5-MAVZU. Musiqa darslarining tamoyillari.
Reja: 1. Musiqa darslarida umumdidaktik printsiplari.
2. Emotsionallik va onglilikning birligi
printsiplari. Ijrochilik san’ati atamasi va
uning musiqaviy predmeti o’qitishdagi roli.
O’zbekistonning «Ta’lim to’g’risidagi Qonuni», «Kadrlar tayyorashning milliy dasturi», «Respublika umumta’lim maktablarida musiqa ta’lim-tarbiyaning Kontseptsiyasi maktablarda boshqa fanlar qatori musiqani o’qitish oldiga ham yangi vazifalarni qo’ydi.
Har bir o’quvchining musiqiy iqtidorini rivojlantirib, musiqa san’atiga mehr va ishtiyoqini oshirish, musiqadan zaruriy bilim hamda amaliy malakalar doirasini tarkib toptirish, iqtidorli o’quvchilarning musiqiy rivojlanishlari uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratib berish kabi vazifalar shular jumlasidandir. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun umumta’lim maktablarida musiqa o’qitishni tubdan yaxshilash, uning samarali metod hamda vositalaridan to’laqonli foydalanishni talab etadi.
Ushbu ma’ruza musiqa fanini o’qitish metodikasining eng muhim masalalaridan biri ta’lim printsiplariga bag’ishlanadi. Bu masalaning dolzarbligi bejiz emas, albatta. O’qituvchi ta’limning asoslari, qoida va talabalarini bilsa, o’qitishning samarali metodlari bilan to’la qurollangan bo’lsa-gina dars samaradorligiga erisha oladi.
Didaktikada ta’lim metodlari va printsiplarini ilmiy nuqtai-nazardan o’rganishda ma’lum muvaffaqiyatlar qo’lga kiritilgan. Ammo, o’zbek musiqa ta’limining printsiplari, metodlari maxsus ilmiy tadqiqot ob’ekti sifatida o’rganilmaganligi tufayli metodik adabiyotlarda kam yoritilgan hamda musiqa o’qituvchilari ish amaliyotida o’zining to’la ifodasini topmayotgan masalalardan biri bo’lib qolmoqda.
Ta’lim printsiplari maktab oldida qo’yilgan talablardan kelib chiqadi. Shaxsni har tomonlama rivojlantirish, uning ma’naviy kamolotini ta’minlash, ijodiy imkoniyatlarini kengaytirish ta’lim printsiplarini amalda muvaffaqiyatli qo’llash darajasi bilan chambarchas bog’langan.
O’qitish printsipi nima? «Printsip»- lotincha so’z bo’lib «asos», «qoida», «talab» singari ma’nolarni anglatadi. Ta’lim printsipi deganda dars samaradorligini ta’minlashga qaratilgan, ta’lim jarayonini tashkil etish, uyushtirishda qo’yilgan asosiy talablar, qoidalar tushuniladi. O’qituvchi ta’lim ishini tashkil etar ekan, ana shu qoidalar va talablardan kelib chiqadi va ular o’rtasidagi uzviy bog’liqlikni ta’minlagan holda amalda tadbiq etish orqali ko’zlangan maqsadga erisha oladi. Musiqa darslarida bir tomondan umumdidaktik pritsiplar, ikkinchi tomondan shu fanni o’qitishning o’ziga xos printsiplarini hisobga olishga to’g’ri keladi. Umumdidaktik printsiplar garchand maktabda o’qitiladigan barcha fanlarga aloqador bo’lsa ham, ammo u har bir fanning o’ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadi. Maktabda o’qitiladigan barcha fanlar uchun umumiy bo’lgan didaktik printsiplar: o’qitishning bolaga ma’lumot berishi, tarbiyalash va rivojlantirishga qaratilganligi, o’qitishning ilmiyligi va bolalar uchun tushunarliligi, sistemalilik va izchillik, nazariya bilan amaliyotning uzviy aloqasi, onglilik faollik va mustaqillik; ko’rsatmalilik, o’quvchilarga individual munosabatda bo’lish va ularning real o’quv imkoniyatlarini hisobga olish kabi printsiplar garchand umumdidaktik printsiplar sanalsa ham, ularning har biri o’ziga xos mazmun kasb etadi.
Musiqani o’qitishda umumdidaktik printsiplar bilan bir qatorda shu fanning tabiatidan kelib chiqadigan quyidagi o’ziga xos printsiplar ham mavjud. Bular – musiqa ta’limida ilmiylik, sistemalilik va davomiylik, darsda o’quvchilarning onglilik va aktivligi, musiqa darslarida ko’rsatmalilik; musiqa materialining bolalar bilimi va malakalariga mosligi, musiqa darslarida bilim va malakalarning mustahkamligi kabi printsiplardir.
Yuqorida sanab o’tilgan musiqa ta’limi printsiplariga alohida-alohida to’xtalib o’tamiz:
Do'stlaringiz bilan baham: |