PEDAGOGIK TEXNOLOGIYA – insonga oldindan belgilangan maqsad bo‘yicha ta’lim-tarbiyaviy ta’sir o‘tkazish faoliyatidan iborat.
METODIKa – ma’lum o‘quv fanini o‘qitish hamda tarbiyaviy ishlar qonuniyatlarini tadqiq qiladi.
TABIATGA MUVOFIQLASHTIRILGAN PEDAGOGIK TEXNOLOGIYALAR. Bularga o‘quvchining tabiiy imkoniyatlari, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil qilishning tabiiy imkoniyatlari va boshqa tabiatga muvofiq imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishni amalga oshirishga asoslangan pedagogik texnologiyalar kiradi.
RIVOJLANTIRUVCHI TA’LIM TEXNOLOGIYALARI. Bularga o‘quvchi shaxsining ijodiy sifatlarini, ayrim sohalardagi bilimlarni, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish texnologiyalar kiradi.
Bulardan tashqari xususiy (o‘quv fanlari) pedagogik texnologiyalari, alternativ hamda mualliflik texnologiyalari yo‘nalishlari ham mavjud.
EMPERIK (TAJRIBA) TEXNOLOGIYA – sezgi a’zolari orqali bilim olish.
Bu texnologiyada asosiy e’tibor sezgi a’zolarining tabiiy rivojlanganlik imkoniyatlariga tayangan holda bilim berish va ularni yanada takomillashtirilib borishga qaratiladi.
KOGNITIV (BILISHGA OID) atrofdagi olam to‘g‘risidagi bilimlar doirasini kengaytirish texnologiyasi. U tabaqalash (tarkibiy qismlarga ajratib o‘rganish) tafakkurini shakllantiradi, bilish ehtiyojlarini rivojlantiradi.
EVRISTIK (HAQIQATNI TOPISH) YO‘NALTIRUVCHI savollar berish yo‘li bilan ta’lim berish tizimi.
TOPQIRLIK, FAOLLIKNI rivojlantirishga xizmat qiluvchi, o‘quv-izlanish ta’lim metodi. Optimallashgan (ko‘p variantlardan eng ma’qulini, mosini, muvofiqini tanlash) tafakkurni rivojlantiradi.
KREATIV (ijodiy) tadqiqot xarakteriga, xususiyatiga ega bo‘lib, o‘quvchilarda maqsadga yo‘naltirilgan ijodiy tafakkurni jadal rivojlantiradi.
MUAMMOLI TA’LIM TEXNOLOGIYALARI – o‘quvchi faoliyatini faollashtirish va jadallashtirishga asoslangan.
MUAMMOLI TA’LIM TEXNOLOGIYASINING ASOSI – insonni fikrlashi muammoli vaziyatni hal etishdan boshlanishi hamda uning muammolarini aniqlash, tadqiq etish va yechish qobiliyatiga ega ekanligidan kelib chiqadi. Muammoli ta’lim o‘quvchilarning ijodiy tafakkuri va ijodiy qobiliyatlarini oshirishda jiddiy ahamiyatga ega.
Muammoli vaziyat yaratish usullari:
- O‘qituvchi o‘quvchilarga dars mavzusi bilan bog‘liq ziddiyatli holatni tushuntirish va uni yechish yo‘lini topishni taklif qilish;
- Bir masalaga doir turli nuqtai nazarlarni bayon qilish;
- Hal etish uchun yetarli bo‘lmagan yoki ortiqcha ma’lumotlar bo‘lgan yoki savolning qo‘yilishi noto‘g‘ri bo‘lgan masalalarni taklif etish.
Muammoli vaziyatni hal etish darajalari:
- O‘qituvchi muammoni qo‘yadi va o‘zi yechadi;
- O‘qituvchi muammoni qo‘yadi va uning yechimini o‘quvchilar bilan birgalikda topadi;
- O‘quvchilarning o‘zlari muammoni qo‘yadilar va uning yechimini topadilar.
Muammoli vaziyatni yechishda qo‘llaniladigan usullar:
- Muammoni turli nuqtai nazardan o‘rganish, tahlil qilish;
- Solishtirish, umumlashtirish;
- Faktlarni aniqlash va qo‘llash;
- Vaziyatga bog‘liq xulosalar chiqarish;
- O‘quvchilarning o‘zlari aniq savollar qo‘yishi va boshqalar.
Muammoli ta’limni amerikalik psixolog, faylasuf va pedagog D.Dyui 1894 yilda Chikagoda tashkil etgan tajriba maktabida qo‘llagan. XX asrning 60 yillarida bu yo‘nalishda tadqiqotlar olib borildi. 70-80 yillarga kelib, amaliyotga keng joriy etildi.
Muammoli ta’lim bosqichlari:
1. Muammoli vaziyat hosil qilish.
2. Muammoni yechish taxminlarini shakllantirish.
3. Yechimning to‘g‘riligini tekshirish (olingan yechim bilan bog‘liq axborotni tizimlashtirish orqali).