Shunday qilib, bir tomondan, o’zbek tiliga tegishli bo’lgan barcha me’yorlar yig’indisini umumiy me’yor deb tushunamiz. Ikkinchi tomondan esa, qo’llanish doirasi chegaralanmagan hamda tilning hamma iste’molchilari va tildagi barcha vazifaviy uslublar uchun baravar bo’lgan birliklar majmuini anglaymiz. «Umumiy norma tushunchasi o’zbek milliy tilining barcha ijtimoiy vazifaviy ko’rinishlari, nutq tiplari va uslublari uchun mushtarak bo’lgan vositalari tizimi ma’nosini ham anglatadi»8.
«O’zbek tili leksikologiyasi» kitobida bu kabi keng iste’moldagi so’zlarning barcha so’z turkumlarida uchrashi qayd qilib o’tilgan. Masalan otlarda – daryo, suv, osmon, yer, tosh, tog’, bog’, daraxt, uy, devor, ko’cha, vodiy, sahro, qum kabi; sifatlarda – oq, qizil, sariq, qora, katta, kichik, keng, tor, uzun, qisqa, chiroyli, aqlli, dono, barno kabi; sonlarda – bir, ikki, uch, to’rt, besh, olti, yetti, sakkiz, to’qqiz, o’n, yigirma, o’ttiz, qirq, oltmish, yetmish, sakson, to’qson, yuz, ming, million kabi; olmoshlarda – u, bu, shu, ana, mana, siz, biz kabi; fe’llarda – bor, kel, ket, yur, tur, o’tir, uxla, yot, ayt, qo’y, o’t kabi; ravishlarda – tez, sekin, oz, kam, ko’p kabi; bog’lovchilarda – va, ham, ammo, lekin, biroq, goh, yoki, yoinki kabi; yuklamalarda – -u, -ku, -da, -yu kabi; undovlarda – oh, voh, voy, dod, uh, ura kabi9.
Keltirilgan so’zlar adabiy tilda ham, tilning noadabiy shakli – umumxalq tili doirasida qaraladigan lahja va so’zlashuv nutqida ham qo’llanilaveradi. Bu esa ana shu til vositalarini bir tilning umumiy me’yorlari qurshovida qarashga asos bo’ladi.
Xususiy me’yor ma’lum til umumiy me’yorlarining yashash shaklidir. Shunday ekan, yuqorida sanab o’tilgan o’zbek adabiy tili, lahja va shevalari hamda ijtimoiy tarmoqlarining me’yori xususiy me’yor sanaladi. Xususiy me’yorlarni yanada aniqroq tasavvur qiladigan bo’lsak, har bir shaxsning tildan foydalanish me’yorini ham, o’zbek tilida mavjud bo’lgan beshta – rasmiy, ilmiy, ommabop, badiiy, so’zlashuv uslublari doirasida amal qiladigan me’yorlarni ham xususiy me’yorlar deb tushunishimizga to’g’ri keladi.
Adabiy til esa umumxalq tilining yashash shakllaridan biri bo’lib, uning boshqa ko’rinishlaridan mukammalligi bilan bir qadar farq qiladi. Uning qamrov doirasi umumxalq tilining boshqa shakllariga nisbatan keng. U butun bir millatga oliy darajada xizmat qilishga mo’ljallangan. Shuning uchun chegara bilmasdan, xalq orasiga chuqur kirib boradi va keng tarqaladi.
Millat manfaatiga va madaniyatining yuksalishiga xizmat qiladigan adabiy tilning o’ziga xos xususiyati, uning umumxalq tilidan farq qiluvchi jihati ko’p bo’lib, ular orasida me’yoriylik markaziy o’rinda turadi. O’zbek adabiy tilining o’zbek xalqi uchun umummajburiyligi, ko’pvazifaliligi va uslubiy tarmoqlanganligi kabi xususiyatlarning birontasi me’yoriyliksiz amalga oshmaydi.
Adabiy tilning me’yoriyligi umumxalq tilining boshqa xususiy me’yorlaridan tubdan farq qiladi. Uni tavsiflaydigan va farqlaydigan muhim belgilar sifatida quyidagilarni ko’rsatish mumkin: kodifikasiyalanganlik – ongli aralashuv yo’li bilan tanlanganlik va ongli boshqarish, ongli o’zlashganlik va anglanganlik, egallanganlik va tushunilganlik, qat’iy qoidaga va tartibga solinganlik, yozuvda mustahkamlanganlik, xalqchillik va umumqo’llanuvchanlik, umummajburiylik va namunaviylik, turg’unlik va barqarorlik, ayni paytda, ularning nisbiylik, an’anaviylik va izchillik, zamonaviylik va tipiklik, dinamiklik va tarixan o’suvchanlik, variantlilik
Do'stlaringiz bilan baham: |