Jismoniy tarbiya pauzasi
Jismoniy tarbiya pauzalari charchashning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, organizmning funksional holatini yaxshilash, ishchi ritm, sur’at, diqqat-e’tibor konsentratsiyasini yuksak darajada saqlab turish, gavdaning ishchi vaziyati va kasbiy faoliyatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish, harakat tanqisligini ma’lum darajada bartaraf etish maqsadida o‘tkaziladi.
Gigienik gimnastikadan farqli o‘laroq, jismoniy tarbiya pauzasi bevosita mehnat faoliyati jarayonida, odatda, ish smenasining birinchi va ikkinchi yarimlarida ikki martadan bajariladi. Jismoniy tarbiya pauzasi, hal qilinadigan asosiy vazifalardan kelib chiqqan holda, ishchilarda charchoqning rivojlanishi arafasida yoki ish qobiliyati pasayishining birinchi alomatlari paydo bo‘lishi bilanoq o‘tkazilishi kerak. Muddatidan oldin jismoniy mashqlar majmuasini o‘tkazish ish ritmining buzilishiga va ish qobiliyatining pasayishiga olib kelishi mumkin. Odatda, jismoniy tarbiya pauzalari tushlik tanaffusdan yoki ish smenasi tugashidan 1–2 soat oldin o‘tkaziladi. Agar jismoniy tarbiya yo‘riqchisi har bir aniq ishlab chiqarish uchastkasidagi ishchilar ish qobiliyatlarining o‘zgarishi asosida ish ko‘rsa, yanada ijobiyroq holat kuzatiladi.
Quyidagi uslubiy qoidalarga rioya qilinganda, jismoniy tarbiya pauzasining foydasi ortadi:
mashg‘ulotlarni o‘tkazish vaqti charchoqning dastlabki alomatlari paydo bo‘lish lahzasi bilan aniq mos tushishi kerak;
jismoniy mashqlar to‘g‘ri bajarilishi, mashg‘ulotlar jonli, qiziqarli tarzda, musiqa sadolari ostida o‘tkazilishi kerak;
majmualardagi yuklama shug‘ullanuvchilarning yoshiga, jinsiga, jismoniy tayyorgarlik darajasiga va salomatlik holatiga bog‘liq holda tabaqalashtirilishi kerak;
kunning ikkinchi yarmida jismoniy tarbiya pauzasini o‘tkazishda uning yuklamalari yig‘indisi kunningbirinchi yarmidagi yuklamadan 30–40 % kam bo‘lishi kerak.
Mashg‘ulot o‘tkazishning guruhli usulida shug‘ullanuvchilar uch guruhga bo‘linadilar. Birinchi guruhga deyarli sog‘-salomat kishilar, ikkinchisiga salomatlik holatida deyarli sezilmaydigan og‘ishlari bor shaxslar, uchinchisiga esa yoshi katta odamlar va salomatlik holatida jiddiy og‘ishlari bor shaxslar kiritiladi. Agar majmuadagi ayrim mashqlarni bajarishda yuklama qiymati birinchi guruh vakillari uchun 100 % ni tashkil etsa, u holda ikkinchi guruh uchun 90 %, uchinchisi uchun esa 80 % bo‘lishi kerak.
Jismoniy tarbiya pauzalari uchun majmua mashqlarini tanlash quyidagilarga bog‘liq holda amalga oshiriladi:
a) majburiy ish vaziyati (pozasi) va texnologik jarayon sababli vujudga keladigan salbiy ta’sirlarni kamaytirishi;
b) mehnat jarayonida ishtirok etayotgan mushak tizimlari va organlarning dam olishlariga xizmat qilish darajasi;
v) harakatsiz mushaklarga qancha yuklama berishi.
Jismoniy tarbiya pauzalaridagi mashqlarni o‘rtacha va tez sur’atda bajarish kerak. Mashqlar majmuasini har to‘rt haftada almashtirib turish tavsiya etiladi. Umumiy holda yuklama mashqlar majmuasining o‘rtasida ortadi, keyinchalik pasayadi.
Kasbga bog‘liq holda jismoniy tarbiya pauzalarining namunaviy majmualari ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, hamma kasblar mehnat turiga qarab to‘rtta guruhga bo‘linadi:
Birinchi guruhga qisqa muddatli operatsiyalarni (amallarni) bajarish bilan bog‘liq mehnat turlari birlashtilgan. Ular katta bo‘lmagan jismoniy yuklamani talab qiladi va ish harakatlarining bir maromliligi bilan farqlanadi. Ish, odatda, gavdani bir oz oldinga egib o‘tirgan holatda bajariladi.
Asosiy ish harakatlari – kuchlanishli, diqqat-e’tiborni talab qiladigan qo‘llar harakati (masalan, tikuvchilar, mexanizm yig‘uvchilar, perforatorchilar, chilangarlar va b.). Gimnastika majmuasida quyidagi mashqlar ketma–ketligi tavsiya etiladi:
1-mashq – tortilish.
2-mashq – qo‘llar va oyoqlarni harakatlantirib burilishlar, yon tomonlarga va oldinga egilishlar.
3-mashq – 2-mashqni ancha yuqori sur’atda bajarish.
4-mashq – o‘tirib-turishlar, sakrashlar, yugurishlar, sport yurishi.
5-mashq – o‘rtadan past sur’atda oyoqlar, qo‘llar bilan siltanib harakatlanishlar.
6-mashq – qo‘l mushaklarini bo‘shashtirish.
7-mashq – aniqlikka va koordinatsiyaga yo‘naltirilgan mashqlar.
Ikkinchi guruho‘rtacha jismoniy kuchlanishlar, ancha sezilarli darajadagi diqqat-e’tibor, mehnat harakatlarining turli-tumanligi (masalan, dastgohchilar: tokarlar, frezerchilar, karuselchilar, shlifovkachilar) bilan tavsiflanadigan kasblarni birlashtiradi. Mashqlar majmualari tarkibiga ishlab chiqarish mehnati jarayonida ishtirok etadigan mushaklarni harakatga jalb etmaydigan quyidagi turli dinamik mashqlar kiritiladi:
1-mashq – tortilish.
2-mashq – cho‘zilish, gavda, qo‘llar, oyoqlarning mushaklarini bo‘shashtirish.
3-mashq – oldingi mashqni ancha yuqori sur’atda bajarish.
4-mashq – oyoqlar va qo‘llarni siltash harakatlari.
5-mashq – o‘tirib-turishlar, sakrashlar, yugurish, sport yurishi.
6-mashq – boldir va tovon mushaklarini bo‘shashtirish orqali oyoqlarni siltash harakatlari.
7-mashq – eng faol ishlayotgan mushak guruhlarini bo‘shashtirish.
8-mashq – aniqlikka va koordinatsiyaga yo‘naltirilgan mashqlar.
Uchinchi guruhga katta jismoniy yuklamalar, nisbatan yuqori sur’atda bajariladigan ishchi harakatlari (masalan, qurilish ishchilari, shaxtyorlar va b.) bilan bog‘liq kasblar kiritilgan. Mashqlar majmuasining asosiy yo‘nalishi – bu organizmni umumiy, har tomonlama mustahkamlash. Mashqlar sekin, chuqur nafas olish bilan bajariladi. Majmuaga, odatda, quyidagi mashqlar kiritiladi:
1-mashq – keyinchalik qo‘llar va yelka kamari mushaklarini bo‘shashtirish orqali tortilish.
2-mashq – qo‘l mushaklarini bo‘shashtirish.
3-mashq – butun gavda mushaklarini (o‘tirgan yoki yotgan holatda) bo‘shashtirish.
4-mashq – yon tomonga egilishlar, gavdani burishlar.
5-mashq – o‘rtacha va tez sur’atda qo‘llarni siltash harakatlari.
6-mashq – hamlalar, o‘tirib-turishlar, sakrashlar, yugurish.
7-mashq – diqqat–e’tibor va koordinatsiyaga yo‘naltirilgan mashqlar.
To‘rtinchi guruh aqliy mehnat vakillaridan iborat. Kam harakatli bunday ishlash salomatlik holatiga, jismoniy rivojlanishga noqulay (salbiy) ta’sir ko‘rsatadi. Ular uchun quyidagi jismoniy tarbiya pauzalari mashqlari majmuasi tavsiya etiladi:
1-mashq – tortilish.
2-mashq – gavda, oyoq va qo‘l mushaklari uchun mashqlar.
3-mashq – oldingi mashqlarni kuchli dinamika, katta amplitudalar bilan bajarish.
4-mashq – yugurish, sakrashlar, o‘tirib-turishlar, sport yurishi.
5-mashq – qo‘llarni siltash harakatlari.
6-mashq – qo‘l mushaklarini bo‘shashtirish uchun mashqlar.
7-mashq – diqqat-e’tiborga yo‘naltirilgan mashqlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |