Qarilik yoki nogironlik nafakasi - bu daromadning maxsus turi, bo’lib u qarilik yoki nogironlik tufayli ishga yaramay qolganlarga davlat va korxona tomonidan to’lanadi.
Nafaqa - bu daromadning maxsus turi bo’lib, ijtimoiy yordamga, ya’ni muxtojlarga odatda kambag’allarga bir yo’la yoki muqim ravishda davlat yoki firmalar yoki hayriya tashkilotlari beradigan puldan iboratdir.
Stipendiya ham daromadning bir turi bo’lib, uni talabalar oladi.
Davlatning daromadi milliy mahsulot va miliy boylikning pul shaklida davlatga tekkan va uning mulkiga aylangan qismidir. Davlat daromadi quyidagi asosiy shakllarga ega:
soliqlar;
soliqdan tashqari to’lovlar;
davlat korxonalaridan tushgan pul;
davlatga tekkan divident;
davlatning qimmatli qog’ozlarini sotishdan kelgan pul;
davlat mulkini sotishdan kelgan pul tushumi.
Ishlab chiqarishning o’zida yuz beradigan taqsimlash birlamchi taqsimlash deb aytiladi. Uning natijasida birlamchi daromadlar, ya’ni:
foyda;
ish xaqi fondi;
amortizatsiya fondi tashkil topadi.
Birlamchidan so’ng ikkilamchi taqsimlash yoki qayta taqsimlash yuz beradi. Bir marta qayta taqsimlangan ichki mahsulot qiymati moliya vositalarida, masalan, soliq va har xil to’lovlar yordamida qayta taqsimlanadi. Natijada ixtiyordagi milliy daromad hosil bo’ladi. U quyidagicha aniqlanadi
IMD = BD + JT
Bu yerda : IMD - ixtiyordagi milliy daromad; BD birlamchi daromadlar qoldig’i, JT - joriy transfertlar qoldig’i.
YaIMning ikkilamchi taqsimoti natijasida pirovard daromad, ya’ni ixtiyordagi milliy daromad (IMD) hosil bo’ladi. IMD tarkiban quyidagi ikki guruhdan tashkil topadi.
1. Pirovard iste’mol xarajatlari, ya’ni :
uy xo’jaligining pirovard iste’moli;
davlat muassalarining pirovard iste’moli;
uy xo’jaligiga xizmat qiluvchi xususiy notijorat tashkilotlarining pirovard istemoli.
2. Pirovard jamg’arma
asosiy fondlar uchun investitsiya;
moddiy aylanma vositalari g’amlamasining qoldig’i.
Uy xo’jaligining pirovard istemoliga quyidagilar xarajatlar kiradi:
shaxsiy byudjet hisobidan iste’mol tovarlari va xizmatlari sotib olish bo’yicha qilingan xarajatlar;
shaxsiy daromad ko’rinishida natura shaklida tushgan iste’mol tovarlari va xizmatlar;
rezidentlarning chet davlatlardan sotib olgan tovarlari va xizmatlari bilan mazkur mamlakat norezidentlari sotib olgan tovarlari hamda xizmatlari o’rtasidagi qoldiq.
Davlat tashkilotlarining pirovard iste’mollariga ikki turdagi xarajat kiradi.
individual ehtiyojlarni qondirish yo’lida qilingan xarajatlar;
jamoa ehtiyojlarini qondirish yo’lida qilingan xarajatlar.
Individual ehtiyojlarini qondirish yo’lida qilinigan xarajatlarga quyidagilar kiradi.
ayrim shaxslar uchun byudjet tashkilotlari tomonidan maorifga sog’liqni saqlashga, sportga, sotsial ta’minotga, madaniyat va san’atga ko’rsatilgan nobozor xizmatlar uchun xarajatlar;
uy xo’jaligiga berish uchun sotib olingan tovar va xizmatlar xarajatlari.
Jamoa ehtiyojlarini qondirish yo’lida qilingan xarajatlarga xuquqni ximoya qiluvchi va davlat boshqaruv organlarining nobozor xizmatlari uchun sarflangan xarajatlar kiradi.
Uy xo’jaligiga xizmat qiluvchi xususiy notijorat tashkilotlarning pirovard iste’moliga:
kasaba uyushmalarining;
siyosiy partiyalarning;
diniy tashkilotlarning;
turli fondlarning uy xo’jaligiga ko’rsatgan nobozor xizmatlarining qiymati, shuningdek, uy xo’jaligiga berish uchun sotib olgan tovarlar va xizmatlar qiymati kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |