Mas’ul muharrir : filologiya fanlari doktori, prof. O.Safarov . Taqrizchilar: ilologiya fanlari nomzodi,dots. M.Fayzullayev filologiya fanlari nomzodi,dots. D.Quvvatova
O’quv-usuliy qo’llanma Buxoro davlat universiteti Pedagogika va jismoniy madaniyat fakulteti ilmiy kengashining 2010-yil, 3 -mart, 4-yig’ilish qaroriga muvofiq nashrga tavsiya etilgan.
SO’Z BOSHI
“Chet el bolalar adabiyoti” kursining maqsad va vazifalari. Chet el bolalar adabiyoti kursi ta'limning bakalavriat yo’nalishiga tanlov fan sifatida o’tishga mo’ljallangan. Bu sohadagi dastlabki faoliyat bo’lib, unda boshlang’ich ta’lim usuliyoti va sport tarbiyaviy ishi hamda pedagogika va psixologiya mutaxassisligi bo’yicha ta'lim olayotgan talabalarga chet el bolalar adabiyotining jahon adabiyoti sifatida alohida ahamiyati, yetakchi ijodkorlar asarlari, o’z navbatida, bu asarlarning maydonga kelish omillari, ularning xalq og’zaki ijodi, eng qadimgi adabiy yodgorliklar, mif va afsonalar, qo’shiqlar bilan chambarchas bog’liqligi, bunday ijod namunalarining axloqiy-tarbiyaviy mohiyati, didaktik tamoyillari hamda jahon xalqlari bolalariga bag’ishlangan asarlarning qanday xususiyatlariga ko’ra tasniflanishi, ularning taraqqiyot tamoyillari, chet el bolalar adabiyotidagi janrlar rang- barangligi yuzasidan tushuncha bеrish ko’zda tutiladi.
Umuman, bolalar adabiyoti umumbadiiy adabiyotning ajralmas va tarkibiy qismi ekan, ularning o’zaro o’xshash hamda farqli tafovutlari mavjud. Bu – avvalo, bolalarning yosh xususiyatlariga daxldor. Zotan, jahon bolalar badiiy adabiyotining paydo bo’lish omillari, shakllanishi va taraqqiyot xususiyatlari, professional bolalar adiblari haqidagi ma’lumotar bu kursda teran tadqiq etiladi.
Fanning asosiy maqsadi yuqori kurs talabalariga jahon bolalar adabiyoti namunalarini mutolaa qilish malakasini shakllantirish, turli xalqlar bolalariga mo’ljallangan asarlarning g’oyaviy-badiiy jihatdan o’ziga xosligini ochib berishga qaratilgan. Zero, o’z kasbiy mutaxassisliklari talabidan kelib chiqib, bo’lajak boshlang’ich sinf o’qituvchilari nafaqat o’zbek bolalar adabiyoti namunalarini, balki jahon xalqlari bolalar adabiyotidan voqif bo’lish, uning ma’rifiy-estetik ahamiyatini anglay bilmog’i darkor. Shu ma’noda, bu sohadagi asosiy nazariy bilimlarni o’rganishda quyidagi tamoyillarga alohida e’tibor beriladi:
-chet el bolalar adabiyoti tanlov fanining predmeti, uning maqsadi va vazifalarini o’ranishga;
-chet el bolalar adabiyotining o’ziga xos an’analari, paydo bo’lish omillari hamda shakllanish xususiyatlarini ilmiy nazardan o’tkazishga;
-chet el bolalar adabiyoti kursining mohiyatini anglashda jahon xalqlari bolalar adiblari ijodini kuzatish hamda ular qalamiga mansub badiiy asarlar tahlili haqidagi bilimlar asosida mavjud aniq asarlarni ilmiy-amaliy o’rganishga e’tiborni qaratish.
Do'stlaringiz bilan baham: |