Jyul Vern (1828 -1905) hali-hamon o`smirlarning eng sevimli yozuvchilaridan biri bo`lib qolmoqda. Uning kitoblari dunyoga kelishi bilanoq, jahon tillariga tarjima qilinib, butun jahon bo`ylab tarqalgan. Zamondoshlari uni butundunyo sayyohi, ustaxonasiz kashfiyotchi, deb atashgan. U fransuz adabiyotida ilmiy fantastik janrning asoschisi. Adibning ijodiy g’oyalari juda ulkan: butun dunyoni, turli iqlimdagi mamlakatlarning tabiatini, turli xalqlarning madaniyati, urf-odati hamda an`analarini tasvirlash edi. Lekin bularning barchasini u geograf sifatida emas, balki, "G’aroyib sayohatlar" (yoki "G’aroyib sarguzashtlar") deb nomlagan ko`p tomli romanlar seriyasini yaratish maqsadini ko`zlardi. Jyul' Vern "G’aroyib sayohatlar" ustida ishlashni 1862 yildan 1905 yilgacha olib bordi va hamma qismlarining nashri qariyb yarim asrga cho`zildi. Uning asarlarida dunyo bo`ylab sayohatlar, chunonchi, Yevropa mamlakatlari, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika, Osiyo, Avstraliya, Okeaniya, Arktika va Antarktika mamlakatlari tasvirlangan. To`rtta roman "robinzonad" turkumini tashkil etadi; ularning voqealari kimsasiz orollarda kechadi. Boshqa romanlarning voqealari okeanlarda, dengizlarda, hattoki, planetalararo bo`shliqlarda bo`lib o`tadi. "G’aroyib sayohatlar"da muallifning jug’rofik, aniq va texnika fanlariga oid, fantastika va muhandislikka oid bilimlari ajoyib tarzda uyg’unlashib ketadi. Vernning qahramonlari - tadqiqotchilar, muhandislar, quruvchilar; ular uzoq masofalarni bosib o`tishadi, yangi mashinalarning turlarini yaratishadi, suv osti hamda havo kemalari ixtiro qilishadi, vulkanlarni, dengiz va okean tublarini tadqiq qilishadi hamda yangi erlarni kashf qilishadi. Binobarin, muallif jahon adabiyotiga ilmiy-fantastika janrining asoschisi bo`lib, kirib keldi. Shu jumladan, uning romanlari g’aroyib sayoh’atlar hamda sarguzashtlar namunasidir. Uning kitoblarida har bir zukko, aql-idrokli o`spirinni qiziqtirib qo`yadigan barcha narsalar mujassam. Bundan tashqari, uning asarlarida insonning yaratuvchanlik qobiliyati, ijodkorligi va aql-zakovatiga ishonch hissi ufurib turabdi. Yozuvchining o`zi Nante shahridagi advokat oilasida dunyoga kelgan. Oilaviy an`anaga ko`ra, bolakay otasining kasbini me`ros qilib olmoqchi edi. Ammo bola dengiz sayohatlarini, kemalarni orzu qilardi. Lekin otasi Jyul' Vernni parij huquq maktabiga o`qishga jo`natadi. O`ta qiziquvchan yosh yigitchaning ilmga tashnaligi uni Milliy kutubxonaga borib ko`proq kitob o`qishga, ma`ruzalarda, ilmiy munozaralarda ishtirok etishga, geografiya, astronomiya kitoblarini o`qishga hamda yangiliklardan boxabar bo`lishga undaydi. U o`zining yozuvchilik iqtidoriga amin bo`lgan holda komediyalar, dramalar, librettolar yozishga kirishadi va shu bila bir qatorda, Nantga qaytib yuristlik qilish niyati ham yo`q emasdi. U "Havo sharida besh hafta" deb nomlangan debyut asarga qo`l uradi. Ammo bu asar uning barcha taxminlaridan ham ortiqroq natijalar berdi. Bu ilm haqidagi haqiqiy asar bo`lib, unda qiziqarli sarguzashtlar, ilmiy bilimlar va gipotezalarni ommalashtirish bilan uyg’unlashib ketadi. Afrika haqidagi birinchi asarning o`zidayoq Jyul' Vern hali kashf etilmagan Nil manbalarining aniq joylarini bashorat qiladi. Havo shari bilan bog’liq fantastikani ortidan endi "Yer markaziga sayohat" (1864) deb nomlangan geologik, keyin Arktika haqidagi "Kapitan Gatterasning sayohatlari va sarguzashtlari" (1864-1865) hamda "Yerdan Oyga" deb nomlanagan fazoviy asarlar paydo bo`ldi. Fransuz yozuvchisining qahramonlari doim yodda qolarlidir. "Kapitan Grantning bolalari" haqida ham shunday fikrni bildirish mumkin. Uning qahramonlari yuragining tozaligi va maqsadlari sari intilishlari, sotqinlik va ikkiyuzlamachilikni bilmasliklari hamda har doim o`zlarining oldiga qo`ygan maqsadlarini amalga oshishiga ishonishlari bilan ajralib turishadi va ularning niyatlari o`zlariga hamroh bo`lib, yo`llarida uchragan barcha qiyinchilik va to`siqlarni yengib o`tishadi.
Shunga hamohang voqelik tizimi "Mo`jizakor orol", "Yigirma ming le suv ostida" kabi romanlarida davom ettiriladi. Shunday qilib, yuqorida nomlari zikr etilgan romanlar "Kapitan Grantning bolalari" "G’aroyib sayohatlar" bilan birgalikda trilogiyalar seriyasini tashkil etadi. Bu romanlar asosida yosh kitobxonlarning bir nechta avlodlari tarbiyalangan. Endilikda, ilm-fan taraqqiy etib, katta odimlar ila rivojlanayotir. Ammo, Kapitan Nemoning "Nautilus"i yoki jyulverncha aqlga sig’mas mashinalari eskirgan bo`lsa-da, baribir adib qahramonlarining mard-jasurligi avvalgidek, yoshlarni o`ziga tortadi. Fransuz yozuvchisining kitoblari motivi asosida bir qancha mul'tiplikatsion va badiiy fil'mlar olingan, spektakllar qo`yilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |