Yonbosh suyagi quymich kosaga nisbatan yuqori joylashgan va 2 qismdan - tana va qanotdan iborat. Tanasi yo‘g‘on, quymich kosadan boshlanadi. Tanasidan yuqoriga qarab keng plastinka shaklida qanoti o‘rnashadi. Qanotning eng yuqori cheti “S” simon bo‘lib, chetlari yo‘g‘onlashgan, eng yuqori cheti yonbosh qirrasi deyiladi. Bu qirraga qorin muskullari birikadi. Qirraning old va orqa tomonida oldingi ustki o‘siq va orqa ustki o‘siqlari aniqlanadi. Yonbosh suyagi qanotining ichki va tashqi yuzalari ajratiladi. Ichki yuzasi silliq va botiqroq bo‘lib, yonbosh chuqurchasini xosil qiladi. Yonbosh chuqurchani pastdan quloqsimon yuzadan boshlangan yoysimon chiziq chegaralaydi. Qanotning tashqi yuzasida esa uchta g‘adir-budir chiziqlari tafovut etiladi. Bu chiziqlardan dumba muskullari boshlanadi. Yonbosh suyagining medial va orqa tomonida dumg‘aza suyagi birikishi uchun quloqsimon bo‘g‘im yuzasi joylashgan.
Quymich suyagi quymich kosaga nisbatan pastroq joylashgan. Bu suyak tana va shoxchadan iborat. Quymich suyagining tanasi quymich kosani xosil bo‘lishida ishtirok etadi. SHoxchasi qov suyagining shoxchasi bilan birikib ketadi. Suyakning eng pastki qismida burilish joyida quymich bo‘rtig‘i bor. Quymich bo‘rtig‘ining orqa tomonida kichik quymich o‘ymasi joylashgan. Quymich suyagi tanasining orqa tomonidagi o‘tkir uchli o‘siq katta va kichik quymich o‘ymalarni bir-biridan ajratadi.
Qov suyagi tana, yuqorigi va pastki shoxlardan iborat. Qov suyagining kalta va keng tanasi quymich kosacha xosil bo‘lishda ishtirok etadi. Pastki va yuqorigi shoxchalar bir-biriga nisbatan ma’lum burchakda joylashgan. Quymich suyagining shoxchasi qov suyagining pastki shoxchasi bilan tutashib, yopilib turuvchi teshikni xosil qiladi. Yuqori shoxchasini orqa qirrasi uchlangan bo‘lib, kov qirrasini xosil qiladi. Kov qirrasi yonbosh suyagining yoysimon chizig‘i bilan tutashib ketadi. Natijada, katta tos bo‘shlig‘ini kichik tos bo‘shlig‘idan ajratadigan chegaralovchi chiziq xosil bo‘ladi. CHap va o‘ng qov suyaklarining medial yuzalari orasida kov simfizi xosil bo‘ladi.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda quymich kosachasi yassilashgan bo‘ladi, ayniqsa kizlarda. Tos suyagi aloxida suyaklardan tashkil topib, suyaklar orasida tog‘ayli qatlamlar joylashgan. 6 yoshdan boshlab tog‘ayli plastinkalar yukola boshlaydi. Uchchala suyaklarning tulik suyaklanishi kizlarda 12-14 yoshda, o‘g‘il bolalarda 13-16 yoshda o‘tadi.