CHaynash – xazm qilish jarayoning ilk davri xisoblanib, tishlar yordamida ozuqani maydalash va so‘lak bilan aralashtirish mexanizmi hisoblanadi. CHaynash chakka-pastki jag‘ bo‘g‘imi yordamida yuzaga keladi. CHaynov mushaklarining qisqarishi pastki jag‘ suyagini xarakatini ta’minlaydi. CHaynov mushaklari qo‘yidagi mushaklar kiradi:
chaynov mushagi (m. masseter) – pastki jag‘ni yuqoriga ko‘taradi, hamda pastki jag‘ning oldinga xarakatini mushakning orqa tushuvchi qismi ishtirokida yuzaga keladi;
chakka mushagi (m. temporalis) – pastki jag‘ni yuqoriga ko‘taradi, hamda mushakning orqa tushuvchi qismi yordamida pastki jag‘ orqaga xarakatlanadi;
medial qanotsimon mushagi (m. rterygoideus medialis) – pastki jag‘ni yuqoriga ko‘taradi, hamda oldinga qarab xarakatlandi;
lateral qanotsimon mushagi (m. rterygoideus lateralis) – ikki tarafda qisqarganda - pasti jag‘ suyagini oldinga xarakatlantiradi, bir tomonlama qisqarishi natijasida pastki jag‘ qarama-qarshi tarafga xarakatlanadi.
Bundan tashqari chaynash jarayonida lab, lunj va til mushaklari ishtirok etadi.
CHakka-pastki jag‘ bo‘g‘imi shunday tuzilganki, u transversal, sagittal va vertikal yo‘nalishlar bo‘ylab pastki jag‘ni xarakatga keltiradi. SHuning natijasida har xil ko‘rinishdagi tish qatorlarining jipslashuvi (okklyuziya) shakllanadi.
Agar pastki va yuqorigi jag‘ tish qatori jipslashuvida medial kesuv tishlar orasidan o‘rta chiziq to‘g‘ri o‘tkazilsa markaziy okklyuziya xosil bo‘ladi. Bu xolatda barcha chaynov mushaklari qisman taranglashgan bo‘ladi. Markaziy okklyuziyada yuqori molyar tishlarning tanglay do‘mboqlari pastki molyar tishlarning til va vestibulyar do‘mboqlar orasida joylashgan bo‘ladi. Pastki jag‘ suyagining boshchasi chakka suyagi bo‘g‘im do‘mbog‘ining orqa yuzasining o‘rtasiga to‘g‘ri keladi.
Tishlash vaqtida oldingi tishlarning kesuv qirralari va oxirgi molyar tishlarning distal do‘mboqlari orasida joylashadi, yon tishlar orasi ochiladi, bu xolat sagittal okklyuziya bo‘lib hisoblanadi.
Ozuqani maydalash va chaynash jarayonida pastki jag‘ yon tomoniga harakatlanadi, bunda transversal okklyuziya (o‘ng va chap) sodir bo‘ladi. CHaynash paytida ishchi qism (lukma maydalanayotgan qismi) va qarama-qarshi (muvozanat) qismi tafavut etadi. Ishchi qismda pastki va yuqoriga molyarlarning lunj do‘mboqlari kontaktga kiradi, tanglay va til do‘mboqlari orasida esa juda tor tirqish xosil bo‘ladi. Qarama-qarshi (muvozanat) qismida pastki molyar tishlarning lunj do‘mboqlariga yuqorigi molyar tishlarning tanglay do‘mboqlariga to‘g‘ri keladi, ammo ular kontaktga kirishmaydi, chunki ular orasida tor bo‘shliq mavjud.
Pastki jag‘ tishlarining chaynash jarayonida mustahkamligi va chidamliligi toj qismining markaz tomoniga, ildizlarning esa distal tomoniga og‘ib ketishi bilan bog‘liq. YUqori jag‘ tishlarining mustahkamligi ildizlarning sonini ortishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Pastki jag‘ni ko‘taruvchi chaynov mushaklari katta kuchga ega. Bundan tashqari chaynov mushaklar xarakatida tishlarga ta’sir etadigan chaynov bosimi ruyobga keladi. Bu bosim pastki jag‘ni ko‘taruvchi chaynov mushaklar bir xil sarflayotgan kuchga qaramasdan, okklyuziya turiga qarab tishlarga xar xil ta’sir qiladi.
CHaynash jarayonida tishlararo yon (kontakt) yuzalari mavjudligi sababli chaynov bosimi tishlar qatoridagi qo‘shni tishlarga teng taqsimlanadi. SHu sababli tishlar ildiziga tushadigan bosim kamayadi. Tish qatoridagi xar xil defekt bo‘lganda chaynov bosimi bir tekis taqsimlanmaydi, bunda tishlarning funksional vazifasini ortib ketishi kuzatiladi. CHaynov biomexanikasining buzilishi tishlar qatori deformatsiyasiga va periodont moddasining shikastlanishiga olib kelishi mumkin. Tishlarning yon (kontakt) yuzalari yosh o‘tgan sari emirilib boradi, natijada tishlar ortiqcha xarakatchang bo‘ladi va tish ravog‘i torayadi.
PRIKUS – bu yuqorigi va pastki tish yoylarning markaziy okklyuziyadagi o‘zaro jipslashuvidir. Prikuslar fiziologik va patologik turlariga bo‘linadi. Fiziologik prikus optimal fiziologik me’yor bo‘lib, unda butun yuz skeleti va tish-jag‘ apparatining shakllanishida morfologik, funksional va estetik tomonlari to‘g‘ri proporsional (garmonik) munosabatda bo‘ladi. Fiziologik prikuslar 4ta turiga bo‘linadi: ortognatik, progenik, biprognatik va tug‘ri prikuslar.
ortognatik prikusda (orthos – to‘g‘ri, gnatio - jag‘) - yuqori jag‘ tish yoyi yarim ellips shakliga ega bo‘lib, pastki tish yoyini qoplab turadi. Bu prikusda yuqorgi kesuvchi tishlarning toji pastki kesuvchi tishlarning taxmin 1/3 balandiligini qisman qoplab turadi;
biprognatik prikus – yuqorigi va pastki jag‘ oldingi tishlarining
oldinga qarab keskin og‘ganini, bunda yuqorgi tishlar pastki kesuvchi tishlarni qisman qoplaydi;
to‘g‘ri prikus – yuqorigi va pastki kesuv tishlarining kesuv qirralari bir-biriga tegib turadi.
Patologik prikuslar fiziologik prikuslardan sezilarli darajada farqlanadi, bunda yuqorgi va pastki jag‘ suyaklari va tish yoylaring deformatsiyalari, tish rivojlanish anomaliyalari va x.q. asos bo‘ladi. Patologik prikuslar turlari: ochiq, yopiq, ortognatik va kesishgan prikuslar kiradi. Patologik prikuslar chaynash jarayonini va nutqning buzulishiga, hamda yuz shaklining keskin o‘zgarishi olib keladi.
Rasm. Prikus turlari: a) ortognatik; b) tugri; v) biprognatik; g) progenik. YOndan chapda kesuv tishlarning munosabati, ungda-katta ozik tishlarning munosabati
Foydalaniladigan adabiyotlar ro‘yxati
Baxadirov F.N. «Odam anatomiyasi». - 2005, 2006 yil. Toshkent.
Sapin M. R. Anatomiya cheloveka. - 1998.
Richard L.Drake, et alt. Gray`s Anatomy for students (third edition), ELSEVIER 2014, 1161 p.
Anatomy of the Human Body. University of Washington. Seattle. 2004.