Hindistonning Kushonlar davlatiga qo`shib olinishi. Hindistonda o`zaro urushlar avjiga chiqib, mayda davlatlarga bo`linib ketayotgan bir davrda, shimoli-g`arbdan kushon podsholarining istilolari boshlanadi.
Miloddan avvalgi II asr o`rtalarilda Baqtriyaga o`tib joylashgan Yuechjilar shu yerda Kushon davlatiga asos soladilar.
Kushonlar davlatining asoschilaridan biri Kudzula Kadfiz I Kashmir va Janubiy Baqtriyani bosib oladi. Uning o`g`li Vima Kadfiz II esa Hindistondagi o`zaro urushjanjallardan foydalanib Panjob viloyati, Quyi Hind bo`ylari, Bengaliya va Hindiston yarim orolining markaziy qismlarini ham bosib oladi.
Kadfiz II vafotidan keyin Kushonlar taxtiga uning o`g`li Kanishka I o`tiradi. Kanishka I (milodiy 78–100–123-yil) davrida Hindistonning janubiy viloyatlari ham Kushonlar saltanati tarkibiga qo`shib olinadi. Kanishka davrida Kushonlar saltanatining poytaxti Baqtrdan Peshovarga ko`chiriladi. Kanishka I va Xuvishka podsholik qilgan davrlaridan keyin Kushon davlati kuchsizlanadi. Milodiy III asr oxirlarida ichki kurashlar va g`arbdan sosoniy qo`shinlarining bergan qaqshatqich zarbalari ostida Kushon saltanati yemirilib, uning o`rnida katta-kichik davlatlar tashkil topadi.
Guptalar davrida Hindiston. Kushonlar saltanati barham topgach, Hindistonda bir qancha davlatlar tashkil topadi. Milodning IV asridan boshlab Gang vohasidagi Magadxa davlati yana kuchayadi. Bu davlatning asoschisi Gupta bo`lib, sulola ham shu nom bilan atalgan.
Magadxa davlati Guptaning nabirasi Chandragupta I (milodiy 320–335) va uning o`g`li Samudragupta (milodiy 335–380) davrida ancha kuchayidi.
Ular Himolay tog`laridan Madras shahri oralig`idagi yerlarni bosib oldilar.
Guptalar sulolasi saltanatining gullab-yashnagan davri Chandragupta II podsholik qilgan 380–415-yillarga to`g`ri keladi. Chandragupta II davrida Hindistonning yerlari Panjob, Hind vohasi hisobiga kengayadi. Bu davrda Hindistonda dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik, ayniqsa savdo-sotiq nihoyat darajada rivoj topadi.
Chandragupta podsholik qilgan yillar Hindiston tarixida «Guptalarning oltin asri» deb madh etilgan.
Chandragupta II vafotidan keyin Hindistonga O`rta Osiyo tomondan kidariylar, eftaliylar va boshqa qabilalarning hujumi boshlanib, ular Panjob va Hind vodiysida o`rnashib qoladilar.
Kidariylar va eftaliylar bilan olib bonlgan urushlar natyasida juda ko`p kishilar halok bo`ladi, xo`jalikning hamma tarmoqlari izdan chiqadi.
Guptalar mamlakatda markazlashgan davlatlar tuzishga ko`p harakat qiladilar.
Lekin bu harakatlar yaxshi natija bermaydi. Shu bilan Hindistonning qadimgi tarixi ham o`z nihoyasiga yetadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |