4 -Mavzu: Paleontropologik va etnografik ma’lumotlarning o‘lka
tarixini o‘rganishdagi ahamiyati ( 4 soat)
Reja:
1. O‘lka tarixini o‘rganishda etnografiya ma’lumotlarning ahamiyati
2. O‘zbek xalqi etnogenezi va etnik jarayonlari
3. O‘zbek xalqi etnografiyasining ilmiy o‘rganilishi.
4. Surxondaryo etnografiyasining ilmiy o‘rganilishi.
5. Antropologik ma’lumotlarning ahamiyati.
4.1Etnografiya xalqlar madaniyatini o‘rganishda beqiyos xazina bo‘lib, ularni yoshlar ongiga singdirish o‘z xalqiga, vataniga, milliy an’analariga cheksiz hurmat ruhida tarbiyalashda ahamiyati kattadir. Istiqlol sharofati tufayli ma’naviy qadriyatlarimiz qatorida halqimiz o‘tmish tarixi, etnografiyasi, xalq og‘zaki ijodin o‘rganish masalalarining yanada katta e’tibor tufayli xalqimizning asriy an’analari bag‘oyat darajada boyidi. Insoniyatning tarixiy taraqqiyoti va ma’naviy yuksalishi, eng avvalo har bir xalqning o‘zligini anglashi, shuningdek, ajdodlar qoldirgan moddiy va ma’naviy merosni e’zozlashi hamda uni boyitishi bilan bog‘liq holda kechishi ayni tarixiy haqiqatdir. SHu boisdan ham mamalakatimizda amalaga oshirilyotgan islohotlar jarayoni va xalqimizning ongida kechayotgan o‘zgarishlar ajdodlar merosiga hamohangligi bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbek xalqi dunyo xalqlari orasida faxr qiladigan darajada boy moddiy va ma’naviy madaniyat yaratgan yuksak tamaddun sohiblari sanaladi. O‘zbek xalqi o‘zining ko‘p ming yillik tarixi mobaynida yaratuvchanlik, bunyodkorlik hamda yuksak g‘oyalar sari intiluvchanlik ruhida kamol topgan. SHu sababdan ham bu xalqning ildizi baquvvat ma’naviyati yuksak, tarixi buyuk, tomiri teran, bugungi kunga bo‘lgan ishonchi mustahkam, ertangi kundan umidi bisyor xalqdir. O‘zbekistonning janubiy darvozasi sanalgan Surxon zamini ham o‘zining qadim tarixi, bebaho moddiy va ma’naviy madaniyati bilan vatanimiz tarixida muhim o‘rin tutadigan makon sanaladi. CHunki ushbu mintaqa insoniyat tamaddunining muhim makonlaridan biri sifatida qadimgi davridanoq insoniyatga beshik bo‘lgan yoki ilk tasviriy san’at, ilk yozuv, sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik xo‘jaligi, mintaqadagi ilk shaharsozlik ana shu zaminda qaror topgan, qolaversa jahon dinlari sanalgan buddaviylik va islom ta’limotining yuksalishida ham Surxon zaminining o‘rni beqiyos sanaladi.
Etnografiya dunyo xalqlarining madaniyatini, maishiy hayotini, kelib chiqishi (etnogenezi)ni joylashishi (etnik geografiyasi)ni va madaniyat tarixini, o‘zaro aloqa va munosabatlarini o‘rganuvchi fandir. O‘zbek xalqi etnografiyasida Surxon vohasi madaniyati va etnografiyasining o‘ziga xos muhim o‘rni bor. Jumladan 2009 yil 25 avgustda O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A.Karimovning Surxon vohasiga kelib Termiz davlat universiteti yangi binosini ochilishi davridagi bergan taklif va tavsiyalari viloyatimiz iqtisodiyotida yangi yutuqlar va rivojlanish imkoniyatlarini ochib berdi. SHuningdek, yurtboshimizning Surxondaryo viloyatida mavjud etnografik manbalarga alohida e’tibor qaratib, “Surxondaryo – etnografik makon” deya ta’kidlab o‘tgan edi. Mana shu hususiyatlari bilan etnogafiya fani boshqa tarixiy fanlardan o‘ziga xos xsusiyatlari bilan ajralib turadi. Etnograiya bilan chambarchas bog‘liq antropologiya fani ham muhim o‘rin tutadi.
Tarixiy ilmiy tahlillar natijasiga diqqat bilan e’tibor qaratib shuni ta’kidlash lozimki, etnogenez, etnik tarix, masalaslasida fikr bildirish nixoyat darajada murakkab masala hisoblanadi. Etnogenez to‘g‘risida ilmiy mushohada etish uchun cheksiz manbalarni qayta o‘rganish, ularni tanqidiy-xolisona baholash har bir tadqiqotchidan katta mehnat talab etadi. CHunki yo‘l qo‘yilgan oddiy bir xato yoki jumboqli fikr turli noroziliklarga xattoki siyosiy janjallarga aylanib ketishi mumkin. CHunki dunyodagi mavjud 2000 dan ortiq etnik guruxlar-200 dan ortiq davlatlarda istiqomat qiladi. Har bir millat, har bir halqning o‘z milliy g‘ururi, vatan tuyg‘usi, or-nomus, urf-odatlari, an’nalari va milliy qadriyatlari mavjud. Ushbu millat va elatlar o‘zining etnik o‘zligini anglash, o‘z qavmi nomini, hududini, tilini, madaniyatini, ichki barqarorligini, xavfsizligini ta’minlashga uzoq asrlardan buyon Harakat qilib kelmoqda.
Jahon tajribasi etnik masalalarga e’tibor qaratmaslik, millatlararo totuvlikni ta’minlashga bir yoklama, yuzaki yondashuv jiddiy muammolar keltirib chiqarishini ko‘rsatdi. Xususan, davlatga o‘z nomini bergan (titul) millat bilan o‘sha joyda yashaydigan boshqa millat va elat vakillari orasidagi munosabatlar jiddiy e’tiborni talab qiladi. Aks holda, jamiyat hayotidagi tinchlik va barqarorlik izdan chiqishi mumkin. Bu masala bizning mamlakatimiz uchun ham juda muhim. O‘zbekiston hududida qadimdan ko‘plab millat va elat vakillari bahamjihat istiqomat qilib kelgan. Ular o‘rtasida asrlar davomida milliy nizolar bo‘lmagani halqimizning azaliy bag‘rikengligini ko‘rsatadi. Millatlararo munosabatlarda uyg‘unlik vujudga kelgan mamlakatlarda ko‘p millatlilik jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga samarali ta’sir etadi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, “O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi“,[1:6]– deb ta’kidlanishi, mamlakatimizda barcha millat vakillarining teng xuquqligining ta’minlanishiga yuksak e’tibor hamda etnik totuvlik hamda bag‘rikenglikning o‘ziga xos jihatlari ta’minlanganidan dalolat beradi
4.2. Har bir xalqning tarixi uning etnogenezi va etnik tarixi bilan uzviy bog‘liqdir. Etnogenez va etnik tarix esa tarix fanining bosh masalasidir. O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi O‘zbekiston xalqlari tarixining tarkibiy qismini tashkil etadi. U tarixiy yozma manbalar, etnografiya, arxeologiya, antropologiya, lingvistika, toponimika, epigrafika, numizmatika kabi fanlar bilan o‘zaro aloqada va uzviy bog‘liq bo‘lib, ularsiz o‘zbek xalqi etnogenezi va etnik tarixini mukammal ilmiy o‘rganib bo‘lmaydi. Ayniqsa ushbu muammoning etnogenez qismini o‘rganishda ulardan olingan ma’lumotlar masala echimiga ko‘p oydinliklar kiritadi.
Dastlab, sobiq sovet hokimiyati tarkibida milliy respublikalarni tashkil etish jarayoni ketayotgan kezlarda, o‘zbek xalqining kelib chiqishi masalasi faqat turk etnosi bilan bog‘liq holda o‘rganilib, fanda "panturkizm" atamasi paydo bo‘ldi. Bu ta’limot zaminida "O‘rta Osiyo aholisi azaldan turklar bo‘lib, buyuk Turon, so‘ng Turkiston bo‘lib ketgan", degan g‘oya yotardi. Ular o‘zbek xalqining turk ildizini turkiy bo‘lmagan etnoslar bilan aralashish natijasida tashkil topganligini inobatga olmaydilar. Bunday g‘oyalar asnosida ular o‘zbek xalqining kelib chiqishini Nux payg‘ambarning o‘g‘li YOfasdan, YOfasning o‘g‘li Tur yoki Turkdan boshlaydilar. Natijada, uning aks sadosi sifatida "panironizm" ta’limoti paydo bo‘ldi. Bunga ko‘ra, "bu zaminning tubjoy aholisi eroniy tilli xalq bo‘lib, bu yurtga turklar keyinchalik kelgan", degan g‘ayri ilmiy konsepsiya paydo bo‘ldi. O‘sha kezlarda, bu murakkab masala echimiga islom aqidaparastlari ham aralashib, "milliy etnoslar yo‘q, faqat islom millati bor, xalqlarni tiliga qarab emas, balki diniga qarab millatini belgilamoq kerak", degan diniy konsepsiya paydo bo‘ldi. Bu qarash fanda "panislomizm" nomini oldi. Bunday noilmiy konsepsiyalarning paydo bo‘lishi o‘z davrida shu muammo yo‘nalishiga bog‘liq fanlar rivojlanish darajasining zaifligidan dalolat berardi.
Darhaqiqat, O‘rta Osiyo xalqlari etnogenezi va etnik tarix masalalariga daxldor etnologiya, arxeologiya, etnografiya, antropologiya, toponimika, tarixiy lingvistika kabi fan tarmoqlari o‘sha kezlarda hali rivojlanmagan edi. Binobarin, O‘rta Osiyo xalqlarining kelib chiqishi borasidagi talqinlar faqat tarixiy va afsonaviy rivoyatlar asosida yaratilgan so‘nggi o‘rta asrlar davri qo‘lyozma manbalariga asoslangan. Etnogenez, etnik tarix va millat tarixining har birini alohida olganda, ularning boshlang‘ich va yakuniy nuqtalari bor. Masalan, mana shu ilmiy konsepsiya asosida o‘zbek xalqi etnogenezining boshlang‘ich nuqtasi sifatida dastlab turk xoqonligi davri qabul qilindi (akademik A.YU.YAkubovskiy nuqtai nazari). Keyinroq, o‘zbek etnogenezining boshlang‘ich nuqtasi antik davrgacha qadimiylashtirildi (akademik S.P.Tolstov nuqtai nazari). Akademik Karim SHoniyozov ham so‘nggi fundamental tadqiqoti "Uzbek xalqining shakllanish jarayoni" asarini mana shu nuqtai nazar asosida yozgan edi.
Masalan, o‘zbek xalqi turkiy ildizining O‘rta Osiyoda ilk bor paydo bo‘lishi yoki turkiylarni faqat ko‘chmanchi xalq sifatida ta’riflash masalasi. Bu erda zamon va makon masalasi, qadimgi xalqlarning tabiiy-geografik sharoitga, ekologik vaziyatga moslashib xo‘jalik yuritish an’analari hisobga olinmagan. Natijada, fanda ba’zi bir anglashilmovchiliklar paydo bo‘ldiki, bunga ko‘ra, O‘rta Osiyoning turkiy tilli qabilalari "kelgindi", qadimiy eronizabon xalqga nisbatan esa "tubjoy" aholi deb qarash tasavvuri paydo bo‘ldi. Aslini olganda bu noto‘g‘ri qarashlar bo‘lib hisoblangan.
Birinchidan, milliy avtoxtonizm nazariyasiga ko‘ra, "O‘rta Osiyo xalqlarining barchasi hozirda yashab turgan hududlari bilan azaldan bog‘liqligi" tasdiqlansada, ammo o‘zbek xalq etnogenezining boshlang‘ich nuqtasi Turk xoqonligidan boshlanadi, degan tezis o‘rtaga tashlanib, o‘zbek xalqining turkiy ildizini dastlab ilk o‘rta asrlar davri bilan, keyinroq esa antik davr bilan chegaralab qo‘yildi, Natijada, fanda, ushbu zaminning unga qadar tarixi va boy madaniy merosi faqat eronizabon xalqlarga tegishli, degan xulosa chiqarishga o‘rin qoldirildi.
Ikkinchidan, odatda ko‘chmanchi qabila va elatlar hech qachon bir joyda muqim yashamaydi. Ular doim ko‘chib yuradi. CHunki ularning xo‘jalik asosi va turmush tarzi shuni taqozo etadi. Moddiy madaniyat va yozma manbalarga ko‘ra, Dashtiqipchoq o‘z tabiiy-geografik sharoitiga ko‘ra, ko‘chmanchilarning azaliy vatani bo‘lsada, u erlarda yashagan hunnlar, usunlar, qarluq va chigil, argun va tuxsi, kaltatoy va qangli, qirg‘iz va uyg‘ur, Oltoy turklari va ularning ajdodlari xuddi, sak-skif qabilalari hech qachon bir joyda muqim yashamagan. Ular nafaqat bepoyon buyuk turk dashtida, balki O‘rta Osiyoning qadimgi dehqon jamoalari tomonidan o‘zlashtirilmagan daryo havzalari va cho‘llarida ham o‘z chorva mollarini yaylovlarda boqib ko‘chib yurgan. Ko‘chmanchilarning kambag‘al qismini bir bo‘lagi har safar bu zaminda qolib ketib, sekin-asta o‘troq turmush tarziga o‘ta boshlaydilar. Bu jarayonning bir necha asrlar davomida muntazam takrorlanishi va uning doimiy tarixiy voqelikka aylanishi O‘rta Osiyoning Amudaryogacha bo‘lgan hududlarini bronza davridan boshlab Turon zamin deb atalishiga, uning turkiy-go‘y qabilalarini esa Turonzaminning tubjoy aholiga aylanib ketishiga olib kelgan.
O‘rta Osiyo saklari ("Avesto"da turlar, ularning aslzodalari oriylar) o‘z navbatida buyuk turk cho‘lining markaziy va sharqiy Qozog‘iston, Tog‘li Oltoy, O‘ral, Enisey va O‘rxon daryolari havzalarigacha kirib borganlar va u joylarning hukmron turkiy til muhiti ta’sirida turkiylashganlar. Demak, qadimgi sak-skif qabilalariga xos ikki tillilik juda keng turk-sug‘diy etnomaydonda yuz bergan iqtisodiy va siyosiy hamda madaniy jarayonlar maxsuli ekanligi haqiqatga yaqindir. Demak, O‘zbekiston deb atalmish ona zaminimiz asosiy xalqining har ikki etnik qatlami ham turk-sug‘diy etnomaydonda juda qadim-qadim zamonlardan birga yashab, tarkib topgan tubjoy- avtoxton aholi hisoblanadi.
Afsuski, hozirgacha murakkab tarixiy jarayonlarning bunday siyosiy jihatlari tahlil qilinmay, mintaqaning tubjoy aholisi faqat eroniy tilli xalqlar bo‘lgan deb, ular bilan birga yagona hududiy kenglikda turkiy qavmlar ham yashaganligi hisobga olinmay, qadimgi Turondagi turkiy etnosni inkor etish darajasigacha olib kelindi. Bunday qarashni sobiq sovet davri tarix fanining darg‘alari YU.Bregel, S.P.Tolstov, aka-uka Dyakonovlar, turkolog, B.A.Litvinskiy, B.G‘.G‘ofurov, V.M.Masson, va boshqalar fanga olib kirdilar. Bu qarash butun bir avlod ilmiy jamoatchiligi ongiga singdirildi. Arxeologiya va paleoantropologiya materiallari tahlili ham shu qarashga bo‘ysundirildi. Bunday qarashning fanda hukmron bo‘lishida O‘rta Osiyodan topilgan yozma yodgorliklar tili asos bo‘ldi. YAqingacha O‘rta Osiyodan topilgan qadimgi yozuvlar faqat xorazmiy, bohtariy, sug‘diy tillarida bitilgan, demak tubjoy aholi eroniy tilli bo‘lgan, deb ta’kidlab kelindi. Hatto turkiy yozma yodgorliklar ham o‘z nomi bilan atalmay, "noma’lum yozuv" deb e’lon qilindi.
Biroq bundan yozma yodgorliklar tilining etnogenez muammosi echimida o‘rni yo‘q, degan ma’no chiqmaydi. Qadimgi siyosiy uyushmalar va davlatlardagi rasmiyat va mahkamalar tili hech qachon shu uyushmalar hududida yashagan har xil etnik qatlamlar tilini, ularning etnik tarkibini to‘liq aks ettira olmaydi. O‘rta Osiyodagi ikki tilli xalqlarning aralashib yashashi, ular orasidagi bir-birlariga yaqinlashish va integratsiya jarayonlari turli etnik qatlamlar yaratgan mushtarak madaniyat, fan va ma’naviyat hamda siyosiy hokimiyat oxiroqibatda, o‘zbek va tojik qardosh xalqlarining deyarli bir vaqtda shakllanishiga olib kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |