XX asr boshlarida Fransiya 90-yillarning o’rtalaridan boshlab Fransiya sanoatida yuksalishi boshlanib, u Birinchi jahon urushigacha davom etdi. Temir ruda qazib chiqarish 1900-yildagi 5,4 mln tonna 1913-yilda 22 mln tonnaga yetdi. Bu sohada Fransiya, Germaniya, AQSH va Belgiyadan o’zib ketdi. Sanoatning yangi tarmoqlari-elektro texnika, avtomobil, kimyo ancha rivojlandi. 1912 yidda aholining 40% qishloq xo’jaligida, 36% sanoatida band edi. Fransiyaning 1909 yildagi eksportda tovarning qimmatligi jihatidan jun birinchi uringa chiqib oldi. Ip-gazlama ikkinchi o’ringa, shoyi gazlama uchinchi o’ringa, fransuz vinolari to’rtinchi o’rinda turardi. Kimyo sanoatining mahsulotlari sakkizinchi va avtomobillar sotish to’qqizinchi o’rinda edi. Ammo ishlab chiqarish konsentrasiyalashishi darajasi jihatdan Fransiya, AQSH va Germaniyadan orqada qolayotgan edi. Fransiyada kredit-pul kapitali tez o’sib katta qudratga ega bo’ldi. XX asr boshlarda u bir necha bank-moliya tizimi ustidan hukmron bo’lib qoldi. 1914 yilda banklarga qo’yilgan 11 mlrd. frank pulning 8 mlrd.di 5 ta bankda to’plangan edi. Qog’oz pullar chiqarishni esa 4 ta bank-Lion kredit, Milliy hisoblash idorasi, Bosh jamiyat, Parij Niderlandiya banki egallagan edi. Chetga kapital chiqarish bo’yicha Fransiya jahonda Angliyadan keyin ikkinchi o’ringa chiqib oldi. Agar 1900 yilda chetga 487 mln. frank kapital chiqarilgan bo’lsa, 1914 yilga kelib bu raqam 1 mlrd. 329 mln. frankka yetdi. Moliya kapitali Fransiya iqtisodiyotida asosiy o’rinni egallab, mamlakatning siyosiy hayotida katta ta‘sir o’tkazdi. Moliya oligarxiyasining yuqori tabaqasi – de Vandeli, Shneyder, Lende, Malle, Vogyue, Roshild va boshqalar birjani mustamlakalar bilan bo’ladigan aloqani, transportni, matbuotni o’z qo’llarida tutib turdilar. Hukumatning ichki siyosati. Fransiyada ijtimoiy harakat. Radikallarning eski siyosiy guruhlari 1901 yilda birlashib, respublikachi radikallar va radikal - sotsialistlar partiyasini tuzdilar. 1902 yildagi saylovda radikallar Deputatlar palatasida birinchi marta ko’p o’rin oldilar. Radikallar sotsialistlarning bir qismi bilan birgalikda «So’l blok» deb atalgan ittifoq, keyinchalik shu blokka tayanib, Emil Komb (1902-1905) boshchiligila hukumat ham tuzdilar. Komb hukumati «Dreyfus ishi» dan saboq olib armiyaning eng reaksion monarxiyachi zobitlardan tozalash tayyorgarligini ko’rdi. Shu maqsadda zobitlar to’g’risida ma‘lumotlar yig’ilib, mahfiy «ishlar» ochildi. «O’ng» partiyalar bundan norozi bo’lib shovqin-suron ko’tardilar. Komb hukumati 1905-yil yanvarda iste‘foga chiqishga majbur bo’ldi. «O’ng» radikal Ruve cherkovni davlatdan ajratish to’g’risida Komb tayyorlagan qonun loyihasini to’xtatib qololmadi. Bu loyihasi 1905-yil iyunda har ikkala partiyada qabul qilindi va kuchga kirdi. Shu yilgi ikki yillik harbiy xizmat to’g’risidagi qonun ham qabul qilindi. 1905 yil martida Ruve hukumatni radikal Sarrenga topshirdi. Sarren hukumat tarkibiga ko’zga ko’ringan «taraqqiyotchilar» Puankare va Barte a‘zo bo’lib kirgan edi. Hukumat tarkibida birinchi marta Jorj Klemanso Ichki ishlar vaziri etib tayinlandi. 1906 yilgi saylovlarda radikallardan parlamentga 250 ga yaqin deputat saylandi. Ushbu saylovlar mamlakatdagi ijtimoiy kayfiyat «So’lga burilganini» ko’rsatdi. Vazirlar kengashining yangi raisi, radikallar partiyasining boshlig’i Jorj Klemanso o’z hukumatining oldinigi hamma hukumatlardan farqi borligini uqtirishga harakat qildi. «Dreyfus ishi»da nom chiqargan general Pikar harbiy vazirlikka rahbar bo’ldi. Dreyfus va Pikar bundan oldinroq, 1906 yilda batamom «oqlangan» edilar. 1907 yilda ijtimoiy harakat keskinlashdi. Parijda mart oyida elektr sanoati ishchilari ish tashladilar. Hukumat ularga qarshi qo’shin yubordi. Iyun oyida hukumat poyafzal sanoati ishchilarining chiqishlari kuch bilan bostirildi. Yozda janubiy hududlardagi vino tayyorlovchi dehqonlar orasida harakat boshlandi. Tokzorlarga kasal tegib, uzum hosili nobud bo’lganligi dehqonlarga katta zarar yetkazdi. Natijada mamlakatda soxta, arzon vino ko’payishi ularni xonavayron qildi. Uzumchi dehqonlar ahvolini yaxshilashga hukumatning aralashuvini talab qildilar. G’alayonlar bo’layotgan tumanlarga qo’shinlar yuborildi. Mahalliy aholidan iborat 17-polk dehqonlar tomoniga o’tdi. Hukumat katta qurolli qo’shin yuborib, bu polklarni qurolsizlantirdi. Harakatni bostirdi. 1908 yil iyulida Klemanso hukumati iste‘fo berdi. Mamlakat tepasida «mustaqil sotsialist» A.Brian (1909-1911) hukumati keldi. 1911 yili radikallaridan Monis va Kayo tuzgan qisqa muddatli hukumat hokimiyat tepasiga chiqib olib, «O’ng» siyosat o’tkazdi. Monis hukumati Umummehnat konfederasiyasi tayinlagan 1-may namoyishini taqiqladi. Shampandagi vinochi dehqonlar harakati ham zo’rlik bilan bostirildi. Puankarening ichki va tashqi siyosati. Xalqaro ahvol tobora keskinlashdi. Bir-biriga qarshi turgan qudratli davlatlar urushga faol tayyorlandilar. 1910 yilda Brian rahbarligida harbiy-dengiz floti qurishning katta dasturi qabul qilingandi. Yirik burjuaziyaning «Qattiqqo’l hokimiyat» tuzishga intilish yanada kuchaydi. 1912 yil yanvarda Kayo hukumati «quladi». Raymon Puankare hokimiyatni qo’lga oldi. 1913 yil yanvarda Prezident saylovlari bo’ldi. Prezident qilib Puankare saylandi. 1913 yil dekabrda radikal-sotsialistlar Bartunini «O’ng» hukumatini ag’dardilar va Dumerg boshchiligida hukumat tuzdilar. 1914 yilgi saylovdan oldin Moliya vaziri Kayoga qarshi kurash boshladilar va Kayo iste‘fo berishga majbur bo’ldi. 1914 yil mayida o’tkazilgan saylovlarda «So’l partiyalar ko’p ovoz oldi. Sotsialistlar partiyasining rahbari Jan Jores urush xavfidan xalqni ogoh etdi. Biroq, Fransiya dunyoga qayta bo’lib olish uchun boshlangan urush girdobiga tortilgan edi. J. Jores urushga qarshi nutqlari uchun 1914 yil 31 iyulda yovuzlarcha o’ldirildi.
Mustamlakalari:
1893 yil-Sahroi Kabirdagi Xartumni bosib oldi va Laos ustidan protektorat o’rnatdi.
1897 yil-Xitoyning Guanchjoun viloyatini
1899 yil-Shimoliy Afrika va Sudan
1912 yil-Marokash ustidan protektorat o’rnatildi.
1914 yilda bu mamlakatlarda 100000 fransuz bor edi.
Xulosa Bu davrda Fransiyada yirik moliya, sanoat va zamindor guruhlar bilan birga faol xalq ommasi, «o’rta tabaqalar», - deb atalgan tabaqa katta o’rin tutardi. Aholi qatlamlarining bunday joylashuvi «Uchinchi respublika»da siyosiy kurashning rivojlanishiga ham ta‘sir qildi. Fransiyadagi iqtisodiy inqiroz faqat XX asr boshlaridagina yengib o’tildi. 80-90-yillarda Fransiya kapitali Turkiya, Avstriya-Vengriyaga, Janubiy Amerika mamlakatlariga kirib bordi. Kapitalning ko’p qismi zayomlar borish yo’li bilan eksport qilindi. Bu esa fransuz kapitalining sudxo’rlik qiyofasini ko’rsatar edi. Fransiya bu davrlarda juda katta yo’lni bosib o’tdi.