Tarixiy tafsirlar – qissalar, qadimda o‘tgan qavmlarning tarixi kengroq sharhlangan tafsirlar.
Tarjima amaliyoti xilma-xilligi – tarjimonlarning tajribasi, malakasi va e’tiqodi bir-biridan jiddiy farq qilishi natijasida kelib chiqadigan tafovutlar; tarjimonlarning tarjima qilish prinsiplarini har xil talqin etishlari tufayli kelib chiqadigan tafovutlar; tarjimonlarning uslubi muallif uslubiga ta’sir etishi natijasida tabiiy ro‘y beradigan tafovutlar. Ana shu uchta sabab tufayli muayyan bir asarni masalan o‘nta tarjimon o‘z tiliga o‘girsa, natijada bir-biridan farq qiladigan o‘n xil tarjima hosil bo‘ladi.
Tarjima nazariyasi – amaliyotda tadbiq etiladigan tarjima muqobilligining ayrim mezonlarini, unga erishish yo‘llarini ko‘rsatishdan iborat amaliy fan.
Tasavvufga oid tafsirlar – bu xil tafsirlarda targ‘ib (jannatga rag‘batlantirish) va tarhib (do‘zaxdan qo‘rqitish, ogohlantirish) masalalariga, oyatlardan botiniy sirlar, ramziy ishoralar chiqarishga diqqat qilingan.
Tasniflash – xillangan matn turini sanalar bo‘yicha ajratish: asr, yil, oy.
Tazkira – lug‘aviy ma’nosi “esga olish, tilga olish”. Tazkira sharq mumtoz adabiyotida keng tarqalgan adabiy-tanqidiy janr.
Tazkira yozish an’anasi – bu an’ana dastlab arab va fors adabiyotida shakllangan bo‘lib, keyinroq turkiy adabiyotda ham keng ommalashgan. Tazkiraning eng qadimgi namunasi Abu Mansur Saolibiyning “يتيم الدهر فى محاصل اهل العصر” – “Zamona ahlining fazilatlari haqida yakto durdona” (XI asr) asari e’tirof etiladi. Mazkur tazkiradan o‘sha davr Arab, Movarounnahr, Xorazm, Xuroson adabiyoti va san’ati haqidagi qimmatli ma’lumotlar o‘rin olgan.
Tekst – yozuvda qayd etib qo‘yilgan nutq. Termin bu ma’nosida og‘zaki nutqqa qarshi qo‘yiladi; nutqiy asar, jumladan, adabiy asarning yozma (harflar) yoki og‘zaki (tovushlar) belgilar vositasida qayd etilgan konkret-hissiy (ko‘rish yo eshitish) qabul qilinadigan tomoni. Bu ma’nodagi tekst matnshunoslikning obyekti sanaladi; nutqiy kommunikatsiyaning nisbiy butunlik, yaxlitlik kasb etgan va nisbiy avtonomlik, alohidalik xususiyatiga ega eng kichik birligi, ya’ni adabiy-badiiy asar. Bu ma’nodagi tekstning mazmuni uni tashkil qilayotgan nutq birliklari, ularning o‘zaro aloqalari bilangina cheklanib qolmaydi. Butun sifatida u muallif tomonidan muayyan nutqiy situatsiyada tug‘ilgan, uning butun sifatidagi mazmun-mohiyati o‘zidan tashqaridagi reallik bilan bog‘liq holda voqe bo‘ladi.
Tom butunlik – qadimiylik, to‘liqlik, husnixat, saqlanish sifatining yaxshiligi kabi qiyos uchun muhim jihatlarning imkon qadar bitta qo‘lyozma matnida jamlanishi.
Toshbosma – kitob chop qilishning bir turi bo‘lib, bunda ustida bo‘rtma yozuvlar hosil qilingan maxsus toshga bo‘yoq (siyoh) surtilib, qog‘oz o‘sha tosh ustiga bosilgan. Natijada toshdagi matn to‘la holida qog‘ozda aks etgan. Bu uslub tosh ustidagi matnni bir necha nusxada ko‘chirish imkonini bergan.
Do'stlaringiz bilan baham: |