Umumjahoniy dinlar va san’at
Ma’lumki, har bir diniy e’tiqod da’vastiz, tarqibot-tashviqostiz keng omma orasiga kirib borolmaydi. Faqat muqaddas kitoblar va ibodatxonalar orqaligina ko’zlangan maqsadga erishish qiyin. SHu bois da’vatning yanada kengroq, boshqa ma’naviy hodisalar ko’magida olib borilishi tabiiy zarurat sifatida yuzaga chiqdi. Natijada asosiy vositalardan biri sifatida din san’atni tanladi. Zero san’at barcha ifoda shakllari ichida universalligi bilan ajralib turadi: u bir varakayiga rang-baranglik, mukammallik va jonlilik xususiyatlariga ega. SHunday qilib, umumjahoniy dinlar san’at bilan hamkorlik qila boshladi. Ana shunday hamkorlik mahsulida tug’ilgan ijodni biz diniy-badiiy asar deymiz.
Diniy-badiiy asarda ramz alohida o’ringa ega. Ramzning o’ziga xos xususiyati shundaki, u o’z mazmunini emas, butunlay boshqa mazmunni anglatadigan shakl, o’z mohiyatini emas, butunlay boshqa mohiyatni ifodalaydigan hodisa, qisqasi, butunlay boshqa botinni ifodalovchi zohirdir. SHu bois ham u sirli, yashirin: uni muayyan bilimga ega bo’lmay turib anglash mumkin emas. Chunonchi, nur, olov Allohning mohiyati, doimiy yorug’lik sochuvchi va shu bilan mavjudotga jon baxsh etuvchi abadiy hamda mutlaq ziyoning ramzi. Nasroniylar havoriylari boshidagi nurli gardish (nimba) esa ularning avliyoligini, Xudoga yaqinligini anglatadi. YOki birinchi ma’ruzada aytib o’tganimiz musulmon me’morchiligidagi gumbaz – Xudo jamolining, go’zalligining, minora – Xudo qudratining, peshtoqlardagi oyatlar – Xudo sifatining ramzlari ekanini eslaylik. Buddhachilikda g’ildirak yoki olovli doira Buddha ta’limotining ba’zan esa Buddhaning o’zini anglatadi.
Ideal muammosi ham diniy-badiiy janrda o’ziga xos tarzda talqin etiladi. Umuman olganda, idealni ma’lum ma’noda, antiqa holat – paradoks deyish mumkin. Unda bor narsa yo’q narsaning mezoni bilan o’lchanadi, ya’ni mavjud narsaga yoki hodisaga o’sha paytda mavjud bo’lmagan narsa yoki voqelik talablari bilan yondashiladi. Masalan, axloqiy idealni olaylik. U, shubhasiz, insonni kelajakda erishilishi lozim bo’lgan axloqiy yuksaklikka, ya’ni, olg’a chorlaydi. Lekin uning uchun o’tmishdagi, ya’ni ortdagi axloqiy qiyofa ideal bo’lib xizmat qiladi. Buning ustiga diniy-badiiy ideal hayotiy idealdan keskin farq qiladi, u hech qachon o’zgarmaydi: hech qachon biz uchun – Muhammad alayhissalomdan, nasroniylar uchun – hazrati Isodan, yahudiylar uchun – hazrati Musodan o’zga, Yangi payg’ambar paydo bo’lmaydi. Hayotiy ideal esa o’z hayotimiz davomida shohid bo’lganimizdek, vaqt, mafkura, davlat tuzumi, milliy ozodlikni yo’qotish yoki unga erishish va shu singari omillar tufayli o’zgarib turadi.
Barcha diniy-badiiy asarlar muayyan, qat’iy qonunlar vositasida yaratiladi. Qonunlar yillar yoki asrlar mobaynida ishlab chiqilgan mustahkam, ya’ni qonunlashtirilgan tizimga asoslanadi. So’z san’atidagi diniy-badiiy qonunni avliyolar hayotiga bag’ishlangan qissalar, dostonlarda ko’rish mumkin. Ularda bo’lajak avliyo yoshligida boshqa bolalardan ajralib turadi, o’yin-kulgilarga qo’shilavermaydi, kattarganida Allohga suyukli banda bo’lib, mo’’jizalar ko’rsatadi va umrining oxirida noqis, kaltabin ulamolar yoki hukmdorlar tomonidan qatl etiladi. Masalan, «SHoh Mashrab qissasi»ni olaylik: avliyo-go’dak ona qornida gapirib yuboradi, maktabga borganida, hammani hayratda qoldirib, ilohiy she’r o’qib, darsxonadan chiqib ketadi, keyinchalik olisdagi piri murshidining o’limi unga ayon bo’ladi, huzuriga mo’’jizaviy tarzda etib keladi hamda uning imonini shayton changalida qutqarib qoladi. Umri esa- qatl qilinish bilan nihoya topadi. Nasroniylarning «Avliyolar hayoti» («Jite svyatыx») turkumidagi qissalari ham shunday qonun asosida yaratilgan.
Diniy-badiiy qonun me’morlikda ham yaqqol ko’zga tashlanadi. Masalan, yirik masjid-jomening tashqi va ichki ko’rinishiga e’tibor qilaylik: kiraverishdagi peshtoqda Kalomullodan oyatlar, bir yonda mezna – minora, tomda gumbaz, hovlida tahorat uchun hovuz, ichkarida diniy va dunyoviy rahbarlarga atalgan maxsus joy – maqsura, fatvolar o’qiladigan, va’z aytiladigan minbar, qibla tomonda mehrob va hokazo. Bularsiz jome-masjidni tasavvur qilish qiyin. YOki nasroniylar cherkovida mehrob (altar), devor-shiftlarda Bibi Maryam, Iso alayhissalomning tasvirlari, gumbazlar, qo’ng’iroqxona singari unsurlar albatta bo’lishi kerak.
Ma’lumki, diniy marosimlarda fotiha o’qilganda, ayniqsa ibodat paytida inson qalbida forig’lanish, tozarish ro’y beradi. Inson kundalik tashvishlar, g’azab, gina singari maydakashliklardan forig’ bo’ladi, ularning o’rnini ilohiy orzular, ezgu – amallar qilish fikri egallaydi. Diniy-badiiy asarni estetik idrok etish jarayonida ham xuddi shunday holat ro’y beradi. Lekin bu forig’lanish ibodat jarayonidagiga nisbatan ancha uzoq davom qiladi; diniy-badiiy asarning ta’siri hatto bir necha kunga cho’zilishi mumkin. Diniy forig’lanishni qalbda tutib turish uchun esa ibodat har kuni takrorlanadi. Buning sababi shundaki, ibodat faqat ruhiy holatning o’zi, san’at esa, ya’ni badiiy yoki diniy-badiiy asar ruhiy holat bilan moddiylikning omuxtaligi ruh va vujud birligidir. SHu bois u insonga yaqinroq, zero inson ruh va vujud birligidan tashkil topgan.
Barcha umumjahoniy dinlar, yuqorida aytganimizdek, san’at bilan aloqador. SHu sababli ba’zi bir aqidaparastlarning islom dini san’at bilan sig’ishmaydi, degan gaplari butunlay noto’g’ri. Zero, Qur’oni karimning o’zi har jihatdan mutlaq ilohiy san’atdir. Undagi ohang, qofiyalar, uslub, qissalar hammasi mo’minlar qalbida Allohning buyuk, qudratli va go’zal zot ekaniga ishonch tuyg’usini, Uning go’zalligidan hayratlanish hissini uyg’otadi. Chunonchi, «Yusuf» surasidagi YUsuf alayhissalom qissasi badiiy asar sifatida ham kishini tong qoldiradi. Suraning 3-oyatida Alloh shunday marhamat qiladi: «(Ey Muhammad) Biz Sizga ushbu Qur’on surasini vahiy qilish bilan qissalarning eng go’zalini so’ylab berurmiz». Taniqli islomshunos, Qur’onga sovuq tadqiqotchi nigohi bilan emas, balki ulkan hayajon va ehtirom ila murojaat qilib, uni bosh harflar bilan yoziladigan «Kitob» deb atagan Mixail Borisovich Piotrovskiy YUsuf qissasi haqida so’z yuritar ekan, uni bir umumiy ohangga ega, deyarli bir qofiyadagi yaxlit badiiy asar deb ta’riflaydi; uning, boshqa qur’oniy hikoyatlardan farqli o’laroq, tinglovchilarga shakliy-badiiy jihatdan ham lazzat baxsh etishga mo’ljallanganini ta’kidlaydi. Darhaqiqat, Qur’oni karimdagi Yusuf qissasi Allohning o’zi tomonidan so’ylangan ilk islomiy diniy-badiiy asardir, islomiy san’atning ilk va go’zal namunasidir. Demak, san’atning, xususan, so’z san’atining ibtidosi Allohdandir.
Shu o’rinda yana bir narsani alohida ta’kidlash joiz. Ba’zi Yevropalik Sharqshunoslar va san’atshunoslar islomiy san’atga jiddiy e’tibor qilmasdan, mensimasdan munosabatda bo’ladilar. Buning asosiy sabablaridan birini, bizningcha, islomiy san’atning mohiyatini, o’ziga xos uslubiy sirlarini tushunib etmaslikdan, ikkinchisini Yevropaparastlikdan va uchinchisini islomni nasroniylikka nisbatan quyi darajadagi din deb qarashdan izlamoq lozim. Ularning fikriga ko’ra, go’yoki islomiy diniy-badiiy asarlar chuqur falsafiy mohiyatdan yiroq, olam haqida bir butun, yaxlit tasavvur bera olmaydigan nisbatan mavhum san’at. J. Dyuamel, X. Gibb, L. Massinon, A. Myuller, N. Xanikov singari Yevropalik olimlar ana shunday fikr bildiradilar. Xo’sh aslida ham shundaymi?
Bu savolga javob berish uchun mavlaviya tariqatining zikriga murojaat qilib ko’raylik. Ma’lumki, bu sulukning zikri o’zining nihoyatda estetiklashtirilgani bilan ajralib turadi: unda ham she’r, ham musiqa, ham qo’shiq, ham teatr san’ati unsurlari mujassam. Alloma E.E. Bertels mavlaviya tariqati darvishlari zikr tushadigan asrimiz boshlaridagi takya teatrga o’xshash sahnali bino ekanini, unga kirayotganda besh piastrga chipta olish, soyabon, qalin ust-boshlarini topshirish kerakligini aytadi. Na faqat bino va unga kirish usuli, balki zikrning o’zi ham teatrni eslatadi. Tomoshabinlar joylashib bo’lgan zalga to’qqiz, o’n bir yoki o’n uch darvish va ularning ketidan shayx kiradi. Darvishlar bir-biridan ma’lum masofada tashlab qo’yilgan po’staklar ustiga o’tiradilar, uzoq muddat jim qoladilar. Jimlikni shayx buzadi: dastlab fotiha o’qiladi, so’ng nay ohista qayg’uli ohangda yangrab, bemavrid hayotdan ko’z yumgan SHamsiddini Tabriziy haqida nola qiladi. Undan keyin hofiz darvishlik hayotini madh etuvchi g’azalni nayga jo’r tarzda kuylaydi, qo’shiq ohanglari ostida darvishlar o’rinlaridan turib, mehrobga yaqinlashadilar va Jaloliddin Rumiy nomi bitilgan lavh-taxtaga ta’zim bajo keltirib, zal bo’ylab aylanma harakat boshlaydilar. Musiqa kuchayadi. Tanbur jo’r bo’ladi. Darvishlar moviy yopinchilarini echib, konus shaklidagi oq ko’ylaklarida qoladilar.
Albatta bu zikrni oddiy e’tiqodiy manzara, islomiy ibodatning bir turi sifatida, mensimasdan kuzatgan odam unda yaxlitlik ko’rmaydi. Lekin kimda-kim unga muayyan bilim va oqilona nigoh bilan qarasa, u albatta yaxlit olamni ilg’ab oladi: o’rtadagi shayx – Allohga bo’lgan muhabbat ramzi, atrofdagi darvishlar esa – o’sha muhabbat o’qi tegrasida aylanayotgan sayyoralar. Inson ham, tashqi dunyo ham – hammasi bir butun olamdan iborat, hammasini Xudoga bo’lgan muhabbat harakatga keltiradi. Bu zikr teatr san’atining ajoyib namunasi sifatida ham e’tiqodiy-falsafiy, ham badiiy-estetik yaxlitlikka, teranlikka ega.
Shunday qilib, umumjahoniy dinlar vujudga kelgach, san’at bilan hamkorlik qila boshladilar, san’atdan vosita sifatida foydalanish barobarida uning ravnaqiga o’ziga xos hissa qo’shdilar, estetika taraqqiyotiga ham katta ta’sir ko’rsatdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |