Mavzu №4. Markaziy Osiyo xalqlarining qadimiy ma’naviyati.
Reja:
1.Ma’naviyatning rivojlanish bosqichlari.
2.Avestoda ma’naviyat masalalari.
3.Moniylik va mazdakizm ta’limotlarida ma’naviyat masalalari.
1.Milliy ma’naviyat avvalo tarixiy hodisadir. Milliy ma’naviy rivojlanish millatning butun tarixi davomida yuz beradi, ba’zan u shiddat bilan yuksalib borsa, ba’zan esa ma’lum darajada tanazzulga yuz tutishi mumkin. Millatning aksariyati ma’naviy tanazzulga yuz tutgan fojeali sharoitlardan ham milliy ma’naviyat yo’qolmaydi, buning uchun ajdodlar yaratgan barcha ma’naviy merosni mavh qilish, insonlar xotirasini tamomila o’chirib tashlash va hatto irsin xotirani ham barbod qilish kerak bo’ladi.
Xalqimiz madaniy taraqqiyoti o’ta murakkab tarixiy hodisalar majmuini tashkil etib o’z ichiga bir necha ming yilliklarni qamrab oladi. Ushbu murakkab va ko’p ming yillik ma’naviy rivojlanishimiz jarayonlaridan asosiy bo’g’inlarni ajratib olish lozim. Bu siz milliy ma’naviyatimiz rivojlanish bosqichlari haqida fikr yuritib bo’lmaydi. Milliy ma’naviyatimizning bir necha ming yillik tarixini uch yirik davrga ajratish mumkin:
1.Islomgacha bo’lgan davr.
2.Islom davri.
3.Yangi jaxon madaniyatida milliy ma’naviyatimiz rivoji.
Ushbu davrlar o’z ichiga olgan muddatlariga ko’ra aslo teng emas. Birinchi davr o’z ichiga bir necha ming yilliklarni qamrab olsa, ikkinchi davr 11-12 asrni, uchinchi davr esa 1-1,5 asrni oladi.
Islomgacha bo’lgan milliy ma’naviyatimiz va uning rivojlanishi haqidagi manbalarni to’rt guruhga bo’lish mumkin:
1.Avesto va turkiy toshbitiklar 1
2.Qadimgi Shumer, Ashshur, Bobil, Misr, Yunon, Xind, Xitoy manbalari va Eron shohlarining toshbitiklari.
3.Arxeologik yodgorliklar ya’ni Samarqanddagi Siyovush qal’asi, qadimgi Xorazm, Buxoro eski shaharlari xarobalaridan topilgan ashyolar va inshootlar.
4.Xalq og’zaki va yozma adabiyoti namunalari, urf-odat va marosimlar, o’yinlar va bayramlar.
Eng qadimgi ma’naviyat inson asosan tosh qurollardan foydalangan ilk ibtidoiy jamoa davri bo’lib – bu davr insonning rivojida muhim bosqich hisoblanadi. Bu davrda inson ongida juda muhim bo’lgan tabiatga mehr, er, suv, olovni e’zozlash, mehnatni ulug’lash kabi ma’naviy fazilatlarni shakllanishi kuzatiladi. Ajdodlarimiz haqidagi eng qadimiy ma’lumotlar afsonalar, dostonlar va toshbitiklar shaklida hozirgi kungacha saqlanib kelmoqda.
Islom davri ma’naviyati asosan mintaqaga islom dinining kirib kelishi bilan boshlanadi. O’rta Osiyodagi birinchi va ikkinchi uyg’onish davrlari aynan ushbu davrga to’g’ri keladi. Garchand islom dini Arabistonda vujudga kelgan bo’lsada, uning rivojlanishida O’rta Osiyodan etishib chiqqan mutaffakkirlarning ahamiyati beqiyos. Aynan islom davrida O’rta Osiyo xalqlari o’zlarining ma’naviy kamolotining eng yuksak cho’qqilariga erishganlar.
Ma’naviyat rivojining uchinchi davri asosan milliy ozodlik kurashi natijasida shakllangan jadidchilik harakatining vujudga kelishi va rivojlanishi bilan bevosita aloqador. Ma’lumki jadidchilik harakatining aksariyat tarafdorlari Chor Rossiyasi, keyinchalik qizil imperiya tomonidan yo’q qilindi. Jadidlarning aksariyati ayniqsa ittifoq davrida kuchli ta’qib ostiga olindi, ular haqidagi ayrim ma’lumotlar umuman yo’q qilib yuborilgan.
2.Zardushtiylik Qadimgi O’rta Osiyo, Xuroson, Eron, Ozarbayjon, Shimiloy Hindiston va boshqa xalqlarning dini bo’lib hisoblangan. Avesto kitobi ko’pgina xalqlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini, olam haqidagi tasavvurlarini va diniy qarashlarini o’zida aks ettirgan qomusiy (enstiklopedik), diniy asardir. Ma’lumotlarga ko’ra Avesto kitobi – Yashtlar, Yasna, Visparad, Vendidot va kichik Avesto kabi bo’laklardan tashkil topgan. Uning Vendidot qismida Axuramazda barcha mavjudotning yaratuvchisi ekanligi bayon etiladi. Visparad ibodat qo’shiqlaridan iborat. Yasna marosim va qurbonlik vaqtida kuylanadigan qo’shiqlardan, Yasht qismida esa dinning ma’budalari madh etilgan. Kichik Avestoda quyosh, oy va boshqa ma’budlar sharafiga bitilgan ibodat matnlaridan iborat. Dastlab zardushtiylik ta’limoti boshqa dinlar singari og’izdan-og’izga ko’chib yurgan, qoxinlar tomonidan yod olingan, keyinchalik esa kitob holiga keltirilgan. Uning bo’yi 120 sm.ni, eni esa 70 sm.ni tashkil qilgan.
Ba’zi /arb olimlari bu dinni qadimgi Parfiyada (hozirgi Turkmanistonning janubi-g’arbiy qismi), ba’zilari esa Midiyada (hozirgi Eronning Xamadon shahri atrofi), ba’zilari esa Baqtriyada (hozirgi Jan. Surxondaryo va Shim. Afg’oniston hududlari) paydo bo’lgan fikrni aytganlar. Qolgan ko’pgina tadqiqotchilarning fikricha zardushtiylik dini dastlab Xorazmda vujudga kelgan. Avestoda dinning vujudga kelishi to’g’risidagi ma’lumotlarning aksariyatida Xorazm vohasining tabiatiga mos keluvchi joylar to’g’risida fikr yuritish mumkin.
Avesto kitobi uzoq vaqt mobaynida ya’ni miloddan avvalgi 2-minginchi yilliklarning boshlarida shakllana boshlagan. Avestoni Zardusht diniy asar sifatida bir tizimga solgan. Zardusht miloddan avvalgi 660-yilda Xorazmda dunyoga kelgan. Zardusht 20 yoshidan boshlab yakka xudolikni targ’ib qila boshlagan. Oradan 8 yil o’tib u xalq ommasi ichida katta shuhrat qozonadi. Uning ta’limotlari qabila boshliqlari va mahalliy hukmdorlarga yoqmaganligi sababli osishga mahkum etadilar. Shunda u 300 nafar safdoshlarini olib Eronga yo’l oladi. Eron shohi uning yangi dinini qabul qilib zardushtiylikni davlat dini darajasiga ko’taradi. Aynan shundan so’ng bu din keng tarqala boshlaydi.
Avestoning dastlabki nusxasi 12 ming qoramol terisiga bitilgan va Eron shohi Kir bunyod etgan Persopol shahrida saqlangan.
Beruniyning yozishicha Iskandar mil. avv. 330-yilda Eronni bosib olganda, u Avestodagi tibbiyot, falsafa va koinot ilmiga oid qismlarini tarjima qildirib, qolgan qismini yoqib yuborgan. Aynan shunda kitobning 3/5 qismi yo’q bo’lib ketgan.
Avesto kitobida o’rganilishi zarur bo’lgan koinot va zamin, inson va hayot, o’lim va abadiyat singari butun insoniyatga taalluqli qimmatbaho javoblar, jumboqlar xususida yozilgan. Unda dunyoning yaratilishi, insonning xalq bo’lib kamol topishi, ezgulik uchun kurash, ijodkorlik, bunyodkorlik yo’lidagi orzular o’z ifodasini topgan.
Avesto kitobida ikki qarama-qarshi kuch ya’ni yaxshilik va ezgulik xudosi Axuramazda va yomonlik xudosi Axrimanlar orqali, dunyoda yashashdan maqsad konfliktologik holda tasvirlangan.
Avestodagi asosiy diniy g’oyalari ko’pxudolikka va qohinlikka hamda odamlar va hayvonlardan qon chiqarib qurbonlik qilishga qarshidir. Undagi ta’limotga ko’ra inson yashashga haqli, uning huquqini poymol qilishga hech kimning haqqi yo’q. Inson tabiatga, hayvonot va barcha jonzonlarga mehr ko’zi bilan qarashi kerakligi ta’kidlanadi.
Zardushtiylik ta’limotiga ko’ra insondagi jon abadiydir. Unda jannat, farishtalar, ruxlar, do’zax haqida ham ma’lumotlar keltirilgan. Zardushtiylikda to’rt unsur ya’ni er, suv, havo va olov ulug’lanadi. Ayniqsa olov gunohlardan tozalovchi sehrli kuch deb hisoblangan va ibodatxonada mangu olov yonib turgan. Ushbu dinniy kitobning bizgacha etib kelgan eng qadimiy nusxasi hozirda Kopengagen shahrida saqlanadi.
Zardushtiylik diniga hozirgi kunda o’rta hisobda 200-300 ming odam e’tiqod qiladi. Ular asosan Eronning tog’li hudularida va Hindistonning ayrim hududlarida yashovchi xalqlardir.
Avesto yaratilganligini 2700 yilligini dunyo miqyosida nishonlash 2001 yilning oktyabr oyida BMTning maorif, fan va madaniyat ishlari bilan shug’ullanuvchi YuNESKO tashkiloti tomonidan ilgari surildi.
3.Moniylik dini milodiy III asrda Eronda vujudga kelgan din bo’lib uning asoschisi va targ’ibotchisi Moniydir. Moniylik dini juda ko’p mamlakatlarga Rim imperiyasidan tortib Xitoygacha tarqalgan edi, xususan O’rta Osiyo xalqlari orasida ham. Moniy 216 yilda tug’ilgan. Moniyning ma’naviy-axloqiy qarashlari uning «Sir ul asror», «Kitob ul xudo vost-tadbir» (Rahbarlik va boshqaruv kitobi), «Shaburkan» va boshqa asarlarida bayon etilgan. Moniylik dini xristianlik va zardushtiylik dinlarini ayrim ta’limotlarini o’zida mujassam etgan yangi dindir.
Moniy ibn Fatak tabib va faylasuf bo’lib, u o’z diniy qarashlarini 242 yilda Eron shohi Shopur 1-ga bayon qiladi. Uning ta’limotlarida urushmaslik va mol-dunyo yig’maslik muhim o’rin tutadi. Zardusht qohinlari Moniyning va’ziga keskin qarshi chiqadilar.
Moniylikning asosiy g’oyasi: borlikning asosiy ikki substanstiya ya’ni birinchisi - yorug’lik, yaxshilik va ruh olami, ikkinchisi zulmat, yovuzlik moddiyat olamining o’zaro kurashuvidan iborat. Birinchi olamda xudo, ikkinchisida shayton, iblis hukmronlik qiladi. Ushbu ikki olam kurashi falokat bilan tugaydi, natijada borliq (materiya) halokatga uchrab ruh ozodlikka chiqadi. Moniylik diniga ko’ra bu duyon yovuzlik dunyosidir.
Moniyning aksariyat qarashlari hukmron doiralar manfaatlariga zid bo’lgan va 277 yilda Eron shohi Baxrom 1-tomonidan qatl etilgan va ta’limoti ta’qiqlangan. Xususan Rim imperatori Diokletian tomonidan ham moniylikka qarshi maxsus farmon e’lon qilingan.
Mazdakiylik ham diniy-falsafiy ta’limot bo’lib, asoschisi Mazdak hisoblanadi. Mazdakiylik diniga Moniylikning ta’siri katta bo’lgan. Bu ta’limot nafaqat Eronda balki O’rta Osiyoda ham keng tarqalgan bo’lgan. Mazdak 470 yili Eronning Nishopur shahrida dunyoga kelgan.
Mazdakiylik ta’limotiga ko’ra olamda bo’ladigan ishlar ongli va biron maqsadni ko’zlab harakat qiluvchi kuch ezgulik bilan ko’r-ko’rona va tasodifiy harakatlanuvchi johillik o’rtasidagi kurashdan iborat. Bu orqali Mazdak ijtimoiy tengsizlikni yo’qotish uchun kurashga da’vat etadi. Mazdak xalqni zardusht qohinlari va boylarga qarshi kurashga boshlagan. Bu harakatni susaytirish maqsadida Eron shohi Kubod-1 Mazdakni qo’llab-quvvatlagan va uni Eron bo’yicha bosh qohin qilib tayinlagan. Mazdak ta’limoti tarafdorlari keyingi asrlar davomida Eron, O’rta Osiyo va Ozarbayjonda hukmron doiralarga qarshi kurash olib borganlar. Islom dini tarqalgach uning tarafdorlari Muqanna, Bobak rahbarligida kurash olib borganlar. Otasidan keyin taxtga o’tirgan eng odil shoh Xusrav-1 yoki Anushirvoni odil 529 yili mazdakiylar harakatini bostiradi va Mazdakning dinini man qilib, o’zini qatl ettiradi.
Adabiyotlar.
1. Karimov I.A. O’zbekistonning o’z istiqlol va taraqiyot yo’li. T: O’zbekiston, 1992yil
2. Karimov I.A. O’zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura T: O’zbekiston, 1993 yil.
3. Karimov I.A. Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q. T: Sharq, 1998 yil.
4. Karimov I.A. Istiqlol va ma’naviyat. T: O’zbekiston, 1994 yil.
Do'stlaringiz bilan baham: |