«Mahalla» jamg’arma uyushmasi
O’zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki kunlaridanoq aholining tinch-osoyishta yashashi, ularning o’zaro ahil bo’lishlari hamda salomatliklarini muhofaza qilish tadbirlari ko’rildi. O’zbekiston Prezidenti farmonlari va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida aholining o’zini-o’zi boshqarishini tashkil qilish borasidagn tadbirlar muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Shu asosda O’zbekiston Respublikasi «Mahalla» jamg’armasi tuzildi va barcha viloyatlar, tuman-shahar hokimiyatlari tarkibida «Mahalla» jamg’armalari ish boshladi. Oliy Majlis tomonidan tasdiqlangan “Mahalla” hamda aholining o’zini-o’zi boshqaruvchi boshlang’ich tashkilotlari, ya’ni mahalla oqsoqollari kengashlari ta’sis etildi. Bu kengashlar tarkibiga mahallada yashovchi nuroniylar, masjid xodimlari, davlat idoralarida faoliyat ko’rsatuvchi shaxslar, madaniyat, san’at, tibbiyot, tijorat, savdo xodimlari saylab qo’yilmoqda. Ularning eng muhim vazifalariga, asosan, quyidagi muammolarni hal qilish kerak:
O’zbekiston Prezidenti, hukumati va o’z hududlariga qarashli bo’lgan shahar-tuman hokimiyatlarining farmon, qaror va ko’rsatmalarini aholiga tushuntirish, targ’ib qilish.
«Navro’z», «Mustaqillik kuni» bayramlari va an’anaviy milliy bayram hamda marosimlarni nikoh, to’y, hayit, janoza va hokazo maqsadli o’tkazish.
Oilalarning tinch, osoyishta yashashlariga hissa qo’shish mojaro va o’zaro kelishmovchiliklarning oldini olish, ular sodir bo’lganda yaxshilikka hal etish.
Oilalarda xotin-qizlariing faoliyati va farzandlar tarbiyasini yaxshilash yo’llari.
Turli ommaviy-sog’lomlashtiruvchi sport tadbirlari, xalq milliy o’yinlarini o’tkazishda yordamlashish.
Ma’lumki, yuqorida qayd etilgan muhim tadbirlar moddiy ta’minot masalalarini Taqozo etadi. Ana shularni hisobga olgan holda Respublika «Mahalla» komissiyasi va uning quyi tarmoqlarida «Mahalla» xayriya jamg’armasi tashkil etildi. Unga tushadigan jamg’arma mablag’lari, asosan, quyidagi sohalarga sarflanadi:
Nogiron bolalar, nuroniylarga bayram arafalarida moddiy yordam va sovg’alar qilish.
Kam ta’minlangan va ko’p bolali oilalarga moddiy yordam berib borish.
An’anviy bayramlar va marosimlarda zaruriyat uchun moddiy ko’maklashish.
Mahalla oqsoqollari kengashining rasmiy faoliyatlari, xo’jalik ishlari va boshqa sohalarga mablag’lar ajratish.
Mahalla oqsoqollari kengashi tomonidan hadya etilgan xayriyalar, homiylarning qo’shgan hissalari, mahalla oqsoqollari kengashi tomonidan tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonalari, savdo, tijorat tizimlaridan olingan daromad va boshqa kirimlar tushadi. Shuningdek, sharoit va ehtiyojlarga qarab «Mahalla» xayriya jamg’armasining yuqori tashkilotlari tomonidan ham moddiy yordam beriladi.
E’tirof etish kerakki, bunday ulug’vor faoliyatlar Respublikada mehr-oqibat, xayr-exson qilish kabi milliy qadriyatlarning chuqurlashib borishidan, O’zbekiston Prezidenti va hukumatning aholini ijtimoiy-moddiy, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy jihatdan muhofaza qilishlaridan dalolatdir.
O’zbekiston mustaqilligi yillarida «Mahalla» xayriya jamg’arma uyushmasi «Navro’z», «Mustaqillik kuni» bayramlaridagi sport chiqishlari, mahallalarda o’tkaziladigan o’rtoqlik uchrashuvlari, spartakiadalar, xalq milliy o’yinlarini tashkil qilish va o’tkazishda faol ishtirok etgan mutaxassislar, yurtsevarlar, sportchilar, hakamlar va boshqalarni munosib ravishda rag’batlantirib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |