Bemorni kuzatish va parvarishlash. Operatsiyadan keyingi davrda bemorni kuzatish va parvarishlashda vrach roli katta ahamiyat kasb etadi. Bemor shikoyatini tinglash, bemorni yuzi holatiga (stradalgik, xotirjam, tetik va h.o.), teri rangiga (rangpar, qizargan, ko’kargan) va tana haroratiga (tushishi, normal, ko’tarilishi) ahamiyat qilish lozim. Har kuni bemorni umumiy ko’rikdan o’tkazish kerak. Hayotiy muhim a’zolar faoliyatini doimo kuzatib turish lozim. Har xil asoratlarni oldini olish – bu to’g’ri tashkil qilingan bemorni parvarishidir.
Yurak qon-tomir faoliyatini puls, arterial bosim, teri rangi baholaydi. Puls sekinlashib to’liqligini kuchayishi (daqiqada 40-50 zarba) markaziy nerv sistemasini buzilishi (bosh miya shishi yoki bosh miyaga qon quyilishi), meningit sababli bo’lishi mumkin. Puls tezlashib to’liqligini susayishi (daqiqada 100 zarba) ikkilamchi shokdan yoki qon ketishdan dalolat beradi. Agarda ushbu holat birdan, ko’krak qafasida og’riq va qon tuflash bilan boshlansa o’pka arteriyasi emboliyasi to’g’risida o’ylash mumkin. Bu holda bemor bir necha soniyada o’lib qoladi.
Operatsiyadan so’nggi davrda operatsiya turi, hajmidan qat’iy nazar o’pka ventilyatsiyasi kamaydi (yuzaki, tez nafas olish). Bu holat o’pka nafas ekskursiyasini kamayishi (og’riq, bemorni majburiy holati), bronxlarga suyuqlik to’planishi (balg’amni yaxshi ko’chmasligi) bilan bog’liq bo’ladi. Bunday holatlar nafas yetishmovchiligiga va o’pka yallig’lanishiga olib keladi. Nafas yetishmovchiligi va operatsiyadan keyingi davrda o’pka yallig’lanishini profilaktikasi: bemorni erta aktiv harakatlantirish, davolovchi fizkultura, massaj, davriy ravishda kislorod ingalyatsiyasi, antibiotikoterapiya, balg’am ko’chiruvchi dorilar berish.
Har bir operatsiya hazm qilish a’zolari faoliyatiga ta’sir ko’rsatadi, hattoki ushbu a’zolarda operatsiya o’tkazilmagan bo’lsa ham. Markaziy nerv sistemasini tormozlovchi ta’siri, operatsiyadan keyingi davrda bemor harakatini cheklanishi hazm qilish a’zolari disfunksiyasiga olib keladi. Hazm qilish a’zolari “oynasi” – tildir.
Til qurishi organizmni ko’p suv yo’qotishini va suv almashinuvini buzilganini bildiradi. Zich oq karash bilan qoplangan quruq, yorilgan til esa qorin bo’shlig’i a’zolari patologiyasi – peritonit, ichaklar parezini bildiradi.
Og’iz quriganda og’iz bo’shlig’ini nim tuzli suv, yoriqlar bo’lganda esa soda eritmasi (bir stakan suvga 1 choy qoshiq), 2% bor kislotasi, vodorod pereoksid eritmasi (bir stakan suvga 2 choy qoshiq), 0,05-0,1% kaliy permanganat eritmasi bilan chayish, glitserin surtish tavsiya etiladi. Og’iz qurish fonida stomatit (og’iz shilliq qavati yallig’lanishi) yoki parotit (quloq orldi bezi yallig’lanishi) rivojlanishi mumkin. Salivatsiyani kuchaytirish maqsadida suvga limon yoki klyukva soki qo’shiladi.
Ko’ngil aynish va qusish narkoz, intoksikatsiya, ichak tutilishi, peritonit tufayli kelib chiqadi. Ko’ngil aynish va qusishni sababini aniqlash lozim. Birinchi yordam: boshni yon tomonga buriladi, burundan ingichka zond o’tkaziladi va oshqozon yuviladi.
Meteorizm sababi bo’lib ichak parezi yoki ichaklarda gaz yig’ilishi hisoblanadi. Meteorizmni bartaraf etish uchun bemorni tez-tez turg’azish, gaz chiqaruv naycha qo’yish, tozalovchi yoki gipertonik klizmalar qilish tavsiya etiladi.
Bemorni aktiv hvrvkatlantirish qabziyatni oldini oladi. Ovqat kletchatkaga boy bo’lishi, ichni yumshatish effektiga (prostokvasha, kefir, mevalar) ega bo’lishi lozim. Huqna qilsa ham bo’ladi.
Normada bemor sutkasiga 1500 ml siydik ajratadi. Ba’zi holatlarda buyraklar faoliyati buziladi (intoksikatsiya, nerv-reflektor va h.o. sabablar), to siydik ajratishni to’xtashigacha – anuriyagacha. Ba’zan buyrak normal ishlashi fonida siydik ajralishi vaqtincha to’xtaydi – ishuriya, asosan nerv-reflektor sababga ko’ra. Ishuriyada bemor ahvoli ko’tarsa bemor turg’iziladi, o’tqiziladi, qorin pastki sohalariga isitkich qo’yiladi, isitilgan tuvakka o’tqaziladi, tog’oraga suv tomiziladi (reflektor ta’sir). Bu muolajalar natija bermasa siydik qopiga kateter qo’yiladi.
Operatsiyadan so’nggi davrda psixika holati katta ahamiyatga ega. Injiq bemor rejim va ko’rsatmalarni yomon bajaradi. Shu sababli ham ularda yara bitishi asoratli bo’ladi. Operatsiyadan so’nggi davrda nerv-psixik zo’riqishni kamaytirish lozim. Bu esa nafaqat dori bilan, balki yaxshi parvarish bilan amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |