«UYATCHAN» SUYuQLIK
Ali: Uyalganda qanday holatga tushasiz?
Vali: Qizarib ketaman.
Ali: Men Sizga uyatchan suyuqlikni ko‘rsataymi?
Vali: Uyat-bu insonga xos tuyg‘u-ku? Suyuqlikning uyalishi esa behuda gap!
Ali: Bu suyuqlik faqat chayqatilgandagina uyaladi.
Vali: Qani, ko‘raylik-chi?
Ali: Ko‘rmanasiga sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning “Lola” she’ridan parcha o‘qib bering, bo‘lmasa!
Vali: Marhamat!
– Deyman:
Sahar shafaqdan
Uchqunmi, lolasanmu,
Shodlik mayiga to‘lgan
Gulgun piyolasanmu?
Dema faqat varaqdan,
Joy olg‘usen yurakdan,
Uchqunmisan shafaqdan
Yoinki lolasanmu
Yoqut piyolasanmu?
So‘zimni qattiq olma,
Boshingni quyi solma,
Buncha qizarma, lola,
Mendan uyolasanmu?
Ali she’r uchun do‘stiga minnatdorchilik bildirdi va qo‘lidagi probirkani yaxshilab chayqatdi. Probirka ichidagi suyuqlikning yuqori qatlami qizg‘ish-binafsha rangga bo‘yaldi. Go‘yo, suyuqlik chayqatilgani uchun uyalayotgandek edi.
Izoh: Probirka ichiga yod kristallaridan 1-2 dona solingan, uning ustidan 8-10 ml suv quyilgan va 4-5 ml benzol (yoki toluol) ham qo‘shilgan edi. Benzol suvdan yengil (solishtirma massasi 0,88) bo‘lgani uchun yuqorida qolgan va probirka chayqatilganda suv tubidagi yod kristallari bilan to‘qnashib ularni eritgan edi. Ma’lumki, yod suvda deyarli erimaydi, benzol va boshqa organik erituvchilarda esa yaxshi eriydi. Spirtda erigan yod- qo‘ng‘ir, xloroformda–binafsha, benzolda esa qizil rangli eritma hosil qiladi. Ushbu tajribada benzol va suvning omonat emulsiyasi qatlamlarga ajralgach, benzol qavatining qizarish sababi ana shundadir.
Kimyoviy oranjereya.
Pardalarning o‘tkazish xususiyati turlicha bo‘lishi ma’lum. Ulardan ba’zilari suvni o‘tkazadi, lekin erigan moddalarni o‘tkazmaydi. Shunday pardani tajriba yo‘li bilan hosil qilish mumkin. Buning uchun eruvchan silikatlar bilan ba’zi metallarning tuzlaridan foydalanish yaxshi natija beradi. Ba’zi kompleks tuzlarning eritmalariga ham ayrim metallarning tuzlari (kristallari) qo‘shilganda kimyoviy ta’sirlashuv natijasida yomon eriydigan tuzlar hosil bo‘ladi va ular osmotik jarayon kuchlarining hisobiga suv molekulalarini kristallar tomonigagina o‘tkazadigan pardalar tarzida faoliyat ko‘rsatadi. Natijada suv kristall holdagi tuzni eritib parda ichidagi suyuqlik miqdorining ko‘payib borishiga sabab bo‘ladi. Bunday parda ichidagi erish va bir qarashda go‘yo kristallarning o‘sib borishdek holat eruvchi modda batamom eritmaga o‘tgunicha va parda sirtidagi va ichidagi kontsentratsiya baravarlashgunicha davom etadi. Muhit (dastlabki eritma) va unda hosil bo‘lgan yangi eritma (parda ichidagi tuz eritmasi)ning rangida tafovut bo‘lgani uchun ham go‘yo suv osti o‘simliklari dunyosini eslatuvchi ajoyib manzara yaraladi.
a) “Silikat bog‘i”. Sotiladigan idora yelimi asosan natriy silikatdan iborat bo‘lib, uni eruvchan shisha ham deyiladi. Yangi sotib olingan qog‘oz yelimini suv bilan 1:1 nisbatda suyultirib mo‘l eritma tayyorlanadi. Uni bir nechta o‘lchov tsilindriga bo‘lib quyiladi va har biriga quyidagi tuzlarning kristallaridan birortasi qo‘shiladi:
FeCl3·6H2O, FeSO4·7H2O, CoCl2·6H2O, MnCl2·4H2O, CuSO4·5H2O, NiCl2·6H2O (yoki NiSO4·7H2O), Al2(SO4)3·18H2O (yoki AlCl3·6H2O), HgCl2 va h.k.
Kristallardan yirikroqlarini tanlab olib 3-4 donadan qo‘shilsa, kifoya. Temir xlorid – qo‘ng‘ir, temir kuporosi – qoramtir, kobalt xlorid-ko‘k, nikel tuzlari – yashil, simob xlorid esa yorqin sariq rangli “suv o‘tlari” yoki “gullari” kabi o‘sib chiqadi. Temir, kobalt, nikel tuzlari tezroq, simob va alyuminiy tuzlari sekinroq “o‘sadi”. Alyuminiy birikmalari rangsiz “naqsh” hosil qiladi. Ushbu sanab o‘tilgan tuzlar erigan zahotiyoq natriy silikat bilan ta’sirlashib erimaydigan tuzlarin hosil qiladi. Bu erimaydigan tuzlar ya’ni tegishli silikatlar kristallarning atrofini parda kabi o‘rab oladi. Diffuziya kuchi hisobiga parda ichiga suv kiradi va bosimning ortishi evaziga hisobiga parda ichiga suv kiradi va bosimning ortishi evaziga parda yoriladi. Parda ichidagi suyuqlik atrofdagi suyuqlik bilan yana ta’sirlashadi va parda yangidan paydo bo‘ladi. Butoqlar, shoxchalar, novdalar, barglar va gullar (barcha so‘zlar ko‘chma ma’noda qo‘llanmoqda), hullas, “silikat bog‘i” shu tarzda bunyod etiladi.
Tajriba tugagach natriy silikat eritmasini o‘lchov tsilindrlaridan boshqa idishga qo‘yib olish va shisha idishlarni yaxshilab yuvish lozim. Silikat yelimi (umuman, eruvchan silikatlar) shishaga ta’sir etadi va o‘chmaydigan dog‘ qoldiradi.
Eslatma: Ushbu tajribani bitta kattaroq hajmli idishda o‘tkazish va o‘ziga hos guldastani bir joyda hosil qilish ham mumkin.
b) “sariq dengizning suv o‘tlari”. Kattaroq kristallizatorga sariq qon tuzining 5% eritmasidan quyib, unga ZnSO4·7H2O, FeSO4·7H2O, CoCl2·6H2O, FeCl3·6H2O, MnCl2·4H2O, CdCl2·nH2O(n=1-4) yoki 3CdSO4·8H2O kabi tuzlarning kristallaridan 3-4 donadan tashlanadi. Biroz vaqt o‘tgach sarg‘ish eritma qo‘ynida turfa rangli “o‘simliklar” paydo bo‘ladi.
Izoh. Xar ikkala tajribada ham tegishli metall kationlari natriy silikat yoki sariq qon tuzining anionlari bilan suvda yomon eriydigan yoki amalda erimaydigan birikmalarga aylanadi.
3Na2SiO3 + 2FeCl3 = Fe2(SiO3)3↓ + 6NaCl
Na2SiO3 + CuSO4 = CuSiO3↓ + Na2SO4
K4[Fe(CN)6] + 2 CdCl2 = Cd2[Fe(CN)6]↓ + 4 KCl
K4[Fe(CN)6] + 2ZnSO4 = Zn2[Fe(CN)6]↓ + 2K2SO4 va h.k.
Do'stlaringiz bilan baham: |