Nazorat uchun savollar:
1. XIX asrning oxiri – XX asrning boshlarida Xiva xonligi madaniy va ijtimoiy hayoti haqida gapiring.
2. Ashurali Zohiriyning Navoiy asarlarini nashrga tayyorlashdagi xizmatlari.
3. Abdumannof Qorining matnshunoslikdagi xizmatlari.
4. XVI–XVIII asrlarda matn ko‘chirishshning yangi bosqichi nimalarda ko‘rinadi?
4. “Nasri Xamsai benazir” asariga qisqacha izoh bering.
5-mavzu. XX asr va mustaqillik davri o‘zbek matnshunosligi
Reja:
1. XX asrda mumtoz adabiy merosga munosabat masalasi. XX asr boshlarida
2. Turkistonda matbaachilik rivoji. Jadidlarning matnshunoslik faoliyati.
3. Sho‘rolar davrida matnshunoslik. P.Shamsiev, H.Sulaymon, S.G‘anieva ilmiy tadqiqotlarida matnshunoslikka oid qarashlar.
4. Navoiy asarlari matnlari tadqiqi. Mustaqillik davrida matnshunoslik rivoji.
XX asr boshlarida Turkistonda matnni tanqidiy o‘rganishga e’tibor kuchaydi. Turli matbaa yoki kutubxonalarning tashkil qilish muayyan ma’noda o‘zbek matnshunosligining yangicha yo‘nalishda rivojlanishiga sabab bo‘ldi. 1920 yilning mart oyida Turkiston Markaziy ijroiya qo‘mitasi Turkiston davlat nashriyotini (Turkdavnashr) ta’sis etish haqida qaror qabul qiladi. Unga o‘lkadagi barcha nashr ishlarini birlashtirish, qog‘oz taqsimoti va bosmaxona jihozlarini nazorat etib, rahbarlik qilish vazifalari yuklandi. Ushbu nashriyotda bosilishi mo‘ljallangan asarlar o‘z tarkibiy tuzilishi, shakl va mazmuni bilan G‘arb an’analarini o‘zida aks ettirishiga alohida e’tibor berildi.
Shu jarayonda yozma yodgorliklarning o‘rganilishi va nashr qilishiga bog‘liq masalalarga jadidlarning katta qiziqish bilan qaraganini ko‘rish mumkin. Ular jahon tamadduni yutuqlarining targ‘ibotchilari bo‘lish bilan birgalikda qadimiy milliy yozma adabiy merosimizni benihoya qadrlaguvchi, uning fidoyisi va tadqiqotchisi ham edilar. Badiiy asarlarning muallif matniga ega bo‘lish yoki muallif matniga yaqin ishonchli qadim va to‘g‘ri qo‘lyozma nusxasini qo‘lga kiritish har qanday olim va fozil kishining orzusi, ideali bo‘lgan59. XIX asr ikkinchi yarmi – XX asrning dastlabki yigirma yilida shaxsiy kutubxonalarning katta qismini osori atiqaga aylanib borayotgan o‘rta asrlar qo‘lyozma kitoblari tashkil etardi60. Jumladan, Turkiston jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy fan, san’at va madaniyatning rivojida o‘tmish madaniy-ma’naviy yodgorliklarini o‘rganish, targ‘ib etish muhim deb hisoblagan va 1913 yili o‘z xususiy nashriyoti – “Nashriyoti Behbudiya”ni tashkil qilgan edi. Ayni vaqtda Behbudiy kitob do‘konlari tarmog‘ini tashkil etish bo‘yicha katta ishlar olib borgan. U Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon, Qo‘qon va Namanganda kitob do‘konlari ochdi61. Ma’rifatparvar Behbudiy har bir nashr uchun tayyorlanayotgan asar matnini jiddiy tekshirgan. Hatto u “Nashriyoti Behbudiya” uchun ba’zi asarlarning matnini tanqidiy o‘rgangan, kerakli joylarini tahrir etgan. Adabiyotshunos olim A. Hayitmetov ushbu davr o‘zbek matnshunosligi rivojlanishi xususida so‘z yuritar ekan, shularni yozadi: “Bizda matnshunoslikning taraqqiyoti matnshunos olimlar nomi bilangina bog‘liq emas. Birinchi manbalar ustida ilmiy-tadqiqot olib boruvchi ko‘pgina adabiyotshunoslar asosiy kasbiga ko‘ra matnshunos bo‘lmasa ham, tekstologik tekshirish ishlari olib borishga majbur bo‘lgan va bu sohada muhim vazifalarni amalga oshirib, tekstologiya rivojiga o‘z hissalarini qo‘shganlar”62. Olimning mazkur mulohazalari jadidlar faoliyatida to‘liq tasdiqlandi.
Vadud Mahmud, Fitrat, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurahmon Sa’diy, Sadriddin Ayniy, Hodi Zarif kabilar mumtoz adabiyot vakillari merosini ilmiy muomalaga kiritish va xalqni ularning ijodlari bilan tanishtirishda katta vazifalarni bajardilar. Masalan, adabiyotshunos, shoir, publitsist Vadud Mahmudni to‘la ma’noda matnshunos deya olmaymiz. Lekin uning ilmiy maqolalari, jumladan, “Navoiygacha turk adabiyoti”, “Alisher Navoiy”, “Fuzuliy Bag‘dodiy” kabi ishlarida qo‘lyozma va toshbosma nusxalardan “misqollab” yiqqan faktlari Alisher Navoiy va Fuzuliy hayoti va ijodini muxtasar yoritib beradi”63. Vadud Mahmud XX asrdagi dastlabki o‘zbek navoiyshunoslardan edi. U “Alisher Navoiy” maqolasini qo‘lida mavjud bo‘lgan shoir asarlaridan “Chor devon”, “Xamsa”, “Tarixi muluki Ajam”, “Majolis un-nafois”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”ning qo‘lyozma nusxalari asosida tayyorlaganini qayd etadi64.
Ayni shu davrdan boshlab o‘zbek matnshunosligi tarixida ilmiy yo‘nalish shakllana boshladi. Jadid ijodkorlari o‘zbek adabiyoti namunalarini qiyosiy tahlil qilish ishlarini boshlab berdilar. Garchi ularning ishlari umumiy tanishtiruv yo‘sinida tanqidiy munosabatdan xoli bo‘lsa-da, o‘zbek matnshunosligini jahon matnshunosligi o‘zaniga tushirishga xizmat qildi. Og‘zaki va yozma merosni o‘rganish, turkiy xalqlarning o‘tmish madaniyatini, ruhiyatini teran anglash jadidchilik g‘oyasini mustahkamlash hamda kengaytirish maqsadidan kelib chiqqan edi. Ma’rifatparvarlarning qo‘lyozma va toshbosma nusxalarni qiyosiy o‘rganish, ilmiy tahlil qilish va nashr ettirish ishlariga keng e’tibor berishlar matnshunoslik rivojida yangi, tom ma’noda ilgarigi bosqichlardan o‘zining ilmiy yo‘nalishi bilan tubdan farq qiluvchi yangi bosqichga o‘tishga ko‘prik vazifasini bajardi.
Bu davrdagi muhim yutuqlar sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: Qozon universiteti qoshidagi “Arxeologiya, tarix va etnografiya jamiyati” a’zosi sifatida 1913 yili Farg‘onaga qilgan ilmiy safarida sharqshunos olim Ahmad Zakiy Validiy To‘g‘on Namangandagi Muhammadhoji Eshon Loloresh qo‘lidagi “Qutadg‘u bilig”ning nusxasini aniqladi. Bundan tashqari, Validiy Mashhadning “Ravza” kutubxonasida ishlash davomida X asr Movarounnahr va Bulg‘or tarixi bo‘yicha benihoya muhim materiallar beruvchi Ibn Fazlonning Bag‘doddan Bulg‘orga safari taassurotlarini aks ettirgan “Risola”sini topib, ilm ahliga ma’lum qildi (1924)65. Professor Abdurauf Fitrat 1924 yili Muhammadhoji Eshon Loloreshdan “Qutadg‘u bilig” asarining mazkur nusxasini olishga muyassar bo‘ldi va maxsus maqola yozdi, 1928 yili asarning ayrim parchalarini zarur izohlar bilan nashr etildi.
Serqirra olim Abdurauf Fitrat adabiy tanqidchilik, manbashunoslik va matnshunoslik sohasi tarixida o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgan shaxsdir. Uning ilmiy-tanqidiy maqolalari, nashr ettirgan kitoblari matnshunoslik ishlari bilan bevosita bog‘liq. Xususan, Fitrat yozma yodgorliklarning nashrga tayyorlanishiga prinsipial yondashdi. U bugungi kungacha o‘z ahamiyatni yo‘qotmay kelayotgan “Eng eski turk adabiyoti namunalari” (1927),66 “O‘zbek adabiyoti namunalari” (1928)67 kitoblari materiallarini aynan qo‘lyozma manbalar asosida tayyorladi. Fitrat Navoiy asarlari manbalarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratdi. Uning qo‘lyozma manbalarni nashrga tayyorlash, xususan, mumtoz shoirlar ijodidan namunalar jamlab, chop ettirish kabi ishlari matnshunoslikka oid izlanishlar olib borganligini ko‘rsatadi.
“O‘zbek adabiyoti namunalari” mumtoz adabiyotimiz asarlarini topib nashrga tayyorlashda, ularning ilmiy-tanqidiy matnlarini yaratishda hamda bu adabiy yodgorliklarni tipologik jihatdan o‘rganishda ham birlamchi adabiy manba sifatida material beradi68. Fitratning e’lon qilgan adabiy parchalari matni keyingi ilmiy-tanqidiy matnlarning tayyorlanishida yordam bergani shubhasiz. Jumladan, tadqiqotchi O.Hamroeva Fitrat tomonidan tayyorlangan “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Navodir ush-shabob” asarlari parchalari bilan Alisher Navoiy XX jildlik mukammal asarlari to‘plamidagi asar matnini o‘zaro solishtirib chiqqan69.
Fitratning matnshunoslik rivojidagi asosiy ishlaridan yana biri uning sof tekstologik tadqiqotlarida ko‘rinadi. Jumladan, u “Navoiyning forsiy shoirlig‘i” maqolasida “Devoni Foniy”ning Buxoroda topilgan nusxasini badiiy hamda uslubiy jihatdan tekshiradi va uning Navoiy qalamiga mansub emasligini aniqlaydi. Olim “Devonayi Mashrab” asari qo‘lyozma nusxalarini chuqur ilmiy tadqiq doirasida o‘rganib chiqadi. Mavjud nusxalar matnini o‘zaro qiyosiy solishtiradi. Matn bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab muammoli holatlarni shunday ko‘rsatadi: “Devonayi Mashrab” manqabasida vazn, qofiya va mazmun tomonlaridan tamom buzilg‘an bemaza narsalar ham juda ko‘bdir. Bularni shul buzuq hollarda yuqoridan beri uslubi bilan tanisha kelganimiz Mashrabning she’rlari deb qabul qila olmaymiz, albatta. Bular yo yomon kotiblar tomonidan buzila-buzila biz ko‘rgan shaklga kirganlar yoxud manqabani yozg‘an va o‘qig‘an bir ko‘b yarim shoirlar tomonidan so‘ngralar ilova qiling‘an parchalardir”70.
Fitrat mumtoz adabiyotimizning Ahmad Yugnakiy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Koshg‘ariy, Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Bobur, Muhammad Solih, Mashrab, Turdi kabi vakillari ijodini eng qadimgi nodir qo‘lyozma asarlarga asoslanib o‘rganib chiqdi71.
Abdurauf Fitrat matnshunoslik masalalariga juda katta e’tibor qaratdi, matnlarni qiyosiy o‘rganishga harakat qildi. U o‘zining “Qutadg‘u bilig” haqidagi maqolasida kuyunchaklik bilan shunday yozadi: “Rusiyaning mashhur turkshunoslaridan professo‘r Samoylovich Moskvada men bilan ko‘rishganida “Devonu lug‘atit turk”dan foydalanib, “Qutadg‘u bilig”ning yangi bir bosmasini (tab’ini) tayyorlag‘anini bildirg‘an edi. Shuni bizning qo‘limizdag‘i nusxa bilan solishtirgandan so‘ng bostirsa edi, professo‘r janoblarining bu xizmatining ilmiy bahosi juda ortqon bo‘lar edi”72. Bu jumlalardan ma’lum bo‘ladiki, XX asr boshlaridayoq o‘zbek matnshunoslari rus matnshunoslari ishlariga tanqidiy baho bera oladigan darajada bilimli va o‘z qarashlarida sobitqadam olimlar bo‘lganlar. Ushbu holat barcha sohalarning nazariy jihatlarini, jumladan, matnshunoslikda ham asoschilikka da’vo qilgan rus olimlari bilan teng raqobatlasha oladigan o‘zbek olimlari etishib chiqqanidan dalolat beradi. Fitratning quyidagi tahlillaridan ham buni yaqqol anglash mumkin: “Qutadg‘u bilig”ning ilm dunyosida ma’lum bo‘lg‘an nusxalarida boshda bir sochim boshlang‘ich (nasr bilan yozilg‘an bir muqaddima), ondin so‘ngra kitobdagi “bob”larni ko‘rsatkichi – bir fehrist, ondin keyin kitobning “nazm” qismi borlig‘i ma’lumdir. Bizning qo‘limizdag‘i nusxada esa “sochim-boshlang‘ich”ning ko‘braki tushkan. Ozg‘inasi qolg‘andir. “Fehrist” qismida kitobning oltmish etti bobi ko‘rsatilgan. Bu oltmish etti bobdan yolg‘uz beshinchi bobning ismi tushub qolg‘an. “Sochim – boshlang‘ich”ning kitob egasi tomonidan emas, boshqa bir kishi tomonidan yozilg‘anini Ovrupa olimlari bir og‘izdan so‘ylaydir. Menim fikrimcha, bizning qo‘limizdagi nusxaning “fehrist” qismi ham kitob egasi tomonidan yozilmag‘an. Chunki “fehrist”da ko‘rsatilgan “bob” ismlari bilan matndagi “bob” ismlari orasida ancha ayirma borlig‘i ko‘runadir”73. SHunday deya olim o‘z fikrlarini dalillash uchun fehrist va matndan qiyosiy 3–4ta solishtirma misollarni keltiradi. Olim Evropa olimlari bilan bahs-munozaraga kirishadi. Bu esa bizning o‘zbek olimlari matnshunoslik bobida faqat rus olimlari emas, balki Evropa olimlari bilan teng bilimga ega bo‘lishganini ko‘rsatadi. Ayni o‘sha munozara natijasida “Qutadg‘u bilig” asarining eng qadimgi va ishonchli nusxasi deb ilmda Abdurauf Fitrat muomalaga olib chiqqan Namangan nusxasi e’tirof etilgan.
Jadidlarning ko‘pchiligi yaxshigina xattot bo‘lib, ko‘plab qo‘lyozmalardan nusxalar ko‘chirganlar. Masalan, shoir Sirojiddin Sidqiy Xondayliqiy Vasliy Samarqandiyning “Al-kalom ul-afham fi manoqibi imomi ul-A’zam” kitobini ko‘chirgani ma’lum74.
O‘tgan asrning 20-yillaridan ilmiylik bosh mezonga aylangan o‘zbek adabiyotshunosligi alohida soha sifatida shakllana boshladi. Adabiyot tarixi tadqiqotchilari muntazam ravishda klassiklarimizning hayoti, ijodiga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilish bilan birga, ularning asarlarini chop ettirish, ommalashtirishga jiddiy kirishdilar. O‘zbek matnshunosligi sohasi filologiya fanining asosiy va muhim tarmoqlaridan biriga aylanib, yozma yodgorliklarning asl matnini tiklash hamda ularni nashr qilish asosiy vazifa bo‘ldi.
O‘zbek matnshunosligi XX asrning 40-yillarida ilmiy yo‘nalish sifatida chinakam rivojlanish yo‘liga kirdi. Alisher Navoiy ijodiga bo‘lgan katta e’tibor o‘zbek matnshunosligining yorqin namoyanadalarini maydonga keltirdi. Turli mamlakat kutubxonalari va ayrim shaxslar qo‘lida saqlanib kelayotgan shoir asarlari qo‘lyozmalari ro‘yxatini tuzish, ularning nodir nusxalarini aniqlash, mavjud barcha manbalarni tavsif qilish sohasida muhim ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Natijada Alisher Navoiyning deyarli hamma asarlari qo‘lyozmalari ro‘yxati tuzildi va ularning yozilish sanalari aniqlandi. Ushbu izlanishlar V.Bartold, E.Bertels, A.Semyonov, A.Sa’diy, S.Volin, O.Sharafuddinov, Ogoh Sirri Levend, Ch.R’yo, E.Bloshe, V.Minorskiy, E.Rossi, Fahmi Haratay, H.Sulaymon, M.Hakimov kabi matnshunos olimlarning tahsinga sazovor xizmatlari tufayli bajarildi.
Ma’lumki, Alisher Navoiyning 500 yillik tavalludini o‘tkazish munosabati bilan tuzilgan Navoiy komiteti qoshida matnshunoslik komissiyasi tashkil etilgan edi. Ushbu matnshunoslik komissiyasi faqat Alisher Navoiy asarlarini xalqqa etkazishga emas, balki o‘zbek matnshunosligi sohasining takomillashuviga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Bu komissiya rahbarligida Alisher Navoiy asarlarining yig‘ma matni, nasriy bayoni, tanlanma nusxasi kabi nashrlari tayyorlanishi bevosita matnshunoslikning ilmiy-nazariy rivojlanishiga olib keldi. Xususan, matnshunoslik komissiyasi ishini boshqargan Solih Mutallibov tomonidan shoir asarlaridan bir nechasi nashrga tayyorlandi75. S.Mutallibov ilmiy faoliyatida Navoiy ijodi muhim o‘rin tutdi. Navoiy yaratgan hikmatli so‘z va iboralarning ma’nosini anglash, ularni kitobxonlarga etkazish borasidagi dastlabki ish ham S.Mutallibov tomonidan bajarildi76. S.Mutallibov shoir hikmatlarini matbuot orqali ommalashtirish maqsadida ularni e’lon qilib bordi77.
Matnshunoslik komissiyasi tashabbusi bilan Alisher Navoiy asarlari yig‘ma-qiyosiy matn shakli tayyorlandi. Yig‘ma-qiyosiy matn shakli nashrida asosiy nusxalar orasidagi farqlarni ko‘rsatuvchi ilmiy apparatni tuzib chiqish yo‘lga qo‘yildi. Bu jihatdan 1940 yili Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari yig‘ma-qiyosiy matn shakli va uning ilmiy apparati tayyorlangani diqqatga loyiqdir. Ushbu asar O.Usmonov va P.Shamsiev tomonidan tayyorlanib, lotin alifbosida keng ommaga mo‘ljallanib nashr etildi78. Asar matni Parij (1841), Istanbul (1895) va Qo‘qonda (1917) nashr qilingan kitoblar asosida tuzilib, Parij nashri tayanch nusxa sifatida olindi. Boshqa ikki nusxadagi farqli o‘rinlar ilmiy apparatda qayd etib borildi. Nashr ilmiy apparati unchalik katta bo‘lmasa-da, shoir asarlari matnini tuzishda ilmiy yondashuvning dastlabki namunalaridan biri bo‘lganligi bilan ahamiyatlidir. Bu nashr Navoiy asarlari ilmiy-tanqidiy matnini tuzish yo‘lidagi birinchi harakat va shoir asarlarini muallif tahririga yaqinlashtirish yo‘lida olg‘a qo‘yilgan qadam edi79.
Matnshunoslikning bu bosqichida Navoiy asarlari matnining nasriy bayonlari bilan birga nashrga tayyorlangani muhim hisoblanadi. Shoirning “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor”, “Mahbub ul-qulub”, “Farhod va Shirin” kabi asarlari nasriy bayoni bilan nashr etildi. Garchi bu nashrlar toshbosma nusxalar asosida tayyorlangan bo‘lsa-da, matnshunoslik komissiyasi asar matnini nazoratga olgan, ularning mukammal bo‘lishini ta’minlagan. Jumladan, “Farhod va SHirin” dostoni matni va nasriy bayonini tayyorlashda G‘afur G‘ulom 1901 yili SHohmurod kotib tomonidan ko‘chirilib, Toshkentda Porsev matbaasida bosilgan nusxa va undan tashqari o‘z qo‘lida mavjud bo‘lgan qo‘lyozmalarga murojaat etgan. G‘afur G‘ulom “Farhod va SHirin”dostoni matni va o‘zi yaratgan nasriy bayon xususida shunday yozadi: “Men bosmaga tayyorlab bo‘lgandan so‘ng, Navoiy yubileyi komitetining matnshunoslik komissiyasi bu asarni O‘zbekiston davlat xalq kutubxonasida saqlangan qadim nusxalar bilan solishtirib, tekshirib chiqdi. Men asoslanib tayyorlagan nusxalardagi kamchiliklarni topib, uni to‘latdi”80.
O‘zbek matnshunosligi rivojidagi yana bir muhim hodisa asar matni tanlanma nusxasining tayyorlanishi bo‘ldi. Uni 1940 yili Sadriddin Ayniy tuzib chiqdi81. Sadriddin Ayniy nashr xususida shunday yozadi: “Alisher Navoiyning “Xamsa”sida 50 ming misradan ortiq she’r bor. Keng o‘quvchilar ommasi uchun uni bir butun holda tezda egallab olish ancha og‘ir bo‘ladi. Shuning uchun men bu qiyinchiliklarni nazarga olib, Navoiy yubiley komitetining topshirig‘i bilan qo‘lingizdagi bu tanlanma nusxani vujudga keltirdim. Bu nusxani tartibga solishda har bir doston va bo‘limlardan xarakterli bo‘lgan parcha va misralarni terib oldim. Ammo har bir doston va boblarning ayrim tashlangan parcha va misralarining mazmunini bayon qildim. San’atkorona ishlangan, lekin u san’at oddiy o‘quvchilarning ko‘ziga ilinmay qoladigan, tushunishi qiyinroq bo‘lgan misra va baytlarni, shuningdek, Navoiyning shaxsiy hayotiga, yoki zamondoshlariga oid bo‘lgan joylarni izohlab o‘tdim. Ba’zi parcha va hikoyalarning tuzilishlari, ulardagi qahramonlar to‘g‘risidagi o‘z fikrimni ham bet ostida bayon qildim”82. A.Hayitmetov ta’kidlaganidek, S.Ayniy “Xamsa” dostonlari matnlarini izohlash, ularga lug‘atlar tuzish, ulardagi she’riy san’atlarni o‘rganish, tushunilishi qiyin bo‘lgan baytlarni soddalashtirib berish kabi masalalar ustida ko‘p ilmiy izlanishlarni olib bordi83. Sadriddin Ayniy bu katta va mas’uliyatli ish jarayonida “Xamsa” dostonlari mazmuni, syujetini saqlab qolishga harakat qildi. U obrazlar xarakterini gavdalantirib ko‘rsatuvchi, ularning orzu-intilishlarini ifodalangan satrlarni aynan saqlab qoladi. Sadriddin Ayniy tomonidan qo‘llangan bu usul xalq og‘zaki ijodi dostonlaridagi liro-epik shaklni xotirga keltiradi. Chunki “Xamsa” tarkibidagi dostonlar nazmu nasr qorishmasida berilgan. “Xamsa” hoshiyalarida Sadriddin Ayniy tomonidan keltirgan va buyuk shoir badiiy mahoratini ochishga xizmat qiladigan izohlar chuqur ilmiyligi bilan ham diqqatga molikdir.
O‘tgan asrning 50–60-yillarida qo‘lyozma manbalarni o‘rganish va nashrga tayyorlash davr siyosiy talabi ham edi. 1957 yili Toshkentda sharqshunoslarning Butunittifoq birinchi konferensiyasi o‘tkazildi. SHu konferensiyada ishtirok etgan davlat rahbari N.A.Muhiddinovning nutqida shunday so‘zlarni o‘qiymiz: “Afsuski, biz o‘rta asr Sharqining ko‘zga ko‘ringan fan va madaniyat arboblari asarlarini juda sekin nashr etmoqdamiz. Respublika hukumatining Alisher Navoiy asarlarining to‘la to‘plamini nashr etish to‘g‘risidagi qarori sust bajarilmoqda”84. Bu davrda faqat Navoiy asarlari emas, balki ko‘plab mumtoz adabiyot vakillari asarlarini nashr qilishga e’tibor kuchaydi. SHuning uchun ba’zi asarlar mukammal o‘rganildi, ba’zilari esa to‘la tadqiq etilmasa-da, ilmiy-ommabop shaklda xalqimizga etkazildi. Masalan, 1959 yili “O‘zbek adabiyoti” (xrestomatiya o‘rnida) 4 jildlik kitobi nashri o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixidagi o‘qilmagan sahifalarni o‘qish, hayoti va ijodi o‘rganilmay qolgan ijodkorlarni kashf etib, ularning asarlari nusxalarini aniqlashga yordam beradigan muhim manba bo‘ldi. Bu kitobda asosan yig‘ilgan yangi materiallar e’lon qilindi, shoirlar ijodini yoritishda asosiy jihatlar belgilandi.
Bu davrga xos jihatlardan biri shunda ko‘rinadiki, Navoiy asarlarining ilmiy-tanqidiy matnlarini tuzish sohasida katta amaliy faoliyati olib borildi. Jumladan, S.Mutallibov 1944 yili “Hayrat ul-abror”ning tanqidiy matni” mavzuida nomzodlik, 1952 yili P. SHamsiev “Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostonining ilmiy-tanqidiy matni va uni tuzish prinsiplari” nomli nomzodlik, 1970 yili “Alisher Navoiyning “Xamsa”sining ilmiy-tanqidiy teksti va uni tayyorlash prinsiplari” nomli doktorlik, H.Sulaymonov 1961 yili “Alisher Navoiy lirikasining tekstologik o‘rganilishi” nomli doktorlik, S.G‘anieva 1956 yili “Majolis un-nafois”ning III va IV majlislari ilmiy-tanqidiy matni va adabiy tahlili” mavzuida nomzodlik, L.Xalilov 1975 yili “Alisher Navoiyning “Tarixi muluki Ajam” asarining tekstologik tadqiqi” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Navoiy asarlari nashri o‘zbek matnshunosligi ilmiy-nazariy taraqqiyotining eng yuqori bosqichini boshlab berdi. O‘zbek matnshunoslik maktabi yaratgan tekstologik prinsiplar keyingi tadqiqotlarning takomillashuviga zamin yaratdi. Matnshunoslikning ushbu rivojlanish bosqichida ilmiy-tanqidiy matn tayyorlashning nazariy jihatlari ishlab chiqildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |