan holda , quvnoq musiqa ostida maxsus doskaga odam tasvirini chizishlari so’raladi. Bolalar navbat bilan rasm chizishga chaqiriladi.
4. “Sayohat” nomli etyud.
Yoz kunlarining birida bolalar sayohat qilishga chiqishdi. Bir payt yomg’ir yog’ib qoldi. Momaqaldiroq boshlanishi bilan bolalar uylariga qochib kirishdi. Biroz vaqt o’tgach yomg’ir yog’ishi to’xtadi. Bolalar yana tashqariga chiqishdi. Ular kichkina ko’lmakchalar ustida yugurishib o’ynashdi.
5. “Qog’oz yirtish” mashqi.
Bolalarga bu mashq ularni yoqimsiz his-tuyg’ulardan xalos bo’lishiga va ularga katta kuch berishi tushuntiriladi. Keyin psixolog bolalar bilan turli his-tuyg’ular va ularni keltirib chiqaradigan vaziyatlar haqida suhbatlashadi (3-4 daqiqa). Bolalar aylana bo’lib turishadi va psixolog bilan birga qo’llariga berilgan qog’ozlarni bo’laklab yirtib o’rtaga tashlashadi. Qog’oz uyumi yiriklashguncha yirtishda davom etishadi. Keyin bolalar uyum bo’lib turgan qog’oz parchalarini bir-birlariga sochib o’ynashlari yoki yuqoriga sochib mashqni davom ettirishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |