Aning dog‘i ko‘zumdek qoni oqib).
Litografik nashrda esa bu bayt quyidagicha yoziladi:
کوزوم قانینینگ آقماغین چو باقیب
انینگ داغی کوزوم دیک قانی آقیب94
(Ko‘zum qonining oqmog‘in chu boqib,
Aning dog‘i ko‘zumdek qoni oqib).
Ko‘rinadiki, “Farhod va Shirin”ning ilmiy-tanqidiy matnidagi “قانینینگ قماغین کوزوم” birikmasi Abdumannof Qori ko‘chirgan nusxada “آقماغین کوزوم قانینینگ” tarzida yozilgan. Agar “Farhod va Shirin” dostonining hazaji musaddasi mahzuf(mafoiylun mafoiylun faulun V – – – V – – – V – –) vaznida yozilganligini inobatga olsak, har ikkala birikma ham vazn talabiga mos tushadi. Ammo eski o‘zbek tilining grammatik qurilishiga ko‘ra, -ni tushum kelishigi va – ning qaratqich kelishigi qo‘shimchasining qo‘llanishida xatolik kelib chiqqan. Shuning uchun ham dostonning toshbosma matnida “ko‘zum qonining oqmog‘in” birikmasi o‘rinli qo‘llangan, deb hisoblaymiz.
Lekin ilmiy-tanqidiy matn nashrida shu misradagi “قماغین ”so‘zidagi “ا” alif harfi tushirib qoldirilgan, litografik nusxada “آقماغین ” tarzida to‘g‘ri yozilgan.
Abdumannof Hoji ko‘chirgan toshbosma nusxa bilan doston ilmiy-tanqidiy matni nashrida yana shunday farqlanishlar uchraydi: “Farhod va Shirin” dostoni ilmiy-tanqidiy matnida:
بولار ایچرا بار ایردی بیر ضعیف ایت
مینینگ دیک زارو محجور و نحیف ایت95
(Bular ichra bor erdi bir zaif it,
Meningdek zoru mahjuru nahif it).
Asarning toshbosma nashrida esa:
بولار ایچرا بار ایردی بیر ضعیف ایت
مینینگ دیک ناتوان و بیر نحیف ایت96
(Bular ichra bor erdi bir zaif it,
Meningdek notavonu bir nahif it).
Ma’lum bo‘layaptiki, Abdumannof Hoji مینینگ دیک زارو محجور و نحیف ایت birikmasini مینینگ دیک ناتوان و بیر نحیف ایت shaklida yozgan. Agar “mahjur” – tashlab ketilgan, qoldirilgan, “notavon” – zaif, quvvatsiz, degan ma’nolarni anglatishini nazarda tutsak, “zoru mahjur” so‘zida badiiy mantiq va ta’sirchanlik kuchli. Arabcha (نحیف) “oriq” so‘zining mazmunini “notavon” so‘zidan ko‘ra “zoru mahjur” birikmasi ko‘proq kuchaytiradi. Notavon – bemador, zaif ma’nolarini beradi, nahif so‘zi “egasi tashlab ketgan qarovsiz, oriq it” ma’nosida ilmiy-tanqidiy matndagi kabi kuchli hissiy-mantiqiy tasavvur uyg‘otmaydi. Shuning uchun ham ilmiy-tanqidiy matnda “mahjur” so‘zi tanlanganligi, albatta, to‘g‘ri bo‘lgan. Ammo, tan olish kerakki, Abdumannof Hoji “Xamsa”ni ko‘chirish uchun mukammal nusxani tanlay olgan, matn bilan ishlashga jiddiy yondashgan.
O‘zbek matnshunosligining toshbosma nashrlar bilan bog‘liq davri haqida shuni aytish mumkinki, shu jarayonlarda ilgaridan shakllanib kelayotgan an’analar, prinsiplar qat’iy ko‘rinish kasb etdi. Sharoit talabidan kelib chiqib kotib, noshir, muharrirlar, o‘z vazifalari bilan birga matn tuzish ishlariga taalluqli bo‘lgan uslubiy qo‘llanmalarni amaliyotga joriy etishdi. Bu davrning asosiy xususiyatlaridan yana biri toshbosma nusxa matnini tayyorlashda matnga o‘rta asrlardagidek asossiz ravishda qo‘shimcha kiritish yoki tushirib qoldirish kabi kamchiliklarga chek qo‘yildi. Ilgari, ya’ni XIX asrgacha bo‘lgan davrda asarning nusxa ko‘chirilishi yoki tarjima etilishida ayrim hollarda, muallif matniga ijodiy yondashilgan bo‘lsa, endi bunday erkinlik taqiqlandi. Toshbosma nusxa noshirlarining ko‘pchiligi ma’rifatli insonlar bo‘lib, matnshunos sifatida ham mas’uliyat bilan ish yuritganlar. Bu davrga xos yana bir xususiyat shundaki, toshbosma usulida original matnshunoslik ishlari ham nashr etila boshlandi. Masalan, 1908 yili Alisher Navoiy “Xamsa” asarining nasriy bayoni Toshkentda nashr etildi. “Nasri “Xamsa”i benazir” deb nomlangan bu kitobning kotibi Rahmatulloh Abdushukur o‘g‘lidir. E’tiborlisi, Mullo Mir Maxdum ibn SHohyunus kitobga noshirlik qilgan va “Xamsa” dostonlari nasriy variantini uning o‘zi tayyorlagan97. Bu nusxa noshirning Navoiy asarlaridan yaxshi xabardor bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Bu davrga xos ilg‘or tendensiyalardan biri yig‘ma-qiyosiy matnlarga e’tiborning kuchayishidir. Toshbosma nusxa matni mukammalligini o‘z nazoratiga olgan kishilar asar muharrirlari edilar. Chunki har doim ham toshbosma uchun xattot tomonidan nusxa tanlanmagan, balki maxsus kishilar, aytaylik, muharrir qo‘lyozma matnini tanlagan, kotib esa uni ko‘chirgan. Muharrir deb, aslida, tahrir qiluvchi shaxsga aytiladi. Biroq XIX asr oxiri – XX asr boshiga kelib muharrir faqat yozadigan, tahrir qiladigan emas, balki qo‘lyozma manbani nashrga tayyorlashda bevosita uning nusxalarini o‘rganadigan shaxsning lavozimiga nisbatan qo‘llaniladigan istilohga aylandi. Ba’zan nashr muharriri manbaning nusxalarini saralagan, muayyan matnni turli jihatdan tahrir qilib, asosiy matnni tuzgan, uni bosmaga tayyorlagan. Albatta, bunday toshbosma nusxa matnini bizning tushunchamizdagi yig‘ma-qiyosiy matn shakli deb bo‘lmaydi, lekin ularga yig‘ma matn shaklining yaxshi namunasi deb qarash to‘g‘ri bo‘ladi. Masalan, Navoiy “Xamsa”si 1297/1879 yili Muhammad Rahimxon II farmoni bilan toshbosma matbaada chop etiladi.
Asarni toshbosma uchun So‘fi Xorazmiy degan xattot ko‘chirgan. “Xamsa”ni shoir Komil Xorazmiy nashrga tayyorlaydi va “Hayrat ul-abror” dostoni kitobiga o‘zi uch sahifalik muqaddima ham yozadi98. Ma’lumki, Komil Xorazmiy XIX asrning ikkinchi yarmida Xivada davom etgan adabiy harakatda salmoqli o‘rin egallagan shoirlaridan biri va talantli musiqashunos, usta xattot va atoqli naqqosh ham edi. Vaholanki, Komil Xorazmiy nashrning amalga oshishida matn sifatini to‘liq kuzatuvga olgan va ishga mas’uliyat bilan yondashgan. Shuning uchun ham 640 sahifalik bu “Xamsa” asari nashri Navoiy asarlarining Turkistonda bosilgan birinchi mukammal toshbosma nusxasi hisoblanadi. Navoiy asarlaridan “Xazoyin ul-maoniy”ning toshbosma nusxasi ham Komil Xorazmiy tomonidan tayyorlangan. Bu nusxa xususida R.Mahmudova shunday yozadi: “1299/1881-82 yili chop bo‘lgan bu asar to‘rt devondan iborat bo‘lib, uning matnlari Ibrohim Sulton Eroniy tomonidan ko‘chirilgan. Navoiyning nashr etilgan devonlari ichida eng mukammallari ana shu devonlar desak bo‘ladi”99.
O‘zbek matnshunosligi rivojining bu bosqichi yana shu bilan ahamiyatliki, bu davrda amalga oshirilgan ishlar keyingi matnshunoslik ishlari uchun tayanch manba bo‘ldi. Jumladan, P.Shamsiyev Alisher Navoiy “Xamsa” asari ilmiy-tanqidiy matnini tuzishda olti asos qo‘lyozmadan tashqari asarning 1880 yildagi Xiva litografik nusxasiga ham murojaat etganligini yozadi100.
Adabiyotshunos va xattot Ashurali Zohiriy tomonidan Navoiy asarlarining ba’zilari nashrga tayyorlangan. U Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Vaqfiya” asarlari ustida izlanishlar olib boradi va bu asarlarni toshbosma nashrga tayyorlaydi. “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari Qo‘qonda Vayner matbaasida 1336/1917 yili chop etiladi. Bu litografik nashr asarning to‘liq matni emas. Asar matnida xatoliklar va erkin tuzatishlarga yo‘l qo‘yilgan. Ammo keyingi “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari solishtirma matnini yaratishda matnshunoslar A. Usmonov va P.Shamsiyev bu nashrdan kerakli o‘rinlarda foydalanishgan101. Matnshunoslar Parij (1841) nashrini asos sifatida olib, Istanbul (1895) va Qo‘qon (1917) litografik nashrlari bilan solishtirib, ularda uchragan xato, tushib qolgan o‘rinlarni to‘la ravishda ko‘rsatishga harakat qilishgan. So‘z va jumlalardagi farqlar ilmiy apparatda ko‘rsatilgan.
Ashurali Zohiriy tomonidan tayyorlangan “Vaqfiya” asarining varianti nashr etilmagan. Asar qo‘lyozma matni hozir Qo‘qon Adabiyot muzeyida Ashurali Zohiriyning shaxsiy arxivida saqlanmoqda102. Bu qo‘lyozmani “Vaqfiya”ning bugungi kundagi nashrlari bilan solishtirib o‘rganish Ashurali Zohiriy tomonidan olib borilgan matnshunoslik ishlari darajasiga aniqlik kiritadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |