4. Ishlab chiqarishda kasb amaliy tayyorgarlik.
Ijtimoiy tadqiqotlar sport bilan shug‘ullanuvchilarning mehnat unumdorligi sport bilan shug‘ullanmaydigan shaxslarning mehnat unumdorligidan 3-8% ga yuqori ekanligini ko‘rsatadi. Butun mamlakat miqyosida shuning o‘zi katta iqtisodiy foyda beradi.
Bevosita mehnat tartibida jismoniy tarbiya vositalaridan foydalanish muhim ahamiyatga ega. Sakkiz soatli ish kuni ancha sezilarli charchashga olib keladi, shu sababli ish kuni davomida kuchni saqlash uchun mehnat va faol dam olishni optimal navbatlash tartibini yaratish kerak. Faoliyatning bir turidan boshqasiga yoki jismoniy mashqlarni bajarishga o‘tish charchagan organizmning tiklanishiga qulay imkoniyat yaratadi.
Mehnat tartibiga u yoki bu jismoniy tarbiya turini kiritish ish qobiliyati dinamikasiga bog‘liq holda aniqlanadi. Insonning ish qobiliyati ish kuni davomida tebranib (o‘zgarib) turadi. Dastlab u past (ishga kirishish davri) bo‘ladi, keyin ko‘tariladi va yuqori darajada (mustahkam ish qobiliyati davri) saqlanadi, undan keyin yana pasayadi (kompensatsiyalangan charchash davri). Bunday o‘zgarish bir ish kuni davomida ikki marta – tushlik tanaffusgacha va undan keyin takrorlanadi.
Ish qobiliyati fazalarining ketma–ketligi ish kuni davomida turli shart-sharoitlarga bog‘liq bo‘ladi. Bunday sharoitlarga quyidagi tashqi omillar: ishlab chiqarish faoliyati xususiyati, ma’naviy-ruhiy yuklama, gigienik shart-sharoitlar, ishchining malakasi va mahorati, jinsi, ish staji va organizmining jismoniy holati kiradi. Ichki omillar, birinchi navbatda, organizmning turli organlari va tizimlarining holatini o‘z ichiga oladi.
Ish kuni davomida ish qobiliyati o‘zgarishining (ko‘rsatilgan tipik variantdan tashqari) quyidagi beshta asosiy variantlari o‘zaro farqlanadi:
yengil jismoniy yuklama bilan, konveyerda – uning optimal tezligida ishlaganda ish qobiliyatini doimo oshira borish;
kunning birinchi yarmida ish qobiliyatini oshirish, keyinchalik yuqori darajada nisbatan stabillik va asta–sekinlik bilan pasaytirish; bunday vaziyat murakkab boshqaruv pultida xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga xos;
kunning birinchi yarmida va tushlikdan keyin ham charchashning nisbatan tez o‘sib borishi; bunday vaziyat jismoniy mehnat bilan shug‘ullanganlarda kuzatiladi;
tezkorlik bilan yuqori ish qobiliyatiga erishish, keyin uning pasayishi va ish kunining qolgan qismida past darajada saqlanishi; bunday vaziyat ishchining kuchaytirilgan diqqat-e’tibori hamda qo‘llar bilan tez va aniq harakatlar qilishi jarayonida, o‘ta yuqori jismoniy kuchlanish bilan ishlaganida vujudga keladi;
ish kunining deyarli boshida birdaniga ish qobiliyatining keskin pasayishi; bunday hol o‘z mazmuniga ko‘ra murakkab ishdagilarga yoki oddiy, biroq tezkor tempda ishlaydiganlarga xos.
Biroq ishlab chiqarishning aniq bo‘limida ish qobiliyatini optimallashtirish vositalarini tanlashda uning faqat ish smenasi davomida emas, balki sutka davomida, hattoki hafta davomida o‘zgarishini ham inobatga olish kerak.
Insonning ish qobiliyati, asosan, sutkaning turli vaqtlariga bog‘liq bo‘ladi: kunduzi organizmdagi fiziologik jarayonlar yuqori shiddat bilan, kechasi esa pasaygan shiddat bilan sodir bo‘ladi. Ertalabki smenadagi shiddatning eng yuksak bo‘lishi tabiiy hol, albatta. Kechki va tungi paytlari ishlaganda esa ikkilangan (ikki karra ko‘p) charchashni: biri – mehnat faoliyatida bajariladigan ishlardan, ikkinchisi – tungi dam olishga tabiiy talabni yengib o‘tishdan charchashni his etishga to‘g‘ri keladi
Ish qobiliyati hafta davomida ham o‘zgarib boradi. Dushanba kuniga moslashish bosqichi, seshanba, chorshanba va payshanba kunlariga – yuksak ish qobiliyati mos keladi, shanba va yakshanba kunlarida esa charchash namoyon bo‘ladi
Butun ish kuni davomida xizmatchi ish qobiliyatining yuksakligini va turg‘unligini yaratish masalasi mehnatni ilmiy tashkil etish (MITE)ning dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi. Ishlab chiqarish jismoniy tarbiyasining shakllari bunga xizmat qiladigan eng ta’sirchan vositalar hisoblanadi.
Ko‘p yillik tajriba va ilmiy tadqiqotlar boshlang‘ich gimnastika ta’siri ostida moslashish davrining qisqarishi, organizmda fiziologik jarayonlar sodir bo‘lishining tezlashishi, organizmning ish bajarishga tayyorlik darajasi ortishidan dalolat beradi. Masalan, yuqori malakali ishchilarning kun tartibiga boshlang‘ich gimnastika kiritilganidan keyin moslashish davri 60 daqiqadan 30 daqiqagacha qisqaradi. Shu bilan bir vaqtda, dastlabki yarim soat davomidagi mehnat unumdorligi 13,2 % ga ortadi.
Mehnat xususiyatlariga, xizmatchilarning kasbiy charchash xususiyatiga bog‘liq holda turli kasb guruhlari uchun ish smenasi davomida jismoniy tarbiya shakllarini navbatma-navbat o‘zgartirib, ularni takrorlanishi, mashg‘ulotlar mazmuni, tarkibi, ta’sir vositalari va b. jihatidan turli variantlarda qo‘llash mumkin. Mehnatning turli jarayonlarida jismoniy tarbiyaning uzoq davom etmaydigan shakllaridan (jismoniy tarbiya daqiqalari, miropauzalar) ko‘proq foydalanish maqsadga muvofiq, shu bilan birga, oqimlar va konveyerlardagi uzluksiz texnologik jarayonlarda mashg‘ulotlarning individual shakli ancha foydali hisoblanadi.
Har gal sigir sog‘ishdan oldin sog‘uvchilarga boshlang‘ich gimnastikaning maxsus majmuasini bajarish taklif etiladi. Bu majmuaning maqsadi faqat organizmning umumiy ish qobiliyatini oshirish bo‘lib qolmay, balki qo‘llarning ishlaydigan mushak guruhlarida yetarlicha yuqori tonusni vujudga keltirish hamdir. Ish tugaganidan keyin qo‘llar uchun maxsus mashqlarni ularni uqalash bilan birgalikda bajarish maqsadga muvofiq.
Do'stlaringiz bilan baham: |