Gigiyenik gimnastika
Gigienik gimnastika quyidagi vazifalarni yechishga xizmat qiladi: organizmning asosiy fiziologik (mushak, asab) tizimlarini ishga tayyorlashni tezlashtirish; xizmatchining hissiy tonusini ko‘tarish; organizmning mehnat faoliyatiga moslashish fazasi davomiyligini qisqartirish; butun mehnat kuni mobaynida yuksak ish qobiliyatini saqlashga xizmat qilish.
Gigienik gimnastika ish kunining boshida 4-10 daqiqa davomida o‘tkaziladi. Uni faqat birinchi smenadagina emas, balki ikkinchi smenada ham o‘tkazish maqsadga muvofiq. Shu bilan birga, kechki smenadagi kirishish gimnastikasi organizmning mehnat jarayonida asosiy yuklama tushadigan organlari va tizimlari faolligini oshirishga yo‘naltirilgan bo‘lishini inobatga olish kerak.
Gigienik gimnastikada mehnat jarayonida bajariladigan harakatlar xususiyatiga mos jismoniy mashqlardan foydalanish tavsiya etiladi. Shuning uchun mashqlarni tanlashda mehnat jarayoni harakatlarini yaxshi o‘rganish va jismoniy tarbiya mashqlari majmuasiga shunday mashqlarni kiritish kerakki, ular organizmning aniq mehnat turi jarayonida yetakchi rol o‘ynaydigan fiziologik funksiyalarini tezlashtirishga yordam bersin.
Xususan, boshlang‘ich gimnastikada harakat sur’ati o‘sib boruvchi mashqlardan foydalanish lozim. Shu bilan birga, harakatlarning ishchi sur’atini tez o‘zlashtirish uchun oddiydan ancha yuqori sur’atni rivojlantirish tavsiya etiladi.
Mehnat xususiyati va shart-sharoitlariga bog‘liq holda gigienik gimnastika jismoniy mashqlari majmuasining quyidagi uchta varianti o‘zaro farqlanadi: chigal yozish mashqlari, profilaktik faol dam olish va yaxlit ta’sirli mashqlar majmuasi.
Chigal yozish mashqlari variantidan og‘ir jismoniy mehnat bilan shug‘ullanadigan ishchilar uchun majmualar tuzishda foydalaniladi. Ularga mehnat jarayonida asosiy yuklama tushadigan mushak guruhlarini ketma-ket jadal faoliyatga jalb qiladigan, koordinatsiyasi bo‘yicha oddiy dinamik mashqlar kiritiladi. Mashqlarni bajarish sur’ati – o‘rtacha yoki tezkor. Mashqlar majmuasida yuklama asta-sekinlik bilan ortib boradi va majmua oxirida minimumga tushadi.
Profilaktik dam olish varianti harakatlanish stereotipi aniq qayd etilgan (masalan dastgohda ishlovchi) ishchilar uchun gigienik gimnastika majmuasi asosini tashkil etadi. Mehnat operatsiyalarida bevosita ishtirok etuvchi mushak guruhlari faoliyatini jalb etadigan dinamik mashqlardan foydalaniladi. Majmuaning o‘rtasigacha jismoniy yuklama tobora orttirilib, keyin asta-sekinlik bilan pasaytirib boriladi. Harakatlanish sur’ati – o‘rtadan yuqori. To‘g‘ri nafas olishga, mushaklarning cho‘zilishiga va harakatchanligining ortishiga e’tibor qaratish kerak.
Yaxlit ta’sir ko‘rsatuvchi variant mehnat faoliyati uzoq muddat kuchli diqqat-e’tiborni talab etadigan (aqliy mehnat xizmatchilari, transport haydovchilari, konveyer xizmatchilari va b.) xizmatchilar uchun mo‘ljallangan. Mashqlar, asosan, bo‘lajak ishlab chiqarish faoliyatida bevosita band bo‘lmagan mushak guruhlariga, organizmning tizim va organlariga ta’sir etadi. Bunday mashqlar murakkab koordinatsiyali bo‘ladi, chunki qo‘llar, gavda, oyoqlarning qo‘shimcha harakatlarini o‘z ichiga oladi va diqqat-e’tiborning jamlanishini talab qiladi. Sur’at – oldingi ishdagi singari. Mehnati aniq harakatlar bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslar uchun (masalan, mayda mexanizmlarni yig‘uvchi yoki transport haydovchilari) maksimal jismoniy yuklama birinchi mashqlarga to‘g‘ri keladi. Qolgan kontingent uchun katta yuklama majmuaning 4-6-mashqlariga to‘g‘ri keladi.
Gigienik gimnastika majmualarida quyidagi jismoniy mashq guruhlari qo‘llanadi: kerishish (cho‘zilish), yon tomonga egilishlar, o‘tirib turishlar, hamla qilish, sakrashlar, sport yurishi, yugurish, oldinga egilish, bo‘shashish elementlari ishtirok etgan siltanish harakatlari, orqaga egilishlar, qo‘l va yelka kamari mushaklarini bo‘shashtirish, koordinatsiyaga, aniqlikka va diqqat-e’tiborga yo‘naltirilgan mashqlar.
Turli kasb egalari uchun boshlang‘ich gimnastika majmualarini tuzishda mehnat faoliyatining quyidagi xususiyatlarini inobatga olish tavsiya etiladi:
1) ishlash (o‘tirib, turib) holatini, gavda vaziyatini (egilgan yoki to‘g‘ri, erkin yoki kuchlanishli);
2) ish harakatlari (tezkor yoki sekin, kuchlanishli yoki kuchlanishsiz, katta yoki kichik amplitudali, simmetrik yoki asimmetrik, bir xil yoki turli xildagi harakatlar va b.);
3) mehnat faolligi xususiyati (harakatlar aniqligi, harakatlarning takrorlanuvchanligi, reaksiya tezligi, diqqat-e’tiborning kuchliligi va konsentratsiyasi, sezish organlariga yuklama, mehnatning bir maromliligi va b.);
4) sub’ektiv ko‘rsatkichlar bo‘yicha charchashning darajasi va xususiyati (diqqat-e’tiborning tarqoqligi, mushaklarda og‘riq sezish, bosh og‘rishi, asabiylashish va boshqalar);
5) jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanuvchilar orasida salomatligida og‘ishi bo‘lgan shaxslar mavjudligi (ular uchun xususiy mashqlar tanlash maqsadga muvofiq);
6) sanitariya-gigienik omillar (yoritilganlik, shovqin, keragidan ortiq gaz mavjudligi).
Do'stlaringiz bilan baham: |